Bachadon nayini olib tashlash xavfli emasmi?

Ayol reproduktiv tizimida boshqa organlar kabi bachadon nayining ahamiyati ham katta. Ammo baʼzan uni jarrohlik yoʻli bilan olib tashlashga toʻgʻri keladi. Shunday jiddiy amaliyot oldida turgan ayollarni qator savollar qiynashi tabiiy. Quyida bu borada eng koʻp tarqalgan murojaatlarga oydinlik kiritamiz. Sahifa eksperti – tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali shifokor-ginekolog Muyassar Nazirova.

Bachadon nayini olib tashlash uchun qanday koʻratmalar mavjud?

Bachadon naylarining olib tashlanishiga nay(lar)ning kuchli yalligʻlanishi, ulardagi har xil patologiyalar yoki bachadondan tashqari homiladorlik sabab boʻlishi mumkin. Bachadon naylaridagi kasalliklar asosan orttirilgan boʻladi. Yaʼni turmushga chiqqach, jinsiy hayot boshlanidan soʻng tashqaridan olib kiriladigan infeksiyalar oqibatida yuzaga keladi. Betartib jinsiy hayot va koʻp martalik abortlar infeksiyaning ancha ichkarida joylashgan bu organgacha yetib borishiga sababdir.

Bachadon va uning naylari aslida infeksiyadan holi (steril) organ sanaladi. Lekin ayol vaqtida davolanmasa, infeksiya bachadonga, undan soʻng esa naylarga tushishi mumkin. Natijada yalligʻlanish, naylarning bitib qolishi va boshqa kasalliklar kuzatiladi. Yalligʻlanishda avval koʻp ajralmalar keladi, ayol bunga eʼtibor bermasa, ogʻriqlar boshlanib, tana harorati koʻtariladi.

Shifokor yalligʻlanish qayerda boʻlganiga qarab, naylarning bittasi, baʼzida esa ikkisini ham olib tashlashga koʻrsatma berishi mumkin. Muolaja qilinmaydi deyishingiz mumkin. Har qanday davo chorasi faqat mutaxassis tavsiyasi bilan bajariladi. Bachadondan tashqari, yaʼni naylarda homiladorlik yuzaga kelsa, ayol hayoti uchun xavf tugʻiladi. Chunki qon ketishi va qattiq ogʻriqlar boshlanadi. Shunda ham naylar olib tashlanadi.

Turmushga chiqmagan qizlarda bachadon naylarini olib tashlash holatlari deyarli yoʻq, chunki ularda bunga olib keladigan sabablar ham yoʻqdir.

Bachadon nayini olib tashlash zararli emasmi?

Naylar hech qanday gormonal ahamiyatga ega aʼzo emas, ular faqat oʻtish yoʻli vazifasini bajaradi. Shuning uchun naylarning olib tashlanishi ayol salomatligi uchun katta xavf tugʻdiradi degan gap afsonadir. Shifokorlar bu amaliyotga kirishishdan oldin bemor hayotiga nisbatan yuzaga keladigan barcha xavflarni oʻrganib chiqishadi, shundan soʻng amaliyot oʻtkazilishi mumkin.

Bachadon nayi olib tashlangach farzandli boʻlish mumkinmi?

Bitta nay bilan ham tabiiy ravishda homilador boʻlish imkoni yuqori va har ikki jinsdagi farzand koʻrish ham mumkin. Bordi-yu ikkala nay ham olib tashlansa, ekstrokorporal urugʻlantirish yoʻli bilangina homilador boʻlish imkoni saqlanib qoladi. Agar ayolga EKU qilish tavsiya qilinsa va uning bachadon naylarida yalligʻlanish, suyuqlik yigʻilishi hamda boshqa dardlar kuzatilsa, amaliyotdan oldin naylar olib tashlanadi. Chunki naylardan bachadonga tushadigan suyuqlik embrionning bachadon devoriga yopishishi va normal rivojlanishiga toʻsiqni yuzaga keltirishi mumkin.

Foydali tavsiyalar

Eng avvalo, jinsiy gigiyena qoidalariga rioya etish lozim. Qindagi infeksiyalarni vaqtida davolash, vaqtida kasalliklarni tashxislash, kerakli tahlillar oʻtkazish lozim. Turmushga chiqqan ayol har olti oyda ginekolog koʻrigidan oʻtishi kerak. Va albatta, tartibli jinsiy hayot olib borish shart.

Ekspert: Muyassar Nazirova
Jurnalist: Shahnoza Toʻraxoʻjayeva.
Manba: “Sugʻdiyona” gazetasi.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x