MALIKBOYEVA Erkli Vohidovna (1928.16.12, Toshkent) — Oʻzbekiston xalq artisti (1971). Toshkent teatr va rassomlik sanʼati in-tini tugatgan (1950). 1949-y. dan Hamza teatri (hoz. Oʻzbek milliy akademik drama teatri)da. Ijodining dastlabki yillari mumtoz va zamonaviy dramaturgiyada chuqur lirik obrazlar — Ofeliya («Gamlet»), Sarvinoz («Sevgi afsonasi»), Nazira («Ogʻriq tishlar»), Xannyan («Sabr kosasi») va b. ni mahorat bilan ijro etdi. Umesh («Gang daryosining qizi»), Umar («Jazoir mening Vatanim») kabi oʻgʻil bolalar obrazida Malikboyeva ijodining yangi qirralari ochildi. Qahramonlarining oʻziga xos ichki dunyosi, his-tuygʻularini turli harakatlar, mimika, oʻziga xos talaffuz orqali ishonarli talqin etdi. Shuningdek, Anorxon («Hurriyat»), Xadicha («Sarvqomat dilbarim»), Yelizaveta («Mariya Styuart»), Silviya («Zamon dramasi»), Oysha («Imon»), Anna («Tirik murda»), Sottixon («Kelinlar qoʻzgʻoloni») singari obrazlari toʻlaqonliligi, badiiy yetukligi bilan ajralib turadi. Qahramonning ichki yoki tashki qiyofasini ochishda unga xos asosiy xislatni asos qilib olgan holda uning tabiatiga moslab betakror talqin tafsilotlarini topishi va natijada bir-biriga oʻxshamagan inson qiyofalarini namoyon qilish Malikboyeva ijodiga xos.
Подписаться
авторизуйтесь
0 комментариев
Старые