Bolalarda laringit

Bolalarda laringit – nafas yoʻllari yuqori qismi (hiqildoq) yalligʻlanish kasalligi boʻlib, ovoz apparati va nafas olish buzilishi bilan kechadigan patologik holat. Bolalarda laringit “xurish» kabi yoʻtal, ovozning boʻ​gʻiqlashuvi, tana harorati koʻtarilishi, nafas olish qiyinlashuvi kabi belgilar bilan kechadi.

Bolalarda laringit diagnostikasi bolalar otolaringologi tomonindan klinik belgilar, laringoskopiya, virusologik yoki bakteriologik tekshiruv natijalari asosida qoʻyiladi. Bolalarda laringit davosida kamroq gapirish, antigistamin, virusga qarshi preparatlar yoki antibiotiklar, ingalyatsiya va fizioterapiya muolajalari yordamida olib boriladi.

Bolalarda laringit – hiqildoq shilliq qavatlari va ovoz boylamlarining yalligʻlanishidir. Laringit kasalligi koʻproq erta yoshdagi va maktabgacha boʻlgan yoshdagi bolalarda uchraydi. Laringit bolalarda kam holatlarda yagona kasallik sifatida namoyon boʻladi, koʻpincha traxeit va bronxit bilan birgalikda – laringotraxeobronxit koʻrinishida kechadi.

Bolalarda oʻtkir laringit natijasida nafas yoʻllarining yuqori qismlari obstruksiyasi (yopilib qolishi) kelib chiqishi mumkin, bunday holatlarda tez tibbiy yordam koʻrsatish talab etiladi. Yuqorida keltirib oʻtilgan laringit belgilari kasallikning jiddiy ekanligi va ota-onalar, pediatr va bolalar otolaringologi eʼtiboridan chetda qolmasligi zarur.

Bolalarda laringit kelib chiqish sabablari

Bolalarda laringit infeksiya, allergiya, diatezlar, psixo-emotsional va boshqa omillar taʼsirida kelib chiqishi mumkin. Koʻp hollarda laringit kelib chiqishiga sabab viruslar boʻladi: paragripp, gripp, oddiy gerpes virusi, qizamiq, adenovirus va boshqalar. Bakterial etiologiyali laringit bolalarda kam uchraydi, ammo juda ogʻir koʻrinishda kechadi. Bunday holatlarda kasallikning asosiy qoʻzgʻatuvchisi – b tipidagi gemofil tayoqcha, stafilokokk, pnevmokokk, gemolitik streptokokk A guruhidagi bakteriya (skarlatina qoʻzgʻatuvchisi), Borde-Jang tayoqchasi (koʻk yoʻtal qoʻzgʻatuvchisi) va boshqalar boʻlishi mumkin. Difteriya (boʻgʻma) ga qarshi profilaktiik emlashlar natijasida bolalarda difteriyali laringit deyarli uchramaydi.

Bolalarda laringit kasalligi avj oladigan davr – qish mavsumidir. Kasallik koʻp qayd etilishiga sabab bu davrda bolalar sovuq qotishi, burun orqali nafas olishning buzilishi, gipovitaminoz, immunitetning sustlashishi, rinit, faringit, adenoidit, tonzillit kabi kasalliklar xuruj qilishidir. Ayniqsa, laringit kasalligiga moyil boʻlganlar – limfatik-gipoplastik diatez kuzatiladigan bolalar hisoblanadi.

Allergik etiologiyali laringit bolalarda turli xil kimyoviy moddalar bugʻi bilan nafas olganda (boʻyoq-lak), chang, hayvon yungi nafas yoʻllariga tushishi, ayrim aerozol preparatlardan notoʻgʻri foydalanganda va ovqat mahsulotlariga allergik reaksiyalar natijasida kelib chiqadi. Baʼzida laringit kelib chiqishiga ovoz boylamlarining zoʻriqishi (kuchli baqirganda, qoʻshiq kuylovchi bolalarda va boshqalar), kuchli ruhiy-emotsional holatlar natijasida kelib chiqadigan hiqildoq spazmi, hiqildoq jarohatlari, yot jism aspiratsiyasi, oshqozondagi kislotali massaning qayta yuqoriga koʻtarilishi va nafas yoʻllariga oʻtishi (gastro-ezofagal reflyuks, reflyuks-laringit) ham sabab boʻlishi mumkin.

Bolalarda laringit patogenezi

Bolalarda laringit kechishi bolaning nafas yoʻllari anatomo-fiziologik oʻziga xosligi, hamda bola yoshiga mos holda hiqildoq boʻshligʻi torligi va yutqinning voronkasimon boʻlishi, hiqildoq innervatsiyasi, nafas yoʻllari mushaklari zaifligiga bogʻliq boʻladi. Aynan shular sababli laringit natijasida nafas yoʻllarining oʻtkir obstruksiyasi va oʻtkir nafas yetishmovchiligi kelib chiqadi.

Muhim bir jihatni ham unutmaslik kerak, bolalarda hiqildoq shilliq qavatlarining shishi va hatto 1 mm.ga qalinlashishi ham, hiqildoq boʻshligʻining yarim barovar torayib qolishiga olib keladi. Bundan tashqari, yuqori nafas yoʻllari obstruksiyasida mushaklarning reflektor ravishda spazmi va mexanik tiqilib qolishlar (yalligʻlanish natijasida toʻplangan ajralmalar yoki yot jism) ham katta rol oʻynaydi. Hiqildoq boʻshligʻi torayishi va nafas olish qiyinlashuvi asosan tunda sodir boʻladi, bunga sabab tunda hiqildoq limfa va qon aylanishi oʻzgarishi, nafas olish soni uyqu vaqtida kamayishidir.

Bolalarda laringit kechishi boʻyicha: oʻtkir va surunkali; asoratsiz va asoratli shakllari farqlanadi. Endoskopik tekshiruvga asoslanib, laringit bolalar otolaringologiya sohasida – oʻtkir kataral, shishli va flegmonoz, surunkali kataral, gipertrofik va atrofik laringit turlariga boʻlinadi. Kataral laringitda yalligʻlanish jarayoni faqatgina hiqildoq shilliq qavatda roʻy bersa, flegmonoz koʻrinishida shilliq osti, mushak qavati, boylamlar va togʻaylarni ham qamrab oladi. Giperplastik laringitda hiqildoq shilliq qavatining qalinlashishi va giperplaziyasi kuzatiladi. Atrofik laringit esa shilliq qavatning yupqalashishi bilan xarakterlanadi. Bolalarda odatda kasallikning kataral va gipertrofik shakllari uchraydi.

Yalligʻlanish jarayoni tarqalishiga koʻra laringit – boylamosti, diffuz laringit va laringotraxeobronxit koʻrinishida kechadi.

Bolalarda laringit belgilari

Bolalarda laringit klinik belgilari oʻtkir respirator infeksiya bolaga yuqqanidan 2-3 kun oʻtib yuzaga chiqadi. Bolalar holsizlik, yutinganda ogʻriq, yutinish qiyinlashuviga shikoyat qiladilar, tana harorati koʻtarilishi ham mumkin (37,5 C gacha), bosh ogʻrigʻi, nafas olishning qiyinlashuvi va tezlashuvi kuzatiladi. Laringit holatida bolalarda ovoz oʻzgarishi roʻy beradi: ovoz boʻgʻiq, xirillagan, kuchsiz yoki umuman ovozsiz boʻlib qolishi mumkin (disfoniya yoki afoniya rivojlanadi). Quqruq, “xurgan» kabi yoʻtal paydo boʻladi, 3-4 kun oʻtib nam yoʻtalga aylanadi. Asoratsiz laringit odatda 5-10 kun davom etishi mumkin.

Kichik yoshdagi bolalarda laringit avj olib borishi – hiqildoq torayishi va oʻtkir laringotraxeit rivojlanishiga olib keladi. Bundan tashqari, bolalarda soxta KRUP ham kuzatiladi, uning belgilari triada koʻrinishida kechadi: “xurgan kabi” yoʻtal, ovozning boʻgʻiqlashuvi, inspirator hansirash (nafas olish qiyinlashuvi). Soxta KRUP asosan tunda namoyon boʻladi. Bola toʻsatdan uygʻonadi, uni yoʻtal va nafas qisishi qiynaydi, bola bezovta va juda qoʻzgʻalgan holatda boʻladi. Auskultativ eshitib koʻrilganda xushtaksimon nafas, taxipnoe eshitiladi, taxikardiya, ogʻiz uchburchagida sianoz, akrotsianoz aniqlanadi, bola koʻp terlaydi. Ogʻir koʻrinishlarida yurak-qon tomir yetishmovchiligi va asfiksiya kelib chiqishi mumkin.

Surunkali laringit katta yoshli bolalarda koʻp uchraydi. Kasallikka xos belgilar – oʻtib ketuvchi yoki saqlanib qoluvchi disfoniya, koʻp gapirganda charchab qolish, tomoqda qichishish va reflektor ravishda yoʻtal tutishi boʻlishi mumkin. Laringit xuruj qilgan vaqtlarda yuqoridagi belgilar kuchli namoyon boʻladi.

Bolalarda laringit kasalligi diagnostikasi

Bolalarda laringit kasalligini tashxislash uchun bolalar otolaringologi uchun anamnez yigʻish va klinik belgilarga asoslanishning oʻzi kifoya. Maxsus otolaringologik tekshiruvlarga faringoskopiya, rinoskopiya, otoskopiya va boʻyin sohasi limfa tugunlari palpatsiyasi kiradi.

Bolalarda laringit diagnostikasida asosiy tekshiruv usuli – laringoskopiya hisoblanadi. Tekshiruv natijasida hiqildoq shilliq qavati giperemiyasi, shish, qon-tomirlari surʼati kuchayishi yoki shilliq qavatda petixiyali qon tomir yorilishlari aniqlanadi. Ovoz chiqargan vaqtda ovoz boylamlarining qalinlashishi va toʻliq yoplimasligi koʻrinadi. Kasallik qoʻzgʻatuvchisini aniqlash maqsadida yuqori nafas yoʻllaridan surtma olinib, bakteriologik, virusologik yoki PZR-tekshiruvlari ham oʻtkazilishi mumkin.

Bolalarda laringit asoratida kelib chiqqan ovoz oʻzgarishlarida maxsus mutaxassislar tekshiruvlari talab etiladi, yaʼni foniatr, logoped va fonoped kabi shifokorlar.

Bolalarda soxta KRUPni difteriya (boʻgʻma, chin KRUP), hiqildoqdagi yot jism, yutqin absessi, hiqildoq papillomasi, hiqildoq allergik shishi, epiglottit, spazmofiliya natijasida kelib chiqadigan laringospazm bilan  differensatsiya qilish kerak.

Bolalarda laringit davosi

Bolalarda laringit davosida muolaja – himoyalovchi chora tadbirlar oʻtkaziladi: yotoq tartibi, ovoz boylamlari tinchligi, xona harorati qulay boʻlishi, namlik yetarlicha boʻlishiga eʼtibor qaratiladi. Bolalar diyetasida sovuq, issiq, taʼsirlovchi mahsulotlar va gazli ichimliklardan cheklangan boʻlishi kerak.

Laringit vaqtida yaxshi samara beruvchi usullardan iliq suyuqlik ichish, boʻyin sohasida quruq iliqlik yaratish (boʻyin sohasini juli mato bilan oʻrash), dorivor ingalyatisya, banka va xantal qogʻoz qoʻyish ham buyurilishi mumkin.

Bolalarda laringit davosida fizioterapiyaning ham oʻz oʻrni bor, bolalarda UVCH, boʻyin sohasida elektroforez, mikrotoʻlqinli terapiya, fonoforez, UBN ni boʻyinning oldingi sohasi yuborish kabi muolajalar qoʻllaniladi. Ovoz oʻzgarishi saqlanib qoladigan boʻlsa, logoped mashqlaridan foydalaniladi.

Bolalarda laringit medikomentoz davosida virusga qarshi preparatlar yoki antibiotiklar, nosteroid yalligʻlanishga qarshi vositalar, antigistaminlar, yoʻtalga qarshi yoki balgʻam koʻchiruvchi vositalar qoʻllaniladi. Koʻp holatlarda mahalliy qoʻllaniluvchi antiseptik preparatlar buyuriladi – aerozollar, soʻrish uchun tabletkalar. Zaruriyat tugʻilganda dori preparatlari endolaringeal tarzda yuboriladi.

Soxta krup yuzaga chiqadigan boʻlsa, zudlik bilan tez tibbiy yordam koʻrsatilishi kerak, bunda hiqildoqda shish va spazmni bartaraf etish, normal nafas olishni tiklash zarur boʻladi. Tez tibbiy yordam kelgunga qadar bolani tik (vertikal) holatda tutish, toza va nam havo kelishini taʼminlash, ingalyatordan foydalanish, chalgʻituvchi chora tadbirlar (oyoqlarda issiq vannalar qilish) oʻtkazish talab etiladi. Shifoxona sharoitida bolada kislorod terapiya va ingalyatsiya usullari oʻtkaziladi, spazmolitik, gormonal, antigistamin preparatlar yuboriladi. Hiqildoqning kuchli stenozida intubatsiya yoki traxeostomiya muolajalari bajariladi va sunʼiy oʻpka ventilyatsiyasiga ulanadi.

Bolalarda laringit oqibati va profilaktikasi

Bolalarda asoratsiz laringit oqibati – ijobiy. Koʻpchilik bolalar maktab yoshiga kirguniga qadar kasallikdan butunlay qutulib ketishadi, ammo yalligʻlanish jarayoni takrorlanadigan boʻlsa, kasallik surunkali koʻrinishiga oʻtib ketadi. Soxta krup kelib chiqqan holatlarda kasallik oqibati – tez tibbiy koʻrsatish sifatiga bogʻliq boʻladi, hiqildoq jiddiy stenozida esa asfiksiya natijasida oʻlim holati sodir boʻlish ehtimoli ham bor.

Bolalarda laringit profilaktikasiga – LOR-kasalliklarini oʻz vaqtida davolash, allegik mahsulotlardan cheklanish, kasallangan bolalar bilan kontakda boʻlmaslik, ovoz gigiyenasiga rioya etish, immunitetni umumiy ragʻbatlantirish kabi chora tadbirlarni oʻz ichiga oladi.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x