Savol: Men maktab direktoriman. O‘tgan safargi majburiy attestatsiyadan ikki nafar o‘qituvchimiz o‘tolmagandi. Endi XTB mudiri attestatsiyadan o‘tmagan xodimlar bilan mehnat shartnomasini bekor qilasizlar, ularga bu yil dars bermaysizlar deb buyruq berdi. O‘qituvchilarga shu haqda aytsam bizni shundoq bo‘shatib yuborishga haqqingiz yo‘q, bir martta imkon bering, bu yil attestatsiyadan o‘tib ishonchingizni oqlaymiz deyishyapti. Bu holatda qanday yo‘l tutishim kerak?
Savolga Ulug’bek Po’latov javob berdi: Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 17 sentabrdagi 572-son qarori bilan tasdiqlangan «Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi nizomda pedagog xodimlar har besh yilda bir marta navbatdagi majburiy attestatsiyadan o‘tkazilishi lozimligi hamda mutaxassis yoki oliy ma’lumotli o‘qituvchi lavozimidagi pedagog kadr 55 balldan kam ko‘rsatkichga ega bo‘lsa, attestatsiyadan o‘tmagan, mutaxassis (oliy ma’lumotli o‘qituvchi) lavozimiga muvofiq emas deb hsoblanishi belgilangan.
Yuqorida kayd etilgan Nizomning 44-bandiga muvofik, mutaxassis (oliy ma’lumotli o‘qituvchi) lavozimidagi pedagog kadrlar navbatdagi majburiy attestatsiyadan o‘ta olmagan taqdirda, maktab direktori xodimning malakasi yetarli bo‘lmaganligi sababli xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini Mehnat kodeksi 100-moddasi ikkinchi qismi 2-bandi bilan (malakasi yetarli bo‘lmagani uchun) bekor qilish hukukiga ega.
Ammo ko‘rib turganingizdek, navbatdagi majburiy attestatsiyadan o‘ta olmagan o‘qituvchilar bilan mexnat shartnomasini bekor qilish ish beruvchilarning majburiyati emas, balki huquqi hisoblanadi. Ya’ni bu masalani faqat maktab direktorining o‘zi hal qiladi. Ish beruvchi u huquqdan istasa foydalanadi, isamasa yo‘q. Bunda uchinchi shaxslarning aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi.
Attestatsiyadan o‘tmagan xodimga dars berish yoki bermaslik masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu borada faqatgina «Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida» nizom talablariga amal qilinadi.
Avval ushbu nizomda belgilab berilgan ustuvor ketma-ketlik bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatgichga ega bo‘lgan pedagog xodimlarga dars soatlarining maksimal miqdorlari belgilanadi. Ana undan so‘ng, ortib qolgan dars soatlari attestatsiyadan o‘tolmagan (toifasiz) xodimlar o‘rtasida teng taqsimlanishi mumkin.
Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, attestatsiyadan o‘tolmagan pedagog xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish yoki qilmaslik maktab direktorining ixtiyorida.