Senga tor keldi bu ko’krak, Sevinching toshdi qirg’oqdan, Tilim charchar, ajab, gohi Seni tarjima qilmoqdan.
Sen, ey sen — o’ynoqi dilbar, Zafardan izla yoringni. To’lib qayna, toshib o’yna, Tirikman, kuyla boringni!
Itoat et! Agar sendan Vatan rozi emas bo’lsa, Yoril, chaqmoqqa aylan sen, Yoril! Mayli, tamom o’lsam!
YANA SHE’RIMGA
(Sonet)
She’rim! Yana o’zing yaxshisan, Boqqa kirsang, gullar sharmanda. Bir men emas, hayot shaxsisan, Jonim kabi yashaysan manda.
Yuragimning dardi — naqshisan, Qilolmayman seni hech kanda! O’t bo’lurmi ishqi yo’q tanda? Dardimsanki, she’rim yaxshisan.
Sen orada ko’prik bo’lding-da, Geyne bilan o’rtoq tutindim. Lermontovdan ko’mak o’tindim. Butun umrim sening bo’yningda.
Saharda qon tupursam, mayli. Men — Majnunman, she’rim, sen — Layli!
BOG’IM
O, u qanday fusunkor! Nur bilan to’lgan butun. Gullari chaman-chaman, Men ularni ichaman: Ko’nglimda yashnar bahor… Nur bilan to’lgan butun.
Bargdek uzilib ketsam, Unutmas meni bog’im: Ishimni hurmat qilur, Gullardan haykal qurur. Ming yillardan keyin ham Unutmas meni bog’im!
She’rlarim yangrab qolur — Bir umrga o’lmayman! Hayotimning davomi — Kelajagimga homiy, O’rnimga bog’bon bo’lur — Bir umrga o’lmayman!
O, u qanday davomdor! Nur bilan to’lgan butun. Gullari chaman-chaman, Men ularni ichaman: Ko’nglimda yashnar bahor… Nur bilan to’lgan butun.
YURGANMISIZ BIRGA OY BILAN
Yurganmisiz birga oy bilan Oqshom payti ko’m-ko’k o’rmonda? Maysalarga shabnam qo’nganda, Shunday yaxshi tinch bo’lar ekan.
Shitir-shitir o’ynar shabboda, Barglar musiqasi bir shirin… Havo go’yo tiniq, sof boda — Ko’ngil sezar hayotning sirin.
Men mast bo’lib qoldim bu kecha, Sil o’pkamni ancha yayratdim. Uxlamasdan to tong otguncha Dilginamni rosa sayratdim.
DENGIZ OYNA KABI
Dengiz oyna kabi yaltirar, To’lqinlarga suqim oqadi. Oqqush mungli-mungli oh urar, Hazin kuyi dilga yoqadi.
O’tiraman — ko’nglim osuda, Boshim uzra barglar shitraydi. Soyalari limmo-lim suvda Tanga-tanga bo’lib titraydi.
Qanday yaxshi, kechqurun yolg’iz Yursang, ko’ngil asti to’ymasa, Oy go’yoki parishonxol qiz, Sochlarini yozib o’ynasa…
DENGIZGA
Oq dengiz, yaxshi qol! Yaxshi qol, Shimol! Ko’nglimda ishqingni olib qaytaman. Sochimni o’ynaydi muzdek sho’x shamol, Men unga dardimni qanday aytaman?
Kechqurun qirg’oqda aylanib tanho Sevdim, sevib qoldim to’lqinlaringni. Oyni cho’miltirgan tinch tunlaringni Tushimda ko’rganda ne qilarman, o?
O’ynagil so’ng marta, chayqal, erkalan! Armonim qolmasin ketar oldimda. Bag’ringda baliqday yuzgan oq yelkan Bir umr sayr etgay mening yodimda…
Yaxshi qol, erkin suv! Yaxshi qol, dengiz! To’lqinlar, qo’ynimga qizday kirdingiz…
MONOLOG
Sevgi! Sening shirin tilingdan Kim o’pmagan, kim tishlamagan? Darding yoyday tilib ko’ksudan, Kim qalbida qonlar to’kmagan?
Seni yaxshi bilaman, go’zal Petrarkani o’qiganim bor, Buyuk Rimning Samfosi azal Xayolimni oshiqday tortar.
Bilamanki, Tasso bechora Rohat ko’rmay o’tgan bir umr. Ey,makkora qiz, Leonora, Nomi qora bilan yozilgur!..
Balki, guldan yaralgan pari, Tosh ko’ngilli Biatrichi — «Gadosan!» deb qochmasa nari Dante baxtli bo’lardi pichi?!
Balki Hamlet oydin tunlarda Ofeliyani erkalatardi, Balki uzun sochini silab Azongacha ertak aytardi.
Agar xiyonatni bilmasa, Yozmasa fojia yuragin! Yo’q, yo’q, shoir! Gar shunday bo’lsa Shekspirning yo’qdir keragi!
Qanday qo’rqinch! Qanday qabohat! Mumkin emas hech qiynalmasdan! Aqlidan ozganmi muhabbat? Mumkin emas, qarshi turmasdan!
Mumkin emas, ey oliy janob, Necha yurakni aylab xarob, Shohona toj kiygan muhabbat, Mumkin emas! Qanday qabohat,
Ki, odamning o’zinginamas, Hissini ham xarob qilsa davr! Qiynalaman!.. Yuragimda havr — Bu qarshilik! Yon! Gina emas.
Bu qarshilik! Ko’ring tarixni — Parvonadek qanoti kuygan. Bu qarshilik! Ko’ring tarixni — Umr tepasida musht tuygan…
Qiynalaman vijdon bilan man — Mumkin emas qarshi turmasdan O’z zimmamga katta ish oldim; Ehtimolki, tamom qilmasdan —
Umrim tugar. Ammo bo’lmaydi (Ko’nglim o’rniga hech tushmaydi!) Senga qarshi bosh ko’tarmasdan, Asrlarni yig’latgan sevgi!
BAG’ISHLOV
(«Naxshon» dostonidan)
Bog’larga namozgar Salqini tushdi, Gullar nam bargini Qayirdi asta. Oftob ham suv ichar Tog’lardan pastda, Loladek qip-qizil O’t shafaq o’chdi.
Ko’z tutdim Ko’zlarim nigoron bo’ldi; O, dilbar, Simbarim, yuzlari qirmiz. Kiprigi ko’ksiga Soya solgan qiz, Ko’z tutdim, Yuragim to’la qon bo’ldi.
Shabboda bolariday Gulzor uzra sho’x Oy fonarini Yoqdi — qiz oqshom, Yasha! Sen kelding, Sevgilim, Naxshon, Suv qizi — suvsarim, Kipriklari o’q. Sen kelding, Ko’nglimga suv kabi okding.
Sen kelding — Ruhimda yashash boshlandi, Sevinchdan ko’zlarim Behol yoshlandi. Sen kelding, She’rimga chechaklar taqding. Sen kelding, Va’daga vafodor malak, Oppoq qo’lingnimi Siypalab o’pay? Qora sochingnimi Siypalab o’ray? Va’da etayinmi, Senga deb falak?
Arzirdi Falakni etsam hadya, Afsus… Fazo menga hali qul emas, Mayli… borimni Aylay armug’on. Garchi u Ajoyib, asl gul emas, Naxshon, ey yoshligim, Sevgalim, ma, ol!
Ishqimning eng oliy Tuhfasi she’rim. O’qi! Lablaringdan to’yib emgani, She’rimga berkindi Ataylab mehrim.