Homiladorlik vaqtida OʻRVI – klinik kechishi jihatidan bir biriga oʻxshash boʻlgan infeksion-virusli respirator kasalliklar toʻplami. Kasallik tez rivojlanadi va kataral belgilar bilan kechadi: burun bitishi, tumov, quruq yoʻtal, tomoqda ogʻriq va ovoz boʻgʻilishi bilan namoyon boʻladi. Umumiy intoksikatsion belgilar: tana haroratining koʻtarilishi, bosh ogʻrigʻi, umumiy holsizlik, mialgiya, artralgiya kabi simptomlar ham yuzaga chiqadi.
Kasallik umumiy qon analizi, IFA, PSR tekshiruvlari yordaamida tashxislanadi. OʻRVI kasalliklarini davolashda tana haroratini tushiruvchi, balgʻam koʻchiruvchi, mukolitiklar, yalligʻlanishga qarshi, bronxlar spazmini boʻshashtiruvchi preparatlardan, ogʻir holatlarda esa immunoglobulinlar, interferon va antibiotiklar ham buyuriladi.
Akusherlik va ginekologiya sohasida umumiy infeksion kasalliklarning 55-82 % ini aynan OʻRVI tashkil etadi. Gripp va boshqa infeksion respirator kasalliklar homilador ayollarda koʻp uchraydi va ogʻir, uzoq muddat davomida kechadi. OʻRVI holatlarida ayniqsa gripp bilan kasallangan hamda toksikozdan aziyat chekuvchi ayollar shifoxona sharoitida davolanishlari lozim, bu holatlar homila va ona hayoti uchun xavf tugʻdirishi ham mumkin. Respirator kasalliklarga mavsumiylik xususiyati xosdir, bu kasalliklar dekabr-mart oylari oraligʻida koʻpayadi.
Homiladorlik davrida OʻRVI sabablari
Nafas yoʻllarining oʻtkir respirator kasalliklari qoʻzgʻatuvchilari pnevmotrop mikroorganizmlar hisoblanadi. Ular asosan havo-tomchi yoʻli bilan yuqadi. Hozirgi kunda homiladorlik vaqtida nafas yoʻllarida kasallik chaqiruvchi 300 dan ortiq hujayraviy tuzilishga ega boʻlmagan patogenlar aniqlangan. Deyarli 50 % dan koʻproq homiladorlik vaqtida OʻRVI kasalliklari viruslar tomonidan (paragripp, A va B tipidagi viruslar, adenovirus, enterovirus, rinovirus, koronovirus) shakllanadi. Ammo, koʻp holatlarda kasallik qoʻzgʻatuvchilari bir necha xil boʻladi.
Homiladorlik vaqtida kasallik ogʻir kechishi va asoratlanishi ayol organizmining zaiflashuvi bilan bogʻliq. Koʻpchilik akusher-ginekologlar qayd etishicha homiladorlik vaqtida OʻRVI kasalliklari rivojlanishi va ogʻir kechishida quyidagi sabablar muhim rol oʻynaydi:
Immunitetning pasayishi. Homiladorlik vaqtida immun tizimi faoliyatining pasayishining sababi ayol organizmi uchun yot boʻlgan homilani saqlab qolishdir. Immun tizimi faoliyati pasayishi progesteron va kortizol gormonlari taʼsirida roʻy beradi. Immun tizimi hujayraviy pogʻonasi faoliyati ham susayadi va homilador ayol organizmi patogen mikroorganizmlarga beriluvchan boʻlib qoladi.
Oʻpkalar giperventilyatsiyasi. Oʻsib borayotgan homilani yetarlicha kislorod bilan taʼminlash uchun homilador ayol nafas olishi koʻkrak tipidan qorin tipiga oʻtadi. Diafragma mushaklarining faol ishlashi natijasida alveolalar kislorod bilan toʻyinishi koʻpayadi. Bu esa patogen mikroorganizmlar va viruslar uchun oʻpkaning pastki qismlarigacha kirishiga qulay sharoit yaratadi.
Traxeobronxial daraxtlar shilliq qavati shishi. Homilador ayol organizmida aylanib yuruvchi qon hajmining ortishi va arteriolodilotatsiya hisobiga kapilyar qon tomirlari toʻlishadi va shilliq qavatlarda shishlar paydo boʻladi. Bu omil ham patogen mikroorganizmlar uchun qulay sharoit boʻlib hisoblanadi.
Patogenezi
Nafas yoʻllarining koʻpgina kataral infeksiyalari antroponoz hisoblanadi, kam holatlarda sut emizuvchilar va qushlar ham ushbu mikroorganizmlarni tarqatishi mumkin (choʻchqa grippi, parranda grippi). OʻRVI ning yuqishida eng asosiy yoʻl havo tomchi usulidir, yaʼni kasallangan inson bilan yaqindan muloqot boʻlganda virus va bakteriyalar yuqishi mumkin. Baʼzida kasallik maishiy-kontakt yoʻli bilan ham yuqadi (qoʻl bilan koʻrishish, turli xil jismlar). Mikroorganizmlarning kirish darvozasi boʻlib burun, yutqin, hiqildoq, bronxlar epiteliysi, koʻzning shilliq qavati muhim rol oʻynaydi. Infeksiya epiteliy hujayralariga yopishadi, keyinchalik hujayra ichiga kiradi va replikatsiyalanadi. Epiteliylarning parchalanishi viruslarning tarqalishini osonlashtiradi. OʻRVI qoʻzgʻatuvchilarining qonga tushishi umumiy intoksikatsiya belgilari namoyon boʻlishiga sabab boʻladi.
Virusli antigenlarga qarshi T-limfotsitlar koʻplab ishlab chiqariladi va interferon ajralishi koʻpayadi. Viruslarning organizmdan toʻliq chiqib ketishi va epiteliy toʻqimalaridan toʻliq tozalanishi kasallikning asoratlarsiz kechishidan dalolat beradi.
Immunitetning pasayishi natijasida oʻpka alveolalari zararlanadi, burun-halqum yoʻllari shilliq qavati ham yalligʻlanadi. Ogʻir holatlarda yoʻldosh zararlanishi natijasida fetoplasentar qon oqimining buzilishi, homila rivojlanishidan ortda qolishi va hatto homilaning nobud boʻlishi ham mumkin.
Homiladorlikda oʻtkir respirator kasallik belgilari
Homiladorlik vaqtida immunitetning zaiflashuvi hisobiga kasallikning inkubatsion davri 2-3 kungacha qisqaradi. Qoʻzgʻatuvchining virulentligi yuqori boʻlgan holatlarda kasallik belgilari infeksiya tushishi bilanoq 3-4 soat ichida yuzaga chiqadi. Barcha kataral infeksion kasalliklar belgilari deyarli bir xil namoyon boʻladi. Belgilar homiladorlik vaqtida tezroq rivojlanadi: homilador ayollarda tumov, burun bitishi, tomoqda ogʻriq, quruq yoʻtal va tovush boʻgʻilishi kabi simptomlar bilan kechadi.
Gripp virusining yuqishi oqibatida kuchli intoksikatsion belgilar bosh aylanishi, bosh ogʻrigʻi, umumiy holsizlik, mushaklar va boʻgʻimlarda ogʻriq kabi belgilar ham namoyon boʻladi. Bundan tashqari ishtahaning pasayishi, koʻngil aynishi, qayt qilish, adenovirusli infeksiya yuqishi natijasida – yorugʻlikdan qoʻrqish, koʻz olmasida ogʻriq, boʻyin va jagʻ osti limfa tugunlari kattalashishi kuzatiladi. 3-5 kun davomida tana harorati koʻtarilishi, 38 oC dan 40 oC gacha tana harorati qayd etiladi. Grippoz infeksiyalarda yuz, boʻyin terisi qizarishi ham yaqqol namoyon boʻladi. Kasallikning oʻtkir kechuvi 7 kundan 10 kungacha boʻlgan muddatni oʻz ichiga oladi. Kasallik tuzalish davrida nam yoʻtal va balgʻam koʻchishi bezovta qiladi.
Homiladorlikda OʻRVI (shamollash) asoratlari
Doimiy yoʻtal va aksa urish qorin boʻshligʻi ichki bosimini oshirib yuboradi. Bu esa oʻlchami kattalashgan bachadon tonusini oshiradi va 25-50 % holatlarda tabiiy abort yoki homiladorlik toʻxtashi bilan asoratlanadi. Burun bitishi, oʻpkada havo aylanishining buzilishi, shilliq qavatlarning shishi natijasida oʻpkalarda kislorod bilan toʻyinishi kamayadi va natijada homila gipoksiyasi rivojlanishi mumkin. Yoʻldosh toʻqimalarining viruslar bilan zararlanishi fetoplasentar yetishmovchilik, yoʻldoshning erta yetilishi kelib chiqadi. Kataral infeksiyalar bilan kasallangan ayollarning 3,2 %ida yoʻldoshning erta koʻchishi, tugʻruq jarayonining sustligi va tugʻruq vaqtida qon ketishlar roʻy berishi mumkin.
Homiladorlikning I uchoyligida OʻRVI yuqishi homilaga hujayraviy darajada taʼsir koʻrsatadi va homilada turli xil nuqsonlar rivojlanishiga olib keladi. Bu kabi asoratlar yuzaga chiqishi ayniqsa, gripp virusi yuqqan vaqtda juda katta ehtimolda boʻladi. Homiladorlikning II va III uchoyligida OʻRVI ning yuqishi homilaning turli aʼzolarida patologiyalar chaqiradi (meningit, ensefalit, pnevmoniya). Bola dunyoga kelganidan soʻng zaif, nofaol va turli xil nafas olishdagi muammolardan aziyat chekadi.
Homiladorlik vaqtida OʻRVI toksikoz, gestoz holatlarini kechishini ogʻirlashtiradi, ikkilamchi infeksiyalar bilan asoratlanishi ham mumkin. Koʻpincha oʻtkir sinusit, oʻrta yiringli otit, bronxit, bakterial zotiljam ham rivojlanadi. Bunday holatda surunkali infeksion va somatik kasalliklar xuruj qilishi yuzaga chiqadi, masalan revmatizm, pankreatit, xolesistit, piyelonefrit, glomerulonefrit.
OʻRVI kasalligining eng ogʻir va kam uchraydigan asoratlariga quyidagilar kiradi: miokardit, perikardit, miozit, meningoensefalit, polinevrit, nevralgiya, Reye sindromi va toksiko-allergik shok.
Oʻtkir respirator kasallik diagnostikasi
Oʻtkir respirator kasalliklari mavsumida patologiyani tashxislash aytarli qiyinchilik tugʻdirmaydi. Bunday holatlarda kasallikning asosiy klinik belgilari boʻlgan kataral simptomlarga eʼtibor qaratishning oʻzigina kifoya. Bundan tashqari, kasallikni tashxislashda quyidagi tekshiruv usullari oʻtkaziladi:
Umumiy qon analizi. OʻRVI yuqqan vaqtda umumiy qon analizida leykopeniya, normal ECHT yoki biroz pasayganligini koʻrish mumkin. Leykotsitlar sonining oshishi va ECHT ning koʻtarilishi kasallikka ikkilamchi infeksiya qoʻshilganligidan dalolat beradi.
Serologik tekshiruv. A, B gripp, paragripp, adenovirus, respirator-sinsitial viruslarni aniqlash maqsadida IFA va PSR diagnostik tekshiruv usullari oʻtkaziladi. Bunda kasallik qoʻzgʻatuvchisining genetik elementlari aniqlanadi.
Oʻpkalar rentgenografiyasi. Faqatgina hayotiy koʻrsatkich boʻyicha ikkilamchi pnevmoniyaga shubha qilinganda oʻtkaziladi. Homila holatini tekshirish uchun KTG, fetometriya, fonokardiografiya tekshiruvlari ham buyuriladi. Yoʻldosh holatini tekshirishda UTT (UZI) va bachadon-yoʻldoshdagi qon oqimi doplerografiyasi yordam beradi.
OʻRVI kasalligini yuqish darajasi yuqori boʻlgan virusli kasalliklar (qizamiq, qizilcha, skarlatina), bakterial kasalliklar (angina, oʻtkir faringit, laringit, traxeit, bronxit, oʻpkalar yalligʻlanishi) bilan differensiatsiya qilish kerak. Koʻrsatma boʻyicha homilador ayol infeksionist, pulmonolog, oftalmolog, otolaringolog, nevropatolog koʻrigidan oʻtishlari zarur.
Homiladorlikda shamollashni (OʻRVI) davolash
Kasallikni davolashda homiladorlik muddati, kasallikning ogʻirlik darajasi va kechishidagi oʻziga xosliklarga eʼtibor qaratiladi. OʻRVI kasalligi homiladorlikni sunʼiy ravishda toʻxtatishga koʻrsatma boʻla olmaydi. Homilador ayollarni davolashda birinchi navbatda nomedikomentoz davo choralari qoʻllaniladi: jismoniy va emotsional xotirjamlik, yotoq rejimi, 7-8 soatlik uyqu tartibi, dorivor oʻsimliklar yordamida ingalyatsiya oʻtkazish tavsiya etiladi. Intoksikatsiya belgilarini bartaraf etish uchun kuniga kamida 1,5-2 l suyuqlik ichish, oqsilga, vitaminlarga boy boʻlgan mahsulotlar (ayniqsa C vitamini sitrus mevalari, karam, smorodina, olmada koʻp boʻladi) isteʼmol qilishni koʻpaytirish kerak.
Etiotrop davo maqsadida homila va homilador ayol uchun salbiy taʼsiri kam boʻlgan dori preparatlari buyuriladi. Ogʻir kechuvchi gripp holatlarida immunoglobulinlar qoʻllaniladi. Kasallikning kechishi va asoratlarni kamaytirish maqsadida quyidagi davo muolajalari oʻtkaziladi:
Interferon. Homiladorlikning toʻxtash xavfi yuqori boʻlganligi sababli 32-haftadan boshlab interferon oqsillari buyuriladi, bunga koʻrsatma faqatgina OʻRVI kasalligining ogʻir koʻrinishlarida qoʻllaniladi.
Immunomodulyatorlar. Homiladorlik vaqtida rezus-konflikt holatlari kuzatilmaganda imunofan asosli dori preparatlari qoʻllash mumkin. Bu moddalar viruslarga qarshi taʼsir koʻrsatadi, intoksikatsiyani bartaraf etadi, epitelial membrana mustahkamligini taʼminlaydi. Immunostimulyator vositalar sifatida polivitamin komplekslarini qoʻllash ham mumkin.
Klinik belgilarga qarab homilador ayollarda simptomatik davo choralari ham qoʻllaniladi, yaʼni tana haroratini pasaytiruvchi, balgʻam koʻchiruvchi, yoʻtalga qarshi, mukolitik, yalligʻlanishga qarshi va bronxlar obstruksiyasiga qarshi preparatlar ham buyuriladi. Antibiotiklar faqatgina bakterial infeksiya aralashgan holatdagina tavsiya etiladi.
OʻRVI kasalligi tabiiy tugʻruqqa qarshi koʻrsatma boʻla olmaydi. Faqatgina homiladorlarda tugʻruq vaqtida qon ketmaslik, yiringli-septik asoratlar rivojlanmasligi va kataral belgilar kuchayib ketmasligi profilaktik chora tadbirlari oldindan amalga oshirilishi zarur. Tugʻruq vaqtida ogʻriqsizlantirish mumkin, tugʻruqdan keyin profilaktika maqsadida antibiotik terapiya qoʻllaniladi. Kesarcha kesish akusher-ginekologlar koʻrsatmasi boʻyicha amalga oshiriladi.
Kasallik oqibati va profilaktikasi
OʻRVI kasalligi asoratsiz kechadigan boʻlsa oʻz oʻzidan 7-10 kun davomida oʻtib ketadi. Agar kasallik asoratlanadigan boʻlsa kasallik kechishi uzayadi. Epidemiya vaqtida OʻRVI kasalligi profilaktikasida infeksion omillarning nafas yoʻllari shilliq qavatlariga tushmasligiga harakat qilish kerak, yaʼni odamlar gavjum boʻlgan joylarda uzoq vaqt boʻlmaslik, burun shilliq qavatlarini oksolin mazlari bilan himoyalash, dokali niqoblar taqib yurish, tomoq va burunni chayqash, hamda shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya etish lozim. Grippga qarshi emlanish homiladorlikdan oldin oʻtkaziladigan boʻlsa, uning samarasi 55-90 % boʻladi. Organizm umumiy qarshiligini oshirish uchun kun tartibi, uyqu va dam olish vaqtini normaga keltirish, stress holatlariga tushmaslik, ovqat ratsionini yaxshilash va vitamin-mineral preparatlar qabul qilish tavsiya etiladi.
Homiladorlik davridagi oʻzgarishlarni kuzatib borish, foydali maslahat va tavsiyalardan koʻproq bahramand boʻlishni istasangiz, homilador ayollar uchun moʻljallangan “Lalu — Homiladorlik maktabi” mobil ilovasini telefoningizga oʻrnatib olishingizni maslahat beramiz.
Bu ilova homiladorlik uchun zarur boʻlgan, homiladorlik kalendari, ratsional ovqatlanish, homilaning oʻlchamlari va embrionning haftalik rivojlanish illyustratsiyalari, Kegel mashqi va boshqa koʻplab muhim imkoniyatlarga ega.