Bolalarda yuqumli mononukleoz

Кasallik butun dunyoning hamma mamlakatlarida uchraydi. Bu kasallik limfa tugunlarini va retikuloendotelial tizimning o‘zgarishi hisobiga turli klinik belgilar bilan kechishi mumkin va leykoz, limfogranulomatoz, tomoq bo‘g‘masi kabi kasalliklarga o‘xshash bo‘ladi. Shuning uchun tashxisiy xatolarga olib keladi. Yosh bolalarda kasallik noaniq va yengil shaklda o‘tadi va tashxis qo‘yish qiyin bo‘ladi. Shu sababli bu kasallik haqida shifokorlar to‘liq ma’lumotga ega bo‘lishi shart.

EPIDEMIOLOGIYASI.

Kasallik manbai bemor odam va virus tashuvchi. Yuqish yo‘li havo-tomchi orqali. Ayrim hollarda muloqot, alimentar va transfuzion yo‘llar bilan yuqishi mumkin. Ammo amaliyotda bu yuqish yo‘llar kam uchraydi. Kasallikka moyillik judayam past. Asosan o‘smirlar va o‘rta yoshdagi kishilarda qayd etiladi. Ko‘proq sovuq oylarda keng tarqaladi. Yuqumli mononukleoz sporadik tarzda uchraydi. Ammo guruhli ravishda ham tarqalishi mumkin (oilaviy, maktablarda, harbiy qismlarda). Orttirilgan immunitet, turg‘un, qayta kasallanish uchramaydi. Bolalarga immunitet transplansentar yo‘l bilan o‘tganligi sababli, chaqaloqlarda va bir yoshgacha bo‘lgan bolalarda yuqumli mononukleoz kamroq kuzatiladi.

ETIOLOGIYASI.

Ko‘p olimlar fikri bo‘yicha yuqumli mononukleoz qo‘zg‘atuvchisi Epshteyn-Barr virusi deb hisoblanadi. Bu virus DNK saqlovchi gerpes oilasiga kiradi, limfoproliferativ xususiyatiga ega. Boshqa viruslardan farqi — sitoliz chaqirmasligi va faqat B-limfotsitlarda ko‘payishidir. Bu virus uzoq vaqt hujayralarda saqlanib turadi va ayrim hollarda yana ko‘payish xususiyatiga ega. Lekin haligacha bu virusni yuqumli mononukleozdan tashqari yana Berkitta limfomasida, nazofaringial karsinomada va limfogranulematoz kasalligida ham aniqlanish sabablari noaniq.

PATOGENEZI. 

Kasallik qo‘zg‘atuvchisi organizmga og‘iz-halqum va yuqori nafas yo‘llari shilliq qavati orqali kiradi. Qo‘zg‘atuvchi kirgan joyda shilliq qavatlarning qizarishi va shishi kuzatiladi. Yuqumli mononukleoz patogenezida 5 ta davr farqlanadi: I davr — Qo‘zg‘atuvchining kirishi; II davr — virusning limfogen yo‘l orqali regionar limfa tugunlariga o‘tishi, ularni giperplaziyasi; III davr — virusemiya va limfoid to‘qimasining tizimli reaksiyasi; IV davr — infeksion-allergik holat; V davr — shu kasallikka qarshi immunitet hosil bo‘lishi va sog‘ayish. Yuqumli mononukleozda patalogoanatomik o‘zgarishlar asosida makrofag tizimi elementlari proliferatsiyasi, to‘qima noaniq mononuklearlari diffuz yoki o‘choqli infiltratsiyasi yotadi. Kam hollarda gistologik tekshiruvlarda jigar, taloq, buyraklarning o‘choqli nekrozi kuzatiladi.

KLINIKASI. 

Inkubatsion davri to‘liq o‘rganilmagan.Olimlarning fikricha 5-21 kungacha yoki 1 oygacha davom etishi mumkin. Kasallik ko‘pincha birdan tana haroratining ko‘tarilishi bilan boshlanadi. Ammo yuqumli mononukleoz uchun xos klinik belgilari kasallikning I-haftasini oxirida paydo bo‘ladi.

Boshlangich davr klinik belgilardan:

tana haroratining ko‘tarilishi, bo‘yin limfa tugunlarining kattalashishi, bodomcha bezlarining yallig‘lanishi, burun orqali nafas olishning qiyinlashuvi hisoblanadi.

Birinchi haftaning oxiri va ikkinchi haftaning boshlarida kattalashgan jigar va taloqni paypaslab ko‘rish mumkin.

Qonda esa noaniq mononuklear hosil bo‘ladi. Ayrim hollarda kasallik sekin -asta boshlanadi.

Bunda kasallik 2-5 kun davomida tana haroratining ko‘tarilishi, holsizlanish, yuqori nafas yo‘llari tomonidan bir oz kataral yallig‘lanish kuzatilishi mumkin, 1/3 bemorlarda kasallikning boshida tana harorati subfebril yoki me’yorida bo‘lishi, birinchi haftaning oxiriga borib 38-40 C gacha ko‘tarilishi kuzatiladi.

Limfadenopatiya (virusli limfadenit) kasallikning doimiy va asosiy belgisi, birinchi bo‘lib quloq orqasidagi, jag ostidagi va bo‘yinni orqa qismida joylashgan limfa tugunlar kattalashadi. Ko‘pincha limfadenit ikki tomonlama, ayrim hollarda chap tomonida joylashadi.

Bo‘yin limfa tugunlari limfadeniti
Bo‘yin limfa tugunlari limfadeniti

Chov, qo‘ltiq osti limfadeniti kamroq uchraydi. Limfa tugunlarning hajmi no‘xot shaklidan yong‘oq, hatto tovuq tuxumiday bo‘lishi mumkin. Ushlab ko‘rilganda qattiq elastik, biroz og‘riqli va atrofidagi to‘qimalar bilan birikmagan. Limfa tugunlarini ustidagi teri o‘zgarmagan . Ayrim hollarda limfa tugunlari atrofidagi to‘qimalarda shishlar paydo bo‘lishi mumkin. 15-20 kun o‘tgach limfa tugunlar o‘z holiga qaytadi. Yuqumli mononukleozda limfa tugunlarining yiringlashi kam uchraydi.

Tomoq va halqum zararlanishi yuqumli mononukleozni doimiy va yaqqol klinik belgisi deb hisoblanadi. Eng avval bodomcha bezlarini zararlanishi har xil turdagi angina belgilari bilan namoyon bo‘ladi (kataral, follikulyar, lakunar, yarali va nekrotik). Bemorning tomog‘ini ko‘rganda bodomcha bezlari, tilcha, halqum orqa devorining qizarganligi va shishganligi aniqlanadi. Ayrim hollarda bodomcha bezlarida har xil shakldagi qoplamalar rivojlanadi. Qoplamalar oqish-sariq yoki kul rangli, g‘adir-budir va oson ko‘chadigan bo‘ladi.

Mononukleozda bodomcha bezlar yallig‘lanishi

Ko‘pincha yallig‘lanish jarayoni burun-halqum bezlariga ham tarqaladi. Ular kattalashishi hisobiga burun bitish ,ya’ni tumov belgilari yuzaga keladi. Bemorning ovozi o‘zgarib, nafas olishi qiyinlashadi, og‘iz bilan nafas olish kuzatiladi.

Gepatosplenomegaliya — 97-99% bemorlarda aniqlanadi. Jigar hajmi kasallikning birinchi kunidan boshlab kattalashadi va 4-10-kunga borib eng yuqori darajaga yetadi. Ayrim hollarda jigar faoliyatlari ham o‘zgaradi (terida va ko‘zlarda sariqlik, aminotransferazalarni, timol va sulema sinamalarni oshishi). Jigar hajmining qisqarishi asta-sekin boradi, hatto 2-3 oygacha davom etishi mumkin. Taloq hajmining kattalashuvi ham yuqumli mononukleoz kasalligining asosiy klinik belgilaridan biri bo‘lib hisoblanadi. Hamma shifoxonaga kelgan bemorlarda birinchi uch kunda kattalashgan taloqni paypaslab ko‘rish mumkin. Bu 4-10 kunga borib eng yuqori darajasiga yetadi. Taloq hajmining qisqarishi va me’yorda bo‘lishi jigarga nisbatan oldinroq ro‘y beradi. Bu 3-hafta oxirlariga to‘g‘ri keladi.

Qondagi o‘zgarishlar. Yuqumli mononukleoz uchun kam miqdorda leykositoz (15-30 x 10) ECHT ni oshishi 20-30 mm/s ga xosdir. Eng asosiy o‘zgarishlar bu limfositoz, monositoz va qonda noaniq mononuklearlarning (10-70%) paydo bo‘lishidir.

Ba’zi bemorlarda esa yuqumli mononukleozning klinik belgilari bo‘lmasligi ham mumkin. Tana harorati sekin asta pasayishi bilan bemorning umumiy ahvoli yaxshilana boshlaydi va kasallikning boshqa klinik belgilari ham sekin-asta yo‘qoladi.

Yuqumli mononukleozning klinik tasnifi 

1.Turlari

Aniq

Noaniq:

A) yashirin holatda

B)klinik belgilarsiz

C) visseral

2.Og‘irligi bo‘yicha

Yengil

O‘rtacha og‘irlikda

Og‘ir

TASHXIS. 

Asosiy klinik belgilar: isitmalash, tomoq va halqumning zararlanishi, limfa tugunlarining kattalashuvi ,hamda gematologik o‘zgarishlarga (ECHT oshishi, noaniq mononuklearlar borligi, limfositoz, leykositoz) asoslanib qo‘yiladi. Serologik tahlil asosida har xil gemagglyutinatsiya usullaridan foydalanadi. Eng oddiy yuqori ko‘rsatkichli serologik usul bu buyum oynasida ot eritrotsitlarini biriktirib olish reaksiyasi (RA) hisoblanadi. Bu reaksiya yuqumli mononukleozda 99% yoki undan ko‘proq bemorlarda musbat bo‘lib, boshqa kasalliklarda esa deyarli hamma vaqt salbiy bo‘ladi.

QIYOSIY TASHXIS. Yuqumli mononukleoz

Вo‘g‘ma,

O‘RVI,

Virusli gepatit,

Limfogranulomatoz kabi kasalliklar bilan o‘tkaziladi.

ASORATLARI.

Kam uchraydi. Ko‘proq ahamiyatga ega bo‘lgani bu otit, paratonzilit, sinusit, pnevmoniyalar. Kamdan-kam hollarda taloqning yorilib ketishi, o‘tkir jigar yetishmovchiligi, o‘tkir gemolitik kamqonlik, miokardit, meningoensefalit, nevrit, poliradikulonevritlar uchraydi.

DAVOLASH

Xususiy davosi yo‘q. Asosan giposensibillash, belgili va kuch-quvvatni oshiruvchi davolash

usullari qo‘lllaniladi (vitaminlar C, PP, B-guruhiga kiruvchilar). Asoratlar kuzatilsa antibiotiklar buyuriladi. Albatta tomoqni chayish (yodinol, furatsillin eritmalari), issiq kompresslar tavsiya etiladi. Og‘ir kechishida

glyukokortikosteroidlar (1-1,5 mg/kg) beriladi.

PROFILAKTIKASI.

Xususiy profilaktikasi yo‘q. Shifoxonaga yotqizish klinik ko‘rsatkichlarga asoslanadi. Muloqotda bo‘lganlar kuzatilmaydi. Dezinfeksiya chora-tadbirlar o‘tkazilmaydi. Karantin e’lon qilinmaydi

©Doctor Muxtorov

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x