REMARKA (frans. remargue — belgi, izoh) — 1) gravyuraning ochiq hoshiyasiga ishlangan kichik hajmdagi tasvir; koʻp hollarda asar syujeti bilan bogʻliq boʻlmaydi. Muallif gravyura taxtachasi yuzasida ish boshlashdan avval «asbobni sinash» maqsadida yuza chekkasida ishlagan tasvirlar baʼzan mustaqil mazmun kashf etishi va tasvirning asosiy gʻoyasini chuqurroq his etish va anglashga xizmat qilishi mumkin;
2) dramatik asarda muallif tomonidan beriladigan izohlar. Remarkada asar ishtirokchilarining tashqi qiyofasi, yoshi, xulqi, xattiharakati, qiliqlari, intonatsiyasi, sahna manzarasi va h. k. yoritiladi;
3) kitob, qoʻlyozma, xat va b. matnga muallif tomonidan (aniqlash, toʻldirish maqsadida) kiritilgan izohlar, mulohazalar.