Uygʻun taqdir, uygʻun qalam

Bugun ushbu maqolada hayot tashvishlaridan yiroq, aybu gunohlarga begona, armon hidlab ulgurmagan koʻngli orzularga limmo-lim, birgina tabassumiga butun olam quvonchini sigʻdira olgan bolalar dunyosi va ushbu dunyoga kirib borishning uddasidan chiqa olgan ijodkorlar haqida soʻz yuritmoqchimiz. Bir qarashda juda oddiy boʻlib koʻrinadigan bu olam aslida, oʻziga eng murakkab, eng jiddiy yondoshuvni talab qiladi. Boshqacha aytganda bolalar qalbiga kirib borishimiz uchun, avvalo, ular kabi “bolaga” aylanish kerak. Inson vaqt oʻtib, yoshi ulgʻaygan sayin, bolalik onda-sonda ochib oʻqiladigan qalb maktubiga aylanib qolar ekan. Bu maktubni oʻqishga turtki boʻladigan narsalar orasida eng samaralisi bu – Kitoblardir, yaʼni bolalar olamini tarannum etuvchi asarlardir. Sevimli taomni tanovul qilganda, farzandlar qoʻlidan tutib rasm chizishni oʻrgatganda, armon boʻlib qolgan oʻsha begʻubor muhabbatni uchratganda, koʻchada onasiga xarxasha qilib yigʻlayotgan bolani koʻrganda qanchalik bolaligimizni sogʻinsak, asardagi bosh qahramon – bolakayning sarguzashtlari-yu, xayollari bilan toʻqnash kelganda, hech ikkilanishsiz oʻsha muhitda qayta yaralgandek boʻlamiz. Bu mavzuda yaratilgan asarlar hech qachon eskirmaydi va isteʼmoldan chiqib ketmaydi. Sababi, bu asarlarda insonning vujudini junbushga keltira oladigan, xayollarini tashvishlar bilan toʻzitgan hayotdan olislarga olib keta oladigan kuch – begʻuborlik va soddalik bor. Ushbu olam ijodkorlari haqida soʻz yuritar ekanmiz, ular orasidan Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi Toʻxtaboyev hamda mashhur italyan adibi Janni Rodari ijodiga alohida toʻxtalib oʻtmoq joiz. Buni qarangki, ijod yoʻllari bir manzilga qaratilgan adiblarning hayot yoʻllari ham oʻxshash ekan. Biz odatda yozuvchilarning asarlarini oʻqib-oʻrganamiz-u, ularning hayotiga u qadar eʼtibor bermaymiz.

Xudoyberdi Toʻxtaboyev hamda Janni Rodarining asarlari allaqachon bolajonlar kitob javonining toʻridan oʻrin egallab ulgurgan. Oʻzbek bolasining shoʻxligi, soddaligi, begʻuborligi, diyonatli va mehmondoʻstligini oʻzida mujassamlashtirgan Hoshimjon obrazi, italyan bolasining haqsevarligini, shijoatliligini koʻrsatib turuvchi Chipollino obrazi bugungi kunda dunyo bolalarining sevimli qahramoniga aylanishgan. Dunyoning turli mamlakatlariga sayohat qilib, bir dunyo doʻstlar orttirgan sehrli qalpoqchali Hoshimjon obrazini mukammal qilib yarata olgan, el ardogʻidagi adibimiz Xudoyberdi Toʻxtaboyev 1932 yilda Fargʻona viloyatining Katta Tagob qishlogʻida tavallud topgan. Otasidan erta yetim qolgan adib bobosi va buvisi tarbiyasida oʻsadi. Xuddi shunday 1920 yilning 23 oktabr kuni Italiyaning Omenya shahrida tugʻilgan nonvoy Juzeppe Rodarining oʻgʻli Janni Rodari ham 10 yoshida otasidan ajraladi. Bunday yoʻqotishdan soʻng, onasi uch farzandini olib oʻz shahri Gaviratiga qaytadi. Bolakay Janni esa togʻalari tarbiyasi ostida oʻqishni davom ettiradi. Maktab davrlarida oʻzining iqtidorliligi va uddaburonligi bilan tengdoshlari orasida alohida ajralib turardi. 1939 yilda Milandagi diniy universitetning filologiya fakultetiga oʻqishga qabul qilinadi. Bolajon adibimiz Xudoyberdi Toʻxtaboyev hayotiga nazar soladigan boʻlsak, u kishi ham urush davrining talay mashaqqatlarini boshidan kechirib maktabda oʻqiydi, soʻng 1955 yilda Toshkent Davlat universitetida tahsil oladi. Ilk ijodini turli taxalluslar ostida jamiyat illatlarini qoralovchi felyetonlar yozishdan boshlagan adib, 70-yillarga kelib ijodida keskin burilish yasaydi. Yozuvchi tili bilan aytadigan boʻlsak, “ruhiy dunyosi pok” boʻlgan bolalar olamida ijod qilishni boshlaydi. Urush ikkala adib ijodiga ham birdek taʼsir koʻrsatdi. J. Rodari oʻz asarlarini oʻsha urush muhitida yaratadi, X. Toʻxtaboyev esa oʻz asarlarini urushdan qolgan, eslanganda vujudga va ruhiyatga ogʻir yuk tashlaydigan xotiralar asosida yaratadi. Keyinchalik badiiy ijodga oʻtgan Rodari “Unita” gazetasida uzoq muddat faoliyat yuritdi. Bolalar olamini tarannum etgan bir qancha asarlar, yuzlab sheʼrlar, bir-biridan qiziqarli hikoyalar yozdi. “Bolalarga moʻljallangan sheʼrlar” toʻplami, “Chipollino” romani, “Jelsamino yolgʻonchilar mamlakatida”, “Televizorga kirib olgan Jip”, “Telefonda aytilgan ertaklar”, “Uchtadan oxiri bor ertaklar” kabi bir qator ijod mahsullari shular jumlasidandir. Bolalar adabiyotiga qoʻshgan beqiyos hissasining mukofoti sifatida adib 1970 yilda Andersen mukofoti bilan taqdirlanadi. 1971 yil Rim shahrida Janni Rodari tomonidan “Butun dunyo bolalar yozuvchilarining forumi” oʻtkaziladi. Shu forumga Moskvadagi “Detskaya literatura” nashriyotining boʻlim mudiri koʻrgazmaga qoʻyish uchun boshqa kitoblar qatorida bizning bolajon adibimizning “Sehrli qalpoqcha”sini tavsiya etadi. Xalqimizning suyukli yozuvchilaridan biri boʻlgan P. Qodirov ikki adib munosabati haqida shunday yozadi: “Sehrli qalpoqcha”, “Sariq devni minib” faqat mamlakatimizda emas, chet ellarda ham shuhrat qozongani, Italiyaning jahonga mashhur yozuvchisi J. Rodari X. Toʻxtaboyevning ijodiga yuksak baho bergani tasodif emas”. Begunoh bobosini yovuz Limonboshning zulmidan ozod qilish uchun ulkan jasoratlarga qoʻl urgan Chipollino, jamiyatni orqaga tortayotgan, yolgʻonchi kimsalarning dodini bergan Hoshimjon adabiyot gulshanining tub-tubiga tomir otib ketgan, ildizi baquvvat daraxt boʻlib, koʻplab yangi nihollar paydo boʻlishi uchun asos vazifasini bajaradi. Hech kim qarshi chiqa olmagan, tik boqa olmagan janob Pomidorboshni mazax qilib, adabini bergan Chipollino, Sora folbinning kirdikorlarini fosh qilgan Hoshimjon doimo bolalar qalbida yashaydi. Ular ulgʻayganlaridan keyin ham bu ikki qahramonni koʻp eslaydilar. Chunki Chipollino ham, Hoshimjon ham dunyo bolalariga manzur boʻladigan qiyofada yaratilgan.

 

Bahora ERGASHYeVA

 

“Yoshlik”, 2014 yil 7-son

https://saviya.uz/hayot/nigoh/uygun-taqdir-uygun-qalam/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x