Bachadonni olib tashlash bo‘yicha jarrohlik usuli gisterektomiya deb nomlanadi. Bu operatsiya boshqa barcha muolaja, dorilar va boshqa tibbiy usullar bilan davolash kor qilmaganida bir qator kasalliklarni davolovchi eng oxirgi chora sifatida qo‘llaniladi. Bu kasalliklar sirasiga quyidagilar kiradi:
- bachadon miomasi (u qattiq og‘riq, qon ketishi va boshqa belgilar bilan kechsa);
- bachadon pastga tushishi (bunda u o‘zining normal joylashgan holatidan qin tomonga ko‘p siljigan bo‘lsa);
- bachadon, bachadon bo‘yni va tuxumdonlar saratonida;
- adenomioz (bachadon devorlarining qalinlashuvi) tashxisi qo‘yilganda, dori-darmon bilan davolash samara bermasa;
- tug‘ruqdan keyingi atonik qon ketishi (bu bachadon qisqarmasligi hisobiga yuz bersa);
- bemor “Kyuviler bachadoni” tashxisiga ega bo‘lsa. Bunda homilador ayolning bachadonida yo‘ldosh ko‘chishi oqibatida homila nobud bo‘ladi. Bunday vaziyatda agar bachadon qontalash bo‘lib qolsa, uni olib tashlashga ko‘rsatma beriladi.
Gisterektomiya turlari
Yuqorida ko‘rsatilgan sabablarga ko‘ra jarroh bachadonni to‘liq yoki qisman olib tashlashi mumkin.
- Supratservikal yoki subtotal gisterektomiya. Bunda bachadonning yuqori qismi olinib, bachadon bo‘yni qoldiriladi.
- Radikal gisterektomiya. Bu holda bachadon, uning to‘qimalari, bachadon bo‘yni va qinning yuqori qismi olib tashlanadi. Gisterektomiyaning bu turi odatda saratonning eng oxirgi bosqichlarida amalga oshiriladi. Іattoki ba’zan bir yoki har ikkala tuxumdonni ham olib tashlashga to‘g‘ri keladi.
Operatsiya qanday o‘tkaziladi?
Gisterektomiya jarrohlik usuli jarroh tajribasi, kasallik sabablari hamda ayolning umumiy holatini hisobga olgan holda ochiq va minimal invaziv (yopiq) o‘tkazilishi mumkin. Tajribada 70 foiz hollarda bachadonni olib tashlashning ochiq usulidan foydalaniladi. Bunda qorin bo‘shlig‘i tashqi tomonidan kesilib, bachadon shu joy orqali rezeksiya qilinadi. Minimal invaziv usulning esa vaginal (qin orqali bachadonni olib tashlash), laparoskopik (jarroh qorin bo‘shlig‘idagi kichik kesim orqali ichki a’zolarni ko‘rib turib operatsiya o‘tkazadi), laparoskopik assistensiyali vaginal gisterektomiya (laparoskop jarrohlik asbobi yordamida qin orqali operatsiya qilish) kabi turlari bor.
Qay biri ma’qul?
Minimal invaziv operatsiyalar an’anaviy ochiq jarrohlik usulidan farqli ravishda bemorning tez oyoqqa turishi, turli infeksiyalardan himoyalanishi va operatsiyadan so‘ng kamroq og‘riq bo‘lishini ta’minlaydi. Ammo u semirish va boshqa bir qator buzilishlardan aziyat chekuvchi ayollarga to‘g‘ri kelmaydi.
Jarrohlik amaliyotidan so‘ng…
Ayol gisterektomiyadan so‘ng kundalik hayot tarziga qaytishi uchun ochiq operatsiya o‘tkazilganda, 4-6 hafta, invaziv jarrohlikdan keyin 3-4 hafta kerak bo‘ladi.
Bachadon olinganidan so‘ng bemorlar 6 hafta davomida jinsiy yaqinlikka yo‘l qo‘ymasliklari kerak. To‘liq gisterektomiya qilingan ayollarning ko‘pchiligi jinsiy maylning yo‘qolishi yoki susayganini aytishadi. Shuning uchun ham bachadonni oldirishga to‘g‘ri kelgan vaqtlarda avvalombor buning sabab va oqibatlarini to‘liq o‘rganish, malakali jarrohni tanlash bilan birga, operatsiyadan so‘ng psixologik davolanish ham darkor.
Gisterektomiya asoratlari
Bachadonni oldirish xavfli operatsiya sanalmaydi. Bu jarrohlik usulini boshidan kechirgan ayollarning ko‘pchiligi aynan unga bog‘liq holda salomatligi yomonlashganidan nolimagan. Ammo ayrimlarda quyidagi asoratlar kuzatilishi mumkin:
- peshob tuta omaslik;
- operatsiya vaqtida qin qorin bo‘shlig‘ining orqa devoriga “tikib” qo‘yilmagan bo‘lsa, uning tushib ketishi;
- qin va qovuqni bog‘lovchi anomal “teshik”ning hosil bo‘lishi;
- surunkali og‘riq.
Ekspert: Munira TOJIXO‘JAYEVA, oliy toifali shifokor.
Manba: “Sug‘diyona” gazetasi.