Tolkoʻprik

Tolkoʻprikdan oʻtayotgan bu odamlar qayerga shoshmoqda? Qay manzil, qay maqsadni koʻzlagan? Bahaybat kallasining qoq oʻrtasidagi oʻpqondek qop-qora kovagi tobora kengayib, chirindiga toʻlib, mungʻayib qolgan tol odamlarning ogʻirligini koʻtarib oʻrgangan. Lekin yillar davomida uni tepkilab oʻtgan, yoʻgʻon shoxlari uchiga chiqib suvga sakragan, tanasini pichoq bilan oʻyib turli yozuvlar qoldirgan, bir paytlar shoxdan shoxga maymundek sakrashib, endilikda shu shoxlardan yasalgan hassalarga tayanib munkayib qolgan bu odamlarning dardu alami gavdalaridan koʻra ogʻir boʻlishini keksa tol bilmagan ekan.

Tol anhorning naqd yarmigacha bir tekis egilib borib, keyin xuddi yonboshlab yotgan joyidan turmoqchi boʻlgan odamdek qaddini rostlashga urinib koʻkka oʻrlagan. Anhorning yarmigacha tolning yoʻgʻon tanasi ustidan yurib boriladi. Qolgan yarmidan tolning shoxlaridan yasalgan ensizgina yogʻoch koʻprikdan oʻtiladi. Yogʻoch koʻprikning bir tomoni tolning tanasiga mustahkam mixlangan. Tolkoʻprik shu tariqa bunyod boʻlgan va u allaqaysi zamonlardan buyon odamlarga xizmat qiladi. Tolni kim ekkani, qanday qilib u anhorga koʻprik boʻlgani koʻpchilikning yodida yoʻq. Baʼzi birovlar anhor yoqalab oʻtgan bir chol ketmon sopidek kesilgan tol shoxini yerga suqib ketganini aytadi. Tanasi namga tekkan yogʻoch gurillab oʻsa boshlagan, navqiron tolga aylangan. Bahorgi toshqin payti qirgʻoq oʻpirilib, tol anhorga qulaganda baquvvat shoxlardan biri narigi qirgʻoqqa tiralib uni batamom qulashdan asrab qolgan. Tol yana ham chuqurroq ildiz otib, qaddini tiklash uchun qaytadan koʻkka qarab oʻsa boshlagan. Endilikda ikki kishining qulochi yetmaydigan yoʻgʻon tanasining tepa tomonini yurish oson boʻlsin uchun kimdir poyteshada chopib tekislab qoʻygan. Uzala yotgan tananing yonboshidan chiqqan bir-ikki bachki shoxlari koʻprikning tabiiy toʻsiqlari kabi xizmat qiladi.

Keksa tolning kallasi juda katta. Tananing oʻrtasidagi ulkan gʻovak bois ikki kallali devga oʻxshab koʻrinadi, har yili bu kallalardan oʻnlab zich va baquvvat shoxlar oʻsib chiqadi. Odamlar ipak qurti boqish mavsumi oldidan tolning shoxlarini soʻkichak yasash uchun kesib ketadi. Kallaklangan tol kechalari odamlarni qoʻrqitguvchi xunuk va vahimali shakl-shamoyilga kiradi, biroq oradan hech qancha vaqt oʻtmay navnihol shoxlar yana gurillab oʻsib chiqib, tolkoʻprikning ustini chodirdek yopadi. Anhorning shu qismi eng sersoya joy. Har ikki qirgʻoqda azim qayragʻoch va baqateraklar oʻsgan, ular kuchli shamolda bosh chayqab guvillaydi, yengil epkinda chapak chalgandek yaproqlarini shitirlatib qoʻyadi. Ayniqsa, baqaterakning usti toʻq zangor, osti och yashil yaproqlari shabboda kelganda yaltir-yultir qilib koʻzni oladi. Ulkan daraxtlar ostida doʻlana, ora-sira naʼmataklar koʻzga tashlanadi, ulardan ham pastda maymunjonlar yer bagʻirlab, qirgʻoqni yashil koʻrpadek qoplab gʻujgʻon oʻsgan, sertuk novda va barglari suvda sollanib turadi.

Avval bahorda anhorning suvi boʻtana keladi. Kulolchilar pishitadigan loy rangida boʻladi. Toʻlib-toshib, toʻlgʻonib-toʻlgʻonib, qirgʻoqlarini yamlab, daraxtlarning ildizlarini yulqilab, yangi kamarlar bunyod qilib oqadi. Bu paytda odamlar tolkoʻprikdan hadik bilan oʻtadi. Bora-bora suvning rangi biroz oʻzgaradi, sargʻish boʻtanadan koʻkish loyqaga oʻtadi. Ninachilar, kapalaklar suv betida oʻynaydi, maymunjonlar gullaydi, yalpiz, chittakari gulning xushboʻy, bangidevonaning oʻtkir, achimsiq hidi olamni tutib ketadi. Anhorning dov-daraxtlardan sayhon joylarida in qurish gʻamiga tushgan qaldirgʻochlar oppoq toʻshini suvga urib uchadi. Yal-yal yonib turgan koʻylaklarda shoʻx-shodon qizlar tolbargak taqish uchun keladi. Ularning orasida labining chap ustida kichik xol qoʻnib turgan abjir qizgina bor, u tolning ustiga chiqib, gullab turgan surx novdalarni qalamtaroshi bilan kesib tushadi. Qizlar qirgʻoqda oʻtirib olib, novdalarning namchil poʻstlogʻini sidirib oladi, poʻstloq tolning sabzarang gulpopuklari bilan birga ajraydi. Qizlar tolbargaklarni sochlariga ulab, tovoni qadar tushirib, tolkoʻprik ustida mastona-mastona, sollona-sollona yurish qilib, soʻng yana shoʻx-shodon qaytib ketishadi.

Suv tiniqlashadi, sersoya goʻshaning tinchligi buziladi, anhor labida uchib yurgan ninachi va kapalaklar, sershox daraxtlarda polaponlarini yoniga olib mizgʻib oʻtirgan qushlar birdan choʻchib ketadi: qiy-chuv bilan kelgan son-sanoqsiz bolalar suvga oʻzlarini “gup-gup” tashlaydi. Botirlari tolning eng baland shoxlariga chiqib suvga kalla qiladi. Ularning orasida norgʻil bir oʻspirin bor, yelkador, qoshlari tim qora, jagʻ suyaklari boʻrtib turadi. U hammani quvlamachoq oʻynashga chorlaydi. Quvlamachoq oʻyinida suvda baliqdek suzadigan bu norgʻil oʻspiringa hech kim yetolmaydi, lekin u quvlaganda tengqurlariga bir zumda yetib oladi. Yetib olganda ham boshqalarga oʻxshab qoʻlga tushgan raqibining yelkasiga qoʻl tegizib qoʻyish bilan cheklanmaydi, boshidan suvga bosib rosa pishadi. Uning changaliga tushgan bola koʻzlari ola-kula boʻlib, ogʻzi-burni suvga toʻlib, yalinib-yolvormaguncha pishaveradi. Ajriqlarni tutamlagancha sirpanchiq qirgʻoqqa bir amallab chiqib olgan bolalarning ayrimlari bu tomoshani qoʻrquv va zavq aralash kuzatadi, boshqalari tuproqqa agʻanab kuladi.

Har tush shu ahvol, kechga yaqin esa yigit-yalang keladi, ular shovqin-suron koʻtarmaydi, baʼzi bir serhayajoni suvga kalla qilishdan avval ikki kaftini karnay qilib qichqirib qoʻyadi, xolos. Ular tolkoʻprikdan bir-ikki marta suvga sakrab, bilaklaridagi paylarini boʻrttirib, boshlarini hali u yon, hali buyon siltab oqimga qarshi suzgandek boʻladi va keyin qirgʻoqdagi daraxtlarning ildizlariga osilib hordiq chiqaradi, maymunjonlarning sertikan shoxlarini ehtiyotkorlik ila titkilab, tim qora mevalarini terib yeydi.

Bu ikki guruh choʻmilib ketadigan vaqt oraligʻida baʼzan qizlar kelib turadi. Oʻsha, labining ustida xoli bor qizgina tolkoʻprik ustidan suvga oʻzini tashlay oladi, xolos. Boshqalari koʻylaklari badanlariga chippa yopishgan holda dir-dir qaltirab, tolkoʻprik ustida qanotlari hoʻl qaldirgʻochlardek tizilib turishadi, lekin tashlashga yuraklari dov bermaydi. Ular avvaliga begona koʻzlardan hadiksirab kelsa, choʻmilib boʻlgandan soʻng uyida eshitadigan dakkilardan hadiksirab qaytib ketishadi.

Anhor suvi kamayib shishadek tiniq tortadi, bagʻrida suzib yurgan baliqlar, mayin qumloq ostidan gʻimirlab chiqib, vaznsizlik holatidagi fazogirlarga monand oyoqlarini asta koʻtarib harakat qiluvchi suvchayonlar koʻzga tashlanib qoladi. Qozonyuvgʻichlar anhor yuzida tinimsiz sirpanib suv betiga oniy suratlar tortadi. Baʼzan olma, behi yoki nok lopillab oqib keladi. Tolkoʻprikdan oʻtayotgan yosh-yalanglar endi na tolga, na suvga eʼtibor beradi. Keksalar bir zum toʻxtab, suvga tikilgancha oʻyga choʻmib qoladi.

Tolkoʻprik yillar davomida bir xilda takrorlanadigan bu holatga koʻnikib qolgan. Suv ham aslida oʻsha, vaqt oʻtsa-da oʻzgarmaydigan suvdek. Shunday damlarda labida xoli bor qiz dugonalari bilan oʻtib qoladi, ertalab kunchiqar tomonga, dalaga boradi, kechda kunbotish tomondagi uyiga qaytadi. Bir gal tong pallasida oʻsha qiz eng yaqin dugonasi bilan baliqlarni tomosha qilish uchun bir tegirmongina suvi qolgan anhor oʻzaniga tushadi. Tolning beoʻxshov, tarvaqaylagan sargʻish ildizlarini ushlab pastga enadi. Balchiq, baliq va baqashalning hidi kelib tursa-da, suv shishadek tiniq, unda koʻm-koʻk osmondagi oqish parcha bulutlar, toʻq zangordan sargʻish-qirmiziga oʻtayotgan dov-daraxtlar akslanib turadi. Suv yuziga chizilgan kuzning goʻzal manzarasini son-sanoqsiz qozonyuvgʻichlar jimirlatib, jonlantirib turgandek. Qizlar qozonyuvgʻichlar aslida suzadimi yoki uchadimi degan bahs tufayli uzoq vaqt bu mayda suv hasharotining betinim harakatlarini kuzatib qoladi. Qozonyuvgʻich oʻzidan ikki barobar uzun oyoqlarini suv yuziga tiragan holda pirillab uchayotganga oʻxshaydi, shu sabab baʼzilar uni uchadi, boshqalar esa suzadi, deydi. Oʻta tez harakatdagi qozonyuvgʻichni yaxshilab kuzatgan kishi uning suv betida sirpanayotganini koʻrishi mumkin.

“Suv betida parda boʻladi, bular oʻsha pardaning ustida sirpanadi, shunga suvga choʻkib ketmasa kerak,” deydi labida xoli bor qiz.

“Kel, suv betidagi pardani choʻpak bilan yirtib koʻramiz, qani oʻshanda bular suvga botib qolarmikin,” deydi dugonasi.

“Qoʻysang-chi, buning oʻrniga ular suv betiga nimalar chizayotganini koʻrishga ulgurib qolish kerak. Ehtimol sening kelajakdagi taqdiring haqida, balki seni chin dildan yaxshi koʻradigan bolaning ismini yozayotgandir.”

“Qoʻysang-chi, seni chin dildan yaxshi koʻradigan bolaning nomi hali qarab ulgurmasingdan oʻchib ketadigan suv pardasiga emas, yillar oʻtsa ham oʻzgarmaydigan toshlarga yoziladi,” deydi dugonasi kulib.

“Bir kitobda oʻqigan edim, tabiatdagi har bir chiziq, har bir harakatda bir hikmat bor deb. Agar sen aytgandek, odamlarning taqdiri toshlarga oʻchmaydigan qilib yozilganda hamma oʻzining kelajagini osongina bilib olgan boʻlardi-ku. Kim kimni yaxshi koʻrishiniyam. Hech kimning siri qolmaydi-ku unda. Katta boʻlganingda seni nimalar kutayotganini bilish uchun shunaqangi, koʻrish, ilgʻash qiyin boʻlgan ishoralarga eʼtibor berish kerakdir,” labida xoli bor qiz bunday ravon gapirganidan oʻzi xijolat tortib ketdi.

“Voy-boʻy! Kitob qahramonlariga oʻxshab soʻzlashingda bir gap borga oʻxshaydi! Toshkentda oʻqiydigan anovi, tepa mahalladagi yigit… sen haqingda bekorga surishtirib yurmagan ekan-da!? Qizlar bir narsani bilmasa gapirmasa kerak.”

“Qayerdan topdilaring bu gapni. Oʻzlaringcha birovni birovga tenglayverasizlarmi?” – qiz duv qizargan yuzini yerga qaratdi. Dugonasi boʻsh kelmadi:

“Yaqinda oʻzing ham Toshkentga qarab oʻqishga joʻnavormasang boʻldi!”

“Otamni bilasan-ku, ikki dunyoda ham ruxsat bermas-ov?” – labida xoli bor qiz xomush tortib, suvga termulgancha qoldi. Dugonasi buni payqadi.

“Men oʻqishga borsam, labingdagi xolingni berib turasanmi?” – dedi ovoziga quvnoq tus berib.

“Nega? Xolimni nima qilasan?” – qiz dugonasiga yalt etib qaradi.

“Senga xolning nima keragi bor? Sen shundoq ham koʻhliksan!” – dedi dugonasi unga zavq va havas bilan qarab.

“Hoʻv anqovlar, tushlaringni suvga aytyapsizlarmi?! Dalaga kech qolasizlar-ku!” – tolkoʻprik ustida turgan uchinchi dugonaning hayqirigʻi bularning suhbatini boʻldi.

Oradan rosa bir yil oʻtib tolkoʻprik ustida oʻrta yoshdagi ikki hamqishloq uchrashib qoladi. Qirgʻoqdagi sargʻaygan ajriq ustiga choʻkkalab, suhbatlashadi. Ulardan biri, anhorning kunchiqish tomonidan kelgani bu yil bugʻdoy moʻl hosil bergani, shu kunlarda piyozdan ham yaxshi daromad kutayotgani haqida ogʻzini toʻldirib gapiradi. Tez orada oʻgʻliga ot olib berishi, adirda birovning oʻttiz sotixli bogʻini koʻz ostiga olib qoʻygani, arzon-garovga narxlab, uni ham oʻgʻliga hadya qilib berishini aytadi.

Kunbotish tomondan kelgan kishi uning gaplarini suqlik bilan tinglaydi. Yer tanqisligi, mol-qoʻyga xas-xashakning kamligidan noliydi, bir tomonda qizlari ketma-ket boʻyi yetib kelayotganini aytadi. Biri goh tizzasiga shapatilab gapirsa, ikkinchisi goh tuproq chimdib, goh quruqshab sargʻaygan ajriqlarni yumdalab uzoq suhbatlashadilar. Suhbat soʻnggida ikki erkak quda-andachilikka ahd qilishadi. Toʻyni qishga belgilaydilar.

“Sovchilarni ertaga kutavering, quda!” deydi kunchiqar tomondan kelgan kishi xayrlasha turib.

Labining ustida xoli bor qiz tolkoʻprikka tez-tez keladigan boʻlib qoldi. Tolkoʻprikdan suvga sakragan paytlari, tolpopukdan bargak taqqan damlari yodiga tushadi, qozonyuvgʻichlarning suv pardasiga chizgan oniy suratlaridan maʼno qidirgan paytlarini eslaydi, achchiq-achchiq yigʻlaydi va hech kim koʻrib qolmadimikin deya atrofga gir qarab, yana tezda ortiga qaytib ketadi.

Anhor suvi baʼzan qalin muzlaydi, gohida muz ostidan sharqirab oqayotgan bir bilak suv koʻrinib turadi. Qiz endi bu gal anhorning kunchiqar tarafidan keladi. Yangi paltosining sunʼiy moʻynalari qishning izgʻirin shamolida qizargan yonoqlarini yoqimsiz qitiqlaydi. Palto ostidan kelinlik libosining zarhal naqshli yoqalari koʻrinib turadi. U yolgʻiz emas, norgʻul, yelkalari keng, jagʻ suyaklari boʻrtib turgan, tim qora qoshlari qalin, quyon terisidan tikilgan telpak kiygan yigitning ortidan qadam bosadi. Yigit tolkoʻprikdan shahd bilan oʻtadi, tolkoʻprikning narvon qismi gʻirchillab ketadi. Ortidan xotini oʻtadi, toʻq yashil rangli dasturxonlikka oʻralgan katta tugun koʻtarib olgan, nogoh sirpanib ketmaslik uchun oppoq va uzun boʻynini qoʻlidagi tugun osha choʻzib, oyogʻi ostiga tez-tez qarab oladi, bir-bir qadam tashlaydi. Qalampirmunchoq va hovuri ketmagan yogʻli qatlamaning hidi taraladi.

Norgʻul yigit oʻtgan yili tolkoʻprikka otasi bilan kelib tolni kallaklab ketgandi. Yangi qurilgan uyning tomiga loybosti qilayotgan edi ular oʻshanda. Yigit kuchli edi, eng yoʻgʻon shoxni ham dastkallaning bir zarbi bilan choʻrt kesardi. Boshqa paytlarda kechalari mast-alast holda oʻrtoqlari bilan kelardi. Bu yigit endi uylanib, kuyov chaqirdiga ketayotgan edi.

Oradan bir necha oy oʻtib labida xoli bor qiz, endi kelin, kechalari, bemahalda tolkoʻprikka keladigan boʻldi. Lekin har gal koʻprikka qadam qoʻymay ortiga qaytib ketardi. Tolkoʻprikdan kechasi ayol zoti yolgʻiz oʻtmagan, faqat erkaklar oʻtadi. Baʼzi erkaklar ham tunda undan yolgʻiz oʻtishga qoʻrqadi, uzoqroq boʻlsa ham anhorning quyiroq qismidagi katta koʻprikdan aylanib keladi. Katta beton koʻprikda harakat tinmaydi, daladan qaytayotgan ulovlar tunu kun gʻizillab oʻtib turadi.

Labida xoli bor kelin har gal yuzidagi musht zarbidan koʻkargan joylarini siypalab, hiqillab yigʻlab keladi, baʼzan uning yuzi momataloq boʻlib ketadi. Lekin koʻprikka qadam bosmaydi, anhorning kunbotish tomoniga zor-zor tikilib, yana ortiga qaytib ketadi. Bir gal u tun yarmidan oqqanda bagʻriga olti oylik chaqalogʻini bosgancha keldi. Tolkoʻprikka bir qadam qoʻydi-yu shu boʻyicha qotdi. Koʻkarib, shishib ketgan yuzlaridan duv-duv yosh oqizdi, xolos. Balki, oʻtsa boʻlarmidi, yolgʻiz emas, qoʻlida oʻgʻli bor, erkak kishi edi-ku. Lekin oʻtmadi.

Bir gal oʻtdi. Oy qoʻrgʻonlagan tunda, osmonda yulduzlar miltillab turganda u hech narsani oʻylamay zingʻillab oʻtdi, ortga minbaʼd qaytmaslik ahdi ila oʻtdi. Biroq tolkoʻprikka toʻkilgan koʻz yoshlari hali qurib ulgurmasidan otasi uni ortiga qaytarib keldi. Ota qizini yetaklab tolkoʻprikdan oʻtkazdi, achchiq-tiziq dashnom gaplar aytib, kelinlik uyiga haydadi. Qiz miq etmasdan oʻgʻlini bagʻriga bosgancha kunchiqar tomon ketdi. Ota qoʻllarini ortiga qilib, biroz bukchaygancha uyiga qaytdi.

Kunlar tolkoʻprik ostidan oqib oʻtgan suv kabi tez oʻtardi. Norgʻul yigit gapu gashtakdan mast-alast qaytishdan, labida xoli bor yosh juvon anhor boʻyiga yigʻlab kelishdan tinmadi.

Oqshom tunga ogʻayotgan, qimirlagan jon koʻzga sharpadek ilinadigan palla edi. Labida xoli bor juvon qornida uch-toʻrt oylik homilasi, qoʻlida bir yoshdan oʻtib qolgan oʻgʻli bilan mast erning kaltagidan qochib yana tolkoʻprikdan kunbotish tomon oʻtdi. Oʻsha kuni ona uyida yoʻq edi, uzoqdagi qarindoshinikida qoʻnoqlab qolgandi. Ona uyida boʻlganda edi, otani yumshatgan boʻlarmidi… Lekin ota oʻz holicha yumshamadi, qizining erdan chiqib kelib uyda oʻtirib qolishiga chiday olmasligini oʻyladi. Qizini oshigʻich ortiga qaytarish uchun tolkoʻprikka haydab keldi. Ota tolkoʻprikka qadam qoʻyganda qiz qirgʻoqda taqqa toʻxtadi.

“Yur dedim senga”, ota oʻshqirdi ortiga oʻgirilib. Qiz indamay turaverdi.

“Yur dedim, hozir bir baloni boshlaysan,” ota qizining yoniga jahl bilan qaytdi.

Qiz birdan tiz choʻkdi, otasining tizzasiga yopishmoqchi edi, ota ortiga chekindi, qiz peshonasini yerga urdi:

“Jon ota, urib oʻldirib qoʻyadi meni, qaytarmang,” deb yigʻladi. Qoʻlidagi bolasi chinqirab yigʻiga qoʻshildi.

“Yetti qishloqni chaqirib elga oshga berganman, yurt oldida boshimni qanday koʻtarib yuraman? Odam bolasi kaltakdan oʻlgan emas, ering bir kun quyuladi, bugun boʻlmasa ertaga, erta boʻlmasa indinga, qayerga borardi quyulmay,” ota qizini qoʻlidan jahl bilan tortib, tolkoʻprikdan oʻtkazdi. Qiz yigʻidan toʻxtab otaga ergashdi.

“Bor uyingga, qiz bola otilgan tosh, tushgan joyida toshdek qotishi kerak,” ota shu gaplarni aytib ortiga qaytdi.

Qiz ketgandek boʻldi, tungi oy shuʼlasida otasining qorasi oʻchgach, yana ortiga qaytdi. Tolkoʻprikning oʻrtasiga kelib, qari tolning tanasiga suyandi. Goh osmondagi barkashdek oyga, goh oyoqlari ostidan kumushdek tovlanib, toʻlgʻonib oqayotgan suvga tikildi. Dugonalari bilan kelib tolbargak taqqani, koʻylagi bilan suvga guppa tashlagani yodiga tushdi. Dugonalarini bir-bir yodga oldi. Hammasi bola-chaqali, birining eri allaqachon quyulgan, biriniki tabiatan bosiq. U esa qachongacha kutadi mast erning quyulishini. U tolga boshini ohista qoʻyib, xayolga choʻmadi. Labining ustidagi xoli titraydi.

Qurbaqalarning qurillagani, chigirtkalarning chirillashi olamni tutgan. Suvning guvillashi, har zamon qurbaqaning yoki baliqning “shalop” etib sakrashi eshitiladi. Faqat tol, qanchadan qancha quyulganu quyulmagan odamlarni koʻrgan tolgina sukut saqlaydi. Son-sanoqsiz mayda, qop-qora qurtlar tolning ingichka barglarini ilma-teshik qilib, tobora yeb bitiradi. Ipakdek yumshoq oy nurlari tolbarg teshiklari orasidan oʻtib kelib ayolning yuziga yogʻiladi, qontalash yaralariga malham qoʻyayotgandek boʻladi. Qurtlarning barg yeyishdagi tisir-tisir ovozini ilgʻash mumkin boʻladi. Ularning tolbargga toʻyganlari semirib, novdalarning uch-uchida osilib qoladi, keyin “toʻp-toʻp” toʻkiladi. Ular tolning tim qora koʻz yoshlariga oʻxshaydi…

 

* * *

Tongga yaqin va ertasi kun boʻyi odamlar tolkoʻprikdan toʻxtovsiz, xavotir va hadik ila oʻta boshlaydi. Tunda qizini koʻprikdan oʻtkazgan otada tinim yoʻq, ichida ming bir alam, afsus-nadomat ila zor qaqshaydi. Oradan haftalar va oylar oʻtsa hamki, labida xoli bor oʻsha kelindan darak yoʻq. Kelinning yoʻqolgani yetti qishloqqa gap boʻladi. Qaygʻu qaddini dol qilgan otaning bormagan joyi, kulfatdan sochlari oqargan onaning bormagan folchisi qolmaydi. Folchilar “qizing tirik, bolasi ham tirik, katta bir shaharda yuripti” degan gapni qaytaradi, xolos.

Odamlar unutuvchan boʻladi. Tolkoʻprik atrofidagi hayot, qizlarning tolbargak taqishi, tolning kallaklanishi, hayqiriqli choʻmilishlar, doʻlana va naʼmatak terish paytidagi yosh yigit-qizlarning sirli uchrashuvlari yana bir zaylda davom etadi.

Oʻsha norgʻul, qoshlari tim qora, jagʻ suyaklari boʻrtib turadigan kishi yana kuyovlik libosida tolkoʻprikka qadam qoʻyadi. Ortidan yangi kelinlik kamzulini kiygan juvon keladi, boshida katta tugun, qalampirmunchoq va hovuri ketmagan yogʻli qatlamaning hidi taraladi. Kuyov chaqirdiga ketilmoqda chogʻi.

 

* * *

Oradan yillar oʻtib qaddi bukik chol keladi, tol shoxlaridan birini kesib olib, hassa yasaydi. Pakkisi bilan hassaning dastasini erinmay silliqlaydi, oʻzicha hafsala bilan naqsh solgan boʻladi. Keyin tolning surx novdalaridan tolbargak yasayotgan qizaloqlardan bir juft tolbargak soʻrab oladi. Tolkoʻprik ustiga chiqib sabzarang tolpopukni suvga oqizadi, ortidan uzoq termilib qoladi, soʻng ogʻir-ogʻir qadam olib uyiga qaytib ketadi. Chol har bahor, qaldirgʻochlar oppoq toʻshini suvga urib uchganda, ninachi va kapalaklar suv yuzida oʻynagan kezlarda kelishini kanda qilmaydi. Tolkoʻprik, odamlarning yoʻliga oʻzini koʻprik qilib toʻshagan tol ularning koʻngliga koʻprik sola olmaganidan boʻlsa kerak, tanasi tars-tars yoriladi…

 

Muhammad ShARIF

 

“Yoshlik”, 2014 yil 7-son

https://saviya.uz/ijod/nasr/tolkoprik/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x