DEKART

DEKART (Descartes) Rene (lot. nomi — Karteziy; 1596.31.3, Lae, Turen — 1650.11.2, Stokgolm) — fransuz faylasufi, matematigi, fizigi, fiziologi. La-Flesh iyezuit kollejida taʼlim oldi, yunon va lotin tillarini, mat. va falsafani oʻrgandi. 1629-y. da Niderlandiyaga koʻchib bordi, fan bilan shugʻullanadi. Qirolicha Xristina taklifi bilan 1649-y. da Shvetsiyaga boradi va oʻsha joyda vafot etadi. Dekart falsafasi uning mat. si, kosmogoniyasi, fizikasi bilan bogʻliq. Mat. da analitik geometriya asoschilaridan biri (toʻgʻri burchakli koordinatalar tizimi uning nomi bilan ataladi), oʻzgaruvchi miqdor va funksiya tushunchasini bergan («Geometriya», 1637), bir qan-cha algebra belgilarini joriy qilgan. «Dioptrika» (1637) asarida yorugʻlik nurining ikki muhit chegarasida sinishi haqidagi qonunni bayon qilgan. Harakat miqsorining saqlanish qonunini taʼriflagan. Osmon jismlarining yuzaga kelishi va harakati materiya zarralarining uyurma harakatidan deb tushuntiruvchi nazariya (D. uyurmalari) muallifi. U fiziologiyaga oid bir qancha tajribalar oʻtkazdi va birinchi boʻlib shartsiz refleks haqidagi tasavvurni yaratdi. Dekart fazo materiya bilan toʻla, materiyasiz fazo yoʻq, deb tushundi. Dekart falsafasi asosida jon va tana, «fikrlovchi» va «koʻlamli» substansiya dualizmi yotadi. Materiyani koʻlam (yoki fazo) ga tenglashtirgan, harakatni jismlarning oʻz joyini oʻzgartirishidan iborat deb bilgan. Dekart fikricha, harakatning umumiy sababchisi xudo boʻlib, u materiya, harakat va osoyishtalikni yaratgan. Inson jonsiz aʼzoi badanni tafakkurga va irodaga ega boʻlgan jon bilan bogʻlab turadi. Dekart falsafasi xudo, jism va jondan iborat uchta tugʻma gʻoya bor degan qoidaga asoslanadi. U xudoning mavjudligini, tashqi olamning realligini isbotlashga harakat qilgan. Dekart gʻoyasiga koʻra, insonning mohiyati uning fikrlashidadir. «Fikrlayapman, demak mavjudman» degan fikri shundan kelib chiqqan. Uning fikricha, ilmda ishonchli, isbotlangan, tajri-bada tekshirilgan dastlabki asos ikki yoʻl bilan — birinchisi induksiya va analiz orqali, ikkinchisi — deduksiya va sintez orqali izlab topiladi. Dekart ikkinchi yoʻlni maʼqul yoʻl deb hisoblaydi. U inson akl-idrokining bilish jarayonidagi oʻrniga yuksak baho beradi. «Har bir xulosaga shubha bilan qarash kerak», deydi u. Har jihatdan ratsional-faylasuf boʻlgan Dekart 17—18-a. falsafasi va fani taraqqiyotiga salmoqli hissa qoʻshdi. Uning falsafa va tabiatshunoslikka oid taʼlimotlari taʼsirida vujudga kelgan ilmiy maktablar majmuasi karteziychilik falsafasi nomi bilan mashhur boʻldi. Asosiy asarlari: «Geometriya» (1637), «Metod haqida mulohazalar» (1637), «Falsafa asoslari» (1644) va b.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x