Mariya

Margarete NOYMANN

 

Men, qalbning doʻstlik va dushmanlik, nafrat va muhabbat hislari yashiringan chuqur tubida har bir inson oʻzi alohida bir dunyo boʻladi, deb azaldan ishonib kelardim. Tanish va notanish kishilarni bir-biriga bogʻlab turadigan holat ham u yerga yoʻl topavermaydi, deb oʻylardim. Baʼzi bir muhim hollarda qarindoshlik, sevgi yoki boʻlmasa samimiy doʻstlik tufayli ruxsat bersakkina bir yoki bir necha kishilar u yerga yoʻl topa olishlari mumkin, derdim.

Aslida esa bunday emas ekan.

Gotadagi xizmat safarim tugagach, Berlinga qaytish uchun kechki poyezdga chiqdim. Yumshoq vagonga chiptam yoʻq edi, kassada chiptani tungi vagon boshqaruvchisidan ham olaverishim mumkinligini aytishdi. Poyezd allaqachon kelgan edi, men zaldan yugurib oʻtdim-da, duch kelgan kupega chiqdim. Baxtimga u yer boʻsh edi. Deraza yoniga oʻtirdim. Agar hech kim kelmasa yaxshisi shu yerda qolaveraman, deb oʻyladim. Bu yer yana issiqqina ekan. Yotib olib uxlab ketsa ham boʻladi. Rosa toliqqandim, turib tungi vagon boshqaruvchisini qidirishga hushim kelmadi. Ustiga ustak yumshoq vagon eng orqada emish. Bu yer arzonroq va qulay ham, dedim yana oʻz-oʻzimga.

Biroq poyezd qoʻzgʻala boshlaganda – u shunday yengil siljiydiki, kishi buni sezmaydi, faqat tashqaridagi narsalarning ortda qolayotganidangina buni payqash mumkin – kimdir eshikni ochib, chogʻroqqina kulrang jomadon va sariq charm sumkani toʻrga tashladi. Burilib qaradim: bular ikki yoshgina kishilar, bir erkak va bir ayol edi. Yaxshi boʻldi, oʻyladim men, endi yumshoq vagonga oʻtaman.

Ular mening roʻparamdan joy olishdi, ayol deraza oldiga – burchakka, erkak esa uning yoniga, bir-birlariga qisilib oʻtirishdi. Mana shu yonma-yon oʻtirishda meni hayajonga solgan nimadir: nafaqat nafislik, shu bilan birga, bosiqlik, qandaydir qudrat, sabotlilik, mayinlik, qatʼiylik bor edi. Men endi turib ketolmasligimni tushundim. Ularni yaxshisi yolgʻiz qoldirishim kerakligini bilsam-da, azbaroyi qiziqishdan shu yerda qolgim keldi.

Koʻrinishdan ular mening kuzatayotganimni payqamayotgandek edi. Erkak qoʻlini, katta qoʻlini ayolning bilagidan beozorgina oʻtkazib olgandi. Ayol har zamonda yuzini uning kiftiga yengilgina qoʻyardi. Ikkovlari ham derazadan tashqariga, ahyon-ahyonda milt-milt chiroqlar koʻrinib qolayotgan qorongʻilikka tikilib oʻtirishardi.

Ularning yoshlari, kasblarini aniqlashga urindim, lekin qoʻlimdan kelmadi. Ayol u qadar chiroyli emas, chehrasi xotirjam, bugʻdoyrang edi. Kalta qoʻngʻir sochlari xuddi bolalarnikidek shundoqqina yelkasida osilib turardi. Uning harakatlari, moʻjaz oyoqlari, tizzasi ayniqsa nafosatli edi. Ammo, boshqa bir narsa, nazarimda, boshini quyi solib turishi hamda qoʻllari yetuklik, aql-zakovat va dard-alamga toʻla edi. Yigirma sakkiz yoshlarda boʻlsa kerak, oʻyladim men, balki bundan ham yoshdir. Hanuz bilagidan tutib turgan erkakning qoʻli ustiga qoʻlini qoʻyib koʻzlarini yumganida uning yoshi menga kattaroq tuyuldi. Oʻttiz-oʻttiz uchlarda, deb gumon qildim. Boshqa bir payt, u erkakning bir gapidan kulib yuborganida, yigirma uch yoshda, deya fikrimni yana oʻzgartirdim. Baribir aniq bir xulosaga kelolmadim.

Erkak-chi? Avvaliga u koʻzimga yoshroq koʻrindi. Biroq uning qoʻllariga koʻzim tushdi! Shu qadar azob-uqubat tortgan, shunchalar oqil, shunchalar mehribon. Butun bir olam edi ular!

Uning koʻzlari qora edi. Gohida u ayolga nigoh tashlab qoʻyardi, hatto unga qaramagan paytlarida ham uning koʻzlarida sadoqat aks etib turardi. Men buni tasvirlashga ojizman, hatto musavvir ham buning uddasidan chiqolmasa kerak. Ehtimol musiqada ifodalash mumkindir buni. U ayolni qay darajada sevishini koʻrib turardim.

Ikkovlari ham, hozirgi paytda koʻpincha uchrab turganidek, ortiqcha eʼtibor bilan, oʻta did bilan boʻlmasa-da, har holda ancha bejirim kiyinishgan edi. Aytish mumkin ediki, ular yasan-tusanga u qadar diqqat qilib, behuda vaqt sarflab oʻtirmaydigan kishilarga oʻxshashardi. Ayolning chap qoʻlidagi katta kumush uzukkina eʼtiborni jalb qilardi, uzuk uning kichkina qoʻliga ogʻirlik qilayotgan boʻlsa-da, unga yarashib turardi.

Bularning qarshisida bir umr oʻtirsam ham gap nimadaligini baribir bilolmasam kerak, degan fikr xayolimdan kechdi. Shunisi qiziqki, bu narsa goʻyo menga ham tegishlidek edi. Negaligini oldin anglayolmadim. Keyinroq tushundim: ular qalban shu qadar yaqin edilarki, odatda biz buni xayolan faqat orzu qilamiz. Ular bir-birlarini ana shu orzudagi muhabbat bilan sevardilar. Men bilishni istagan narsa shu ediki, ular adashmayaptimikan, xayoliy hislarga berilishmayaptimikan, oʻz-oʻzlarini aldamayaptilarmikan, yoki shunaqasi ham boʻlarmikan? Shunaqa sevgi ham bormikan?

Ular kam soʻzlashishardi. Ahyon-ahyonda bir-birlariga qarab qoʻyishardi. Ikki narsa: iztirob va baxt yonma-yon edi. Shu taxlit uzoq yoʻl bosdik. Chiroqni oʻchirib qoʻydik, tungi koʻk chiroq nuri taʼsirida kupe nimqorongʻi edi. Ammo men ularning yuzlarini aniq koʻrib turardim. Yorugʻ nur ayolni ortiq yoritmay qoʻygach, uning yuz ifodasi yanada oʻtkirlashgandek tuyuldi. Poyezd zulmatni yorib olgʻa yugurardi. Uning ogʻir uzuk taqqan qoʻli hamrohining qoʻli ustida shunday yotardiki, faqat barmoqlarining uchigina unga tegib turardi. Gaplashganlarida men ularning soʻzlariga eʼtibor qilmasdim, balki tovushlarigagina quloq tutardim. Erkakning tovushi xotirjam, boʻgʻiqroq boʻlib, “r”ni qattiq talaffuz qilardi. Ayolniki esa, uning tizzalari, harakatlari singari qizlarga xos edi.

Nogahon ular soatga qarashdi. Erkak: “Bilaman” dedi. Ayol keskin burilib, manglayini uning kiftiga qoʻydi. Keyin ilgʻoqdan koftasini oldi, erkak esa toʻrdan jomadonni olib berdi. Ayol unga qoʻlini uzatdi, soʻngra eshikka tomon yoʻnaldi.

Poyezd bu yerda toʻxtamaydi-ku, xayoldan kechirdim men. U qayerga borarkin? Nega yolgʻiz oʻzi?

U eshikni ochishdan oldin, – shunisi qiziqki, eshikni unga erkak ochib bermadi, aksincha, u orqada turardi – erkakka burilib qaradi.

– Mayli, Mariya, boraver. Sen uxlashing kerak. Uyquga toʻymasang, ertaga qiynalib qolasan, – dedi u.

– Ha, – javob berdi ayol. Soʻngra boshini burdi-da, yarim egilib, peshanasi bilan uning yuzini tagʻin bir siladi.

U ayolni oʻpadi, oʻylardim men. Munosabatlariga koʻra u hozir ayolni oʻpishi kerak. Lekin u qimir etmasdan qaqqayib turardi. Men ularning koʻzlarini koʻrmasdim, biroq u koʻzlarda nima kechayotganini sezib turardim.

– Uxla, eshitayapsanmi? Endi borib uxla, – dedi u yana. Ayol bosh irgʻadi, keyin eshikni ochdi-da, chiqib ketdi.

Erkak oʻsha holatda turib qoldi. Soʻngra sekin burildi-da, joyiga kelib oʻtirdi. Boshini orqa suyanchiqqa tashladi. Uning lablari ochiq, qunishib olgandi. Aniq bildim: ular xayrlashishdi.

Men oʻz-oʻzim bilan kurashardim. Ikki kishining shunchalar yakdilligi hech qachon boʻlganmi, deya fikrlardim. Bu qadar yakdillik! Bundaylar xayrlashmasliklari kerak. Nima uchun? Ayniqsa hozirgi davrda kishilarni bir-biridan ayirishga qodir qanday kuch boʻlishi mumkin? Qanday kuch?! Qanday sabab boʻlishi mumkin?

Toʻlqinlanib ketdim. Oʻzimni yupatishga urindim: ehtimol men adashayotgandirman. U bor-yoʻgʻi yumshoq vagonga oʻtgandir. Ertaga tongda, Berlinga yetib borgach, ular yana birga ketaverishadi. Lekin uning yuziga qarab bildimki, ular haqiqatan ham xayrlashishgan edi.

U chalishtirilgan qoʻllarini yon suyanchiqqa tirab, gavdasini hozirgina hamrohi oʻtirgan tomonga burib olgancha, poyezd maromiga qarab chayqalib borardi.

Men oʻz-oʻzimdan soʻrardim: Bu qanaqasi? Bu meni buncha hayajonga solyapti? Bizning tezkor zamonimizda ham ikki kishi birga qolishi kerakmi yoki yoʻqmi, degan masalaning shu qadar muhimlik kasb etishiga hojat bormi? Yoki boʻlmasa: inson umid-intilishlari oʻrtasidagi ziddiyatlar keskinlashgan hozirgidek bir davrda yashab turib, biror kishining oʻz sevgilisi bilan xayrlashishiga shunchalik ahamiyat berishga haqqi bormikin? Koʻplab yurtlarda kishilar oʻz ozodliklari uchun jon olib, jon berayotgan bir paytda, hamma xalqlar yangi, baxtli hayot bilan bir qatorda insoniyatning umuman hayotini saqlab qolish uchun tinmay kurashayotgan bir paytda uning shunday qilishga haqqi bormi? “Men seni sevaman” degan tushuncha shunchalik ahamiyat kasb etishi joizmi? Ishxonamizda chizmalar ustida bosh qotirishimizni oʻylab ketdim: turar joy mavzelari, garajlar, maktablar, kasalxona, sport maydonlari, teatr, stadionlar loyihalari, reja va hisoblashlarimiz bilan tungacha band boʻlamiz. Bularning qay darajada ahamiyati borligini bilamiz. Hozir kishini ish tamoman band etishi zarur emasmikan? – soʻrayman oʻz-oʻzimdan. Mana shu xayrlashishga oʻxshagan narsalar kishiga shunchalik muhim tuyulishi mumkinmi, zarurmikan? Shu taxlit oʻzimni soʻroqqa tutarkanman, javobni ham topdim: biz bajarayotgan ishlarning birortasi ham – ezilgan xalqlarning ozodlik uchun kurashlariyu shaharlarning bunyod etilishi ham, xalqlar osoyishtaligi uchun ogʻishmay intilayotgan yirik davlat arboblarining nutqlari hamda kengashlariyu atom urushlari xavfiga qarshi norozilik namoyishlari ham – asl maqsad emas. Bularning barchasi insoniyat hayoti davomida boʻlaveradigan ishlar. Shular ichida muhabbat eng qimmatlisidir. Agar biz uni qurbon bersak, oʻylardim endi, biz amalga oshirayotgan ishlarning hammasi maʼnosiz boʻlib qolgan boʻlardi.

Endi boshqa narsani, oʻzimning xayrlashganimni oʻylab ketdim. Men sevgan kishi shoshma-shosharlik qilib, behuda oʻlimga joʻnab ketdi. Uni olib qolish qoʻlimdan kelmagandi. Uning qiyofasi hozir ham koʻz oʻngimda: yuzi qoʻrquv va hayajondan oqarib ketgan edi. U ketdi va ortiga burilib ham qaramadi. Ikkalamiz ham, u haqiqatni himoya qilishga ketdimi yoki nohaqliknimi, bilmasdik. Bu soʻnggi urushning oxirgi yilida sodir boʻlgandi. Oʻshandan buyon hayotimni darz ketgan chinni idishga oʻxshataman, uning uvalanib tushishidan choʻchib yashayman. Men mana shu erkak qarshisida oʻtirarkanman, buni anglab yetdim.

Biroq oʻz-oʻzimdan soʻrardim: hozir, shu lahzada, bu qadar azob bilan xayrlashishning maʼnosi nima ekan? U buni mendan yashirolmaydi, axir men uning qanchalik oʻrtanayotganini koʻrib turibman. Uning qoʻllari ham buni aytib turipti. Men buni ayolda ham payqagandim. Koʻryapman-u, oʻzim bundan oʻrtanib ketyapman. Ularning iztiroblari meni larzaga solyapti. Koʻzlarimga yosh qalqqanini sezdim-da, achchigʻim chiqdi. Nega? Nima uchun? Bunga qanday sabab boʻlishi mumkin?

Ehtimol u mening kuzatib turganimni payqagandir. Menga burilib qaradi.

– Kechirasiz, – dedi-da, jilmayishga urindi. Uning oldida noqulay ahvolda qoldim. Chunki ulardagi holatga men guvoh edim. Buni hatto yanada chuqur bilishga ham harakat qildim. Ammo men ular uchun bor-yoʻqligi farqsiz, jonsiz bir jism boʻlib qolaverdim.

Keyin u soʻnik tovush bilan: “Juda ogʻir”, dedi.

Yuragimni ochsam, yengil tortaman, deb oʻylagandir balki. Kishi oʻz boshidan kechirgan voqealarni boshqa hech kim boshdan kechirolmaydi, deb oʻylagani sababli oʻz kechinmalarini mutlaqo begona bir kishiga toʻkib solishni istab qolishi mumkin.

Men bosh irgʻadim, oʻzimni qoʻlga oldim-da, soʻrashga jurʼat qildim.

– Nega axir? Nega shunday boʻlishi kerak? Menga ishonavering, mening yoshim Sizdan koʻra ulugʻroq. Men hamisha shunday sevgini orzu qilardim. Tushunayapsizmi? Lekin hech qachon shunday boʻlmagan. Bunaqasi har doim ham boʻlavermaydi, menga ishoning, – dedim.

– Bilaman, – javob berdi u, – ehtimol gapirsam durust boʻlar. Bir boshdan soʻzlab bergandagina koʻp narsa birmuncha oydinlashadi. Istasangiz, soʻzlab berishim mukin…

U hikoyani shu zahotiyoq boshlamadi. Biz xiyla muddat jim qoldik. Poyezd dala boʻylab tun qoʻynida yelib borardi. Kupe nimqorongʻi va issiq edi. Vaqtimiz koʻp, Berlingacha hali ancha yoʻl bor. Biz chuqur pastqamlikda joylashgan bir qishloq yonidan oʻtdik. Baʼzi uylarda hali chiroqlar koʻrinardi. Tor, uzun bir binoning derazalari qandaydir qizgʻish nur taratib turardi.

– Qarang, inkubator, – dedi, u endi ochilib gapirardi. – U yerda hamma narsa kun sayin oʻzgarib turadi. Biz buni koʻramiz-da, ha, bu tabiiy hol, deb qoʻyaveramiz. Hatto buning yanada tezroq, tubdan oʻzgarishini xohlaymiz. Buni mutlaqo yangilashni istaymiz va shunga intilamiz. Faqat bizning oʻzimiz, qalbimiz, demoqchiman, yaʼni insonlar orasidagi munosabatlar qanday boʻlsa shundayligicha qolaversa kerak, deb oʻylaymiz. Ular bir-birlarini azaldagidek sevaveradilar va birga qola oladilarmi-yoʻqmi, degan masala ham nazarimizda allaqachon hal etilgan. Lekin keyin nima boʻladi, bu haqiqiy sevgimi? – bu haqda soʻrab ham oʻtirmaymiz.

– U qay darajada yuksak yoki kamroq qadrlanadi, demoqchimisiz?

– Yoʻq, – dedi u, – buni men u qadar oddiy tasavvur qilmayman.

Uning chehrasi ham endi boshqacha edi, u menga kattaroq, shu bilan birga, qatʼiyroq koʻrindi. Tovushi ham bir oz ravshanroq tuyuldi.

– U qadar oddiy emas, – takrorladi u. – Men uch yillik armiya xizmati davomida mudom bir qizni oʻylardim. Buning nimaligini oʻzingiz tushunasiz: kishi hamisha – kechasi ham, biror yoqqa borayotganida ham yoki postda turganida ham, xullas, oʻzi xoli qoldimi, bas, xayol surishga tushadi. Xizmat orasida taʼtilga kelganim zahotiyoq uning huzuriga shoshilardim. Xizmat muddatim tugagach, nimalar qilishimiz haqida shirin orzular qilardik. Bugun bir narsani xayol qilsak, ertasiga boshqasini oʻylab topardik, qisqasi, birgalikdagi hayotimizning qanday boʻlishi xususida xayol surishdan charchamasdik.

Bir-birimizni koʻpdan bilardik. Hunar maktabida oʻqib yurgan paytimizda tanishgandik. Men mexaniklikka oʻqirdim, u esa slesarlikka. Oʻqishni tugatganimdan keyin ancha vaqt bir korxonada ishladik. U qizlar ichida eng chiroylisi edi. Bu maqtov emas, aslida shunday edi. Shunday qiz meni yoqtirganidan benihoya baxtli edim. Hammaning menga havasi kelardi.

U oqishdan kelgan, sochlari uzun qiz edi. Usta hamisha undan sochini qirqtirib tashlashni talab qilardi. Rostdan ham shunday qilmasa edi, deb xavotirlanardim. Chunki uning sochlari roʻmol ichiga sigʻmasdi. Bilasizmi, ayniqsa u ishga tamoman berilib ketgan paytlarda yoʻgʻon soch oʻrimlari tushib ketaverardi. U sochlarini qirqtirmadi, chunki men unga, sochlaringni oʻquvchi qizlardek ikkita qilib oʻrib qoʻysang menga yoqadi, degandim. Didi ham baland edi, aytgancha, uning ismi Vera. Chiroyli ism-a, shunday emasmi? Bir korxonada ishlagan kezlarimizda uyga ham koʻpincha birga qaytardik. Avtobusda qatnardik, deyarli yarim soatlik yoʻl edi. Ertalab tagʻin uchrashardik.

Bir kuni ishdan keyin kinoga bordik. Men endigina oʻqishimni tugatgan, u haliyam oʻqirdi. U mendan bir yosh kichik. Ekranda nimalar boʻlganini bilmayman, uning yonida oʻtirganimni eslayman, xolos. Uning jiddiy tomosha qilishini kuzatardim, his-tuygʻulari yuzida aks etardi. Shu paytgacha u menga yoqardi, xolos. Endi esa qandaydir bir iliqlikni his etdim, suyanchiqda mening qoʻlim yonida turgan qoʻlini ohista silagim keldi. Uyga qaytishda yelkasiga qoʻlimni qoʻydim, u qarshilik qilmadi. Ilgari men uni uyigacha kuzatmasdim. Bu safar birga bordim. Darvoza oldida u menga qoʻlini uzatdi, keyin darhol yugurib ketdi. Biz goʻdaklarga oʻxshardik. Men ham baxtli, ham magʻrur edim. Keyinroq, armiya xizmatida boʻlgan paytimda biz oʻpishdik. Hammaning menga havasi kelardi: shahrimizdagilar uni bilganlari uchun, xizmatdosh doʻstlarim suratini koʻrganlari uchun. Tez-tez yozishib turardik. Taʼtillar orasidagi kunlarni sanab oʻtkazardik. Bir kuni yaqin joyda mashq oʻtayotganimizda kechqurun bir soatga yashiriqcha keldim. Xizmatim tugashini orziqib kutardik.

U jim boʻlib qoldi va derazadan tashqariga nazar tashladi. Men endi uning yuzini yon tomondan koʻrib turardim. U xotirjam, oʻzini tutib olgan, bir oz jonlangan edi.

– Oʻsha kunlar hozir menga uzoq oʻtmishdek tuyuladi, – soʻzida davom etdi u nihoyat, – vaholanki bu oʻtgan yilgi voqea. Biz uzzukun birga boʻlardik. U hali ham oʻsha korxonada ishlardi. Ustalar tayyorlaydigan kursda oʻqimoqchi edi. Armiyadan qaytgach, men mashinasozlik sohasini tanladim va payvandchi boʻlib ishga joylashdim. Mening ham oʻz rejalarim bor edi: xizmat davrida kursda oʻqib attestat olgandim. Endi sirtdan oʻqiy boshladim. Mashinasozlikka, tushunayapsizmi?

Men bosh irgʻadim. Meni qandaydir quvonch chulgʻab olgandi. U hikoya qilar ekan, menga ilgarigidan koʻra boshqacha bir tarzda sirdosh, yaqin boʻlib qolgandi. Shu lahzada undagi turli-tuman xislatlarning bir-biriga qoʻshilib ketganini payqadim: u yosh, kelajakka ishongan, kuchga toʻliq edi. Unda oldin kuzatganim mehribonlik, yetuklik, muloyimlik va sezgirlik xususiyatlari endi uni yanada kuchli va quvnoq koʻrsatardi.

U nazarini mendan olib, yana tashqariga – lipillab oʻtayotgan zulmatga tikilgancha soʻzida davom etdi.

– Vera ikkimiz anchagacha “keyin, keyin” deb yurdik. Nihoyat mana shu keyin ham yetib keldi. Gohida shunday tuyulardiki, goʻyo bizning bunga jurʼatimiz yetmasdi. Biz yonma-yon oʻtirardik-da, nimanidir kutardik. Xiyla vaqt buni unutib yuborardik, ammo keyinroq kutish hissi borgan sari kuchayib bordi. Hali yoshmiz, deya oʻzimizni ovutardik. Biroq bu ham sabab emasligini bilardik. Vera yigirma birda edi. Bizga yetishmagan narsa faqatgina bizni ulgʻaytirayotgan vaqtning oʻtishi emas edi. Baʼzan oʻzim yolgʻiz qolgan chogʻlarimda vaqtning oʻtishidan qoʻrqib ketardim. Mana biz birgamiz, biroq shunday payt keladiki, bu birgalikning boshlanishi emas, balki nihoyasi boʻladi va vaqt hamma chiziqlarni oʻchirib tashlaydi, deb xayol qilardim.

Biz yana “keyin” deya boshladik. “Keyin, oʻz boshpanamizga ega boʻlganimizdan soʻng”, “undan keyin bolalarimiz boʻladi”, deyardik. Biroq bu ham garchi dastlab bizni birmuncha ovutgan boʻlsa-da, umuman hech narsani oʻzgartirolmasligidan qoʻrqardik. Shu sababli gohida kelajak haqida soʻzlashadigan boʻlsak, u qadar shoshilmasdik ham. Koʻnglimizning notinchligini, tushkunlikka tushishimizni bir-birimizdan yashirishga urinardik va bu holatni yo xafagarchilikka, biror koʻngilsizlikka yoki boʻlmasa shunga oʻxshash narsalarga agʻdarardik.

Yozda birga taʼtilga chiqdik. Chodir sotib oldik-da, men bolaligimdan bilgan koʻl boʻyiga joʻnab ketdik. Maktabda oʻqib yurganimizda uch haftani u yerda rosa mazza qilib oʻtkazgandik. Bu haqda oʻylaganimda koʻz oldimga lojuvard osmon hamda suvning oyoqlarim ostida yoqimli toʻlqinlanib qirgʻoq toshlariga urilishi kelardi. Vera ikkimiz bir necha hafta davomida nuqul shu haqda gaplashdik. Joʻnaydigan kun yetib kelgach, azonlab mototsiklga oʻtirdik. Biz quvonch va sabrsizlikdan toshib borardik. Tush boʻlmay yetib keldik, chodirni tikdik va yukxaltalardagi narsalarni chiqardik. Undan keyin suv boʻyiga, qoʻngʻir xarsang toshlar ustiga oʻtirdik. Keyin oʻrmonga yugurib ketdik, bizdan boshqa jon zoti yoʻq edi. Kunlarimizni rosa gashtli oʻtkazamiz, deb oʻylagandik.

Dastlab hammasi kutganimizdek boʻldi. Biz quyoshda toblanib yotgancha daraxtlarni tomosha qilardik. Ayniqsa kechqurunlari suv havodan koʻra iliqroq boʻlgan paytlarda uzoq-uzoqlarga suzib ketardik. Oʻt bosib ketgan egri-bugri soʻqmoqlar boʻylab miriqib kezardik. Qushlarning sayrashiga quloq tutardik va ularning nomlarini bir-birimizga aytardik.

Biz hanuz kutayotganimizga iqror boʻlishdan tortinardik.

U bir zum jim boʻlib qoldi. Keyin izoh berdi:

– Toʻgʻrisi buni oʻzimiz ham anglab yetmasdik. Buning hammasi koʻproq notinchlik edi chamamda. Rost. Bizning birgalikdagi hayotimiz hech qachon shu koʻrayotganimizdan ortiq narsa berolmas edi. Biz bir-birimizni tushunardik, yashiradigan sirlarimiz ham yoʻq edi. Hamma narsa haqida bir-birimiz bilan oʻrtoqlashardik. Bizga nimadir yetishmasligini hech tan olmasdik. Baxtli ekanimizga iqror boʻlardik. Vera juda goʻzal, kelishgan, sarvqomat edi.

U burchakka suyanib olgandi. Men uning chehrasidagi nurni koʻrib turardim, xolos. Soʻng anavi, boshqasi kelgan, xayoldan kechirdim men.

U yana oldinga egildi-da, yuzini qoʻllari bilan bekitdi. U shu qadar sekin gapirardiki, men uni anglab olishga zoʻr berib urinardim. Darvoqe, u menga gapirardimi?

– Keyin Mariya keldi. Ikki chodir toʻla oʻgʻil va qiz bolalar kelishdi. Ular ikki ayol – bir muallima va bolalardan birining onasi boshchiligida edi. Ular chodirlarini yalanglikning narigi chetiga tikishdi. Biz ularni suvdagina koʻrardik. Vera ikkimiz kun boʻyi yashil soyabon ostida yonma-yon, bir-birimizning taftimizni, tomir urishimizni his etib soʻzlashmasdan yotardik. Veraning yelkalari, soni va uzun jigarrang oyoqlari menga tegib turardi. Men Verani mehr va shu bilan birga, allaqanday achinish bilan kuzatardim. Biz tez-tez bir-birimizni, oʻtlarni, gullarni, suv ustiga egilgan daraxtlarni suratga tushirardik, goʻyo shu bilan oʻtkinchi narsani tutib qolmoqchi boʻlardik.

Bir kuni kechqurun Mariya bizning oldimizga keldi. Ular gugurt sotib olishni unutishgan ekan. Bolalar uxlagach, muallima bilan ikkovlari kelishdi. Negadir men aksincha oʻylabman: Mariyani muallima, anavi malla sochli ayolni esa bolalardan birining onasi debman. Mariya oʻgʻli haqida soʻzlab bergachgina buni bildim.

Bu menga gʻalati taʼsir qildi. Uning oʻgʻli haqida gapirishi gʻalati taʼsir qildi. Soʻzlash ohangi ham gʻalati taʼsir qildi. Hayotida qandaydir baxtsizlik boʻlganini darhol anglab yetdim.

Biz bolalar haqida soʻzlashdik. Men maktabda oʻqib yurganimda, xuddi shu tarzda, mana shu yerlarda boʻlganimni gapirib berdim. Oʻquvchilik davrimizda boʻlgan qiziq voqealar, shoʻxliklarimiz haqida hikoya qildik. Suhbat chogʻida malla sochli muallima suv ustiga egilgan daraxtga suyanib oʻtirar, Vera ikkovimiz hali quyosh tafti ketmagan toshlar ustida oʻtirardik. Mariya boʻlsa salgina chetroqda, bizning qarshimizdagi biz yasagan toshkursida, suvga qarab oʻtirar, faqat gapirgandagina biz tomonga burilardi.

Men uni allaqachon sevib qolganmidim-yoʻqmi, bilmayman. Ammo u bizga burilganda, goʻyo men qoʻlimni Veraning yelkasidan olishim kerakdek tuyulardi. Men bunday qilmasdim. Aksincha, uni oʻzimga yanada yaqinroq tortardim. Goʻyo shu bilan Veranimi yoki har ikkimiznimi, nimadandir himoya qilmoqchidek boʻlardim.

Shu kundan soʻng men Mariyani axtaradigan boʻlib qoldim, avvaliga buni anglab yetmadim. Biroq uni koʻrsam yoki ovozini eshitsam, allanechuk titrab ketardim. Bir necha kundan keyin oʻzimcha pinhona uning har lahza qayerdaligini belgilab yuradigan odat chiqardim. U hozir chodirda. Endi bolalar bilan koptok oʻynayapti. Endi yoy otishni mashq qilishayapti. Hozir yolgʻiz oʻzi choʻmilishga ketdi. Yoki boʻlmasa: hozir qishloqqa xarid qilishga ketdi. Bir kuni tushdan keyin uning qayerdaligini anchagacha bilolmadim. Qancha kuzatgan boʻlmayin, uning biror yoqqa chiqqanini koʻrmagandim. Men uni bilmayman-ku, axir, derdim oʻz-oʻzimga. Men nima istayman oʻzi? Birortasi uni yoʻqlab kelgan boʻlishi ham mumkin-ku. Ular hozir shaharda, biror kafeda birga oʻtirishgandir ehtimol, nega boʻlmasin. Buning menga nima aloqasi bor? Biroq Mariya haqida xayol surishdan endi oʻzimni tiyolmasdim. Vera buni sezardimi-yoʻqmi, bilmayman. Biz choʻmilib chiqib quyoshda toblanardik. Vera bilagini mening boshim ostidan oʻtkazib olgandi. Boshimni burib, uning bilagini yuzimda his etdim. Qalban u bilan emasligimni sezib qolishidan qoʻrqardim. Oʻzimni qoʻlga olishga urinardim. Lablarim bilan bilagini siladim. Bu axir yolgʻon-ku, deb oʻyladim-da, titrab ketdim. Vera turib oʻtirdi-da, menga qaradi.

– Nima boʻldi – soʻradi u, – sovqotayapsanmi?

Men bosh irgʻadim.

Mariya haqida soʻz ochish uchun gap aylantirib, hozir yodimda yoʻq, qandaydir bir bahona topdim.

– U menga yoqadi, – dedi Vera. – U baʼzi ayollardan koʻra mustaqilroq, qatʼiyroq. Mana shu xususiyat menga yoqadi. Didi ham chakki emas.

Biz uning kim boʻlib ishlashi xususida bahslashdik, taxmin qildik.

– U vrach, – dedi Vera.

– Rassommi yoki shunga oʻxshash biror kasbdadir, – dedim men.

Bari bir aniq bir fikrga kelolmadik. Ancha tortishdik. Mariya haqida soʻzlashish menga xush yoqardi. Kechqurun Mariyaning oʻzidan kasbini soʻrab olishga kelishdik. Vera, kechqurun, dedi, men kechqurun Mariyaning bu yerda aniq boʻlishiga gumon qilsam-da, mayli, kechqurun, deb qoʻyaqoldim.

Men kech tushishini kuta boshladim. Chunonam kutdimki, hatto u kelganda, – goʻyo u mening sabrsizlik bilan, yana yasanib kutib turishimni biladigandek – tamoman holdan toygandim. Men unga qaradim, nazarimda u yasharib ketgandek edi. Uni sevib qolganimga endi imonim komil edi. Biroq oxiri nima boʻlishini oʻylab ham koʻrmasdim. Men uning yonida boʻlishim kerak – faqat shugina muhim edi. Biz rostdan ham uning kasbini soʻradik. U nazariy fizika ilmiy-tadqiqot institutida ilmiy xodim ekanligini aytganida men uncha ajablanmadim. Bu unga mos kelardi. Undagi ayrim xususiyatlar buni aytib turardi. Tushdan keyin qayerda boʻlganini soʻrashga, shubhasiz, botinolmadim.

Bu paytlar Vera ikkimizning vaqtimiz koʻngilliroq oʻtardi. Kun boʻyi deyarli bolalar bilan boʻlardik. Ular ham bizga oʻrganishib, gapimizga boʻysunadigan boʻlib qolishgandi. Bolalar bilan oson til topishadigan Vera kichik qizchalarni suzishga oʻrgatardi. Katta bolalar men bilan edi.

Men ularga ichi kovak daraxtlarni, gʻorlarni va oʻzim ilgaridan biladigan boshqa xilvat joylarni koʻrsatardim. Biz tevarak-atrof bilan tanishish maqsadida uzoq-uzoq kezardik. Notanish joyni taxminlab topishga oʻrgatadigan turli oʻyinlar tashkil etar, qizgʻin kurash tushardik. Baʼzan Mariya ham biz bilan birga kelardi. Lekin u bunda boʻlmagan paytlarda ham men uni yonimda his etardim. Ayniqsa, uning oʻgʻli – onasiga hecham oʻxshamaydigan, jasur, pishiqqina, uzun boʻyli, sariq sochli bola yonimdaligidan shunday boʻlardi. Gohida men bolada onasiga xos biror xislatni topardim: boshini burishi yoki yerda oʻtirganida qoʻllari bilan tizzasini quchoqlab oʻtirishi, biror kishi gapirayotganda quloq solishi unga oʻxshab ketardi. Chunki biz yomgʻir yoqqan paytlarda biror gʻordami yo daraxtlar ostidagi quruq joydami yashirinib olib hikoya aytishardik. Menga Mariyani yaqinlashtirgan mana shu lahzalar tufayli bolani yaxshi koʻrib qoldim.

Kunlar shu taxlit oʻtardi.

Tunlar ham boshqacha boʻlib qoldi. Bizdagi tuygʻuning hijroni ham bor edi. Yoʻq, biz buni bilmasdik. Buni men endi anglayapman. Mendagi oʻzgarishni Vera sezganmidi-yoʻqmi, menga qorongʻi. Bu haqda gap ochmasdik. Bir-birimiz bilan ilgarigidek muomala qilardik. Biroq biz aldash uchun emas, balki bir-birimizni ranjitmaslik maqsadida shunday qilardik nazarimda va buni ikkimiz ham bilardik.

Faqat oxirgi kuni kechqurun ahvol oʻzgardi. Toʻrttovimiz bizning chodirimiz oldida, koʻl boʻyida oʻtirdik. Gulxan yoqdik va qoʻrga kartoshka koʻmdik. Issiq kartoshkalarni qoʻrdan chiqarib olish uchun Vera choʻp yasab keldi. Biz yonma-yon oʻtirardik, oldimizda likopchada tuz hamda bir idishchada yogʻ turardi. Xayrlashuvga atalgan vino suvga tashlab qoʻyilgandi. Havo iliq, tinch va osuda edi. Biroq meni, yana birozdan keyin Mariyadan ayrilish va uni balki bir umr koʻrolmaslik dahshati qiynardi. Men qandaydir qulay bir yoʻl qidirardim. Vaqt oʻtgani sari qiynoq tobora kuchayar va xayolimni chuvalashtirardi. Men uni qayta koʻrishim lozimligini unga bildirishim kerak edi.

Lekin qanday qilib? Suvdan vinoni keltirdim. Vera quvnoq edi, ehtimol biz ketayotganimiz uchundir. Shishani ochib hammaga vino quydim. Ichdik. Bu italyan vinosi edi. Olovga tikilib oʻtirardik. Yolqinga tikilib, uning harakatini, turfa shakllarda tovlanishini kuzatish zavqli edi. Men Mariyaning yonida oʻtirardim. U stakanlarni yana toʻldirdi. Unga stakanni uzatayotib qoʻlini sekin siladim. Buning ataylab qilinganini u payqadi va menga qoʻrquv bilan nazar tashladi. Uning bilagini ohista siladim. Bu harakatimni sezdirmaslik uchun nimadir, qanaqadir tushuniksiz bir narsa dedim.

U ham mendek qiynalayotganini bildim, faqat endigina bildim. Buni ogʻzidan sezdim. Ogʻzi biroz ochilib, lablari titrab turardi.

Tagʻin bir shisha vinomiz bor edi. Uni suvga tashlamayoq ichdik. Biz bir-birimizdan koʻzimizni uzmasdik. Men Verani unutgan edim. Kechasi tarqalayotganimizda uning qoʻlini qayta siladim.

Vera bilan tong gʻira-shirasida joʻnab ketdik. Ular hali uyquda edi. Vera hech narsa soʻramadi. Yakshanba tongi edi. Dushanba kuni biz ishda boʻlishimiz lozim. Uyga yetib kelgach:

– Men qaytib ketishim kerak, – dedim.

Vera shunda ham lom-mim deb ogʻiz ochmadi. Charm kurtkamni yechmasdan buyumlarni kiritishga koʻmaklashdim.

– Ertaga azonlab kelaman, – dedim, – boshqa ilojim yoʻq, borishim kerak. U eshikka suyanib turardi, men joʻnab ketganimda ham oʻsha holatda qoldi. Men yoʻlimdan qayta olishim, uni oʻpib, uzr soʻray olishim mumkin edi. Biroq ketishim ham kerak edi.

U yerga kechga yaqin yetib bordim. Bolalar ovqatlanishardi. Qayinlar orasidagi uzun stolda bolalar bilan oʻtirgan Mariya oʻrnidan otilib turib menga tomon yugurdi. Birga oʻrmonga ketdik. Lagerdan ancha uzoqlashgach, toʻxtadik. U peshanasini yuzimga qoʻydi.

– Nima qilamiz? Nima qilishimiz kerak? – shivirladi u.

Uning rangi oqarib ketgan edi. Men nima deb javob berishimni bilmasdim. Koʻzlarimdan oʻt chaqnardi, ehtimol jadal yoʻl bosib kelganimdandir yoki shu qadar baxtli, yo boʻlmasa shu qadar baxtsiz ekanligimdandir. Shu alfozda uzoq turib qoldik. Oʻpishishga jurʼat qilolmasdik. Undan keyin hamma narsaning hal boʻlishini bilardik. Men uning yuzini siladim. Biz orqaga qaytdik. Chodir oldida unga qoʻlimni uzatdim, shundan soʻng qaytib ketdim.

Veraning yuzi, oppoq yuzi, uning koʻz yoshlari – bular hammasi hozir menga xuddi yarq etgan chaqmoqdek tuyuladi.

– Oqibati nima boʻladi, bilmayman. Toʻgʻrisi buni bilmayman, Vera. Gapning rostini aytish kerak-ku axir, tushunasanmi? – deyman unga.

Eng dahshatlisi shu ediki, men baxtli edim. Hayotimda ilk bor baxtli edim. Hech qachon bu qadar baxtli boʻlmagandim. Hamma yerda, har on Mariyaning chehrasini koʻrardim. U tabiat qoʻynida, dalalarda, qirlarda, oʻrmonlarda, men yurgan yoʻllarda, shahrimizdagi qator uylar uzra suzib yurardi. Payvandlayotganimda eriyotgan metallning tovlanishida koʻrinardi. Tunda esa tinch va osuda chehrasi yumuq koʻzlarim tubida turardi. Hamma joyda u edi, men esa unga ergashib yurardim. Tongda boʻlsa boshqacha holatda, ilgari mutlaqo his etmagan quvonch bilan uygʻonardim. Bugun payshanba, ertaga juma, shanba kuni uni koʻraman, deb xayolan shoshilardim.

Verani har kuni koʻrardim. U bilan hamishagidek muomala qilardim. Birga ovqatlanishga borardik, ilgarigidek hazil-mutoyiba qilardik. Oʻshanda u katta frezer stanogida ishlardi. Men uni ishdan soʻng olib ketardim, birga bekatga borardik. Yonimda borarkan, u qoʻliga krem surtardi.

– Gʻadir-budir boʻlib qolmasin, deyman-da, bildingmi? – derdi keyin.

U oʻzini goʻyo hech gap boʻlmagandek tutar, bu bilan menga yengillik tugʻdirardi. Bizga odamlarning hamishagidek havaslari kelardi. Men unga mehr bilan boqar va yordami uchun undan minnatdor edim. Shu bilan birga uning oldida xijolat tortardim. Biroq mana shu xijolatlikda ham soxtalik borligini bilardim.

Toʻgʻrisi, men hali boʻlayotgan voqealarni toʻliq tushunib yetmasdim. Buning oxiri nima bilan hal boʻlishini ham bilmasdim. Navbatdagi shanba kuni u:

– Bugun men ketyapman. S. da maktabdosh dugonam bor. Oʻsha yoqqa bormoqchiman, – dedi.

Buning uchun undan minnatdor boʻldim. Shunday boʻlsa-da, men uning oʻzi haqida emas, balki ketsa yaxshi boʻlardi, deb oʻylardim. Tushdan keyin men Mariya yoniga ketdim.

U jim boʻlib qoldi. Chehrasi sokin edi. Men unga qaradim. Uni tushuna olamanmi-yoʻqmi, hali bilmasdim. Men shoʻrlik Vera haqida oʻylamoqchi boʻldim. Biroq u qolib, Mariya haqida xayol surib ketdim. U borgach Mariyaning naqadar quvonishi, nima qilishni bilmasdan dovdirab qolishi, keyin uning istiqboliga yugurishini koʻz oldimga keltirardim. Goʻyo hech gap boʻlmagandek ular salomlashishadi. Ularning koʻzlarigina yurakdagi gapni aytib turadi, xolos. Keyin u muallima bilan soʻrashadi. Bolalar bilan ham salomlashadi, ular uni goʻyo oʻzlarini yoʻqlab kelgan, deb oʻylashadi. U bolalarga birga bekinmachoq oʻynashga vaʼda beradi. Ehtimol yoʻlda koʻrganlarini soʻzlab berar. Shunda Mariyaning koʻzlarini uchratadi.

Bolalar uxlashgach, ular koʻl boʻyiga ketishadi. Tosh ustiga oʻtirishadi. Allaqachon qorongʻi tushgan boʻladi. Men ularning ovozlarini eshityapman, ularning yaqinligini, yurak urishlarini sezyapman. Keyin chodirga kirib yotishadi. Tongda uyqudan turganlarida ularning ixtiyorlarida yana butun bir kun boʻladi. Birinchi kun. Ularning haqiqiy birinchi kunlari, oʻylayman men.

Oʻzi hamma narsa endi boshlanadi-da, xayol suraman yana. Ularning birga qolishga umid bogʻlashdan oʻzga oʻylari boʻlmaydi, deyman ichimda. Shunda qoʻrqib ketdim: u hikoya qilayotganda tashlandiq qiz (Verani oʻzimcha shunday atadim) tomonda edim, endi esa nuqul Mariya haqida xayol surardim. Men Mariyani boyagina shu yerda, uning yonida oʻtirganini, manglayini uning bilagiga bosganini va qay tarzda chiqib ketganini qayta koʻz oldimga keltirdim. Agar hozir u: bu oddiy adashish, hozirgisi ham shunchaki amalga oshmaydigan qandaydir bir xayoldan boshqa narsa emas, desa, naqadar dahshat boʻlardi, degan fikr kechdi miyamdan. Bu – bunday hollar hamisha yolgʻon, sarob, degani boʻladi-ku. Yuragim qattiq urardi. U hikoyasini davom ettirishini istardim. Biroq u uzoq sukut saqladi. Koʻzlari menga tikilgan, ammo meni koʻrmasdi. Soʻngra mening soʻzsiz, talabchan savolimga javob qaytardi:

– Mariya ikkimizning oʻrtamizda keyin nima boʻlganini tasvirlash juda ogʻir.

Biz qayiqqa oʻtirib koʻlning narigi qirgʻogʻiga ketdik, u yer bizning qirgʻoqdan koʻra boshqacha, ancha tikroq edi. U yerdagi tekis tosh ustida uzoq oʻtirdik-da, sokin, tubida rang-barang toshlar koʻrinib turgan tip-tiniq suvni kuzata boshladik. Gohida Mariya oyogʻining uchi bilan suvni harakatga keltirar, shunda suv tubidagi toshlar jilolanardi.

Bizning sevgimiz ham ana shunday.

Men oʻz-oʻzimdan shunday fikrga kelganim yoʻq, biz yonma-yon yotgan birinchi kechada men shunday tush koʻrdim: tushimga tip-tiniq suv kirganmish, uning tubidagi toshlar quyosh nurida tovlanarmish. Uygʻonganimdan soʻng, bizning sevgimiz ham ana shunday deb xayoldan kechirdim. Mariyani eslaganimda ham u menga oʻshanday: tiniqlik, sokinlik, soflik, bebaholik timsoli, qoʻyingchi, butun borligʻi bilan benihoya shodlik manbai boʻlib tuyuladi. Ilgarilari ham shodlik nimaligini bilaman, deb yurarkanman. Lekin bu, shodlik haqidagi tasavvurdan boʻlak narsa emas ekan. Ajoyib kun nimaligini bilaman, deb oʻylarkanman. Daraxt, maysa nima, bulutlarning suzishi-yu oʻrmon oralab ketgan soʻqmoq yoʻl nima – bularni bilaman, deb oʻylarkanman. Keyin anglasam, men shu paytgacha hech narsani ravshan koʻrmagan, hech narsani bilmagan va his etmagan ekanman. Goʻyo bularning barchasi qiya ochiq eshik ortida edi-yu, mening ularga tasodifan birgina nazar tashlashim kifoya edi. Yoʻlimda quyosh nurining jilvasini koʻrarkanman, bir kun keladiki, uni chinakam koʻraman, degan umidnigina his etib yurgan ekanman. Daraxtni, uning boʻyini, shox-butoqlarini, yaproqlarini koʻrardim-da, oʻzimcha, bu daraxt, deb qoʻyaqolardim. Qushlarning uchishini koʻrardim – qanoti bor, uchadi. Ammo oʻzim anglab, his etgachgina haqiqiy parvoz nimaligini koʻrdim, bularning barchasini men shu paytgacha bilmasdim. Kishilarga munosabatim ham shunday edi. Birov chiroylimi yoki xunukmi, aqllimi yoki aqlsizmi, harqalay, ajrata olaman, deb oʻylardim. Biroq oʻsha odamning oʻzini – na aqlli yo aqlsiz, na chiroyli yo xunuk, balki mudom tinib-tinchimaydigan, goh aqlli, goh aqlsiz, goh xunuk, gohida chiroyli shaxsiyatini koʻrmas ekanman. Men uning his-tuygʻularini, uning intilishlarini, zehnini, uning fikrlashini bilmaganman. Hatto Verani ham bilmas ekanman. Eng yomoni shu boʻldiki, odamlarga ham shunday koʻz bilan qaraganman. Men… – u biroz toʻxtab olib soʻzida davom etdi, – xuddi qadam tashlasa ham oyoqlari ostidagi yerni his etmaydigan kishidek yashaganman. Zaminda mahkamroq turish uchun nima qilish lozimligini bilmaganman.

Mana shularning barchasini endi boshqacha nazar bilan kuzatadigan boʻldim. Toʻgʻrirogʻi, biz bunga ikkovimiz birgalashib erishdik. Chunki Mariyaning ham holati menikidek boʻlgan. Oldiniga buni payqamay yurdim. Meni atrofga boshqacha nazar bilan qarashga, hayotni chuqur tushunib yetishga, undagi buyuk haqiqat ichiga kirib borishga oʻrgatgan narsa undagi yetuklik, shaxsiyatidagi qudrat, kuch, deb oʻyladim. Lekin u ham xuddi mendek ekan. Biz birga goʻyo bir odam edik. Bir-birimizni yanada yetuk qilib, toʻldirib turardik.

Dastlabki kezlarda Mariyasiz yolgʻiz qolganimdanoq oʻzimdagi yangicha his-tuygʻuni tagʻin yoʻqotib qoʻyardim. Dushanba kuni ertalab ishga kelib, parishon holda nima qilishimni bilmay turardim. Eriyotgan metallning jilolanishi meni qiynar, toliqtirar, sexdagi mashinalarning shovqini gʻashimga tegardi. Kechqurunlari kitob oʻqirkanman, fikrlarim chalkashib ketar, ularni bir joyga toʻplayolmasdim. Ochiq sahifaga tikilgancha Mariyani oʻylab ketardim. Men uning yoniga, oʻzimni yangicha his qila oladigan oʻsha birdan-bir joyga ketishni orzu qilardim. Anchadan keyingina oʻzimni bir oz tutib oldim. Bunday holat hech narsadan hayron qolmaydigan boʻlganimdan soʻng yuz berdi va mendagi bu yangi oʻzgarish zilol suv tubidagi yaltiroq toshlarga oʻxshar edi. Shu paytlar ishim ham endi boshqacha boʻldi.

U ilk marta yodga olinayotgan voqea haqida gapirayotgandek tutilib-tutilib soʻzlardi.

– Qanday maqsadni koʻzlashimni ilgaridan ham bilardim, albatta. Odamlarning ishini yengillatadigan, hatto ularni ogʻir ishdan ozod qiladigan mashinalar yaratishni istardim. Biroq, avvalo inson nimaligini bilmaganman. Rost. Men buni bilmagan ekanman. Men undagi qudratning naqadar ulugʻligini bilmagan ekanman. Hatto oʻzimni ham anglab yetmagan ekanman-da. Qanday tushuntirsam ekan? Mariya meni sevganidan buyon, meni sevuvchi inson u boʻlgani uchun oʻzimni yuksaklikda tasavvur etaman. U…

Erkak jim boʻlib qoldi. Meni unutib qoʻydi, deb oʻyladim. Qimirlashga jurʼat qilmasdim. Bir ozdan soʻng dedi:

– Tushunasizmi? Soʻzlash ogʻir. Ehtimol meni tushunarsiz.

Ular koʻl boʻyidan allaqachon ketishgan, biz goh mening, goh uning shahrida uchrasha boshladik. Uchrashuvlarimiz orasidagi vaqtni zoʻrgʻa oʻtkazardik. Mariya oʻzini tuta biladigan, mulohazaliroq boʻlsa-da, men “biz” deyapman. Biz iloji boricha shanba kunlari uchrashishga kelishgan boʻlsak-da, men oraliqda, chorshanba yoki juma kunlari ham borardim-da, ertasiga azonda ishga yetib kelardim. Borgan sari ahvol qiyinlashar, bir-birimizga yanada qattiqroq bogʻlanib borardik. Biz birga boʻlishga, hech boʻlmasa bir shaharda yashashga qaror qildik. Buning uchun men ishimdan boʻshashim kerak edi. Mariya institutdan ketolmasdi. Oldin bu shunchaki joʻn ishdek tuyuldi. Men Mariyaga yaqin joydan ish axtardim.

Endi Vera haqida gapiraman. Men Verani unutgandim. Uni har kuni koʻrsam-da, unutgandim. Unga duch kelish menga hatto malol kelaboshladi. Baʼzan chidayolmasdan: “Nima istaysan mendan? Ahvolni koʻryapsan-ku!” deb yuborgim kelardi. Shunday boʻlsa-da, u bilan yaxshi munosabatda boʻlardim va unga yuragimni ochmaganimdan oʻzimni gunohkor sezardim. Shu boisdan men korxonadan va shahrimdan ketganimdan afsuslanmadim.

Vera zarracha qarshilik qilmadi. Aynan shu narsa meni qoʻrqitdi. Yoʻq, hayajonga soldi. Biroq buni yuzaga chiqarishni istamasdim. Ehtimol haddan ortiq band boʻlganimdanmi, bu holatni oʻzimdan nari quvardim. Keyinroq Vera Yurgen ismli muhandisimiz bilan uchrashadigan boʻldi. Men ularni tez-tez, koʻchada, kinoda birga koʻrardim. Hammasi tinchgina hal boʻldi, u ham boshqa birovni topdi, endi yolgʻiz emas. U haqda qaygʻurmasam ham boʻladi, deya oʻzimni yupata boshladim.

Mariya mendan Verani soʻraganda unga muhandis haqida soʻzlab berdim. U menga savol nazari bilan qaradi. Men bosh chayqadim: qoʻyaver, shunday boʻlgani yaxshi. Shu bilan birga buning yaxshi emasligini ham bilardim. Vera Yurgen bilan ataylab meni uchratadigan joyga borishini bilib turardim. Yurgen unga butunlay boshqa maqsadda, yaʼni meni kutmayotganligini, ruhan tetikligini isbotlash uchun kerakligini payqash qiyin emasdi. Bu shundoq koʻrinib turardi. Bunday boʻlishi mumkin emasligini, Yurgenni ham oʻylash lozimligini anglardim. Bu ham oʻz-oʻzimni aldashdan boshqa narsa emas edi. Ammo xuddi shu narsa – Veraning ahvolini koʻrib turishim, lekin buning oldini ololmasligim meni iloji boricha tezroq koʻchib ketishga undadi.

Men Mariyaga yaqin joydagi vagon zavodida ishlay boshladim. Biz har kuni koʻrishib turardik. Verani deyarli ortiq oʻylamay qoʻydim.

Yakshanba kunlaridan birida Paula bilan Irmgard mening oldimga kelishdi. Ular Veraning brigadasidan edi. Qizlar mendan gina qilishdi.

– U bunga chidayolmaydi, – deyishdi.

– Nega u Yurgen bilan qolavermaydi? – deb soʻradim.

Ularning yuzlariga qarayolmasdim.

– U faqat Yurgen bilan emas, bugun bittasi, ertaga boshqasi bilan uchrashadi. Bunga sen aybdorsan, – javob berishdi ular.

Gʻazabim qaynab ketdi. Ularning aralashishga nima haqlari bor? Ular hech narsani bilishmaydi-ku. Birovning shaxsiy ishiga nega boshqalar aralashadi? Birov birovga qarammi? Ular mendan nima istaydilar? Eng asosiy narsa toʻgʻrilik. Men vijdonsizlik qilganim yoʻq. Nima oʻylagan boʻlsam, qizlarning betiga aytdim. Xafa boʻlib joʻnab ketishdi.

Ularning kelishganini Mariyaga aytolmadim. Nimadir meni tutib qoldi. Biroq oʻz-oʻzimga yakkash, buning boshqalarga aloqasi yoʻq, derdim. Ular nimani bilishadi? Bir narsaga aqllari yetsa, boshqasiga yetmaydi. Ular Mariyani bilishmaydi. Toʻgʻrisi, meni ham yaxshi bilishmaydi. Ular meni zangori koʻzoynakda ish ustida egilib turganimni koʻrishgan, xolos. Yuzimni yoritgan nur meni faqatgina tashqi tomondan ularga koʻrsatgan. Ishdan qaytayotganimda esa, ular mening hali yosh boʻlsam-da, bukilgan yelkamnigina koʻrishgan. Ular meni oshxonada, Vera bilan shoshib-pishib ovqatlanayotganimda koʻrishgan. Bunda koʻradigan hech vaqo yoʻq. Goho majlislarda soʻzga chiqardim, bu juda kamdan-kam boʻlib, diqqatni ham tortmasdi. Shuning uchun ularning aralashishga haqlari yoʻq, deb oʻyladim.

Lekin oʻsha kundan soʻng Veraning chehrasi koʻz oʻngimdan ketmay qoldi. Uni xayolimdan quvolmasdim. Uni unutmaganimni, u hali qalbimda ekanini angladim. Uning kulishini tasavvurimda jonlantirardim, lekin bu uning kulgisiga oʻxshamasdi.

Koʻnglimdagi notinchlikni Mariyaga sezdirmasdim. Bunga chek qoʻyishim lozim, deyardim. Xato qilayotganimni bilardim. Ammo, uni ranjitmasligim lozim, deb oʻylardim. U oʻshanda murakkab bir masala ustida bosh qotirardi, – u hayajon ichida oldinga egildi, – mikroskopik jismlarning harakat qonunlari ustida. Eynshteyn yaratgan yagona maydon nazariyasining oxirgi variantlaridan kelib chiqadigan turli xil nazariyalar mavjud. U mikroskopik jismlarning toʻgʻri chiziq boʻylab emas, balki Eynshteyn koʻrsatganidek egri chiziq boʻylab harakat qilishini isbotlashga urinardi… Bu biz tasavvur qilganchalik ogʻir masala emas. Buni har tomonlama chuqur oʻylab, magʻziga kirib borsangiz, ancha qiziq. Men hali bu haqda uncha koʻp narsa bilmayman. Oʻshanda Mariya katta anjumanga tayyorlanayotgan edi. Institutdan kech qaytar va yarim kechagacha hisoblab oʻtirardi. Men darhol biror yegulik tayyorlab, yozuv stoliga qoʻyardim. Boshini koʻtarganda unga koʻzim tushsin uchun roʻparasiga oʻtirib olib kitob oʻqishni yaxshi koʻrardim. Uni endi avvalgidan ham ortiqroq sevaman, deb oʻylardim.

Hayotim tushga oʻxshardi. Mariya bilan hamisha shu taxlit yashayveraman, deb xayol qilardim, shundoq joʻngina xayol qilardim. Birimiz ikkinchimizga tirgak boʻlib, shirin, musaffo bir butunlikni tashkil qilib yashayveramiz, deb oʻylardim. Bu yana oʻsha zilol suvni va uning tubidagi yaltiroq toshlarni eslatardi. Keyin xayolim Veraga ketardi. Nazarimda biz hamma narsani endigina boshlaganmiz-u, goʻyo bir qarorga kelingan-u, biron narsa oxiriga yetkazilmagan edi. Bu daraxtlar orasidan jimirlab koʻrinayotgan zangor dengizdek xayoliy, bajarib boʻlmaydigan vaʼdaga oʻxshardi. Koʻz oldimda nomaʼlum, sovuq, qup-quruq kelajak gavdalanardi.

Mariyani ish ezib tashladi. Nafaqat ish. Azoblanayotgani qoʻllaridanoq koʻrinib turardi. Buni koʻrib yuragim ezilib ketardi. Men uni benihoya sevardim. U menga qarasa, men boshimni chetga burardim. Oʻzim, yolgʻiz oʻzim bor muammoni hal qilaman, deb oʻylardim…

Suhbatdoshim yana oʻzini orqaga tashladi. Yuzi aniq koʻrinmasdi, ammo tizzasida yotgan qoʻllarini aniq koʻrib turardim.

– Keyin Mariyaga buni aytdingizmi? – soʻradim men.

– Yoʻq, – deya boshini chayqadi u. – U allaqachon oʻzi sezgan edi. U menga: “Veraning oldiga bor. Uning ahvolidan xabar ol. U bilan soʻzlash” dedi. Ishning nima bilan hal boʻlishini u bilardi, lekin bu haqda ogʻiz ochmasdi. “Avval u yoqqa bor” dedi.

– Siz bordingizmi?

– Ha, oʻsha shanba kuniyoq bordim. Verani koʻchada uchratdim. U yoshgina bir askar yigit bilan kulishib turardi. Meni koʻrgach, hamrohini koʻchaning narigi tomoniga yetakladi. Bu vitrinalarga boy gavjum koʻcha edi. U yasanib-tusangan, buning ustiga nihoyatda goʻzal edi. Men ketidan bordim. U begona kishi bilan turgan boʻlsa-da, unga murojaat qildim:

– Vera, sen bilan gaplashmoqchiydim, – dedim.

– Marhamat, – javob berdi u va goʻyo men u bilan oʻsha yerda, anavi yigit oldida gaplashaveradigandek. – Aximga keyin baribir hammasini aytib berishim kerak, – deb qoʻshib qoʻydi-da, qah-qah otib kuldi. Bu dahshatli edi. Javob tariqasida nimadir dedim-da, burilib ketdim. Kechqurun uyiga bordim. U haliyam oʻsha eski joyda yashardi. U kechqurun ancha bosilib qolgan edi. Goʻyo men maʼlum bir muddatga taʼtilgami yoki shunga oʻxshash biror yoqqami ketib, yo davolanib qaytib kelgandek uning oʻqishi, korxona haqida gaplashib oʻtirdik. Men unikidan tezda ketdim va uyga kechasi yetib bordim.

– Mariya-chi? U nima qildi?

– U hammasini bilardi. Hech narsa soʻramadi ham.

– Siz ketishga astoydil qaror qilganingizni hammi?

– Biz ikkimiz shunday qarorga kelgandik. Mariya ikkimiz.

– Endi-chi? Bugun, demoqchiman.

– Ertaga Mariya anjumanda boʻladi. Men ketyapman. Vokzalda meni Vera kutib oladi.

– Shu ishingizdan xursandmisiz?

U menga tikilib qaradi.

– Ha, – dedi u, – bilasizmi, biz qatʼiy qarorga kelganmiz.

– Shunday qilganlaringiz Mariya uchun ham toʻgʻri boʻlgan, deb oʻylaysizmi? – soʻradim men, – meni kechiring-u, ikkingizning munosabatingizni hozirgina koʻrdim-ku.

Men hayajonlanardim.

– Ha, uning uchun ham shunday qilganimiz toʻgʻri.

Bu odamning goʻzalligini endigina payqadimmi yoki boʻlmasa u hozir avvalgidan ham goʻzallashib ketdimi, bilmayman. U oldinga engashdi.

– Agar biz hech gap boʻlmagandek birga qolaverganimizda, – dedi u xotirjam ohangda, – hamma narsani buzgan boʻlardik, bir-birimizni aldagan, chalgʻitgan boʻlardik. Biz, men va Mariya, ikkimiz bir odammiz. Qalban yagonamiz.

Biz uzoq jim qoldik. Keyin u yoq-bu yoqdan gaplashib ketdik. U toʻgʻri yoʻl tutganmi-yoʻqmi, bilmasdim. Buni men faqat keyinroq, uyda yolgʻiz qolganimdagina tushunib yetdim.

 

Nemis tilidan Yanglish EGAMOVA tarjimasi

 

“Yoshlik”, 2014 yil 7-son

https://saviya.uz/ijod/nasr/mariya/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x