Baliqni qachon iste’mol qilish kerak?

DO`STLARGA ULASHING:

Odam organizmiga shifobaxsh ta’sir etuvchi minglab omillar ichida ovqatlanish ayniqsa, o‘z vaqtida va me’yorida, zarur bo‘lganda esa parhezbop taomlar iste’mol qilish muhimdir. O‘tmishda ham insonlar baliqning sog‘liq uchun juda foydali ekanini bilgan holda uni o‘z taomnomalariga kiritishgan.
Baliq go‘shti – yengil hazm bo‘ladigan oqsil, mikroelementlar, vitaminlar manbaidir. Uning tarkibida fosfor moddasi miqdorining yuqori bo‘lishi sababli inson asab tizimi faoliyatiga ijobiy ta’sir etadi. Ushbu mahsulot odamda ishchanlikni oshiradi, charchoqni yo‘qotadi, kishiga tetiklik, bardamlik baxsh etadi. Aynan fosfor elementi tufayli asab hujayralarida impulslar tarqalishining me’yoriy faoliyati ta’minlanadi. Baliq tez buziladigan oziq-ovqat mahsulotlari turiga kiradi. Shu sababdan uni yangiligida iste’mol qilish maqsadga muvofiq. Mutaxassislar fikriga ko‘ra sovutgichda xom baliqni 3 kundan ortiq saqlamaslik kerak ekan. Daryo baliqlarini iste’mol qilishda uning boshni suvdagi parazitlar bilan zararlanishini inobatga olgan holda avval, yaxshilab tozalab so‘ngra pishirish va termik ishlov berishga e’tibor berish kerak. Ayniqsa, baliqni bug‘da va qaynatib pishirilgani juda foydalidir. Umuman, ekologik toza joydagi suv havzalaridan tutilgan baliqlarni iste’mol qilish har qanday noxush holatlarning oldini oladi.
O‘zbekiston sharoitida asosan aholi tomonidan daryo balig‘i suyib iste’mol qilinadi. Shu sababli zog‘orabaliq (sazan), ilonbaliq, laqqabaliq, olabug‘a, cho‘rtan, bakra, do‘ngpeshona, zog‘ora baliq turiga kiruvchi qizil qanot ham ko‘p tanovul qilinadi. Baliqning turlariga qarab u yoki bu tarkibiy qismlari bir-biridan farq qiladi. Uning tarkibida vitamin, minerallar, ayniqsa, temir, yod, magniy, fosfor, ruh mavjud. Parhezbop baliq go‘shti odamni semirtirmay, organizmga zarur quvvatni bera oladi. Ayniqsa, yurak-qon tomir kasalliklari, insultdan keyingi davr, qonda xolesterin darajasi ko‘tarilganda, kamqonlik, suyak sinishlarida, behollik va jismoniy zo‘riqishda, nevroz, jinsiy zaiflikda, bo‘qoq, teri kasalliklari (ayniqsa, teri quruqlashib, po‘st tashlaganda), podagra va revmatizm (bod)da, ko‘rish qobiliyati pasayganda uning go‘shti koni foydadir. Me’yoriy ravishda baliq iste’mol qilish, qonning ivish jaryonini tartibga soladi. Qonda zararli xolesterin miqdorini kamaytiradi. Shu bilan birga tomirlar torayishi va tiqinlar paydo bo‘lishining oldini oladi.

Izlanishlar natijasi shuni ko‘rsatadiki, baliqdan tayyorlangan ovqatlar qalqonsimon bez faoliyatini yaxshilaydi. Ayniqsa, u organizmning gormonal tizimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Baliq tarkibida fosfor miqdori yuqori ekanligi bilan qadrlanadi. U organizmda mushaklar, to‘qimalar va suyaklar uchun juda zarur. Bundan tashqari uzoq vaqtgacha tomirlar devorining mustahkam bo‘lishi va elastikligi ham baliqdagi fosfor tufaylidir.

Uning shunday turlari borki, aqliy qobiliyatni faollashtiradi, ishchanlikni oshiradi va hatto, ko‘zning ko‘rish qobiliyatini yaxshilaydi. Inson tanasida yog‘lar almashinuvining bir me’yorda ketishiga ijobiy ta’sir etadi. Muntazam ravishda har haftada taomnomada baliq bo‘lishi teri rangining tiniq, tirnoqlar ko‘rinishining toza, soch tolalarining mustahkam va sog‘lom bo‘lishini ta’minlaydi.

Yana o‘qing:  Shakar qonni to‘xtatadi

Uni qanday tayyorlagan ma’qul?
Odatda ko‘pchilik baliqini qovurib iste’mol qiladi. Uning organizmga foydasi ko‘proq bo‘lishi uchun baliqni ziravorlar qo‘shib va dimlab, shuningdek, undan baliq sho‘rva tayyorlab yoki kotlet tayyorlab yeyishga harakat qilish kerak. Ammo, kimdir baliqni qovurib yegisi kelsa, uni pista yoki zaytun moyida yengil qovurib, dimlab qo‘ygan ma’qul. Bunday usulda tayyorlanganda ushbu taom vitamin va minerallarni o‘zida saqlab, shifobaxsh ta’sirga ega bo‘ladi.
Tanlovda adashmang!
Yangi tutilgan baliqning et qismi oq yoki nimpushti bo‘lib, uning turiga qarab tusi qizil rangda bo‘ladi. Baliq tanlaganda barmoq bilan uning tanasiga bosib ko‘rilganda, o‘z holiga darrov qaytsa, u yangi tutilgan hisoblanadi. Bundan tashqari uning hidiga ham ahamiyat berish kerak. O‘tkir hidli, go‘shti yashil yoki sarg‘ish bo‘lsa, ushbu baliqni iste’mol qilmagan ma’qul. Eng muhimi uning jabrasiga e’tibor berish zarur.
Baliq moyi foydalimi?

Hozirgi kunda baliq moyi foydalanishga qulay kapsula ko‘rinishida ham ishlab chiqarilmoqda. Shisha idishdagi va kapsuladagi moyning tarkibi bir xil. Uni qabul qilish uchun shifokor bilan maslahatlashish kerak. Allergik xastaliklar, qonida kalsiy moddasi miqdori yuqori bo‘lgan kishilarga, buyragi tez-tez og‘riydigan bemorlarga, o‘pka sili bilan xastalanganlarga baliq va uning moyini iste’mol qilish unchalik tavsiya etilmaydi. 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ham uni tanovul etish mumkin emas. Homilador ayollarga esa shifokor maslahatiga ko‘ra tavsiya etiladi.

Uning boshini yeyish mumkinmi?
Ko‘pchilik baliq boshini yeyishga ishtiyoqmand bo‘ladi. Ba’zilar esa uni tanovul etishni xohlashmaydi. Albatta, baliq boshida xuddi tanasi kabi foydali darmondorilar bor. Lekin baliq o‘ziga tez gijja yig‘ib olishini ham inobatga olish kerak. Gijjaning aksariyat qismi aynan baliq boshida to‘planadi. Shuning uchun baliq boshini yemoqchi bo‘lsangiz, qovurishdan oldin uni tuzli suvda obdon ivitib, suvda qaynatib, keyin qovurish kerakligini yodda tuting.
Demak, baliqning foydalilik xususiyati behisob. Umuman baliq go‘shti tarkibidagi omega-3 va omega-6 kabi to‘yinmagan yog‘ kislotalarning inson tanasidagi barcha tizimlar faoliyati uchun juda muhimdir. Shuningdek, baliq immunitetni ham oshiradi.
Sayyora MULLAYEVA,
Jamiyat salomatligi va sog‘liqni saqlashni tashkil etish ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy xodimi

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x