Mohiyatan umuminsoniyatga daxldor boʻlsa-da, adabiyot milliy shaklda namoyon boʻladi. Oʻzida millatning ruhini ifodalaydi. Bu xususiyatlar sheʼriyatda, ayniqsa, yaqqolroq boʻy koʻrsatadi. Zamonlar oʻrin almashaveradi, tafakkur, taxayyul evrilaveradi, sheʼriyatda surat – shakl yangilanaveradi… Bundan qatʼi nazar, har qanday holda adabiyotning, sheʼriyatning darajasi ikki mezon – milliy ruh va mahoratga koʻra belgilanadi.
Oʻtgan 2013 yil ham sheʼriyatimiz uchun yutuqlarga boy keldi, deyish mumkin. Besh jildli “Ozod Vatan saodati” antologiyasi nashrini yilning eng eʼtiborli hodisasi sifatida baholash zarur. Antologiyaning birinchi jildi mustaqillik davri sheʼriyatiga bagʻishlandi. Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov singari adabiyotimizning ulkan namoyandalari asarlari bilan ochilgan antologiyadan 110 shoir ijodi namunalari oʻrin oldi. Ushbu nashrga katta avlod shoirlar bilan bir qatorda Ikrom Iskandar, Xosiyat Rustamova, Gʻayrat Majid, Guljamol Asqarova singari yosh ijodkorlar asarlari kirgani milliy sheʼriyatimiz rivojiga navqiron isteʼdodlar ham munosib hissa qoʻshayotganidan darak beradi. Oʻzbekiston xalq shoiri Rauf Parfining uch sheʼriy toʻplami nashr etilgani ijodkor xotirasiga koʻrsatilgan munosib hurmat samarasidir.
Hajmi, saviyasi turlicha boʻlgan 100 ga yaqin sheʼriy toʻplam chop etilgani 2013 yilgi nazmiy xirmonimizning barakali boʻlganidan dalolat beradi. Tabiiyki, bu toʻplamlarning barchasini tahlil etish imkoniga ega emasmiz. Muayyan sabab bilan bizning qoʻlimizga yetib kelmagan diqqatga sazovor biror toʻplamga munosabat bildira olmasak, avvaldan uzr soʻraymiz. Shunga koʻra, oʻtgan yilgi toʻplamlar misolida sheʼriyatimizga xos yetakchi tamoyillarni ajratib koʻrsatishga, shu asosda fikr yuritishga harakat qildik. Bu tamoyillar nimalarda koʻrinadi? Biz ularni shartli ravishda toʻrt guruhga ajratdik: 1) milliylik; 2) poetik til meʼyori; 3) obrazlilik; 4) tuygʻuning samimiyligi tamoyillari.
- Milliylik tamoyili. Milliylikdan xoli boʻlgan tuygʻu taʼsir kuchidan ayriladi. Milliy ruhdan mosuvo tafakkur bamisoli qanotsiz qushga mengzaydi. Shunga koʻra, milliylik sheʼriyatning asosiy tamoyilidir. Zero, taʼbir joiz boʻlsa, jahon adabiyoti koʻrigida oʻzbek sheʼriyatini ajratib koʻrsatuvchi asosiy xususiyat, oʻzgalardan farqini namoyon etadigan bosh belgi bu milliy ruhdir. Shuning uchun ham, “Xalqning oʻlmas ruhiyatini, qadriyatlarini, milliy oʻziga xosligini, va nihoyat, bebaho til boyligini mujassam eta olgan haqiqiy ijod namunalarigina yashashga haqli”, deganda ustoz Abdulla Oripov haq.
Ushbu tamoyil oʻtgan yilgi sheʼriy toʻplamlarda oʻz ifodasini qay darajada topdi?
2013 yili Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov “Tanlangan asarlar”ining 7-jildi nashrdan chiqdi. Aslida, toʻplamdagi har bir sheʼrni mazkur tamoyilga misol oʻlaroq keltirish mumkin. Jumladan, “Maydanak” sheʼrida ifoda ham, tasvir ham, obraz ham, tashbeh ham – barcha-barchasida milliylik yaqqol namoyon. Gʻalvali zaminga el boʻlolmay, osmonga uchmoqni orzu qilgan vatandoshini shoir Maydanakka taklif etadi. Zero, uning taʼbiricha, bunda koinotning haramlariga durbin bilan nazar solmoq imkoni bor.
Ana, tong yulduzi – Zuhro nurafshon,
Dur taqib olibdi oppoq boʻyniga.
Oymomo poylaydi tun boʻyi giryon,
Kirib ketmasin deb yerning qoʻyniga.
Bunda oymomo – ona timsoli, oppoq boʻyniga dur taqib olgan Zuhro esa – boʻy yetgan qiz. Oymomoning tun boʻyi giryon poylashidan murod – Zuhroni yerning qoʻyniga kirishdan asrash. Ana, onaning bedorligi sababi nimada?! Boʻy qizining iffatini, shaʼnini himoya qilish – oʻzbek onasi uchun hayot-mamot masalasi. Sheʼriyatimizda shu kezgacha Oymomo va Zuhro obrazlari orqali millatimizga xos ushbu fazilatni bu qadar yorqin, bunchalik taʼsirchan ifodalagan boshqa sheʼr uchramaydi.
Sheʼrdagi mana bu misralar esa, shoirona taxayyul, shoirona tafakkur mahsuli ekani bilan alohida ajralib turadi. Tasavvuringizda shundoq gavdalangan tasvir jozibasidan hayratga tushmaslikning iloji yoʻq:
Somonchi yoʻlida gʻaflatda qolib,
Molidan ayrilgan Mirrixga boq-chi.
Bir suruv echkini oldiga solib
Changitib ketmoqda yetti qaroqchi.
Shoir fikricha, yulduzlar hayoti bagʻoyat qiziq. Ular hayotining maʼnosi – samoviy parvoz. “Biri kuylayverib ketgandir qizib, Biri tinglayverib qotgandir muzlab”.
Tabiat haqida yozadimi yoki samoviy jismlar xususida fikr yuritadimi, inson kechinmalarini tasvirlaydimi yoki turfa tuygʻularni qalamga oladimi, Abdulla Oripovning koʻz oʻngida har doim Vatan timsoli turadi. Sheʼrlaridagi milliy ruh qalbingizga koʻchganini sezmay ham qolasiz. “Maydanak” sheʼridagi mana bu misralar buning isbotidir:
Endi jiddiy turib bu yonga qara,
Falakda koʻrinar ikkita oq qand.
Biri “Oʻzbekiston” degan sayyora,
Birovining esa nomi – “Samarqand”.
Sheʼrning poetik xulosasida ham milliy ifoda, milliy ruh, milliy talqin mujassam. “Agar magʻiz boʻlsang, olam bir danak” tashbehi ana shu milliylikka yorqin bir dalildir. Bunday misralar shunchaki oʻylab topilishi mahol. Ular quyilib keladi; yaxlit holda, bir butun tarzda tugʻiladi:
Mana shu tomosha yetar sen uchun,
Agar magʻiz boʻlsang, olam bir danak.
His et Ulugʻbekni, xayolning kuchin,
Parvoz maydonidir senga Maydanak.
Eshqobil Shukurning “Koʻz yumib koʻrganlarim” kitobi nomidanoq rostakam poeziyani his etish mumkin. “Koʻz ochib koʻrish” shaklidagi xalqona iboradan xabardormiz. Koʻzni yumganda esa, Rumiyona talqin boʻyicha, koʻngil koʻzi bilan koʻrish imkoni kuchayadi. Shunga koʻra, toʻplamning topib qoʻyilgan nomida teran falsafa mujassam.
“Tong ila shom” sheʼri milliy ruhning oʻzgacha talqini bilan alohida ajralib turadi. Shoir momolarning tongdan uyalish, shomdan hayo qilish haqidagi oʻgitlarini eslaydi. Sahar qushlari-la uygʻonib, shafaqlarga boqib oʻylangan kezlarini yodga oladi. Mana bu misralar esa, milliy ruhning chinakam taʼsirchan ifodasidir:
Quyoshdan uyalmoq, oydan uyalmoq
Qaysi nasabda bor, kimning naslida?..
Hayoga suyanmoq, orga tayanmoq
Xudo bergan davlat ekan, aslida.
Oʻzbekni boshqa millatlardan ajratib turadigan fazilatlardan biri hayodir. U nainki atrofidagi odamlardan, hatto quyoshu oydan ham hayo qila biladi. Shoir taʼbiri bilan aytganda, bu xalqimizga Xudo bergan davlat, Yaratganning marhamati. Shu bois oʻzbek yuvuqsiz qoʻl bilan, kir-chir dil bilan oqshomga kirishdan xijolat chekadi; gʻaraz niyat bilan, egri yoʻl bilan tonglarga borishdan oʻzini tiyadi. Mana bu badiiy umumlashmada esa, momolar timsolida millatning nomusi, asl tabiati, ruhiyati tajassum topganini kuzatish mumkin:
Tongning oʻz ruhi bor, ishonaman men,
Ufqlarda sezdim shomning ruhini.
Koʻrdim momolarim nomusida men
Osmon ustunini, Yerning oʻqini.
Yaʼni shoir chiqargan poetik xulosaga koʻra, mabodo, nomus, hayo, or singari tuygʻular zavol topadigan boʻlsa, Osmon qulaydi, Yer oʻz mehvaridan chiqib ketadi. Bu mukammal koinot ana shunday qadriyatlar evaziga barhayot va ustuvordir. Sheʼrda bu fikrlar ochiq aytilmagan, ular tagmatndan anglashiladi. Zero, shoirning shoirligi ham shundaki, u aytmasdan aytadi, botin tili bilan soʻzlaydi. Sheʼr shuning uchun ham sheʼrki, unda bir vaqtning oʻzida bir qancha maʼno ifodalanmogʻi mumkin. Ularni anglab yetish, his etish esa oʻquvchiga tan.
Oʻtayotgan har bir damni qadrlashga, uni neʼmat deb bilishga, gʻaflat bilan oʻtkazmaslikka undash ulugʻ mutafakkir ajdodlarimiz eng koʻp eʼtibor qaratgan mavzulardan. Shoira Farida Afroʻzning “Oʻsha kun bugundir” nomli saylanmasi sarlavhasiga chiqqan sheʼri ana shu ruhda. Biroq bu sheʼr zinhor mumtoz shoirlarimiz asarlarini takrorlamaydi. Garchi mavzuda muayyan mutanosiblik boʻlsa-da, shoira sheʼrida shakl ham, talqin ham oʻziga xos, ohorli ekani bilan alohida ajralib turadi:
Ertani oʻylamoq sen uchun emas,
Oʻtganga yigʻlamoq sen uchun emas,
Jazoni qoʻllamoq sen uchun emas,
Umr asli bir kundir,
Oʻsha kun – bugundir.
Tanlangan yangi shakl (misralarning zinapoya tarzida kelishi), lahzalar shukri-la yashash, umrning har onini gʻanimat bilish haqidagi shoira badiiy umumlashmasi bagʻoyat taʼsirchan. Tutilmagan tashbehlar, teran mazmun va sirli ruh uygʻunligi sheʼrning badiiy quvvatini, poetik jozibasini taʼminlagan.
Shoiraning boshqa bir sheʼridagi mana bu misralarida esa ruh – milliy, obraz – milliy, tashbeh – milliy:
Yoz chillasi doshqozonida,
qovurdoqdek qovurib,
garmselda sovurib,
shimolga shaftoli tutgan bogʻbon –
mening Vatanim!
Bobosining belbogʻin –
Adolatning bayrogʻi qilib,
“Halol, halol!” deya, raqibin,
Kuragini yerga bosgan polvon –
mening Vatanim!
Shoira Vatanni quruq madh etish yoʻlidan bormaydi. Uning jonli timsolini shundoq koʻz oldingizga keltirib qoʻya qoladi. Bu timsol – koʻngilga naqadar yaqin: zahmatkash, qoʻli gul, yoz chillasi doshqozonida qovurib, garmselda sovurib shimolga shaftoli tutgan bogʻbon, bobomeros belbogʻini adolatning bayrogʻi qilib koʻtargan, raqibining kuragini yerga bosgan polvon. Demak, Vatan qandaydir mavhum tushuncha emas, u – siz, u – men, u – ona xalqimiz. Aslida, sheʼriyatning asl maqsadi ham, shoirlikdan murod ham ana shu tuygʻuni paydo qila bilishdir.
- Poetik til meʼyori tamoyili. Bu tamoyil sheʼrni sheʼr qiladigan asosiy shartlardan. Zero, soʻzni his qilmasdan, unga ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlmasdan, uni oʻrinli va tejab qoʻllamasdan turib sheʼr xususida soʻzlash oʻrinsiz. Koʻpsoʻzlilik adabiyotni siyqalashtiradi. Muayyan voqeani qofiyaga solib nochor saviyada qayd etish hali sheʼr boʻlolmaydi. Poetik til badiiyatning yuqori darajasini ham, oz soʻzga koʻp maʼno yuklash zaruratini ham, misralarning tabiiy ohangini ham – barcha-barchasini oʻz ichiga oladi. Busiz sheʼrning saviyasi haqidagi har qanday soʻz ortiqcha.
Abdulkarim Bahriddinning “Tomchidil” toʻplamida mazkur tamoyilga misol boʻla oladigan sheʼrlar koʻp. Mana, shoirning ana shunday toʻrtliklaridan biri:
Darveshga dedilar: “Ustingga qara,
Yirtiq-yamoq kiyim, janda xirqating!”
Darvesh dedi: “Dilni poklash-la bandman,
Ustimni bezashga yoʻqdir fursatim”.
Darhaqiqat, barcha zamonlarda ham ahli dillar – maʼrifat ahli asosiy eʼtiborni koʻngil pokligiga qaratgan. Zohiriga zeb berish bilan ovora boʻlib, botinni xarob qilish jaholat belgisi sanalgan. Ana shu tuygʻuning betakror badiiy talqini sheʼrning yutugʻini taʼminlagan asosiy omildir. Yana bir muhim jihati, unda nainki soʻz, hatto birorta tinish belgisi ham nooʻrin qoʻllanmagan.
Salim Ashurning “Titroq” nazmiy toʻplami mutolaasidan koʻngillarda toza sheʼr titrogʻini tuyasiz. Shoirning badiiy-estetik didi sheʼrdan sheʼrga oʻsayotganini his etasiz. Jumladan, mana bu misralar aslo toʻqilmagan, quyilib kelgan:
Shabboda bir patni tutib keltirdi,
Sevgining nomidan maktub keltirdi.
Har soʻzda chiroyli barmoq izi bor,
Har soʻzning yonida gul ildizi bor.
Soʻz emas, lablarda taralgan nafas,
Lab emas, bir qalbda yaralgan nafas.
Nafasmas, bir dilning tubidagi uh,
Uh emas, koʻkrakda erigan anduh…
Nuqramas, tomoqda tebrangan bir voh,
Voh emas, pardan ham yengilroq bir oh…
Bu satrlarni oʻqir ekansiz, shabboda sevgi maktubini shoirga emas, sizga keltirgandek, hayajonga tushasiz. Koʻngil dunyongizni nafis bir tuygʻu egallaydi. Zero, asl sheʼr ana shunday boʻlishi kerak, oʻz muhibi qalbiga, shuuriga, ruhiyatiga nur olib kirishi kerak. Bunday nafis sheʼrlar, tutilmagan tashbehlar, ohorli talqinlar koʻp ekani toʻplamning asosiy yutugʻidir.
Vafo Fayzulloning “Azaliy gʻussa” sheʼrlar toʻplamining nomidayoq chinakam poeziya mujassam. Toʻgʻrisi, undagi sheʼrlarni mutolaa qilish anchayin ogʻir, gʻussaning zoʻrligidan yuraklar ezilib ketadi. Biroq ayon bir haqiqat shundaki, sheʼr faqat quvonchdangina tugʻilmaydi. U oʻquvchi koʻnglini goho iztirob va anduh oloviga tashlaydi, goho gʻamu anduh qozonida qovuradi. Baʼzan qaygʻu buloqlari vositasi ila boʻlsin, koʻngil kirlarini yuvadi. Mana bu misralar ham ana shunday iztirob hissi bilan yoʻgʻrilgan:
Issiz chechaklarning koʻpini koʻrdim,
Hayosiz gʻunchalar undan ziyoda.
Negadir keladir goho xoʻrligim,
Baxtsizliksiz yashab boʻlmas dunyoda.
Muhimi, sheʼrda teran mazmun va yuksak badiiyat uygʻunligi kuzatiladi. Falsafiy tafakkur ustunlik qiladi. Ortiqcha biror soʻz uchramaydi. Hech bir oʻrinda tahrirga ehtiyoj sezilmaydi.
Oʻroz Haydarning “Falak favvorasi” toʻplamidagi sheʼrlarning aksari poetik til meʼyori jihatidan talab darajasida. Mana bu misralar mutolaasidan koʻngil yorishib ketadi. Sababi, obrazli tafakkur va xalqona ohang teran mazmunni goʻzal badiiy shaklda ifodalash imkonini bergan:
Quyoshning savatidan
Boychechaklar sochilsin.
Yurak yorugʻ sevgidan
Atirguldek ochilsin.
Shamol, kuyla koʻzimda!
Shoirning “Tun haqida qoʻshiq” sheʼri ham poetik tasvirning quyuqligi, tashbehlarining ohorli ekani, oʻzga ijodkorlarni takrorlamasligi bilan alohida ajralib turadi:
Oy tangasin yoʻqotgan koʻkda
Soʻnib borar yulduzlar shami.
Tun qaygʻuli adashgan qizday,
Kelmas unga hech kimning rahmi…
Yoʻqotgandir ranglar libosin,
Dili siyoh soylar titrar jim.
Saf tortgancha daraxtlar sassiz,
Zulmat sari boshlaydi hujum.
Shodmonqul Salom poetik til meʼyorini, uning nazmdagi mavqeini teran his etadigan shoirlardan. “Borligini bilganlar” toʻplamidagi sheʼrlar buning yorqin isbotidir. Sheʼriyat bu fantaziya demakdir. Chinakam shoirning xayolot olami keng boʻladi. U muayyan mavzuga hech kim oʻylamagan rakursda yondasha biladi. Shu bois Shodmonqulning shoirlarning “nasab”i haqidagi mana bu misralari hech kimga malol kelmaydi. Shoir rostdan ham shunday ekaniga odamni ishontiradi:
Shoirlar shamolning avlodlaridir,
Iztirob tufayli yerga bogʻlangan.
Mangu sogʻinchlarning qanotlaridir,
Hech kim kuymas oʻtda alar dogʻlangan.
Bugina emas. Shoirlar: “koʻp xirgoyi boʻlgan esa-da, aytilmagan gʻussa qoʻshigʻining davomi”. Hayrat darchasidan boqqan koʻzlarga muhrni ham ular bosgan. Kipriklarida osmonu zaminni koʻtarib yurguvchilar ham ular. Dunyoni achchiq sevishlari sababi shunda. Eng achinarlisi, ular dunyoda yashayotganlari yoʻq, “Oʻng kelmas tushlarni koʻrayotirlar”. Mana bu badiiy umumlashma esa, shoirlikning yuki naqadar zalvorli ekani haqidadir:
Shoirlar – olamning dilgir yuragi,
Dunyo – koʻhna naprach, turaveradi.
Shamol va shoirlar ruhi tirikdir,
Dunyoning yuragi uraveradi.
- Obrazlilik tamoyili. Obrazlilik – sheʼriyatning muhim sharti. Zero, obraz tasvirga jon bagʻishlaydi, poetik joziba baxsh etadi. Obrazsiz sheʼr bamisoli ruhsiz tandir. Chinakam sheʼrda chuqur mazmun ohorli obraz vositasida ifodalanadi. Obraz timsolida namoyon boʻlmas ekan, sheʼrning oddiy xabardan farqi qolmaydi.
Ustoz Abdulla Oripov “Tanlangan asarlar”i 7-jildidagi “Kema” sheʼri obrazlilikka yorqin timsol boʻla oladi. Tasavvur qiling: dengiz ufqida goh qalqib, goh gʻoyib boʻlib yuzayotgan; fursat-bafursat kattalashib, shakli-shamoyili aniqroq namoyon boʻlayotgan kema sohilga tobora yaqinlashib kelayotir. Bu kema shunchalar ulkanki, vahshiy toʻlqinlarni yengib oʻtolgan, boʻronlarga qarshi yelkan koʻtargan, tumanlar qaʼriga singib yoʻl topa olgan. Shoirning asl muddaosi mana bu poetik xulosadan anglashiladi:
Biz ham kema yangligʻ suzgaymiz borho,
Noayon erurmiz bizlar ham dastlab.
Yelkandek tortilsa tuygʻular goho,
Jismimiz goh balqar, goh ketar pastlab.
Buyuk ummon erur oʻzi bu olam,
Chorlar odamzodni sohillar vasli.
Toʻfonlarni yengib suzarkan har dam
Kemaga oʻxshaydi Vatan ham asli.
Olam buyuk ummonga, ona Vatan esa ne-ne toʻfonlarni – xatarli holatlarni yengib, orzu sohiliga yaqinlashayotgan kemaga tashbeh etilmoqda. Bu kemada goh balqib, goh noayon, goho tuygʻulari yelkandek tortilib yuzayotganlar esa, sizu bizmiz. Nurli istiqbolga, buyuk kelajak manziliga yoʻl olgan Vatan timsolini bu qadar yorqin obrazda, bunchalar taʼsirchan tasvirlash har qanday ijodkorning ham haddi emasligi ayon. Badiiy jihatdan yuksak, yorqin obraz va teran falsafiy tafakkurga asoslangan bunday sheʼrlar har kuni ham yaratilavermasligi kunday ravshan.
Shoirlar, ijodkorlar, adabiyotshunoslar eng koʻp fikr yuritadigan mavzu – ilhom. Ne-ne shoh asarlar yaratilishining bosh sababchisi boʻlgan bu ilhom deganlari nima oʻzi? Uning saxti-sumbatini, qaddi qomatini biror marta boʻlsa ham koʻrgan odam bormi? Buning uchun yuksaklikka – fazoga uchish yoki uzoq dengiz safariga otlanish shart emas, Farida Afroʻzning “Sheʼr kelyapti, poʻsht, poʻsht” sheʼrini oʻqisangiz boʻldi, ilhomni koʻrasiz-qoʻyasiz.
Ichimga…
ichimga…
ichimga zilzila kiryapti,
zilzila kiryapti, titroq beayov…
Vulqonning xavfi bor,
bemavrid, bejo,
Bir toshqin kelyapti…
Ha, demak,
Ha, demak
SHEʼR kelyapti, POʻShT-POʻShT!
Yoʻldan qoching, POʻShT-POʻShT!
Guldirak misol bir tovush kelib, togʻu toshlarni sel olish xavfi tugʻilsa, tomoqqa yigʻi tiqilsa… Ijodkorning ichida bir olov yonsa, bir olovki, quyoshga egiz, odamzorlarda yongʻin xavfi tugʻilsa… Shoirning ichiga osmondan oy tushsa, bir oyki, ishqday muloyim, yerlik gʻamlarning tugash xavfi paydo boʻlsa… EHTIYOT BOʻLING, SHEʼR KELYAPTI!
Ana, ilhom deganlari qanday suratlarda namoyon boʻlishi mumkin. Obrazlilikning kuchi shundaki, u istalgan mavhum hodisani ham koʻz oʻngingizda namoyon etishga qodir.
Eshqobil Shukur nazmiy toʻplamida yorqin obrazlarga boy boʻlmagan sheʼrni topish qiyin. Shoirning mana bu misralari ham ushbu fikrni quvvatlaydi:
Qizgʻin qizgʻaldoqlar kaftida oʻsdim,
Yonayotgan muzning taftida oʻsdim,
Bir juft kabutarning kiftida oʻsdim…
Metaforalarga boy bunday misralar milliy sheʼriyatimizda poetik tafakkur oʻsayotganidan, ona tilimizning ifoda imkoniyati kengayayotganidan darak beradi. Bunga hissa qoʻsha olish ijodkorning salohiyatini koʻrsatuvchi oʻziga xos mezondir. Ohorli fikr talqinida maʼnoning poetik koʻchishiga asoslanilgan mana bu misralar ham badiiyatning baland namunalaridir:
Maxluqdan malaklik izladim koʻproq,
Qoshimda insonday gulladi tuproq,
Qoʻlim qanot boʻldi, koʻzlarim chiroq…
Ikrom Iskandarning “Fasllar ohangi” toʻplamidagi “Kuzgi yaproqlar” turkumi obrazlilikka yorqin misol boʻla oladi. Turkumdagi sheʼrlar kuz manzarasini oʻquvchi koʻz oʻngida yaqqol gavdalantiradi. Kuz tuniday uzayib borayotgan firoq sababidan yoʻlakda yaproqday sargʻaygan umid, shamol saltanatida ayriliq kuyiga oʻyin tushayotgan yaproqlar… Bunday taʼsirchan manzaradan koʻngilga hazinlik inadi. Mana bu misralar esa, soʻzga ohorli poetik libos kiydirilgani, oz soʻz zamiriga koʻp va zalvorli maʼno yuklangani bilan alohida ajralib turadi:
Qarang, manov yaproqqa,
moʻysafiddek yonboshlar
issiq toʻshak –
tuproqqa.
Bunda shakl ham, mazmun ham mutanosib. Birgina “tuproqqa” soʻzining bir misra quyidan oʻrin olishida ham, moʻysafiddek yonboshlagan yaproqning daraxt shoxidan – yuksaklikdan tubanga tushishiga nozik ishora bor:
Yoʻlakda hijjalab oʻqir shabada
yaproqlarning
uzuq-yuluq
xatini
Soʻz orqali ham muayyan manzarani bamisoli rassomdek yaqqol tasvirlash mumkinligiga dalildir bu misralar.
Mana bu satrlarda esa, teran hayot falsafasi ham, ohorli poetik obraz ham, aniq oʻlchamli ritm ham mujassam ekanini kuzatish mumkin:
Boshida koʻtarib turgan edi u,
Allalab bagʻrida parvarish etdi.
Yaproqlar jonini baxshida aylar –
tashlaydi oʻzini daraxt poyiga.
Misralar tagmatnidan anglashilganidek, shoir daraxtni onaga, yaproqlarni esa uning bolalariga tashbeh etadi. Daraxt – ona boshida koʻtarib, allalab parvarish etgani tufayli kuzgi yaproqlar – zurriyodlari uning poyiga bosh urayotir. Hayot falsafasi va poetik joziba ana shunday uygʻunlashgan holdagina chinakam sheʼr dunyoga keladi.
Bugun sheʼriyatda yangidan-yangi nazmiy shakllarga ragʻbat koʻrsatilmoqda. Uchlik, beshlik (tabiiyki, bu beshlik muxammas emas!), hatto geometrik shakllar ham sheʼriyatga dadil kirib kelayotir. Shunday boʻlishini hazrat Alisher Navoiy qariyb olti yuz yil muqaddam ham bilgan. Ulugʻ mutafakkirning aforizmga aylanib ketgan:
Nazmda ham asl anga maʼni durur,
Boʻlsun aning surati har ne durur,
– degan fikrlari buni tasdiqlaydi.
Demak, maʼnidan ayri boʻlsa, har qanday goʻzal shakl ham oʻzini oqlay olmaydi. Boshqacha aytganda, jozibali badiiy libosning ichi boʻm-boʻsh boʻlmasligi kerak. Betakror shoirimiz Zokirjon Furqat taʼbiri bilan aytganda: “Suxan raʼnosi nazm libosi birla zebo koʻrunur boʻlgʻay”.
Salim Ashurning uchliklari nainki shakl va maʼni mutanosibligi bilan, obrazning yorqinligi bilan ham ajralib turadi. Bir-ikki misol:
Toshni yordi tar chechak,
Suvga bordi har chechak,
Sirlar gullar bu kecha.
Shoir bu turkumga “Qadim ohanglarda”, deya izoh beradi. Darhaqiqat, ular mutolaasi “Devonu lugʻotit-turk”dagi qoʻshiqlarni yodga soladi:
Tepaliklar pastida
Bahor hali rasida.
Qish izgʻiydi qasdida.
Shakliy izlanishlarning bunday muvaffaqiyatli namunalarini boshqa shoirlarimiz ijodida ham kuzatish mumkin. Bunday ijod namunalaridan ayrimlarining qadimiy, mustahkam poydevorlarimiz ustiga qurilayotgani, ayniqsa, eʼtiborga molikdir. Bu yoʻlga ragʻbat koʻrsatayotgan yoshlarimizga ustoz Abdulla Oripovning mana bu soʻzlarini esdan chiqarmaslik tavsiyasini bergan boʻlar edik: “Nega “eng yangi shakllar” jahon badiiy tafakkurida muhim zina boʻla olmayotir? Buning sababi oddiy va soddadir. Yaʼni oʻz-oʻzicha shakl hech narsani anglatmaydi. Libos nisbiydir, faqat ruh va maʼno mohiyatni belgilaydi. Adabiyotdagi shakliy izlanishlar nihoyatda zarur. Lekin u nechogʻlik zamonaviy va ilgʻor boʻlmasin, nochor isteʼdodni tanazzuldan asrab qololmaydi”.
- Tuygʻuning samimiyligi tamoyili. Sheʼr texnikasining puxta egallangani, metafora va tashbehlarni oʻrinli qoʻllay bilish ijod namunasining saviyasiga qoʻyiladigan talablarning ayrimlari, xolos. Agar sheʼrda tuygʻular rost va samimiy boʻlmasa, koʻngillarga yetib bora olmaydi. Bu borada ham hazrat Navoiyning oʻgitlariga muhtojmiz. Buyuk mutafakkir:
Nukta su yangligʻ eritur toshni,
Topsa haqiqat oʻtidin choshni,
– deganda aynan tuygʻuning rost va samimiy boʻlishi zarurligini nazarda tutgan edi.
Oʻtgan yilgi toʻplamlarda ana shu tamoyilga muvofiq keladigan sheʼrlar koʻp ekani sheʼriyatimizning mudom oʻsishda, rivojlanishda ekanidan dalolat beradi.
Oʻzbekiston xalq shoiri Oxunjon Hakimning “Uyingizga sovchi boradi” toʻplamiga kirgan “Bahor ekan-da” sheʼrida ifodalangan tuygʻular samimiyati oʻquvchi koʻngliga beixtiyor koʻchadi. Uning qalbida bahor shavqini, koʻklam sururini paydo qiladi:
Doʻstim, tongda turib bogʻlarga yoʻl ol,
Bir chimdim uyquning bahridan kechib,
Qara,
Lola yuzi yonmoqda yal-yal –
Subhidam shudringdan sharobdek ichib…
Shoirning mahorati shundaki, u bahor tasvirini hayotiy misollar, taʼsirchan obrazlar, tutilmagan tashbehlar vositasida talqin etadi:
Borliqda gurkirash,
Borliqda yashnash.
Gul jamol koʻrsatdi hatto… tikanda!
Moviylikka choʻmib ketdi togʻu tosh,
Bahor deganlari bahor ekan-da.
Umida Abduazimovaning “Marvaridlarim” hamda “Oʻsha sizmi?” toʻplamlaridan oʻrin olgan sheʼrlar tuygʻularning samimiyligi, talqinning ohori bilan alohida ajralib turadi:
Menda vaqtdan boshqa hamma
Narsa yetarli.
Senda vaqtdan boshqa narsa
Yoʻqdir aytarli.
Inson birinchi navbatda qadrlashi zarur boʻlgan vaqt haqida juda koʻp sheʼrlar bitilgan. Umida Abduazimovaning sheʼri, ifodaning soddaligi (joʻnligi emas!), samimiyligi bilan koʻngillar toʻridan oʻrin oladi:
Menga sitam qilganni
kechirib yashay.
Yomonligin dilimdan
oʻchirib yashay.
Bu sheʼr oʻzbekning asl tabiati, yomonlik qilgan kimsaga ham yaxshilik qila olish qudratiga ega ekani juda oz soʻz vositasida koʻngilga yaqin uslubda ifodalangani jihatidan ham qadrlidir.
Munavvaraning “Yuragimdasan, Vatan” toʻplamidagi “Shabboda” sheʼri tuygʻuning samimiyatiga, izhorning chinligiga dalil boʻla oladi:
Toʻkdimikan oʻrik gulini,
Ayni yaproq yozgandir uzum.
Yalpiz boʻyi taralgan yoʻlda
Qoldimikan mening ham izim.
Bolalik haqidagi bu sheʼr shoiraning ijodiy salohiyatidan, undan baland saviyadagi sheʼrlar kutishga haqli ekanimizdan dalolat beradi.
Yusuf Ziyodning “Ruhiyat manzaralari” toʻplamidagi sheʼrlar, asosan, muhabbat mavzuida. Mana bu samimiy izhorlar esa, inson va uning mohiyati haqidagi falsafiy mushohadaning nazmiy talqini oʻlaroq dunyoga kelgan:
Kun kelib uzilsa umr – jon yaproq,
Koʻzim qarogʻidan joy olsa tuproq.
Bilmadim, ortimda nelar qoladi,
Gunohmi, savobmi, qay biri koʻproq.
Fikrlaydigan har bir odam hayotining muayyan bosqichida oʻtayotgan umrini sarhisob qilishga ehtiyoj sezadi. Yaxshi nom qoldira olyapmanmi, qanday savob ishlar qildimu, qay xatolarga yoʻl qoʻydim, deya oʻylanadi. Bu tabiiy hol, albatta. Bunday samimiy tuygʻu goʻzal badiiy shaklda misralarga koʻchsa, taʼsiri yanada kuchliroq boʻladi. Ushbu toʻrtlik buning isbotidir.
2013 yilda, bulardan tashqari, hazrat Navoiydan bugungi yosh shoirlarimizgacha koʻplab ijodkorlarning ona haqidagi sheʼrlaridan tarkib topgan “Onajon” toʻplami nashr etildi. Bu ajoyib gʻoya mualliflariga, toʻplovchi Ashurali Joʻrayevga rahmatlar aytishga burchlimiz. Bunday gʻoyalarni qoʻllab-quvvatlash, ragʻbatlantirish zarur. Samarqandlik ijodkorlar nazmiy asarlarini oʻz ichiga olgan “Iftixorimsan, Vatan” toʻplamining, 30 nafar yosh ijodkorlar sheʼrlaridan tuzilgan “Sozimda Vatan vasfi” almanaxining nashr etilishi tahsinga sazovor ish boʻlganini eʼtirof etish zarur.
Mazkur yutuqlar barobarida, muayyan kamchiliklar borligidan ham koʻz yumib boʻlmaydi. Qofiyali soʻzlar tizmasidangina iborat, oddiy soʻzlashuv jarayonida ifodalanishi mumkin boʻlgan sayoz, joʻn fikrlarni jamlagan, badiiyatdan yiroq “shigʻir”larni oʻz ichiga olgan toʻplamlar ham, afsuski, yoʻq emas. “Shou-biznes”da “qoʻshiq” matni oʻlaroq didsizlikning urchishiga xizmat qilayotgan soʻzbozlik namunalari ham toʻplam oʻlaroq taqdim etilayotgani, ayniqsa, achinarli holdir. Adabiyotshunoslikda “tanqiddan tuban”, degan qarash bor. Shu bois biz ularni nomma-nom keltirishni, tanqid qilishni lozim koʻrmadik. Koʻngilga taskin beradigan jihati shundaki, sheʼriyatimizning yuksak namunalarini jamlagan toʻplamlar oldida ularning nochor saviyasi yaqqol koʻrinib turadi. Ular muazzam adabiyotimiz uchun oʻtkinchi holat sanalib, oʻzbek sheʼriyati rivojiga toʻsiq boʻla olmaydi.
Xulosa qilib aytganda, sheʼriyatimizda milliy ruh talqini yetakchi tamoyil darajasiga koʻtarilmoqda. Shoirlarimiz nazmiy asarlarida soʻzga boʻlgan masʼuliyat, uni isrof qilishdan saqlanish, oz soʻzga koʻp maʼno yuklash singari fazilatlar yaqqolroq namoyon boʻlayotir. Poetik obrazning ohorli, yorqin, taʼsirchan boʻlishiga intilish hissi kuchaymoqda. Sheʼrni sheʼr qiladigan, oʻquvchi koʻngil olamini nurlantiradigan muhim omil – tuygʻuning samimiyligiga eʼtibor tobora ortib borayotir. Bu tamoyillarning namoyon boʻlishi yangi zamon oʻzbek sheʼriyatining badiiyat jihatidan jahon adabiyotining yuksak namunalaridan qolishmasligini koʻrsatadi. Milliy sheʼriyatimiz istiqboliga katta umidlar bilan qarash uchun yetarli asos beradi.
Nurboy JABBOROV,
filologiya fanlari doktori, professor
“Sharq yulduzi”, 2014–3
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/yangi-zamon-sheriyati-tamoyillari/