Kamqonlik – qonda gemoglobin miqdorining normadan past bo‘lishi, eng ko‘p tarqalgan patologiyalardan biri. Ko‘pgina yosh onalar bu patologiya haqida yaxshi bilishadi, chunki ularning har ikkidan biri ushbu holat bilan homiladorlikvaqtida duch kelishgan. Bolalarda kamqonlik mustaqil kasallik sifatida emas, balki boshqa kasallik asorati sifatida yuzaga keladi. Shu sababli anemiyaga sabab bo‘layotgan omilni topish va uni bartaraf etish kerak.
JSST statistikasi bo‘yicha temir tanqisligi anemiyasi 25 % holatlarda chaqaloqlarda, 4 yoshgacha bo‘lgan bolalarda 43 % gacha, 5-12 yosh oralig‘idagi bolalarda 37 % va pubertat davridagi bolalarda esa 30 % holatlarda tashxislangan.
Anemiya holatini ko‘pchilik ota-onalar jiddiy emas deb qaraydilar. Shunchaki ovqat tarkibida temir saqlovchi mahsulotlarni ko‘proq berish bilan muammoning yechimini topdik deb o‘ylashadi. Aslida, kamqonlik bola qon ishlab chiqarish tizimidagi o‘zgarishlardan dalolat berib, keyinchalik bu holat jiddiy asoratlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Anemiya turlari (klassifikatsiyasi)
Anemiya – turli xildagi ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi. Bu holat ko‘plab kasalliklar asorati sifatida namoyon bo‘lib, turli xildagi simptomlar bilan kechadi va har bir holatning oqibati o‘ziga xos bo‘ladi. Shularni inobatga olib, tibbiyot sohasida tashxis qo‘yish va davolash oson bo‘lishi uchun anemiyaning bir necha xil klassifikatsiya tuzilgan.
Rang ko‘rsatkichi bo‘yicha
Rang ko‘rsatkichi eritrotsitlarning gemoglobin bilan qanchalik darajada to‘yinganligini ko‘rsatib beradi. Normada bu ko‘rsatkich 0,8 dan 1,1 gacha bo‘ladi.
Gipoxrom anemiya
Bolalarda eng ko‘p uchraydigan patologiya – gipoxrom anemiyada rang ko‘rsatkich 0,8 dan kichik bo‘ladi.
Anemiyaning bu shakliga quyidagilar kiradi:
- Temir tanqisligi anemiyasi – organizmida temir mikroelementi yetishmasligi natijasida gemoglobin sintezining kamayishi, bunga sabab ovqat mahsulotlarida temir kamligi yoki ko‘p qon yo‘qotish. Aynan shu ko‘rinishdagi anemiya bolalarda ko‘p uchraydi;
- Talassemiya (Kul anemiyasi) – gemoglobinlar genidagi irsiy mutatsiya, bunday bolalar aqliy va jismoniy rivojlanishdan ortda qoladilar.
Normoxrom anemiya
Normoxrom anemiyada rang ko‘rsatkich 0,8-1,1 oralig‘ida bo‘ladi.
Bu turdagi anemiyaga quyidagilar kiradi:
- Gemolitik anemiya – bunda eritrotsitlar sintezlanishidan ko‘ra tezroq parchalanishadi;
- Postgemorragik – ko‘p qon yo‘qotish natijasida kelib chiqadigan anemiya;
- Eritropoetin kam sintezlanishi natijasida kelib chiqqan anemiya (bu gormon buyrakda sintezlanadi va eritrotsitlar ishlab chiqarilishini boshqarishda ishtirok etadi);
- Neoplastik – suyak ko‘migida o‘sma paydo bo‘lishi;
- Aplastik – bolaning suyak ko‘migida jiddiy o‘zgarishlarga sabab bo‘ladigan va ko‘p hollarda o‘lim bilan tugaydigan holat, davolash juda qiyin;
- Gipoplastik – suyak ko‘migining yengil darajada o‘zgarishi, yuqoridagilardan ko‘ra xavsizroq.
Giperxrom anemiya
Giperxrom anemiyada rang ko‘rsatkich 1,1 dan yoqori bo‘ladi.
Bu turdagi anemiyaga quyidagilar kiradi:
- B12 vitamin yetishmovchiligi anemiyasi yoki yomon sifatli kamqonlik, yoki Addison-Birmer kasalligi – B12 vitamini yetishmaganligi hisobiga qon ishlab chiqarilishi kamayadi, bunda suyak ko‘migi va nerv tizimi zararlanadi;
- Folidefitsit anemiya – bola organizmiga foli kislotasining yetarlicha tushmasligi natijasida kelib chiqadigan gematologik patologiya. Bunda suyak ko‘migida eritrotsitlar shakllanishi sekinlashadi, megaloblast shaklga o‘tadi;
- Miyelodisplastik sindrom (MDS) – gematologiya sohasidagi muammoli patologiyalardan biri. Suyak ko‘migi displaziyasiga uchrab oq qon kasalligiga olib keladigan holat. Ammo, bolalar orasida kam uchraydi.
Og‘irlik darajasi bo‘yicha klassifikatsiyasi
Ushbu klassifikatsiya asosida bola qonidagi gemoglobin miqdori yotadi:
- Yengil, 1 darajali anemiya – normadan past, 90 g/l gacha;
- O‘rta ,2 darajali anemiya – 90-70 g/l oralig‘ida;
- Og‘ir, 3 darajali anemiya – 70 g/l dan past.
Suyak ko‘migi holati bo‘yicha
Qonda gemoglobin kam miqdorda bo‘lganda suyak iligi bu holatni bartaraf etishga harakat qiladi. Bunda retikulotsitlar (yangi eritrotsitlar normada 0,5-2 %) miqdori ortadi. Retikulotsitlar miqdoriga qarab quyidagi anemiya shakllari farqlanadi:
- Aregenerator (aplastik) – ularning umuman bo‘lmasligi;
- Giporegenerator (B12 vitamin tanqisligi, temir tanqisligi) – 0,5 % dan kam;
- Normoregenerator (postgemorragik) – 0,5-2 % (norma);
- Giperregenerator (gemolotik) – 2 % dan ko‘p.
Bola qonidagi retikulotsitlarning yoshga bog‘liq normal ko‘rsatkichi
Patogenetik klassifikatsiya
Qon ishlab chiqarilishi bilan bog‘liq bo‘lgan patologiyaga asoslangan klassifikatsiya.
- Autoimmun gemolitik anemiya – eritrotsitlarning organizmning o‘z immune tizimi antitelolari tomonidan parchalanishi;
- Postgemorragik – qon yo‘qotish natijasida kelib chiqadi;
- Disgemopoetik – qizil suyak iligining funksiyasi buzilishi bilan kechadigan anemiya: eng ko‘p tarqalgan turi – Daymond-Blekfen tug‘ma anemiyasi, 90 % hollarda bolalar dunyoga kelishi bilanoq aniqlanadi;
- Defitsit anemiyalar (B12 vitamin, foli kislota tanqisligi) – kerakli bo‘lgan moddalar yetishmasligi.
Etiologik klassifikatsiyasi
Anemiya mustaqil kasallik emas, u biror bir kasallik natijasida kelib chiqadi. Aynan mana shunga asoslanib quyidagi klassifikatsiya tuzib chiqilgan.
Infeksion anemiya:
- Sil;
- Bakterial endokardit;
- Bronxoektatik kasallik;
- O‘pka absessi;
- Brutsellyoz;
- Piyelonefrit;
- Osteomiyelit;
- Mikoz.
Kollagenoz anemiyalar:
- Tizimli qizil yugurik;
- Revmatoid artrit;
- Tugunli poliartrit;
- Xorton kasalligi.
Qonning yoshga bog‘liq o‘ziga xosligi
Bola dunyoga kelishi bilan uning qon tarkibi rivojlanib borgani sari o‘zgarib turadi. Uning qon tizimi yangi sharoitga moslashib boradi. Gemoglobin va eritrotsitlar miqdori doimo o‘zgarib turadi, ayniqsa 1 yoshgacha bo‘lgan davrda. Shu sababli kamqonlikning ham yoshga bog‘liq jihatlari bor.
Chaqaloqlardagi anemik holatlar homiladorlikning qiyin kechganligi yoki tug‘ma irsiy omil natijasida kelib chiqadi. Chala tug‘ilgan bolalardagi anemiya XX asrdayoq bayon qilib o‘tilgan va ular turli xil ko‘rinishda bo‘lishi mumkin.
Ko‘krak yoshidagi chaqaloqlar orttirilgan anemiya kasalligi ko‘pincha immun tizimi sust yoki oziqlanish sifati yaxshi bo‘lmagan (sun’iy oziqlantirishga erta o‘tish) bolalarda uchraydi.
Bu bosqichda davolash biroz qiyinchilik tug‘diradi, chunki chaqaloq ovqatlanish mahsulotlarini o‘zgartirishning iloji yo‘q. Faqatgina maxsus temir ko‘p saqlovchi ayrim sun’iy ozuqa moddalarni shifokor tavsiyasiga ko‘ra qo‘llash mumkin.Ko‘krak yoshidagi chaqaloqlar orttirilgan anemiya kasalligi ko‘pincha immunitet tizimi sust yoki oziqlanish sifati yaxshi bo‘lmagan (sun’iy oziqlantirishga erta o‘tish) bolalarda uchraydi.
Ko‘p hollarda anemiya erta bolalik davrida aniqlanadi va davolanishi qiyin bo‘lgan hamda og‘ir shakldagi anemiyalar tashxislanadi. Genetik mutatsiyalar, nasliy omil, homiladorlik vaqtidagi patologiyalar – bularning barchasi aynan mana shu davrda aniqlanadi. Bunday bolalar 3 yoshlarga borib qon tizimida o‘zgarishlar kelib chiqadi – maishiy hayot tarzi o‘zgarishi va ovqatlanish tartibi o‘zgarishi hisobiga.
Anemiya sabablari
Bolalarda kamqonlik rivojlanishiga bir necha omillar sabab bo‘ladi – tashqi va ichki, nasliy va orttirilgan, homiladadorlik va tug‘ilgandan keyingi, patologik va asosiy omillar. Ota-onalar uchun bolakaylarini anemiya holatiga olib kelishi mumkin bo‘lgan omillarni bilish juda muhim hisoblanadi.
Homiladorlik vaqtidagi sabablar
- Onaning homiladorlik vaqtidagi kam qonligi, qizamiq;
- Kindik tizimi va yo‘ldoshning noto‘g‘ri rivojlanishi;
- Chekish;
- Rezus-konflikt.
Tug‘riqdan keyingi sabablar
- Tug‘riq jarayonidagi jarohatlar;
- Chala tug‘ilganlik;
- Tana vaznining kamligi;
- Eritrotsitlarni parchalanishiga sabab bo‘luvchi nasliy kasalliklar.
Oziqlanish bilan bog‘liq sabablar
- Bir xil ovqatlanish ratsioni;
- Vegetarianlik;
- Vitaminlar yetishmasligi;
- Rejim yo‘qligi.
Kasalliklar sabab bo‘ladigan holatlar
- Gijjalar invaziyasi;
- Raxit;
- Onkologik kasalliklar;
- Ichak kasalliklari;
- Gepatit;
- Infeksion kasalliklar; sil, o‘pka absessi, bakterial endokardit, brutsellyoz, piyelonefrit, osteomiyelit, mikoz;
- Sistemali qizil yugurik;
- Xorton kasalligi.
Agar gepatit sababli anemiyaning aplastik shakli rivojlansa, bolaning yashab qolish imkoniyati kam. Ovqatlanish bilan bog‘liq muammolarda ularni bartaraf etish mumkin. Bundan tashqari bolalar kamharakat, qalin kiyinadigan, doimo bir holatda yotadigan bo‘lsalar ham eritrotsitlar “bekorga” ishlab chiqarilmaydi, shu sababli bolaning aktiv harakatini ta’minlash kerak.
Anemiya belgilari
Ko‘p hollarda anemiya belgilarsiz kechadi. Ota-onalar bola qonini analizga topshirgan vaqtlarida tasodifan bilib qolishadi. Shunday bo‘lsa ham e’tibor bilan bolakay parvarish qilinsa anemiyaning har biri turi uchun o‘ziga xos bo‘lgan belgilarni sezish mumkin.
Umumiy ahvoli
- Holsiz, charchagan;
- Diqqat qilish pasaygan;
- Tez charchab qoladigan;
- Bosh og‘riqlari;
- Uyqusizlik;
- Qo‘zg‘aluvchanlik;
- Quloqlarda shovqin.
Yurak-qon tomir tizimi
- Arterial gipotoniya;
- Funksional sistolik shovqin;
- Taxikardiya;
- Hushdan ketish;
- Yurak yetishmovchiligi.
Hazm qilish tizimi
- Og‘iz shilliq qavatining quruqlashuvi;
- Ishtahaning yo‘qolishi yoki pasayishi;
- Ich qotishi / ich ketishi;
- Og‘iz shilliq qavatida yoriqlar;
- Meteorizm;
- Ko‘krak yoshidagi bolalarning tez-tez qayt qilishi.
Tashqi ko‘rinishidagi o‘zgarishlar
- Teri qoplamasi, shilliq qavatlar va tirnoqlarning rangparligi;
- Soch to‘kilishi;
- Tirnoqlarning sinuvchanligi;
- Shishlar;
- Tana vaznining kamayishi.
Yuqoridagi barcha belgilar biror bir kasallik simptomlaridir. Shu sababli anemiyaga sabab bo‘layotgan kasallikni aniqlash va uni bartaraf etish kerak.
Bolalarda anemiya diagnostikasi
Bolalarda anemiyaga shubha qilinsa pediatr, terapevt yoki gematolog ko‘rigidan o‘tish kerak. Diagnostikaning asosi qon analizidir:
- Qonning umumiy analizi – gemoglobin, eritrotsitlar soni va rang ko‘rsatkich;
- Qon biokimyoviy tekshiruvi – vitamin, bilirubin va temir miqdorini aniqlash uchun;
- Kam hollarda suyak ko‘migi punksiyasi.
Analizlar natijasiga asoslanib anemiya diagnozi qo‘yilganda bolalarni tor doiradagi mutaxassislar tekshiradilar – gastroenetrolog, revmatolog, nefrolog, kardiolog va boshqalar.
Anemiyani davolash
Anemiyani kompleks davosi to‘rt prinspga asoslanadi: ovqatlanishni yaxshilash va hayot sifatini oshirish, asosiy kasallikni davolash, maxsus dori preparatlarini qabul qilish va ehtiyotkorlik bilan xalq tabobatidan foydalanish. Bularning barchasi shifokor tomonidan buyuriladi.
Medikomentoz davo
Anemiyaning yagona davosi yo‘q, chunki kamqonlikka sabab bo‘luvchi ko‘plab kasalliklar bor. Avvalo, o‘sha kasalliklarni bartaraf etish kerak. Shunday bo‘lsa ham yordam beruvchi muolajalar mavjud.
Umumiy muolajalardan quyidagilar mavjud:
- Qon quyish;
- Suyak iligini ko‘chirib o‘tkazish;
- Gemotransfuziya;
- Temirning tabletka yoki inyeksiya ko‘rinishidagi preparatlari (Ferrumlek, Sorbifer, Gemostimulin, Ferropleks, Tardiferon, Ferbitol, Ektofer);
- Foli kislotasi;
- B12 vitamini;
- Glyukokortikoid va anabolik gormonlar;
- Sanator-kurort davolanish, tog‘li joylarda dam olish: bunday sharoitda organizm ko‘proq gemoglobin sintez qilishga harakat qiladi.
Xalq tabobati usullari yordamida kamqonlikni davolash
Temir tanqisligi anemiyasida, bolalarni davolash maqsadida shifokor ko‘rsatmasiga binoan xalq tabobatidan foydalansa ham bo‘ladi. Odatda xalq tabobati yordamida latent (yashirin) ya’ni simptomlari yuzaga chiqmaydigan anemiyalarni davolasa bo‘ladi.
Damlamalar:
Na’matak mevasidan tayyorlangan damlama xalq tabobatida kamqonlikni davolashda keng qo‘llanilgan. Ushbu damlama tarkibida vitamin C miqdori juda ko‘p bo‘lib, oziq-ovqatlardagi temirning o‘zlashtirilishiga ko‘maklashadi.
Na’matakdan damlama tayyorlash uchun uning quritilgan mevalari ishlatiladi. Bir osh qoshiq meva bir stakan suvga solinadi va past olovda 10 daqiqa qaynatiladi. So‘ng yarim soat damlab qo‘yiladi, ovqatdan oldin ichiladi.
Bundan tashqari:
- Asal;
- Quruq mevalar;
- Lavlagi.
Qand lavlagini suvda qaynatib tozalangach, kub shaklida to‘g‘rab va idishga solinadi. Biroz miqdorda qaymoq aralashtirib iste’mol qilish mumkin.
Kamqonlikda ovqatlanish
1 yoshgacha bo‘lgan bolalar anemiyasini asosan diyeta yo‘li bilan davolanadi. Ovqat ratsionida temir ko‘p saqlovchi mahsulotlar berish tavsiya etiladi. Albtta, bolaning individual xususiyati va yoshiga bog‘liq ravishda diyeta tanlanadi.
Chaqaloqlarda anemiyani bartaraf etish uchun eng yaxshi ozuqa – ona suti. 8 oylikdan boshlab qo‘shimcha ovqat: go‘sht, grechkali kasha berish mumkin. 12 oyligidan boshlab – baliq, mevalar va sabzavotlar. Ba’zida gemotologlar anemik bolalarga stol №11 ni tavsiya etishadi (bir kunda 5 mahal ovqatlanish). Bu stol quyidagi mahsulotlardan tashkil topgan:
- Non, makaron, un mahsulotlari;
- Sho‘rva;
- Baliq;
- Go‘sht, jigar;
- Tvorog, sariyog‘, pishloq;
- Tuxum;
- Yong‘oq;
- Grechka:
- No‘xat, fasol sho‘rva;
- Sabzavotlar, mevalar va rezavorlar.
Bolalarda anemiya asoratlari va oqibatlari
Kam qonlik asoratlari uzoq muddat davom etganda va to‘g‘ri davolanmaganda yuzaga keladi. Ular bolaning keyingi hayotining sifatini pasaytirishi mumkin.
Eng xavfli asoratlar quyidagilar bo‘lishi mumkin:
- Immunitetning zaiflashuvi;
- Yurak yetishmovchiligi (kamqonlik yurakning zo‘riqishiga sabab bo‘ladi);
- Bo‘y o‘sishda ortda qolishi;
- Jismoniy va ruhiy rivojlanishdan ortda qolish;
- Gipoksik koma;
- Suyak iligi displaziyasi;
- Leykoz;
- Surunkali shaklga o‘tishi;
- O‘lim holati, agar kamqonlikka sabab ko‘p qon yo‘qotish yoki genetikmutatsiya bo‘lsa yuzaga kelishi mumkin.
Agar temir tanqisligi anemiyasi kelib chiqqan bo‘lsa, uni preparatlar yordamida davolasa bo‘ladi. Ammo, qon hosil bo‘lish tizimida jiddiy o‘zgarishlar kuzatilsa, zamonaviy tibbiyot ham ojiz qolishi mumkin, masalan aplastik anemiyaning oqibati ko‘pincha o‘lim bilan yakunlanadi.
Profilaktik chora tadbirlar
Anemiyaning profilaktikasi qonda gemoglobin miqdori kamayishi va uning asoratlaridan saqlaydi. Profilaktik chora tadbirlar haqida mahalliy pediatr va ota-onalarning o‘zlari bola dunyoga kelishi bilanoq qayg‘urishlari zarur.
- Qon analizini muntazam topshirib turish;
- Chala tug‘ilgan bolalarga temir preparatlarini 3 oyligidan boshlab 2 yoshgacha beriladi;
- Ovqatlanish sifatini yaxshilash;
- Sog‘lom turmush tarzini shakllantirish;
- Toza havoda sayr qilish;
- Turli xil jismoniy mashqlar, o‘yinlar o‘ynash;
- Tog‘li hududlarda dam olish.
Bolalarda uchraydigan anemiyani e’tibordan chetda qoldirish kerak emas. Bu patologiya har qanday boshqa kasallikni og‘irlashtiradi va uning asoratida bolaning keyingi hayotida jiddiy o‘zgarishlar sodir bo‘lishi mumkin. Shu sababli anemiyani o‘z vaqtida oldini olish zarur, axir, kasallikni davolagandan ko‘ra oldini olgan yaxshiroq va osonroq!