Adib tafakkuri, aktyor talqini

(yozuvchi va ijrochi hamkorligi masalalari)

 

Ijrochilik sanʼati hamda yozuvchi faoliyati bir-biriga oʻxshash koʻrinadi. Aktyor ham, adib ham qahramonini, u istiqomat qiladigan mediamuhitni tasavvur etadi, personajning har bir daqiqadagi hayotini hamda unga joʻr boʻladigan jismoniy harakatini “kuzatib boradi”, oʻylari hamda talaffuz etayotgan soʻzlari biri ikkinchisini ifodalashini yoxud ular bir-biriga zid boʻlishi sabablarini ifoda etadi. Ifoda vositalari farq qiladi: biri, yozilgan soʻz bilan, ikkinchisi, aytiladigan soʻz, ruhiy holat taqozosi bilan qoʻllaniladigan xatti-harakat, imo-ishora, ichki kechinmalarni taʼriflashga yordam beradigan lirik-psixologik portretlar koʻmagida badiiy-estetik vazifalarni bajaradi. Rang, musiqa sadolarini ifodalash, mizansahnani qurish, qahramonni turli makonda va zamonda taʼriflash imkoniyatlaridan foydalanadigan, hatto qahramonning hid sezish qobiliyatini hisobga oladigan adib yagona quroli – badiiy soʻzni kommunikatsiya hamda estetik vazifalarni bajarishga qaratadi. Bu qurol – qudratli. Taʼsir kuchi beqiyos. Gʻoyaning verbal ifodasini taʼminlashda taqribiylik emas, muayyanlik talablari ustun turadi. Shu bois bastakor yozayotgan musiqalari badiiy soʻz kabi aniq boʻlishini, tarona muallifining fikri-zikri, hayajoni, ezgu niyatini aniq ifodalaydigan yozilgan soʻzdek “nishonga tegishini” orzu qiladi. Yozuvchi esa tanlagan, oq qogʻozga naql etgan soʻz, iboralar musiqadek tinglovchiga bevosita taʼsir etishini, yurakka darhol oziq berishini orzu qiladi. Aktyor oʻz faoliyatida adib tasavvuridagi tasvirdan kelib chiqadi. Lekin pyesa yoki ssenariyning oʻzgarib boradigan koʻrinishlaridan yoxud mashhur kitobdan ilhom oladigan aktyor tasavvurida personaj originaldan birmuncha farq qilishi mumkin. Bunday mulohazani kitobxonning badiiy tasavvuri haqida ham aytishi mumkin. Har bir mushtariyning oʻz Kumushi, Otabegi, Anvar va Raʼnosi bor. Ular tub mohiyati bilan Qodiriy yaratgan personajlarga yaqin boʻlsa-da, kitobdagidan birmuncha farq qilishi mutolaa qilayotganlarning yoshi, estetik tayyorgarligi, “personajlarga boʻlgan munosabati”, adabiyot mahsulotini qabul qilish psixologiyasiga bogʻliq.

Aktyor – muallif – rejissyor muloqotida dramatik holatlar roʻy berishining sabablaridan biri shundamikan? Oydin Norboyeva “Vijdon amri bilan” filmida bosh qahramon – qishloqda yashaydigan oʻzbek ayoli zamonaviy modaga binoan tikilgan oppoq paltoda yurishi koʻrkam koʻrinsa-da, oʻsha davr qishloq hayotiga zid, deb bilgan. Bunday tantanali, barchani diqqatini tortadigan libos, adabiy ssenariyda, rejissyor eksplikatsiyasida qayd etilishiga qaramay, aktrisa rozi boʻlmagan. Uning tasavvuridagi oʻzbek qizi arxitektor boʻlsa-da, qishlogʻida oʻzgacha kiyimda yurishini tasavvur etgan.[1] Rahim Pirmuhamedov “Ulugʻbek yulduzi” filmida oshpaz rolini oʻynashi damlarida ssenariy matniga oʻzgartirish kiritishni taklif etgan. Rejissyor Latif Fayziyev: “Ulugʻbek va Xoʻja Ahror oʻrtasida bahs ketayotgan damda siz kadrga kirib kelasiz-da, shoh va olimga murojaat etib soʻz aytasiz”, deb talab etdi. Men eʼtiroz bildirdim. Ikki buyuk allomani suhbati, munozarasiga oddiy oshpaz favqulodda suqilib kirishini tasavvur etasizmi, deb hayron boʻldim. Bilishimcha, rejissyor shu yoʻl bilan bahsni boʻlmoqchi, tugatmoqchi boʻlgan. Ssenariyni oʻqiganimda, bu vaziyatni oʻzgacha tasavvur etgan edim. Rejissyorni koʻndirish oson boʻlmadi.[2]

Keyinchalik oʻzi ham ssenariy yozgan va uni rejissyor hamda bosh rol ijrochisi sifatida ekranga olib chiqmoqchi boʻlgan[3] aktyor kinoda yaratgan deyarli barcha obrazlarini adib sifatida toʻldirgan, soʻngra ijro etgan. Zarur boʻlganda ssenariy mualliflari emas, kinematografik ijoddan yiroq boʻlgan yozuvchilarga murojaat etib matnni toʻldirgan, talqin yoʻllarini boyitgan. Aktyor oʻsha damlarni eslab ayrim tafsilotlarni aytgan edi: “Abulxayr obrazi “Abu Ali ibn Sino” filmining bosh qahramoniga qarshi qoʻyilgan edi. Bu zoʻraki tabib zoʻraki “duo” oʻqib bemorni davolamoqchi boʻlishi, dard ogʻirlashuvi, fojiaga sabab boʻlishini koʻrsatish S. Ulugʻzodaning ssenariysida aytib oʻtilgan edi. Kinoda, bilasiz, voqea tafsilotlari hamda ularga boʻlgan munosabatlar koʻrsatilishi, eshittirilishi talab etiladi. Bu epizodda duo qanday oʻqilishi, uni matni mazmuni, jumlalar tuzilishi, qanday “sehrli” soʻzlarga urgʻu berilishi taʼriflanmagan. Tabib qanday libosda boʻlishi, harakatida maʼno boʻlmasligi, portretda sunʼiylik, shubha alomatlari koʻzga tashlanishini koʻrsatishim lozimligini angladim, shu yoʻlda izlanish davom etdi. Lekin harakatimni toʻldiradigan, talaffuzda jaranglab turadigan, aslida esa birorta maʼnoga ega boʻlmagan, biri ikkinchisi bilan bogʻlanmaydigan soʻzlarni koʻp izladim. Bir-ikki soʻz (masalan, “zarbulbul…”) topdim, xolos. Shunda Gʻafur Gʻulomning Arpapoyadagi uyiga bordim. Dardimni aytdim. Birgalashib tushunib boʻlmaydigan, lekin jarangdor soʻzlar yigʻindisini arab alifbosiga binoan qogʻozga tushirdik. Minnatdorchilik bildirib, oʻsha adabiyot, til qonuniyatlariga mutlaqo javob bermaydigan, lekin zoʻraki tabibga taʼrif beradigan dabdabali soʻzlar, jimjimali jumlalarni yodlashga kirishdim. Ertasiga, suratga olish maydonchasida grimdan oldin rejissyor K. Yormatovga yodaki aytib bergan tuturiqsiz soʻzlar maʼqul boʻldi. Aytish ohangi kulgi uygʻotdi. Rejissyor toʻla erkinlik berdi. Tasmani ayamadi. Bemor atrofida aylangan holda uni davolagandek boʻldim-da, menga – zoʻraki tabibga atalgan qoʻzichoqni yetaklagancha xonadonni tark etdim… Voqeani kulgili davomini eshiting. Shu – “Abu Ali ibn Sino” filmini Moskvada rus tiliga dublyaj qilmoqchi boʻlishganida, haligi “matnni” hech tushuna olmay, uning maʼnosini anglay olmay menga telegramma berishdi. Voqeadan voqif boʻlgan hamkasblarim oʻsha epizoddagi birorta soʻzni oʻzgartirmasdan, aniqrogʻi, uni tarjima qila olmasdan aynan qoldirishdan boshqa iloj topa olmadilar. Endi asarning oʻzbek tilidagi nusxasida ham, rus tilidagi nusxasida ham mening ovozim, Gʻafur aka bilan topgan, “ixtiro” qilgan soʻzlar yangrab turadi”.[4]

Ijodini teatrda, sahna dramaturgiyasini oʻzlashtirishdan boshlagan bu aktyor kinoga kelganida, aksariyat holda uning yonida katta adabiyotda tajriba orttirgan Sobir Abdulla va Uygʻun, Izzat Sultonov va Viktor Shklovskiy, Maqsud Shayxzoda va Lola Sayfulina boʻlgan. Abdulla Qodiriyning “Oʻtgan kunlar” romanini ekranlashtirish davrida yozuvchidan psixologik holatlarni ijro vositalari ila koʻrsatishni oʻrgangan. “Nasriddin sarguzashtlari”, “Nasriddin Buxoroda” komediyalari ssenariylari yozilishi, obrazlari ustida ishlashi jarayonida faol ishtirok etgan R. Pirmuhamedov bu filmlardan keyin yoqimli yumorga, oʻtkir satiralarga boy boʻlgan kino tasmalarida (“Fargʻona qizi”, “Mahallada duv-duv gap”, “Ikki dil dostoni”, “Ulugʻbek yulduzi” kabi turli janrlarda yaratilgan asarlarni eslang) hajviy rollar ustasi sifatida ham shuhrat qozongan. Ijro texnikasini mutassil takomillashtirib borgan, rol tanlashda hamisha talabchan boʻlgan bu aktyor yaratmoqchi boʻlgan obrazi, avvalo, adabiy jihatdan puxta yozilishini talab etgan. Bu xususiyatni, bunday talab qoʻyilishini bir qator boshqa aktyorlar faoliyatida ham koʻramiz. Rahim akaning ulardan farqi shundaki, u ssenariy muallifi bilangina emas, umuman, katta adabiyotga, uning yirik vakillari ijodiga hamisha mehr qoʻyib kelgan. Kuzatish, mutolaa qilish bilan cheklanmagan. Katta kino xizmatida boʻlmagan, lekin nazm va nasr sirlarini oʻzlashtirganlar bilan uzviy aloqada boʻlishga intilgan. Yana bir xususiyat – rol ustida aktyor sifatidagina emas, maʼlum jihatdan adib, qalam tebratish qobiliyatiga ega boʻlgan shaxs sifatida ham qunt bilan ishlagan. Ssenariyda yozilgan matnni aynan oʻzlashtirmagan. Kino texnikasi, ayniqsa, yirik plani, qahramonning zamir fikrlarini ham ifoda eta olishini nazarda tutib ishlagan bu aktyor talaffuz etiladigan soʻz, ibora, jumlalar ustida jiddiy ter toʻkkan. U tahrir qilgan, oʻzgartirish kiritgan rollar epizodik koʻrinishga ega boʻlganida ham tomoshabin yodida qolganini “Alisher Navoiy”dagi oshpaz Abdulmalik, kinoteatrning poraxoʻr nazoratchisi (“Sen yetim emassan”) misolida ham koʻrish mumkin.[5]

Rahim akaning xonadonlarida, tomoshabinlar huzurida, studiyada birga boʻlib, baʼzan qizgʻin suhbat qurib, baʼzan kundalik tashvishlari bilan tanishib, ayniqsa, joʻshqin faoliyatning yangi qirralarini kashf qilib bir fikrga kelardim: u kishida kinodagi ijodni adabiyot bilan bogʻlagan sanʼatkor evolyusiyasi koʻzga tashlanar ekan.

Aktyor Pirmuhamedov rollarni adabiy jihatdan qiyomiga yetkazish bilan birga, oʻzi ham ssenariy yozdi. Adiblar uning doimiy suhbatdoshi, hamrohi, vaqti kelganida, ustozi ham boʻldi. Bu jarayon uning badiiy bisoti boyishiga, tasavvuriga erk berib virtual tarzda mizansahnalar, mizankadrlar tuzishga, kadrlarni oʻzaro ulashga, xayolidagi partnyor (sherik aktyor) bilan muloqotda boʻlishida muhim rol oʻynadi. Rahim aka bilan soʻnggi uchrashuvlardan birida toʻshakda yotgan holda qurigan lablarini zoʻr-bazoʻr qimirlatib aytgan soʻzlari hali ham qulogʻimda jaranglab turgandek. “Bahorni orziqib kutyapman. Sogʻayib ketsam, yotgan joyimda tayyorlab qoʻygan rollarimni oʻynarmidim!? Qanday odim tashlayman, nigohimda qanday holat aks etishi kerak? Qayerda pauza boʻladi-yu, unda qanday yuk boʻladi? Jumlada qaysi soʻzga urgʻu beraman? Soʻzimni qanday harakat bilan tasdiqlab turaman? Partnyorga qanday nigoh tashlayman? Muloqot damlari qanday oʻtadi? Shunchaki yengil gap bilanmi yoki kayfiyat oʻzgarib, vaziyat keskinlashib boradimi – bularning barchasini kadrma-kadr oʻylab qoʻydim. Oʻylagan kadrlarim suratga olinsa, montaj qilinsa, qayta yozilgan soʻz, ataylab bastalangan musiqa bilan boyitilsa” – deb shirin niyatlarini aytgan edilar.

Bu qaygʻuli damlarni eslaganimda, koʻzimda yosh aylanadi, usta sanʼatkorga mehrim ortadi. Ayni holda, oʻsha armonli kunlarda ham aktyor harakat, koʻz ilgʻaydigan koʻrinishlar, quloq eshitadigan ovoz vositalar bilan emas, adib ustaxonasida hukm suradigan ilhombaxsh muhitda mushohada qilganidan voqif boʻlganimdan mamnun boʻlaman. Aktyor qaysi rollarni nazarda tutib asta soʻzlaganini, qaysi aktyorlarni partnyor sifatida tasavvur etganini, xayolidagi mizankadrning mazmuni (ehtimol, falsafasi) nimada ekanligini aytmagan edilar. Kamina ham betob suhbatdoshini toliqtirib qoʻyishni istamay savol berishdan oʻzini tiyib turgan damlar edi. Lekin kamera oldida shiddatli damlarni boshidan kechirgan aktyor bu gal ehtirosli soʻz, keskin harakat, oʻtkir nigoh bilan emas, mayin ohangda ijod qaynagan kunlarni sogʻinganini, toʻshakka ipsiz bogʻlanib qolganidan ham xayolan oʻz qahramonlarini – hali gavdalantirmagan qahramonlarini tasavvur etib, hozircha koʻz ilgʻamas kadrlarda tasvirlashga uringanini adib ijodi, uning ustaxonasida hukm suradigan muhit bilan qiyos qildim. Aktyor ijod etgan muhit yozuvchi ijod etadigan muhitni aynan eslatdi. Tafovut shundaki, adib tasavvuridagi tasvirni, ovozni, hatto hidni oʻz psixologiyasidan, personajlarga boʻlgan munosabatidan kelib chiqib qogʻozda ifodalaydi. Uni oʻqigan subʼyekt oʻz psixologiyasidan, estetik tayyorgarligidan, soʻz ila taʼriflangan qahramonning oʻylari, niyatlari, ichki dunyosiga boʻlgan munosabatidan kelib chiqib tasavvurida tasvir yaratadi. Taʼkidlash joiz: bu ikki jarayon – yozish jarayoni va shu asnoda paydo boʻlgan mahsulotni qabul qilish jarayoni bir-biridan farq qilganidek, ikki tasvir – kitobdagi va kitobxon tasavvuridagi tasvir ham biri ikkinchisidan farq qilishi mumkin. Aktyor oʻz tasavvuridagi tasvirni – holatni, qahramon nigohi ila taʼriflangan manzarani, ruhiy kechinmalarni aynan gavdalantiradi, binobarin, tomoshabin, tinglovchi ham mazkur koʻrinishni shakllanib boʻlgan holda koʻradi, aynan shu holda qabul qiladi. Faqat qahramon tasavvuridan oʻtgan va ekranda koʻrsatilgan majoziy ifodalar bundan istisno.

Boʻlib oʻtgan va saboq olsa arziydigan bir voqea tafsilotlarini Rahim Pirmuhamedov va nasr ustasi Mirzakalon Ismoiliy taʼrifida tinglaganman. Mavzuga aloqador bir voqeaning tafsilotlarini – aktyor Rahim Pirmuhamedov hamda adib Mirzakalon Ismoiliydan eshitganman. Hikoyanavisning biri, afsus-nadomat bilan, ikkinchisi, zavq-shavq bilan mushohada qilgan, goh hayratomuz bir holatda, goh goʻyo orzu qanotida parvoz qilayotgan, ijod nashidasiga toʻlib-toshgan damlardan bahramand boʻlayotgan shaxs sifatida mulohaza qilgan edi.

Tomoshabinlar bilan boʻladigan uchrashuvlarda Rahim akaga koʻp hamroh boʻlganman. Bir gal Toshkent viloyatidagi qishloqning taklifi bilan yoʻlga tushdik. Aktyorlar, rejissyorlar yigʻilgunga qadar ancha vaqt oʻtgan, buning ustiga, kinostudiyaning bizga ajratilgan avtobusi kechikib kelgani bois jazirama issiqda barcha toliqqan, tamaddi qilishni istab qolgan vaqt edi. Shunda oldingi oʻrindiqdan joy olgan Rahim aka xaltachalaridan olma, tuxum, buterbrod chiqazdilar-da “olinglar, olinglar!” deb oʻzlarini mehmon qila boshladilar. Atrofga sukut tushdi. Vaziyatni yumshatmoqchi boʻlib hazil tariqasida savol berdim: “Nonushtangizni olib yurasizmi? “Mahallada duv-duv gap” filmidagi qahramoningiz Arslon mechkayni esladim, Rahim aka”. Suhbatdoshim savolimni kutib turgandek darhol javob berdilar:

– Ozgina sabr qiling. Bizni mehmon qilishadi. Sizning oldingizga bir kosa, meni oldimga qatorlashtirib uch-toʻrt kosa ovqat qoʻyishadi. Ketidan sizga bir six, menga toʻrt-besh qoʻshaloq kabob berishadi. Aslida, men parhez taomdaman. Ikki burda non, yongʻoqmi, mayizmi, bir tishlam goʻshtmi olib uchrashuvlarga ketaman, – deb Rahim aka buterbrodga ishora qildilar. Termosdan choy quydilar. Meni ham siyladilar. Quyib bergan choylari juda xushboʻy, tiniq koʻk rangda ekanligini maqtagan edim, mezbon Xitoyning “95” raqami bilan chiqadigan koʻk choyini maqtovini keltirdilar. “Oʻzi mazali. Qon bosimini pasaytiradi. Faqat shu choyni istaymanu, koʻp izlayman. Uydagilar topib berishadi. Baraka topishsin. Ulardan rozi, minnatdorman. “Fargʻona tong otguncha” romanini yozgan zoʻr yozuvchi Mirzakalon Ismoiliyning uylariga borganimda ham shu koʻk choy haqida gap ketgan edi. Darvoqe, siz koʻrsatuv olib borasiz, kitob yozasiz – boʻlib oʻtgan voqeani aytib beray, mendan keyin aytib yurasiz. Rol kutib, ssenariy izlab, rejissyorlar bilan dahanaki jang qilib yurganimni bilib qoʻying. Boshqalarga ham maʼlum eting. Aktyorning hayoti faqat bayramlardan, ijodiy uchrashuvlardan, oʻyin-kulgidan iborat emas. Ayniqsa, hozirgi rejissyorlardan hayronman. Aktyor nimalarga qodirligini bilmay “sinab koʻrishni” odat qilishgan. Meni nega sinashadi?! Nabi Gʻaniyev: “Mana bu rol sizniki, tayyorgarligingizni koʻravering”, derdi. Tamom. Komil ishonch bilan oʻzimni ham tayyorlardim, rolga ajratilgan matnni ham. Xunobim chiqib, oʻzim ssenariy yozishga kirishdim. Oʻzim bosh rolni oʻynab, oʻzim rejissyorlik qilmoqchi boʻldim. Uyimizga yana bir kelganingizda oʻsha ssenariyni koʻrsataman. Bir nusxasini sizga sovgʻa qilaman. Evaziga yozilgan risolangizni tezroq chop etib, hadya etarsiz (H. A.: shunday boʻldi ham).

Ssenariyni hali-hanuz film qilolmayman: ruxsat berishmaydi. Bilasiz, ruxsatni Moskva beradi. Koʻproq bermaydi. Oʻzlarini doimiy avtorlari bor. Oʻshalar koʻrsatma olib, yurtimizga oz fursatga kelib ssenariy “yasab”, katta pul olib ketishadi. Men xurjun koʻtarib Moskvaga bormayman, ijozat soʻramayman. Iltimos ham qilmayman”, – deb Rahim aka biroz sukut saqladilar. Gʻazabnok bir holatni yengmoq istagi boʻlsa kerak, avtobus oynasi ortidan birin-ketin oʻtayotgan manzaraga qarab qoldilar. “Qarang, mana bu bogʻu rogʻlarni, hayqirib oqayotgan zilol suv, sarvqomat teraklarni. Bilasizmi, hamisha balandlikka intiladigan bu daraxt barglarini juda-juda ayab, asta yerga toʻkadi. Zaminga toʻshak solinishini istaydi. Bahor kelib, avjiga chiqib, kunlar qizish arafasida ham sargʻaya boshlagan barglarini toʻkmay yuksaklikdagi shox-shabbalarida, pastroqdagi yangi nish urgan navdalarida saqlab turadi. “Qor yogʻsa edi, zaminni qoplasa edi. Koʻrpadek yumshoq yerga barglarimni toʻkar edim”, deb kutib turadi. Dehqonlar terakni yaltirab turadigan barglariga xavotirlanib nazar tashlashlariga sabab shu. Ekkan ekinini sovuq urib ketishidan xavfsiraydilar-da. Bunday oʻlkani bir zum boʻlsa ham tark etgim kelmaydi…”

Gapni Mirza akaga (M. Ismoiliyga yaqinlari shunday murojaat etishlarini eshitgan edim) burmoqchi boʻldim: Rahim aka “Tohir va Zuhra” filmiga birinchi maqtov soʻzlarini Mirza aka aytganlarini bilasizmi?

– Bu yozuvchini urushning dastlabki kunlari Shayxontohurdagi studiyada bir-ikki koʻrgan edim. U N. Gʻaniyev rejissyorlik qilgan “Biz yengamiz” filmi ssenariysini bir sherik avtor bilan birga yozganini bilaman. Keyin koʻrinmay qoldi. Frontga joʻnatilgan, deb eshitdim. Jangu jadaldan omon qaytganidan xursandman, – javob berdi uzoq yoʻlda biroz toliqqan hamrohim. U bexabar qolgan voqeani tafsilotlarini keltirmay aytib berdim.

– Siz qatnashgan “Tohir va Zuhra”ni Mirza aka Berlinda 1945 yilda koʻrganlar. Vayron boʻlgan shahardagi shikast yetmagan bir kinoteatr binosida filmni koʻrib, hayratga kelib, tomoshabinlarga “Nabi Gʻanizoda meni doʻstim, Yulduzxonni ham bilaman – Muhiddin Qoriyoqubovning jiyani, Sobir Abdullani ham – u mening hamkasbim, yurtimizni, uning koʻrkam, qobiliyati zoʻr kishilarini, bilib qoʻyinglar!” – deb xitob qilgan. Koʻpchilik uning yurti yaratgan asarni olqishlagan.

– Yaxshi aytdingiz. Eshitmagan edim. Uch-toʻrt yil boʻldi uylariga borgan edim. Shunda ham aytmabdilar-da. Buni qarang-a, yozuvchi shunday voqeani koʻrgan, oʻzi ishtirok etgan boʻlsa-da, taassurotini yozmasa…

– Yozganlar.

– Qayerda? Nega bilmayman!

– Shaxsiy maktubda.

– Mahbubalariga yoʻllaganlarmi ishq daftari sahifalarini?!

– Yoʻq. Hamkasb doʻstlariga – Sobir Abdullaga.

– Olmadingizmi oʻsha xatni? Siz kitob yozasiz-ku, kino haqida.

– Xonadonlariga bordim. “Qozogʻiston” kinoteatrining roʻparasida, katta koʻchaning narigi betida ekan uylari. Mirza aka Berlindan xat yoʻllagani, uni mazmuni haqida soʻzlab berdilar. Shaxsiy arxivlaridan biroz izladilar. Keyin topib beraman, deb men bilan uydan chiqdilar. Yoʻlda biroz gaplashdik. Shunda “Tohir va Zuhra” ssenariysini yozilishi jarayonini yozib bering, deb iltimos qildim. Koʻndilar. Vaʼdalarini bajardilar ham. Xotira sahifalarining bir nusxasi menda saqlanadi.

Suhbatimiz shu yerga yetib kelganida, bir tomonda qovun poliz, ikkinchi tomonda bir ariq suv oqayotgan fayzli shiypon yonida avtobus toʻxtadi. Shiyponga qishloq ahli yigʻilgan. Avtobusni oʻrab olishdi. Bizni, ayniqsa, mashhur va barchaga manzur aktyor Rahim akani olomon ichidan avaylab ichkariga olib kirdilar. Kichkinagina, iliqqina bir xona shinam yasatilgan. Devorlarga plakatlar, shiorlar yopishtirilgan. Meva, asal, jiyda, turshak, shirmoyi nonga toʻla stol atrofida fotiha oʻqildi. Rahim aka menga murojaat qilib: choyni siz quying, gap bor, deb qoʻydilar. Achchiqqina damlangan choyni jajjigina piyolani tagida quyib berdim.

– Qaytaring, – norozi boʻlib piyolani qaytarib berdilar. Qaytardim-da, darhol choyni haligi piyolaga quyib berdim. Olmadilar:

– Choyingiz loy boʻldi. Yana qaytaring. Biroz sabr qiling. Tinsin. Keyin quyasiz.

Shunday qildim. Qaytarib, biroz sabr qilib quydim. Yana olmadilar.

– Endi choy boʻldi. May boʻlishi uchun yana bir karra qaytaring. Piyolani baland koʻtarib qaytaring! Choy koʻpiradi. Soʻngra choynakning qopqogʻini yopib qirq-qirq beshgacha sanang-da, asta engashtirib piyolalarga may quying!

Shunday qildim. Rahim aka choyni xoʻplab gapni qolgan joyidan boshlagan edilar xizmatdagi dastyorlar shoʻrvaga liq toʻla toʻrt kosani Rahim akaning oldilariga qoʻydilar. Ketma-ket chamasi oʻn six kabob, toʻrtta issiq kulcha, toʻrt xurmachada qatiq ola keldilar. Kamina ham chetda qolmadi: “Mahallada duv-duv gap”dagidek yarim kosa shoʻrva, bitta kabob, yarimta kulcha, lekin katta sopol choynakda choy keltirdilar. Bunday manzarani Rahim aka, chamasi, koʻp koʻrganlar. Eʼtiroz ham bildirmadilar. Hayron ham boʻlmadilar. Qahqaha urib kuldilar, yonlaridagi buterbrodni yogʻli shoʻrva xushboʻy, ishtahani ochadigan hid taratib turgan kaboblar yoniga qoʻydilar-da, menga qarab:

– Hali nima degan edim, koʻrdingizmi? Mechkay emasman. Kamovqatman, parhezdaman desam, hech kim ishonmaydi. Aksincha, hazillashib “Ovqatdan keyin biroz tin olishingizni bilamiz. Joy tayyorlab qoʻyganmiz”, deb haligi “Mahallada duv-duv gap”da meni anhor boʻyida yelpinib yotishimni, xurrak otib uxlashimni eslatishadi.

Xullas, choy ichildi. Qoʻsha-qoʻsha kosalar toʻlaligicha qoldi. Kaboblar sovudi. Biz anhor boʻyidagi koʻrpacha solingan supachaga choynak, piyolani koʻtarib bordik. Oqar suv salqini, saf tortgan baqa teraklarning yaltiroq barglari bir maromda tebranib shitirlashi lirik kayfiyat uygʻotar, suhbat mazmunini ham belgilagandek boʻlardi.

– Sizga maʼqul boʻlgan haligi koʻk choyni Mirza akani uylarida ichib yoqtirib qolganman. Tashrifimdan maqsad, men qiziqib oʻqiydigan roman – “Fargʻona tong otguncha”ni yozgan ijodkorni kinoga tortish, ssenariy yozdirib uni ekranga olib chiqish edi. Aslida, rejissyorda ham, aktyorda ham qalam tebratish qobiliyati boʻlishi kerak. Siz biladigan Nabi Gʻanizoda kinodan oldin adabiyotga, rassomchilikka qiziqqan. Hikoyanavis, musavvir boʻlib tanilgan ham. Pyesalar, hikoyalar yozgan, rasm chizgan, oʻsha 20-yillari modaga kirib qolgan har xil yoʻnalishlarga qiziqib uyini kvadrat, kub, murakkab chiziqlardan iborat rasmlar, hatto polotnolar bilan toʻldirib tashlaganida otasi Abdugʻani otaning gʻazabiga uchragan, Maskovga qochib ketgan. Oʻsha yoshlik chogʻlari ham yozishga, ham chizishga oʻrgangani kinodagi ijodi mazmunli, foydali boʻlishida omil boʻlgan, deb oʻylayman. Oʻzi ssenariy yozgan, oʻzgalarning asarlarini kinoga moslagan. Ssenariylarni kim yozishidan qatʼi nazar, hamisha toʻldirib borgan. Shu bois Nabijon bilan bir ssenariy va film ustida ishlagan va katta roman yozib zabardast adib sifatida tanilgan Mirzakalon Ismoiliyni kinoga qayta tortish istagi meni oʻsha moʻtabar xonadonga boshlagan edi. Toʻgʻrisini aytsam, oʻzimni ham niyatim shunday adib, yaxshi odam bilan ishlab durustgina film qoldirish edi… Bajonidil qabul qildilar. Eski qadrdonlardek kutib oldilar. Koʻrishmaganimizga chorak asr boʻlgan edi.

Fotiha oʻqilib, bir piyola choydan keyin muddaoni aytdim:

– Ssenariy yozib bering. Mavzu oʻzingizdan. Mazmun, menga qolsa, turli koʻrinishda, turli yoshda, rang-barang libosda paydo boʻladigan bir personajning qilmishlari, sarguzashtlari bilan bogʻliq boʻlsa. Ochigʻini aytay: bu rollarni oʻzim – bir oʻzim oʻynayman. Filmning rejissyori ham oʻzim boʻlaman, – deb taklifimni aytdim. Mirza aka oʻylanib qoldilar. Gapimni boʻlmadilar. Sovib qolgan choyni xoʻplab ishonch bildirganim uchun tashakkur aytdilar. Soʻngra kitob javonidan romanni “Fargʻona tong otguncha” kitobining birinchi nashrini qoʻlga olib, sahifalarini varaqlab:

– Aktyorlik isteʼdodingizga qoyil qolib kelaman. Oʻylashimcha, siz rejissyorlik ham qila olasiz. Mualliflik ham. Ayniqsa, mendek kinoni bilmaydiganlar sizdan koʻp foydalanadi. Siz tilga olgan “Biz yengamiz” ssenariysini ham kino vakili Smirnova bilan birga yozganmiz. Asarimiz filmga zamin boʻlgandir. Lekin Nabi Gʻaniyevning rejissyorligi, Lutfixonim Sarimsoqova, Lutfulla Nazrullayev, Nurxon Eshmuhamedovning aktyorlik mahorati bilan birga ularning takliflari, tuzatishlari bizga qoʻl kelganini hamisha minnatdorchilik bilan tilga olaman. Shunday ekan, adabiy asarga kinoni nazarda tutib oʻzgartish kiritishga qodir ekansiz, mana bu romanni filmingizga asos qilib olsangiz boʻlmaydimi, – deb “Fargʻona tong otguncha”ni menga uzatdilar. Ikki qoʻllab oldim.

– Romaningiz – mehrimni qozongan. Unga qayta-qayta murojaat etaman. Lekin uni oʻqish uchun yozgansiz. Koʻrsatish, ekranda ifodalash uchun emas. Vaqti kelib u koʻpseriyalik filmga aylanar. Ssenariyni, filmni Maskov qabul qilishi (yoki qabul qilmasligi) muammo boʻlib turishi, hatto aktyorlarni tanlash, tasdiqlash masalasi oʻsha yerga bogʻliq boʻlib qolgani gʻayritabiiy emasmi?! – deb gapni ochigʻini aytdim-da, taklifimni yana bir bor takrorladim.

– Menga atab, meni rejissyor va bosh rol ijrochisi deb bilib, kinossenariy yozing. Meni ishtirokim zarur boʻlsa, ayting. Sherik avtor sifatida emas, filmning boʻlajak rejissyori sifatida takliflarimni aytaman.

Ikki choynak choy ichildi. Yigʻilgan gaplar aytildi. Tashviqotchilik faoliyatim bekor ketmadi, shekilli, adibni rozi qildim. Ssenariy yozishga undadim. Muddat aniq belgilanmadi. Ish jadal suratda olib borilishiga kelishildi.

Adib vaʼdasining ustidan chiqdi. “Devonai rostgoʻy” deb atalgan ssenariyda bir aktyor – R. Pirmuhamedov bir necha rolni oʻynashi nazarda tutildi. Ssenariyda xastalikning yengil koʻrinishini sezgan bir kimsa tabibga najot izlab boradi. Tabib giyohlarini berib betob boʻla boshlagan shaxsga yana bir tabibga (goh Chigʻatoydagi, goh Samarqand darvozadagi v. h.) uchrashishni maslahat beradi. Bemor har gal oʻzini turlicha tutishi, tabiblarning rollarini bir aktyor (R. Pirmuhamedov) oʻynashi hisobga olinib yozilgani oʻz-oʻzidan maʼlum. Ssenariy oʻsha davr estetikasi, ustun turgan fikrlar, tushunchalar hisobga olinib yozildi. Ayniqsa, ssenariy qahqaha dargʻasi rejissyor sifatida ekranda ifoda etilishi va barcha markaziy rollarni shu sanʼatkor ijro etishi nazarda tutilib yozildi. Lekin hayot ziddiyatlarini qarangki, asar bitilishiga sababchi boʻlgan, tashabbuskor sanʼatkor ogʻir betob boʻlib qolgan kunlar edi.

Aktyor va adib oʻrtasida oʻzaro munosabatlarning dastlabki pallasidan voqif boʻlgan, Rahim Pirmuhamedovning armonlarini bilgan holda Mirzakalon Ismoiliyning huzurlariga otlanganimda, koʻpchilik qatori men ham ardoqlagan, maroqli suhbatlaridan bahramand boʻlgan aktyor ijodiy rejalarga toʻlib-toshgan damda bandalikni bajo keltirgan edi.

Mirza akaning uyi Konservatoriyaning eski binosi qarshisidagi koʻpqavatli binoda edi. Bir necha bor yoʻqlaganimda eshik ochiq, mezbon yuzida tabassum, mehrli nigohni koʻrib koʻnglim koʻtarilgan edi. Ruhan toʻlqinlanib, maʼnaviy oziq olib qaytgan chogʻlarim boʻlgan. Har bir masalaga keng qarashlari, koʻrgan, bilgan voqealaridan chuqur xulosa qilib soʻzlashlari, har kimdan biror fazilat izlab, topib mushohada qilishlari yodda qolgan. Mirza aka madaniyat sohasini kamsitmagan, inkor etmagan holda, hozirgi til bilan aytganda, kommunikativ va estetik xizmatini asrlar davomida bajarib kelayotgan adabiyotning imkoniyatlarini qayd etgan edilar:

– Rahim Pirmuhamedovni kinostudiya hovlisida bir-ikki koʻrgan, lekin “salom-alikdan” nariga oʻtmagan, filmlarda aktyorning rang-barang rollaridan zavqlanib yurardim. Kunlardan bir kuni uyimizga tashrif buyurganlarida shoshib qoldim. Qayerga oʻtkazishni bilmay, qayta-qayta koʻrishib, tashrifdan boshim osmonga yetganini aytib oilam bilan tanishtirib boʻlishim bilan jiddiy gapga oʻtdilar. Aktyor-da, bir holatdan ikkinchisiga darhol oʻtdi-qoʻydi. Men esa hajv ustasi kulbamizga favqulodda kelib ijod va u bilan bogʻliq tashkiliy, hatto moliyaviy masalalarni koʻtarganidan darhol oʻzimga kelolmadim, – deb maroqli damlarni esladilar Mirzakalon Ismoiliy. Savol berdim:

– Siz bilan muzokara olib borishga kinostudiyadan vakolat olganmidilar?

– Bu haqda oʻzlari lom-lim demadilar. Men ham soʻramadim. Menga buni qizigʻi yoʻq edi. Muhimi, uyimga men hurmat qiladigan sanʼatkor kelib, ishonchini bildirib, men hali yozmagan ssenariyni film qilmoqchi boʻlgani.

– Demak, bir aktyorni “buyurtmasi”ga binoan toʻliq metrajli filmning adabiy poydevorini yaratib berishga rozi boʻlgansiz. Masalani moliyaviy tomoni ham ancha murakkab. Koʻp “ssenariynavislar” studiyaga asar yozib berishni vaʼda qilishadi, “zayavka” degan bir-ikki varaqdan iborat qogʻozga asar mazmunini yozib berishadi-da, katta pulni olib ketishadi. Koʻpincha ssenariy ham kelmaydi, pul ham qaytarilmaydi. Siz boʻlsa, oʻzgacha yoʻl tutibsiz. Ibratli ish qilibsiz-ku, studiya buni qadriga yetmapti. Ssenariy yozilgan-u, film suratga olinmayotganidan xabardorman.

– Nabi Gʻaniyev ijodini puxta oʻrganibsiz. Yozgan asaringizni qoʻlyozma holda oʻqib chiqdim. Nabijon ham shunday qilgan. Studiya hatto mukofot berganida, “men bunga munosib ish qilmadim”, deganini bilaman. Yana bir muhim sabab bor. Uyimizga kelgan mehmon, aktyor R. Pirmuhamedov talantli odam edi. U rol ijro etib emas, qahramonlari hayot tarzini qabul qilgan kishi sifatida namoyon boʻlgan. Qahramonlari kabi quvongan, tashvishli kunlarini boshidan kechirgan, sevgan-sevilgan, hazil-mutoyiba qilgan. U, siz aytgandek, buyurtma berib soʻzlayotganidayoq boʻlajak ssenariy qahramonini koʻrayotgandek boʻldim. Yozuvchiga shu kerak-da. Qahramonini koʻrib tursa, uni portretidan nusxa olsa, yurish-turishini koʻrib, uning oʻylari haqida fikrlash imkoni boʻlsa… Bu jarayon yozish, syujet rivojini taʼminlash, tasvir yaratish, dialog qurish yoxud muallif soʻziga urgʻu berishga yordam beradi. Ayniqsa, men ishongan aktyor “bir necha rolni oʻzim oʻynayman, rejissyorlik qilaman”, deganida yoziladigan obrazlar bir-biridan farq qilishi bilan birga, biri ikkinchisiga oʻxshab turishini ham taʼkidlashni taqozo etdi. Ssenariyni oʻqib koʻring. Sezarsiz bu oʻxshashliklarni, tafovutlarni, bu soʻzlardan keyin hali hech kim oʻqimagan, Rahim Pirmuhamedovdek isteʼdod sohibi orzu qilgan ssenariyni Mirza aka menga berdilar. Oʻrnimdan turib ikki qoʻlim bilan qabul qildim. Oʻqib chiqib oʻzbek va rus matbuotida, televideniyening ikki tildagi koʻrsatuvlarida ijobiy fikrimni aytdim. Mirza aka esa oʻsha kuni hikoyasini avvalgidek shijoat bilan davom ettira olmadi. Maʼyus kayfiyatni yengolmadi:

– Ssenariy bitganida uning tashabbuskori, uni orziqib kutgan shaxs oʻqiy olmadi. Armonda ketdi. Mehnatim zoye ketganiga achinmayman. Rahimjonning orzusi ushalmaganidan figʻonim osmonga koʻtariladi… Chamamda, aktyor rollarini yayrab oʻynardi. Ssenariy yozishimda undan haqiqatda nusxa olgandim. Uning ijrosini koʻrib turgandek, kulib aytayotgan, lekin chuqur maʼnoli soʻzlarini eshitgandek boʻlgan edim.

– Boshqa biror aktyor bu rollarni ijro eta olarmikin?! – soʻradim muallifdan.

– Koʻp oʻyladim. Pirmuhamedovni tengi yoʻq edi. Nabi Rahim oʻynay olarmikan, deb oʻylab qolaman. Unga obrazlar talqini topshirilsa, ssenariy ham oʻzgarishi, rollar taʼrifini oʻzgacha qilish kerakmikan…

Andishali adib va sermahsul, sertashvish aktyor hamkorligi birgina ssenariy vujudga kelishi bilan yakunlandi desak, samimiy, ijodiy munosabatlarning qadriga yetmagan boʻlarmiz. Zero, muloqot damlari sanʼatning ikki turi oʻrtasida rishtalar paydo boʻlishi va tobora mukammallashib borib badiiy mahsulot berishi koʻp kuzatilgan. Muayyan shaxslarning oʻzaro aloqalari, bahslardan holi boʻlmagan muloqot damlari, biri ikkinchisidan oʻrganishi samara bergan. Ikki sanʼatkor oʻz sohasini mukammal oʻzlashtirgan, badiiy tajriba orttirgan holda oʻzaro muloqotda boʻlishga, hamkorlikda ijod etishga ehtiyoj sezishi integratsion jarayonning muayyan koʻrinishlaridan biri sifatida qabul qilinishi, ilmiy tadqiqotlarda, ocherklarda yoritilishini audiovizual madaniyat rivoj topishi, biz qalamga olgan sinkretizmning yangi – ovozli tasvirga, majoziy ifodalarga, elektron montaj koʻmagida yaratilayotgan murakkab kompozitsiyalarga boy estetik shakllari paydo boʻlayotgan davr taqozo etmoqda. Bu kabi talablar darajasida ijod etish faqat ijod jarayoni bilangina emas, tashkiliy, taʼlim, umumestetik masalalarni hal etish bilan bogʻliq ekanligini qalam sohiblari birinchilar qatori sezib badiiy, publitsistik asarlarida, portretlar yaratishlarida teran fikrlarni bildirganlar.

 

Hamidulla AKBAROV

 

“Sharq yulduzi”, 2014–3

 


[1] Aktrisa Oydin Norboyeva bilan 1972 yil 24 fevralda boʻlgan suhbatdan.  Suhbat matni muallifda saqlanadi. 

[2] Aktyor Rahim Pirmuhamedov bilan boʻlgan suhbatdan. Mazkur epizod Rahim akaning taklifi bilan quyidagicha suratga olingan va filmga kiritilgan. Ikki tarixiy shaxs munozarasini oshpaz favqulodda paydo boʻlishi, luqma tashlashi bilan buzmaydi. Fikrlar, gʻazabnok chehralar toʻqnashayotgan damlarda paydo boʻlgan kadr ortida oshpazning aksirishi eshitilib qoladi, bahslashayotgan emas, bir dam sukut saqlashni afzal koʻrganlar yalt etib shovqin kelgan tomonga qaraydilar, shunda oshpaz uzr soʻraydi…

[3] Aktyor R.Pirmuhamedov yozgan ssenariy (“Kurash”) ning bir nusxasi bizda saqlanadi.

[4] Rahim Pirmuhamedov bilan boʻlgan suhbatdan. Suhbat matni muallifda saqlanadi.

[5] Bir gal aktyordan “Siz ham shahar kinoteatriga borib filmlarni koʻrasizmi?” deb soʻraganimda javob olgan edim: “Yaqinda kelinoyingiz bilan “Sen yetim emassan”ni koʻrishga borgan edik. Meni qahramonim yosh boladan pora olib tomosha zaliga qoʻyib yuborganini koʻrgan bir tomoshabin shaʼnimga tegadigan gaplarni aytdi. Umr hamrohim “Ertayu kech studiyada, shahar kezib yurasiz. Oqibat shumi, shaʼningizga aytilgan gapni eshitingizmi? –  deb meni koyigandek boʻldi. Aslida, oʻsha achchiq soʻzlar meni shaʼnimga emas, poraxoʻrchi shaʼniga aytilgan edi” deb javob berilgan edi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/adib-tafakkuri-aktyor-talqini/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x