Tuxumdon kistasi turmushga chiqmagan qizlarda ham, homilador ayollarda ham uchrayotgan ekan. Ho‘sh, buning sababi nima? Tuxumdon kistasi aslida qanday yuzaga keladi? Bugun shu haqida suhbatlashamiz.
TUXUMDON KISTASI QANDAY YUZAGA KЕLADI?
Xavfsiz o‘sma hisoblangan kista (pufak) organizmda gormonal o‘zgarishlar ro‘y bersa yoki jinsiy a’zolarda surunkali yallig‘lanish (shamollash) kasalliklari to‘liq davolanmasa yuzaga keladi. Ba’zan turli infeksiyalar sabab bachadon shilliq qavati, tuxumdon va bachadon naylarining atrofi yallig‘lanadi. Oqibatda esa shilliq qavat zararlanib, buning hisobiga o‘sha yerda suyuqlik yig‘iladi. Bu esa kista pufagini hosil qilishi mumkin. Ba’zi tahminlarga ko‘ra, hayz siklining tartibsizligi, qattiq asabiylashish, ayolning zararli odatlari ham kista kelib chiqish havfini yuzaga keltiradi.
BЕLGISI QANDAY?
Tuxumdon kistasini hayz oldi og‘riqlari yoki jinsiy a’zolar shamollashi bilan farqlab olish uchun bezovtaliklarga diqqat qiling. O‘smaning dastlabki belgisi qorinning pastki sohasida sanchiqli og‘riq bilan namoyon bo‘ladi. Bunda qorin kattalashganday bo‘lib, tushunarsiz bosimni his etasiz. Ayrim hollarda hayz sikli o‘zgarib, oy kunlarida bel va qovug‘ sohasida og‘riq kuchayadi. Bundan tashqari tez-tez peshob ajralishi, ko‘ngil aynishi, qayd qilish, tana haroratining ko‘tarilishi, qorin bo‘shlig‘ining qattiqlashishi hamda yurak urishi tezlashishi mumkin.
TЕKSHIRISH USULLARI ISHONCHLIMI?
To‘g‘ri tahlil yarim davo degani, bejiz emas. Agar yuqoridagi kabi bezovtaliklar bo‘lsa, o‘zbilarmonlik qilib UTT tekshiruviga emas , dastlab mutaxassis huzuriga yo‘l oling. Shikoyatlaringizdan kelib chiqib, shifokor qon va peshobning umumiy tahlili hamda UTT tekshiruvi o‘tkazilishiga ko‘rsatma beradi. Kistani xavfli o‘smadan ajratish imkoni qiyinlashsa, kompyuter tomografiyasi buyuriladi. Ba’zan kista turi va darajasini aniqlash uchun laparoskopiya amaliyoti o‘tkazilib, jarayonning o‘zidayoq o‘sma olib tashlanishi mumkin. Hastalik belgisi bachadondan tashqari homiladorlik bilan o‘xshash bo‘lgani uchun ayrim hollarda homiladorlikni aniqlashga doir test ham o‘tkaziladi.
MUOLAJA UZOQ DAVOM ETADIMI?
Buning uchun kista turini aniqlashtirib olish lozim. Tibbiyotda tuxumdon kistasining asosan endometriod va folikulyar turlari uchraydi. Shifokor aniqlangan kista turiga ko‘ra muolaja yo‘nalishini belgilaydi. Shuni unutmangki, kistaning turiga ko‘ra muolaja davomiyligi farqlanishi mumkin. Xususan:
- Organizmdagi gormonal o‘zgarishlar tufayli paydo bo‘lgan kistalar, asosan, dori vositalari yordamida davolanadi. Bunda o‘sma so‘rilib ketadi. Agar kista kuchli yallig‘lanishdan so‘ng yuzaga kelganligini aniqlansa, jarrohlik amaliyoti o‘tkaziladi.
- Endometriodlik kista esa sekin-asta rivojlangani bois yaqqol belgilar sezilmasligi mumkin. Hayzning og‘riqli o‘tishi va odatdagidan uzoq davom etishi kistaning ilk alomatlari bo‘lish ehtimoli bor. Bu holatda, asosan, gormonal preparatlar buyuriladi.
- Folikulyar kista ayollarga qaraganda, balog‘at yoshidagi qizlarda kuzatilib, gormonlar ajralishining buzilishi oqibatida yuz beradi. Vaqtida aniqlansa, dori vositalari yordamida davolash mumkin.
Har bir ayol organizmi individual ekanligini inobatga olib, muolaja davomiyligi turlicha belgilanishi mumkin.
YANA QAYTALANSA-CHI?
Hech bir kasallikka nisbatan qat’iy qaytalanmaydi degan tashhis qo‘yilmaydi. Xastalikning takroran yuzaga kelish ehtimoli tashqi omillar yoki organizmdagi o‘zgarishlar tufayli sodir bo‘lishi mumkin. Tuxumdon kistasining o‘lchami va turiga ko‘ra bemor har 3-6 oyda shifokor ko‘rigidan o‘tib turadi. Mutaxassis davolanish nihoyasiga yetkazilganini aytgach, profilaktika maqsadida bir yilda bir marta shifokor ko‘rigidan o‘tish maqsadga muvofiqdir.
QIZLAR NЕGA “KISTA” BO‘LADI?
Bolalikda o‘tkazilgan infeksion kasalliklar, gelmintoz, lyablya, kamqonlik, qalqonsimon bez faoliyatidagi buzilishlar asorati hamda immunitet susayishiga hisobiga jinsiy a’zolar me’yorida rivojlanmasligi mumkin. Bu esa tuxumdon kistasini keltirib chiqaruvchi omildir. Angina, tishlar yallig‘lanishi oddiy ko‘ringani bilan infeksiya o‘chog‘i hisoblanadi. Agar balog‘at yoshiga yetgan qizingizda hayz sikli me’yorida bo‘lmay, turli o‘zgarishlar bilan kechsa, nazoratga oling. Bordiyu kista aniqlanguday bo‘lsa, vahima qilmay, mutaxassisga uchrab, davo choralarini boshlang. Kerakli dori vositalari yordamida kista bartaraf bo‘lib, asorati qolmaydi. Davolangandan so‘ng turmush qurish, farzand ko‘rish masalasida ham hech qanday muammo bo‘lmaydi.
HOMILADORLIKDA “YORILIB” KЕTMAYDIMI?
Kista mavjud bo‘lsa, homiladorlik yuz berishi mushkul. Bordiyu homiladorlik vaqti bu kabi holat aniqlansa, uni kista emas o‘simta deb atashadi. O‘simta ortiqcha bezovtaliklarni keltirib chiqarmasa homiladorlikning 16 haftasida jarrohlik amaliyoti yordamida olib tashlanadi. Yo‘qsa, homila kattalashishi hisobiga kista ezilishi, yorilishi yoki buralib qolishi mumkin. Bu esa ona va bola hayoti uchun xavf tug‘diradi.
KLIMAKS DAVRIDA HAM BO‘LADIMI?
Ayrim ayollar nazdida klimaks davrida yuzaga kelgan yoki aniqlangan kistalar o‘z-o‘zidan so‘rilib ketadi. Aslida esa 40 yoshdan so‘ng organizmda turli o‘simtalar yuzaga kelish moyilligi ortadi. Klimaks ayol organizmida bir qator o‘zgarishlarni keltirib chiqaradi. Bu esa tuxumdondagi xavfsiz o‘smani xavfli ko‘rinishga aylantirib yuborishi mumkin. Qolaversa, uy sharoitida mustaqil davolanish ham noto‘g‘ri! Klimaks boshlandimi, kista ham bormi vaqtni ketkazmay mutaxassis huzuriga yo‘l oling. Havotirlanmang, davosi oddiy va ishonchli.
“KISTA O‘Z-O‘ZIDAN SO‘RILADI”MI?
Tibbiyotda oddiy kistalar 2 oy mobaynida davolanadi. Shu vaqt ichida hajmi kichrayib borsa, muolaja davom ettiriladi. Aksi bo‘lib, kista o‘lchami o‘zgarmasa yoki kattalashib borsa, jarrohlik amaliyoti o‘tkaziladi. Davolovchi shifokor bemorning shikoyati va umumiy ahvoliga ko‘ra har 10 kun yoki xaftada bir marta tibbiy tekshiruv o‘tkazadi.
Jarrohlik amaliyotidan qo‘rqmang!
Bugungi kunda ultratovushli skalpel, lazer muolajasi, laporaskopiya kabi jarrohlikning zamonaviy usullari qo‘llanilayotgan bo‘lib, bemor odatdagidan tezroq sog‘ayishi uchun imkoniyatlar mavjud.
“ISSIQ” MUOLAJALAR MUMKINMI?
Halq tabobatiga murojaat qilishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing. “Kistaga qarshi “giyoh yoki damlamalarning hammasi ham foyda bermasligini unutmang. Uy sharoitida issiq vanna qilish, turli qaynatmalarda chayinish ham tavsiya etilmaydi. Kista xavfsiz o‘sma bo‘lgani bilan turli omillar sabab xavfli turga aylanishi hech gap emas.
HASTA BO‘LMAYSIZ, QACHONKI….
- Jinsiy a’zolarda yallig‘lanish holatlariga yo‘l qo‘ymasangiz;
- Bezovtaliklar, hayz og‘riqlari, tana vazniga diqqat qilsangiz;
- Qindagi ajralma rangiga, qachon va qay tarzda yuz berayotganiga e’tibor bersangiz;
- Bir yilda 2 marta ginekolog ko‘rigidan o‘tsangiz, nafaqat tuxumdon kistasi balki ayollarga hos boshqa kasalliklardan ham holi bo‘lasiz.
Ekspert: Tibbiyot fanlari nomzodi Sevara Mirxodjayeva.
Hayz siklingizni nazorat qilishni istaysizmi? Homiladorlik uchun unumdor kunlarni bilib, homiladorlikni rejalashtirishni istaysizmi? Unda “Lalu — ayollar kundaligi” mobil ilovasini bepul yuklab oling!
Ilova sizga hayz siklingiz xarakterini tushunib, uni kuzatib borishingizda, ovulyatsiya kunini aniqlashda, homiladorlikni rejalashtirishingizda yordam beradi.
Bundan tashqari, ilova orqali hayz oldi sindromi haqida bildirishnoma olish, sikl buzilishi, fertil kunlar kabi holatlarni prognozlash va kuzatib borish, ginekologiya sohasiga oid maʼlumotlar olish imkoniyati mavjud.