SENTLYUSIYA (Saint Lucia) Karib dengizidagi SentLyusiya o. da joylashgan davlat; Kichik Antil o. lari arxipelagining jan. sharqiy qismida. Mayd. 616 km2. Aholisi 160,1 ming kishi (2002). Poytaxti — Kastri sh. Maʼmuriy jihatdan 11 tumanga boʻlinadi.
Davlat tuzumi. Sentlyusiya — konstitutsiyali monarxiya. Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdoʻstlik tarkibiga kiradi. Amaldagi konstitutsiyasi 1978-y. da ishlab chiqilgan. Davlat boshligʻi — Buyuk Britaniya qirolichasi nomidan ish yurituvchi generalgubernator. Qonun chiqaruvchi hokimiyat organi 2 palatali (Senat va Majlis palatasi) parlament. Ijroiya hokimiyatni bosh vazir boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi.
Tabiati. Orol yer yuzasi togʻ va vodiydan iborat. Markaziy qismida uncha baland boʻlmagan togʻlar (eng baland joyi Jimi togi — 959 m) bor. Togʻlardan oqib tushuvchi soy va jilgʻalar sharsharalar hosil qiladi. Iqlimi tropik, passatli. Oʻrtacha oylik tra 26°. Yanv. dan apr. gacha quruq mavsum, may — avg. yogʻingarchilik mavsumi. Yillik yogʻin 1500—3000 mm. Orolning koʻp qismi tropik oʻrmonlar b-n qoplangan boʻlib, unda orxideya koʻp oʻsadi. Hayvonot dunyosi anvoyi qushlar (toʻti, kolibri), turlituman hasharot va sudralib yuruvchilardan iborat.
Aholisining asosiy qismi sentlyusiyaliklar (negrlar va mulatlar) boʻlib, ular banan plantatsiyalarida ishlatish uchun mustamlakachilar tomonidan keltirilgan afrikalik qullarning avlodlaridir. Aholining 2/3 qismi shaharlarda yashaydi. Dindorlari — asosan, katoliklar. Rasmiy til — ingliz tili.
Tarixi. Orol yevropaliklarga 1502-y. X. Kolumb sayohatidan keyin maʼlum boʻlgan. 17-a. oʻrtalarida Buyuk Britaniya b-n Fransiya oʻrtasida talash boʻlgan va bir necha marta goh inglizlar, goh fransuzlar qoʻliga oʻtib turgan. 1814-y. dan Buyuk Britaniya mustamlakasi. 1958—62 y. larda VestIndiya federatsiyasi tarkibida. 1967-y. 1-martda «Buyuk Britaniya b-n uyushgan davlat» maqomini olgan. 1979-y. 22 fev. dan Sentlyusiya mustaqil davlat. 1979-y. dan BMT aʼzosi. Milliy bayrami — 22 fev. — Mustaqillik kuni (1979).
Siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari. S. L. Leyboristlar partiyasi, 1946-y. asos solingan; Birlashgan ishchi partiyasi, 1964-y. tashkil etilgan; Taraqqiyparvar leyboristlar partiyasi, 1981-y. tuzilgan. Mehnatkashlar milliy ittifoqi kasaba uyushmasi, Jahon kasaba uyushmalari federatsiyasiga kiradi; S. L. dengizchi va port ishchilari kasaba uyushmasi, 1945-y. tashkil etilgan; S. L. ishchilar uyushmasi, 1939 i. tuzilgan.
Xoʻjaligi. Iqtisodiyotning asosi q. x. va xorijiy sayyoxlarga xizmat koʻrsatishdan iborat. Yalpi ichki mahsulotda q. x. ning ulushi 10,7%, sanoat ulushi 32,3%, xizmat koʻrsatish tarmogʻi ulushi 57% ni tashkil etadi. Asosiy q. x. mahsulotlari — banan, kokos yongʻogʻi, mango, kakao, sitrus mevalar, shakarqamish. Qoramol, choʻchqa, qoʻy, echki boqiladi. Yogʻoch tayyorlanadi. Uncha katta boʻlmagan sanoat korxonalari, asosan, q. x. xom ashyosini qayta ishlash b-n shugʻullanadi. Elektron qismlarni yigʻuvchi, karton, sigaret, gazlama, kiyim, oʻyinchoq ishlab chiqaruvchi korxonalar bor. Yiliga oʻrtacha 112 mln. kVtsoat elektr energiya hosil qilinadi. Mamlakatda t. y. yoʻq. Avtomobil yoʻllari uz. 820 km. Asosiy dengiz porti va aeroporti — Kastri. Chetga banan, kopra, kokos yogʻi, kakao, sitrus mevalar, rom, kiyim, oʻyinchoq chiqariladi. Chetdan sanoat mollari, xom ashyo, yoqilgʻi oladi. Buyuk Britaniya, AK. Sh, Karib havzasi mamlakatlari bilan savdo qiladi. Pul birligi — sharqiy karib dollari.
Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi. Gaz. va jur. lari: «Voys of SentLyusiya» («SentLyusiya ovozi», haftada 2-marta chiqadigan gaz., 1885-y. dan), «Katolik kronikl» («Katolik xronika», oynoma, 1957-y. dan), «Kruseyder» («Salibchi», haftanoma, 1934-y. dan), «Mirror» («Oyna», haftanoma, 1994-y. dan). «SentLyusiya brodkasting korporeyshn» radioeshittirish hukumat xizmati mavjud. «Xemen televiji sistem» tijorat televideniye xizmati 1967-y. tashkil etilgan.