Vatan
U ummon – yoʻllovchi suv – sohirlikni,
U havo – olamga yoygay hurlikni.
Vatanni tuyasan osmonga qarab,
Yerdan koʻrolmaysan bunday kenglikni.
Vatanim – qadrimsan, Vatanim – oʻzing,
Xalqim shaʼni erur, elim – yuz-koʻzing.
Men sening sodigʻing boʻlayin, illo,
Oʻzingsan – non, tuzim, oʻzim – non, tuzing.
Sevgi
1
Olcha –
oyga havasmand
gʻuncha.
2
Oy –
tun dardidan
susaygan osmon.
3
Suv –
tuproqqa qorishgan
yagona oshiq.
4
Tun –
ketsa,
birga olib
ketadi oyni.
Izgʻirin
Asrolmadi shoxlar barglarin,
Qochdi tuproq ostiga toklar.
Izgʻiringa sotildi havo,
Ildiziga singdi kurtaklar.
Oʻrtab qoʻydi yerni tengsizlik,
Qaqshamadi choponi borlar.
Goʻyo osmondanmas, odamning
Qovogʻidan yogʻmoqda qorlar.
Taqdir
– Kecha, qayga?
– Kunduzga.
– Kunduz, qayga?
– Yulduzga…
* * *
Gʻururning bir nomin shayton, deydilar,
Uning sarbozlari qadr yeydilar.
Togʻ – yerning hikmati, ato etilgan,
Ular bilan zamin mahkam tutilgan.
Dengizda ham togʻlar boʻladi hosil,
Ammo u toʻlqinning manzili sohil.
Suv, obihayotman deb, shovqin solgan,
Egam, qirgʻoq bilan jilovlab olgan.
* * *
Jajji chittak yoʻngʻichqa bargin
Choʻqiydiyu olmas bir chimdim.
Undan nima izlagan, deya,
Xayollarga oʻzimni koʻmdim.
Hech kim oʻzolmas oʻylaridan,
Deyolmaysan, tor koʻngling – koʻrking.
Qishloq shahar yelkalaridan
Mana, ola boshladi yuking.
Goʻyo bu yer – dardim poyoni,
Yashash lozim neni aritib?
Yararmanmi onam kuniga
Qoʻygan boʻlsam oʻzim qaritib?
Alla, dilga eng yaqinrogʻi,
Undan uzoqlashding – koʻzda nam.
Ovunchogʻim – qushlar sayrogʻi,
Hayot yoʻlim – birgina onam.
* * *
Kenglik.
Yomgʻiru qordan
eshitgani
bir xil xitoblar:
– Yer bilan osmon
togʻ koʻzini uzmay,
oʻqiydigan kitoblar.
* * *
Chehrang goʻyo shoyi dastroʻmol,
Asta yuzim sari yozasan.
Qachon artasan deb, dil yoshim –
Tunlar yigʻlab olaman baʼzan.
Olislarda boʻlsam ham sendan,
Oy misoli azizsan menga.
Qahratondan qutqarsa edi
Labingdagi ajib alanga.
Bilolmasman, qaysi yulduzsan,
Qay qirdagi qaysi lolasan?
Men – tuproqni buloq suvidek,
Goʻzalliging bilan olasan.
Rassomga tavsiyalar
1
Yorugʻ xona deraza tufayli
tun bilan til topishdi.
Yulduzlar uni koʻrdi –
nogoh xonaga,
koʻrshapalak uchib kirdi.
2
Uygʻonishga uygʻonib,
faqat tirikligin namoyon etgan
tongni isrof qilayotgan odam.
3
Tunning kirdikorini
bechoralarga
soʻzlab berayotgan odam.
4
Tunga nisbatan
qorning niyati ayon.
Uni yoritmoqqa urinar,
miq etmaydi mudroq qoyalar.
5
Zangor osmon.
Havo – kenglik hunari.
Inlarini toza tutmoq oʻyida
ucha-ucha qovushayotgan
bir juft asalari.
6
Oʻta chiroyli, ammo, maʼnosiz,
bir juft qora koʻz.
Orqa fonda esa
tushgan,
tushayotgan xazonlar.
Ilhom AHROR
“Sharq yulduzi” jurnali, 2017–2
https://saviya.uz/ijod/nazm/u-tolqinning-manzili-sohil/