Post Views:
57
O‘tgan 2019 yilning dekabr oyida Kiyevdagi «Yaroslav Val» nashriyotida kelib chiqishi ozarbayjonlik bo‘lgan ukrain yozuvchisi Grigoriy Guseynovning «Sharqdan esgan shamol» nomli kitobi nashr etildi. Biz uchun muhim tomoni, kitobda so‘nggi Xiva xoni Said Abdullaxon va uning oilasining Ukrainadagi hayoti to‘g‘risida qimmatli maʼlumotlar taqdim etilgan. Zero, ushbu oila 1920 yilda Moskvaga olib ketilganidan keyingi taqdiri haqida ishonchli maʼlumot shu paytgacha yo‘q edi.
Abdurasul Madiyorov kim?
Grigoriy Guseynovning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan asrning 80-yillarida u Xiva xoni Said Abdullaxonning jiyani – Ukrainaning Krivoy Rog shahrida yashagan Abdurasul Madiyorov bilan tasodifan uchrashgan. «Uch yil davomida Abdurasul bilan tez-tez uchrashib turdik, undan ko‘p so‘rar edim. U yaxshi xotira va o‘tkir aqlga ega past bo‘yli keksa odam edi, qiziqarli hikoyachi edi», deydi yozuvchi. Abdurasul Madiyorov 91 yil umr ko‘rgan, umrining oxirigacha otboqar bo‘lib ishlagan. O‘z kuchi bilan kichikroq uy qurgan. Urush paytida nemislar uni va katta qizini Germaniyaga ishlash uchun olib ketishgan. Urushdan so‘ng qaytib kelib, konda ishlashni davom ettirgan.
Roppa-rosa yuz yil oldin…
Xorazm xonligining poytaxti Xivada XVIII asrdan boshlab, o‘zbeklarning Qo‘ng‘irot sulolasi hukmronlik qilgan. XIX asr oxirida Xorazm Rossiya imperiyasi protektoratligi ostiga tushadi va Xiva xonligi deb nomlanadi. Rossiya imperiyasi qulaganidan so‘ng mustaqil Xorazmni qayta tiklashga urinishlar boshlandi. Xorazmning so‘nggi hukmdori Said Abdullaxon harbiy to‘ntarishdan keyin taxtga o‘tirdi, lekin haqiqiy hokimiyatga ega emasligi uchun uzoq vaqt hukmronlik qilmadi. Chunki boshqaruv vazir Junaydxon boshchiligidagi harbiylar qo‘lida bo‘lgan. Ehtimol, keyinchalik aynan shu jihat Said Abdullaxonning hayotini saqlab qolgandir.
1919 yilning kuzida Moskvada sovetlar hukumati tomonidan Xiva xonini ag‘darish haqida qaror qabul qilingan va Xorazmga Qizil armiya qismlari yuborilgan. 1920 yil yanvar oyida Junaidxon lashkarlari sovetlar tomonidan yakson qilinadi. Uning o‘zi Afg‘onistonga qochib ketadi. Xiva xoni Said Abdullaxon va uning oilasi Butunrossiya favqulodda komissiyasi (Vserossiyskaya chrezvichaynaya komissiya – VCHK) tomonidan hibsga olinadi. 2 fevral kuni sovet hukumati bosimi ostida u rasman taxtdan voz kechgan.
Xon va uning oilasi ustidan qisqa sud jarayoni 1920 yil yozida bo‘lib o‘tadi. Hukmga ko‘ra, Said Abdullaxon va uning taxtiga vorislik qilish huquqiga ega bo‘lgan erkak qarindoshlari Xorazm Xalq Sovet Respublikasidan badarg‘a qilinadi. Barcha mol-mulki – pullari, qimmatbaho buyumlari, uylari, yerlari musodara qilinadi. Said Abdullaxon bilan uning uch o‘g‘li (kenja Said Abdulla, Rahmatulla, Yoqub Yusuf), akasi Muhammadyor va 4 jiyani (Abdurasul, Madyor, Nosir, Ibodulla) ham surgun qilinganlar.
Xon qanday o‘lim topgan?
Xon va qarindoshlarining keyingi hayoti haqidagi tarixiy maʼlumotlar juda kam. «Sharqdan esgan shamol» kitobi muallifi maʼlumotiga ko‘ra, badarg‘a qilinganlar dastlab Xivadan Toshkentga keltiriladi. Keyin Rossiyaning Samara shahriga, u yerdan Moskva oblastidagi tutqunlar lageriga o‘tkazilishadi.
1922 yil 12 fevralda Said Abdullaxon va uning qarindoshlari kutilmaganda ozod qilinadi. Ular Ukrainaning Dnepropetrovsk viloyatidagi Verxovsevo qishlog‘idan qo‘nim topishadi. Mahalliy sovxozda ishlab, otboqarlik qilishadi. 1924 yili Abdurasul Madiyorov militsiya maktabiga o‘qishga kiradi. Qolganlar esa Krivoy Rog shahridagi temir rudasi koniga jo‘natiladi. Qo‘lida na bir hunari bor va na mahalliy tilni bilgan xivaliklar eng oddiy ishlarga qo‘yiladi. Xususan, Said Abdullaxon shaxtaga qorovul bo‘lib ishga kiradi, qolganlar otboqarlik qilishadi.
1925 yili Xorazmdan sobiq xon oilasining qolgan aʼzolari qashshoqlikda, tilanchilik qilib yashayotgani haqida noxush xabarlar keladi. Shundan so‘ng, badarg‘a qilinganlar Xivaga qaytishni so‘rab, Davlat siyosiy boshqarmasiga (GPU) murojaat qilishadi. Ammo sovet hukumati «aholi qatlamlariga taʼsir qilishi mumkin» degan sababni ko‘rsatib, xon oilasi vataniga qaytishiga ruxsat bermaydi. 1926 yili Abdurasul Madiyorov militsiya maktabini tashlab, qarindoshlari oldiga qaytib keladi.
1930-yillarda sobiq ittifoqning barcha hududlarida, jumladan, Ukrainada ham misli ko‘rilmagan qahatchilik va ommaviy ocharchilik bo‘lib o‘tadi. Bunday og‘ir sinovlarni ko‘tara olmagan keksa Said Abdullaxon dizenteriya bilan kasallanib, konchilar shifoxonasiga yotqiziladi va bir oydan so‘ng hayotdan ko‘z yumgan. Xorazmning sobiq hukmdori 62 yoshida konchilarning qabristoniga ko‘miladi. Uning qabri vaqt o‘tishi bilan yo‘qolib ketgan va hozirda ham qayerdaligi nomaʼlum bo‘lib qolmoqda.
Tilanchilik, xorlik, taqiq
Xonning yaqin qarindoshlari hayoti bundan ham fojiali kechdi. Uning akasi Muhammadyor surgun qilingan paytda 70 yoshli keksa edi. U ishlay olmadi va ommaviy ochlik boshlanganidan keyin tilanchilik qilishga majbur bo‘ldi. Uning o‘g‘li Ibodulla bolaligidan kar edi. Kon atrofidagi mahalliy bozorda tilanchilik qilib yurganida tasodifan yuk mashinasi bosib ketib halok bo‘lgan.
1933 yilda, xon vafot etganidan so‘ng uning qarindoshlariga O‘zbekistonga qaytishga ijozat beriladi. Said Abdullaxonning o‘g‘illari – Rahmatulla va Yusuf Yoqub Toshkentga ko‘chib borishadi. Akasi Muhammadyor 1936 yilda Toshkentda vafot etdi. Xonning yana bir o‘g‘li Said Abdulla ukrainalik rafiqasi bilan urushdan oldin O‘zbekistonga ko‘chib o‘tib, bu yerda tarjimon bo‘lib, keyinchalik esa geolog-razvedkachi bo‘lib ishlagan. 1941 yilda u bir kishini mashinada urib yuborib, besh yilga surgunga hukm qilingan. 1960 yillarning boshlarida vafot etgan.
Qayd etish joizki, xon avlodiga sovet ittifoqining istalgan joyida yashashga ruxsat berilgan, ammo Xivaga qaytish taqiqlangan. Xonning Ukrainada oilali, bola-chaqali bo‘lgan boshqa qarindoshlari Krivoy Rog shahrida qolib ketishgan.
Grigoriy Guseynovning yozishicha, Abdurasul Madiyorov umrining oxirida, 1990 yili qisqa muddatga Xivaga sayohat qilib, mashhur ajdodlarining qabrlarini ziyorat qiladi. 70 yildan keyingi bu ziyorat oxirgisi bo‘lib qoldi. Abdurasul Madiyorovning avlodlari hozirgi vaqtda ham Ukrainada yashamoqdalar.
Qudrat MASHARIPOV,
Urganch davlat universiteti tarix kafedrasi dotsenti
https://shosh.uz/uz/songgi-xiva-xoni-said-abdullaxonning-ayanchli-taqdiri/