Qoʻsh kabutar chizilgan uy

Katta Chaqil togʻi orasidagi barloslarning Sarkenti ovulida dunyo bino boʻlgan kuni tugʻilgan durkungina oʻgʻil bolaga Jumaqul deb ism qoʻydilar. Xuddi oʻsha yili Sarkentidan judayam uzoqda olti oy sovuq izgʻirin boʻladigan mintaqada jamiki yoʻqsillar birlashib katta toʻntarish qilishgan ekan. Oʻsha toʻntarishning ufq kuygandagi kabi qontalash asorati – burun qonaganda dimoqda qoladigan noxush hidi pasmakkina togʻ orasidagi Sarkentiga ham yetib keldi. Boy degani yomon odam, uning mol-mulkini tortib olish kerak, mulla degani elni yoʻldan ozdiradi, uni badargʻa qilish kerak, degan chaqiriqlar chor-atrofga taraldi.

Jumaqulning taqdir peshonasiga bitgan qizaloq esa shundoqqina qoʻshni ovulda, Darali soyda ayni Buxoro amiri qizillar zarbidan taxtni tashlab qochgan yili amirning xazinachisi Muhiddin Mahsum Afgʻonga ketaman, deb yoʻldan adashib Langar Otaga kelib qolgan, shu joyning oʻzida soxta pul chiqarib Qalqama bozoridan bir suruv qoʻy-echki sotib olib, Urgut tarafga oshganda qizillar qoʻliga tushib, bor-yoʻgʻidan ayrilgan yili tugʻilgan edi. Bu xushruy chaqaloqqa Malika deb ism qoʻydilar. Barloslarning bitta tufori negadir oʻris bashara, sargʻishdan kelgan, koʻzlari zigʻir guliday koʻkish. Boshqasi esa bugʻdoyrang, surma koʻz. Erkaklari gʻuchchoq, miqti gavdali, xushbichim. Qiz-ayolining esa xunugini topib boʻlmaydi. Bamisli hilol kaklikday, chashmadan suv ichganida yupqa tomogʻidan bemalol koʻrinadi. Barlos momolar chaqaloq qizini goʻdakligida togʻ choʻqqisida oʻsadigan karavush giyohining iforli suviga koʻp choʻmiltirganidan qizning boʻyi yetar-yetmas yurganda yoʻl toʻlib, atrofga qalampirmunchoq va rayhon hidi aralash xushboʻy hid tarqaydigan boʻladi. Malika oyoq chiqargan paytida ham shunday shiringina qizaloq ediki, goʻyo yasqoq tosh ustida dirkillab bosh koʻtargan sumbulgiyohning navnihol paytiga oʻxshardi. Jumaqul oʻn toʻrt-oʻn besh yoshida qoʻshni ovulga qoʻy haydab borib, ammasinikiga tushgan, ammasi esa kichkina Malikani koʻrsatib, hademay kattarsa shu qizimni senga beraman, agar olmasang, boʻyningga toʻrva qilib osaman, deganda, uyalib ketib, qochib qolgandi. Oʻshanda eshitgani yana bir voqea ham sira yodidan koʻtarilmaydi. Daralisoyda bir mullaning uyidan Amir Temurning kattagina surati chiqib qolib, shu bahona mullani badargʻa qilishgani ham bor gap. Peshonada yozilganidan hech qayoqqa qochib qutilib boʻlmaydi. Jumaqulning otasiyu ikki akasi ham yoʻqsillar safida boʻlib, uch-toʻrtta mol-holi bilan kolxozga kirgan, eshonu xoʻja, boy yoki mullani koʻrsa yot-unsur, deb quvib haydaydiganlar tarafiga oʻtib olishgan edi. Hech kim oʻylab koʻrmaydi. Tani-joni sogʻ, aqlu farosati yetarli qay bir kimsa oʻz-oʻzidan yoʻqsil boʻlib qoladi. Kambagʻalni avvalo Xudoning bepul, beminnat oʻtin va suvidan qisadi, degan naql bor. Boshidan oʻsha ikki narsaga yolchimagan odamni noshukur, nodon deyishdan oʻzga chora yoʻq. Xoʻsh, kuch ishlatib boʻlsa ham boylarning mol-mulkini yalangoyoqlarga olib berildi, deylik, lekin yotib yeganga togʻ ham chidamaydi-ku. Kambagʻal yana kambagʻalligicha qolaveradi. Urush ortidan kelgan katta ocharchilikda hammadan burun qirilib ketganlar oʻshalar boʻldi.

Jumaqul yetti-sakkiz yoshida katta qishloqqa qatnab, chala-chulpa savod chiqardi va oʻn besh yoshidan kolxozga kirdi. Avval eshakboqar, keyin otboqar boʻldi. Samarqandga borib uch oylik zootexniklar tayyorlash kursida oʻqib keldi. Yigirmaga kirganida barvasta yigit boʻlib, otda qiyshayib oʻtirib olib, otarma-otar aylanadigan ferma mudiri boʻldi. Hademay oʻris inqilobchisi Jdanov nomidagi kolxozga rais boʻladigan shashti bor. Biroq bu adoqdagi Katta qishloqda tuzilgan “Yangi turmush”kolxozidan katta farq qiladi. Unda chorva yaylovlari, dehqonchilik uchun yer maydonlari, katta-katta uzumzorlar bor. Jdanovda chorvaga qulaylik mavjud, ammo gʻalla ekiladigan yerlar yoʻq, hisobi. Togʻ orasidagi qir-adirlarda, parcha-burish qiyaliklarda qoʻsh haydab, ketmon chopiq qilib arpa-bugʻdoy ekishadi. Gʻallani qoʻl bilan oʻrib, bogʻlab, ot-hoʻkiz bilan yanchib-sovurib, qoplab eshakka ortib, “Qizil karvon” qilib salkam 150 chaqirim keladigan Choʻmich stansiyasiga tashiydilar. Toʻrt-beshta mahmadona qariyalar bu haqda ariza koʻtarib, poytaxt Samarqandga, Yoʻldosh ota Oxunboboyev huzuriga borishgani rost. Ota gʻamxoʻrlik qilib Jdanovdan gʻalla rejasini olib tashlagach, kolxozning tashvishi bir yoqli boʻldi. Ishlab charchamaydigan, yeb toʻymaydigan kolxoz faoli Jumaqulni zamonasining chinakam fidoyisi, desa boʻlardi.

Bu yoqda Malika qiz ham oʻn beshdan oshsammi-oshmasammi, deb turgan, tushlarida toʻlgʻonib uygʻonadigan, oʻzini-oʻzi hidlab mast boʻladigan pallaga kirib qolgandi. Ona sovliq yangi tuqqanida gelagay qilib, shopirib-shopirib, hur-hur ichganmisiz? Malikaning sevimli taomi bu. Uning aʼzoyi-badani xuddi oʻsha ogʻiz suti rangida. Oʻtovga egilib kirganidan maʼlumki, qaddi-qomatiga gap yoʻq. Oʻsma-surmani sira koʻrmagan egma qoshu qayrilma kipriklar qunduz qora, taniqli rassom moʻyqalamidan chiqqanday shirin lahjada “voy, man vulay” deb ikki gapirib, bir kulganida oʻtov ichlari tugul, Darali soyga ham inju – sadaf toʻkiladi. Bor-yoʻgʻi bir qir naridagi Jumaqulboyga fotiha qilinganidan beri shosha-pisha dastroʻmol, belqars tikayotgan, ularning girdo-girdiga pirpirak munchoq oʻtkazayotgan qizning tunu kun oʻylagani shul: “Mana shu oʻrtadagi katta qir kelin boʻlib ketayotganimda choʻkkan tuyaday pasayib tursa bas…”

Orzuga ayb yoʻq. Burun zamon boʻlganida Malika qizning qaliniga ming qoʻy bersa ham kamlik qilardi. Kolxozning qoʻyini ichidagi bolasi ham hisoblik. Jumaqulning otasi Qodirqulning eshigida ham qora-qurasi kamgina. Shappati bilan yuz qizartirib yuradi. Ogʻriq zarbidan bir paslik qizargan yuz, darrov oʻz holiga qaytib boʻzrayib turaveradi.

Qiz otasi ham “tengini topsang, tekin ber” qabilida ish tutib, el koʻziga Qodirquldan bor-yoʻgʻi ikki uloq, tishi tushgan qari sovliq olib, oʻzidan qoʻshib-chatib, asragan qizil gulini oʻrab-chirmab”katta” toʻy-tomosha qilib uzatganida ota-onaning himmati balandligini koʻring, deb maqtaydigan koʻp boʻldi. Hafsalaning zoʻrligini qarang, barlosning shirinkor oʻlanchi ayollari biri qoʻyib, biri olib, shundayam aytishdiki, kelin-kuyovning qadru qimmati shunda bilindi. Xayriyatki, Jdanov kolxozining raisi, Jumaqulning tugʻishgan akasi yoʻgʻon soniga tamgʻa urilgan oq boʻz otini kelin olib kelishga berib turdi. Kuyov joʻrayu qiz dugonalar qiyqirib qirdan oshdi. Oq kigiz yopilgan oʻtovga chimildiq tortildi. Eski paranjiga oʻralgan kelin bola yantoq oʻtin yoqilgan olovdan aylandi. Taʼzimga shaylandi. Misli farishta. Buyogʻini chimildiq qilar sarishta. Toʻgʻrisi, qolgan joyini aytishga qizgʻandim. Endi kuch-quvvatni, barakayu omadni kelin-kuyovga bersin.

Umidvor dehqon, boʻgʻirsoq dala, binoyi shudgor, yogʻin-sochin moʻl. Olganiga shukur, berganiga shukur. Malikaxon gʻayrat qilib uch yil ichida birin-ketin peshonasi doʻng qoʻchqorday ikki oʻgʻil tugʻib berdi. Sut ustida tugʻilgani uchun har ikkisi egizak kabi oʻsaberdi. Jumaqul ham qarab turmadi. “Kadrovoy armiya”ga olingan akasi oʻrniga rais boʻldi. Eng qizigʻi hali buyoqda. Oʻgʻillari Gʻulom, Qahramonlarga atab, yangicha usulda “dangʻillama” uy soldi. Bunaqasi Sarkentida yagona. Atrof ovullarda ham yoʻq hisobi. Barloslar koʻklamdan yoz boʻyi, kuz oxirigacha yaylovma-yaylov oʻtov tikib, koʻchib yurar, bu joylarni Yonayurt deb atar, qish oldi yaylov qaytdi qilib Sarkentiga koʻch-koʻronini ortib qaytib kelar, yarim yertoʻla, qorongʻu, ammo issiqqina kulbalarda yashashar, qoʻy-qoʻzixonalari naridan beri qurilgan, pastakkina edi. Keyinchalik kolxoz chorvasi uchun qoʻrayu qoʻtonlar, choʻponlar bop oʻtovlar qurilgani maʼlum. Jumaqul oʻzini tamoman yangi zamon odami, deb his qilib katta qishloqdan mardikor usta chaqirib reja ip tortib, chor kunjakli imorat poydevoriga tosh va somonli loy tashlab ustidan paxsa urdirib, eshik-tuynukli bir uy, bir dahliz qurdiki, raisning bu qilmishiga boshqalar tugul, otasi ham hayron qoldi. Axir katta qishloqda ham, Samarqandda ham, koʻpdan beri odamlar shunday keng, bahavo, tokcha-tuynukli uylarda yashashadi-ku. Ulardan bizning qayerimiz kam, nahotki biznikilar bundan bexabar boʻlsa? Nechta qoʻy ketsa-ketsin, bu bilan ishi yoʻq. Jumaqul shunday imoratni qurdi. Qurishga jurʼat qildi. Hatto ich-tashini ohak bilan oqlatib, katta xonasiga gul kestirdi. Bir-biriga intilishayotgan, don olishayotgan koʻk kaptarlar surati guldor xonaga yarashib tushdi. Jumaqul bu kaptarlarni Malikaga koʻrsatib, biri sen, biri men, deyishdan ham toymaydi. Hali yana bir gala, kamida yettita kaptar suratini chizdiraman, deb oʻyladi ichida. Ovuldoshlarning hammasi kelib koʻrdi. Bu uyda yana bir yangilik. Tokchada patefon degan quti qoʻshiq aytib turardi. Yo tavba, temir quti qanday gapiradi? Birov havas qildi, birov hasad. Ayollar esa”boʻl-boʻl, raisning xotini boʻl” deb rosa kuyindi…

Esiz, esiz, endi kun koʻrdim deganda, baloyi ofat yopirilib urush boshlanib qoldi. Odam bolasi boshiga tushadigan barcha kulfatlarning onasi edi mudhish kasofat. Har qanday tirik jon uning domiga ilinmasdan qolmaydi. Ovuldagilarni ishga, dalaga chorlab har kuni ikki marta chalinadigan zang uch kun uzunasiga betoʻxtov chalindi. Uning mudhish ovozidan hatto devonalar ham seskandi. Itlar beixtiyor kechayu kunduz osmonga qarab hura boshladi. Odamxoʻr Eshnazar bosmachi yana tirilipti, dedi allakim. Shu paytgacha hech kimning xayoliga kelmagan “safarbarlik” soʻzi el-yurtga hokim va xoʻjayin boʻlib oldi. Endi hammaning ogʻzida bitta qoʻshiq: “Boʻlsang yigit, boʻlsang hamki chol, qoʻlingga qurol ol!”

Jumaqul yaqindagina jildiga dohiy surati tushirilgan choʻgʻday qizil firqalik biletini qoʻlga olgan, koʻksiga bosgan. Yurakka yaqin joyda lahcha choʻgʻday kuydirib turibdi. Qarang-a, bir tomonda qoʻsh kabutar surati chizilgan uy, qoʻsh oʻgʻil, aʼzoyi badanidan sut anqiydigan xushroʻy kelinchak. Bir tomonda dohiy va urush. Kimni desin? Hammasiyam unga aziz…

Oʻsha kuni rais bir qarorga keldi. Ovuldoshlar, kattayu kichikni idora yoniga toʻplab, yigʻilish qildi. Oʻrtoq Stalinning murojaatini oʻqib berdi.

– Endi raislikni ayollar ham qilaberadi, – dedi u hayqirib, – Bizning joyimiz front! Dohiy Stalin shunday degan. Qani kim biz bilan ketadi? Avval koʻngillilar roʻyxatga yozilsin. Birinchi Qodirovlardan boshlaymiz. Akamiz allaqachon oʻsha yoqda. Kichik akamiz bilan mana men ketaman. Bir, ikki, uch. Kim qoʻrqoqlik qilsa, shartta otib tashlanadi. Oʻzim otib tashlayman.

Toʻda ichidan kimlarningdir badanida chumoli oʻrmaladi, kimdir dagʻ-dagʻ titray boshladi. Jumaqul rais oʻsha kuni kuyib-yonib gapirdi. Qaniydi, uning shu vajohatini oʻrtoq Stalinning shaxsan oʻzi koʻrsa. Hech boʻlmasa qizil bilet bergan raykom buva koʻrsa… Yelkasiga qoqib “balli-balli, mard yigit”, deb olqishlab qoʻygan boʻlarmidi?

Jumaqul shu ketishda naq uch yil ketdi. Avvaliga uchburchakli, chumchuq tiliday xatlar birin-ketin kelib turdi. Oradan bir yil oʻtar-oʻtmas havoga uchganday taqa-taq toʻxtab qoldi. Bir emas, uch oʻgʻlidan xat-xabar kutib charchagan onaizor yotib qoldi. Birdaniga ikki oʻgʻlidan “qora xat” olgan ota bu dahshatni kampiriga bildirmayin, deb qancha urindi, boʻlmadi. Axiri uyam kampirining yoniga choʻzildi. Titrab-titrab urayotgan yuraklar togʻday tegirmon toshlar orasiga tushib qolgan bir dona kichik donday yanchilib borardi. Jabr-zulm bilan aylanayotgan vahshat tegirmoniga ocharchilik, degan baloyi ofat zardobli suvidan tinimsiz quyaverdi-quyaverdi. Bunday azob tegirmonlari goʻyo ovulning har bitta xonadonida ataylab ishlab yotardi. Bu togʻiston bagʻrida bir hovuch don sepib, ekib olay desang, havorgina yerning oʻzi yoʻq. Baʼzi birovlar janda-jobigʻni yagʻir eshakka ortib, togʻ osha Samarqand tarafga non qidirib ketdi. Bu yoqda qolganlar esa yovvoyi jonzotlar kabi ildiz terib yeya boshladi. Isitma, bezgak kasali uyma-uy izgʻib yurardi. Non, non deb jon berayotganlarning mozori yoʻq. Avvaliga kampir shoʻrlik, izidan ota bechora bandalikni bajo keltirdi. Ega boʻlib, birin-ketin oʻlik koʻmgan Malikaning yigʻlay-yigʻlay koʻzlarida yosh qolmadi. Koʻmish marosimiga noiloj boradigan odam bir kosa suyuq atala ichib olmasa, oʻlikni koʻtarib borishga ham, goʻr qazishga ham tinka-madori yoʻq. Oʻlikda ham, tirikda ham qadr-qimmat qolmadi. Malika katta oʻgʻlini tuproqqa berib kelganida Jumaquldan xat keldi. U birinchi boʻlib Gʻulomjonni yoʻqlagan edi. Gʻulomjonning esa otasini kutib oladigan koʻzlariga tuproq toʻlgandi. Oradan yil oʻtar-oʻtmas Qahramonjon ham otasining urushdan qahramon boʻlib qaytishini kutmay, norasida holida jannatga ravona boʻldi. Hech narsa totinmay, issigʻi tushmay, uyam onasi qoʻlida jon berdi. Pari-paykar nomini olgan, kabutar surati solinib, oppoq qilib bezatilgan uy sohibasi qoʻsh oʻgʻlonidan ajralib, yogʻga tashlangan qoʻziqorinday bujmayib qoldi. Naqsh olmaday tarang yuzlariga bevaqt ajin tushdi. Uzun sochlari toʻkilib, yarmigacha oq oraladi. Oddiy askar Jumaqul Qodirov urushda qon kechib, jon olib, jon berdi. Kamida oʻn joyidan yarador boʻlib, aʼzoyi badani ilma teshik boʻlib ketdi. Har safar oʻlim bilan yuzma-yuz kelganida, lop etib koʻz oldiga qoʻsh kabutar surati chizilgan uy va uy ichida qoʻsh beshik tebratib allalayotgan Malika kelar, ularni hech boʻlmasa bir marta koʻrmay oʻlmaslikka qasam ichar va bu qasamdan ilohiy kuch olib, oyoqqa turib ketar edi. Oxirgi marta boshidan ogʻir jarohat olib, harbiy gospitalda uzoq yotdi. Jinni sifat boʻlib qolgandi. Koʻkragiga “Qizil yulduz” ordeni taqilganda ham oʻzini oʻnglab-oʻnglolmay turgan pallasi edi. Yurak betoʻxtov kuyishar, bosh goʻyo arining uyasi edi. Nihoyat uyga javob berishdi. Oʻshanda manzil-makonini zoʻr-bazoʻr eslay oldi. Xotira deyarli yoʻqolib boʻlgandi. Baribir yurt mehri, qadrdon uy oʻziga ohangrabo kabi tortar ekan. Haftalab yoʻl yurib, oʻz uyiga arang yetib kelganida esa koʻrgan-kechirganlaridan yana esi ogʻib qolayozdi. Ota-ona, atak-chechak qilib qolgan ikki oʻgʻildan ayrilgan, tuxumday qilib oqlangan naqshli uyning tomidan chakki oʻtaverib devoridan zardob oqib xarob boʻlgan, rangin gilamlar nochorlikdan sotib yuborilgan shekilli, uy qip-yalangʻoch, gilam oʻrniga xas-toʻshak toʻshab qoʻyilgan edi. Bechora kaptarlar, ularni kaptar deyishga til bormasdi. Shiftdan devor boʻylab oqqan loyqa suv kaptarlar jismini ming boʻlakka ajratib, tigʻibaron qilgandi.

– Yoʻq-yoʻq, bunday boʻlishi mumkin emas. Malika, mening Malikam, qaydasan? Gʻulomjon, Qahramonjon, kaptarlarim qani?

Hech kim javob qilmadi. Jumaqul uydan tashqariga chiqib, toʻppa-toʻgʻri osmonga qarab, shunday oʻkirdiki, bu oʻkirik bolasini oldirib qoʻygan ona boʻri nolasidan, juftini yoʻqotgan arslon nolasidan ham ayanchli boʻlib, baland togʻlarni-da zirillatib, Sarkenti ovulini dirillatib yubordi. Joni bor qoʻni-qoʻshnilar, qari-qartang qiy-chuv qilib izillab yetib kelganda Jumaqulning aʼzoyi badanini qaltiroq tutib ogʻzidan koʻpik sochib, koʻzlari hech narsani koʻrmay qolgan, shuncha uqubat, jangu jadal koʻrgan polvon yigit ustidagi harbiy kiyimni, medallarini ham unutib, yosh boladay tuproqqa agʻanab, yer mushtlab qargʻab, soʻkinar, nima qilayotganiga tushunib boʻlmas, oʻzini batamom unutib qoʻygandi. Hech kim unga yaqinlashishga jurʼat qilolmas, yirtiq-yamoq, och-yupun uch-toʻrt bola unga qoʻshilib izillab yigʻlashdan boshqa chora topolmasdi. Xayriyatki, Afgʻonu Rumda boʻlib tabiblikni oʻrganib qaytgan, har qanday dardning shifosini biladigan Abdulla tabib yetib kelib, Jumaqulni yupatib, tinchitishning chorasini topdi. Qaydandir muzday chashma suvi solingan idishqovoq koʻtarib kelib, undan qoʻllariga suv olib, devona boʻlayozgan askarning yuz-qoʻllariga sepa boshladi:

– Bismillohir rahmonir rahiym. Lo havla vala quvvata illo billahil aliyul aziym. Ket, ket, ha, shaytonilain!

Shunday muolaja uch marta takrorlangach, Jumaqul birdan jimib qoldi. Tevarak-atrofga tikilib-tikilib qaray boshladi. Abdulla tabib shoshib borib uning qoʻliga idishqovoqni tutqazdi.

– Ma, bolam, ich, ichib ol, toʻyib-toʻyib ich. Oʻzing ichib kattargan Jonbuloqning suvidan, judayam shifobaxsh.

Jumaqul hech ikkilanmay bir koʻtarishda sipqordi. Endi Jumaqul batamom oʻziga kelgan edi. Uyalganday boʻlib oʻrnidan turib, usti-boshini qoqib, tomoq qirib besh yulduz tamgʻali kamari ostidan chiqib qolgan koʻylagi barini tortib qoʻyib Abdulla tabibga quchogʻini ochdi.

– Abdulla togʻa, sogʻ-omon bormisiz? Sattorquldan xat-xabar bormi? U bizdan Jitomirda ajralib ketgandi. Keyin koʻrmadim.

– Voy, togʻa degan tillaringdan aylanay, oʻzimdi rais jiyanim. Sogʻ-omon bormisan? Odamni qoʻrqitib yubording-ku! Qahramon jiyanim, manovi nishonlaring muborak! Qirq yil qiron kelsa, ajali yetgan oʻladi. Ota-onangni kuni kalta ekan. Bandalik qildi. Koʻnmayin ilojing yoʻq. Malikang – mening chiroyli kelinim chopqillab yuribdi. Mozor boshiga ketgandi, hali zamon kep qoladi. Qoʻsha-qoʻsha oʻgʻil-qiz koʻrasizlar. Oʻzi berib, oʻzi olganiga sira oʻksinma, bolam. Xudoning qahri keladi. Sen yigitsan, erkaksan, boshingni koʻtar! Malikani endi oʻzing ovutib ol! Ana, kelyapti bechora…

– Raisjon, meni kechiring, bolalarimni asrab qololmadim, ota-onamizni asrab qololmadim. Meni kechiring, raisjon. Meni urib oʻldirsangiz ham roziman.

– Yoʻq, yoʻq, Malika, unday dema, sen aybdor emassan. Hammasiga kasofat urush aybdor. Enagʻar Gitler aybdor. Hali u hezalakka koʻrsatib qoʻyaman. Oʻrtoq Stalin baribir gʻalaba qiladi. Hozir dushmanga sichqonning ini ming tanga boʻlib qolgan.

Malika otasi tengi tabibdan iymanib erining koʻksiga bosh qoʻydi. Muzday sovuq temirlar – yulduzli medallar Jumaqulning koʻksida urib turgan yurak zarblariga yoʻl bermasdi. Tebranib, jiringlab xalaqit berardi.

Oh, oʻz uying – oʻlan toʻshaging. Koʻz ochib koʻrganing yoningda boʻlsa, qorongʻu tunda ham chiroqning hech keragi yoʻq. Ular bir-birini toʻyib-toʻyib hidlab mast boʻlib uxlab qoldilar. Ola-chalpoq boʻlsayam, oqlangan uy, oppoq tong yogʻdusida yanada yorishib turardi. Malika erining quchogʻidan chiqib, dahlizga oʻtib yuvinib-taranib oldida, qaydadir qolib ketgan choʻltoq supurgini topib, eshikni supura boshladi. Jumaqul uch yil orasida bugungiday tiniqib uxlamagan edi. Tush ham koʻrmadi. Bosriqmadi ham, yarador joylari zirqirab ogʻrimadi ham. Qora qumgʻonga solinib oʻchoqqa qoʻyilgan suv biqirlab qaynaganda sakrab oʻrnidan turdi. Malika idishqovoqda iliqqina suv quyib turdi. Jumaqul pishqirib yuvindi. Harbiy koʻylagini kiyib, ustidan kuyovlik toʻnini yelkasiga ildi. Yuk xaltasini ochib, ikki boʻlak qora non, qand-qurslarni dasturxonga qoʻydi. Ikki oʻgʻilchasiga atab olgan sovgʻa-salomini koʻrsatgisi kelmadi. Ikkovlon birga choy ichib, tamaddi qilishdi. Nonushta payti er-xotin bir-birini zimdan kuzatdi…

Er: Ozib-toʻzib ketipti, yolchitib non yemagan. Kasalmand bolalarga qarash, qoʻlida jon berdirish, qaysi ayolning yuragini ezmaydi.

Xotin: Bechora erim, urushda rosa qiynalipti. Yarador boʻlmagan joyi yoʻq. Ey, men nima deb oʻylayapman, joni omon qopti-ku. Ne-ne azamatlar urushdan qaytmadi. Toʻrt muchasi sogʻ-omon qaytipti-ku. Xayriyat, yetkazganiga shukur!

Oʻshanda kech kuz edi. Dov-daraxtlar xazon faslini oʻtkazib, deyarli yalangʻoch boʻlib qolgandi. Oʻrik shoxlaridagi soʻnggi yaproqlar tanadan ajralgisi, bandidan uzilgisi kelmay soʻnggi bayroqcha boʻlib hilpirab turardi. Qayragʻoch barglari esa qor va izgʻirinni koʻradi. Jumaqul hamon harbiy koʻylak-shimda, hatto qalin paytavasini ham tashlamagan. Bir kuni qish oldidan oʻylab yurgan ishini qildi. Qoʻliga temirtak pichoq olib qoʻsh kabutar chizilgan devorni qirib tashladi. Atala loy qilib ustini suvab chiqdi. Bunga ham qoniqmay burchakdagi gʻisht pechni ham buzib tashladi. Kunjakdan sandal-oʻchoq ochib, tol yogʻochdan sandal yasab oʻrnatdi. Deraza-romlaru eshik-tuynukni yopib tashladi. Ana endi qish degani kelaversin. Bu yerning qishi Jumaqul koʻrgan qishlar oldida moyli halvoday gap. Ular qahraton qishni bir amallab oʻtkazishdi. Koʻklamning iliq kunlarida Jumaqulni yana frontga joʻnatishdi. Endi dushman zoʻr berib chekinayotgan, alamzada kasofatlar egallab turgan joylariga oʻt qoʻyib ketayotgan edi. Endi gazandani oʻz uyida yanchib tashlash uchun izma-iz quvib borish va Berlinda qizil bayroqni oʻrnatish kerak. Xuddi shunday boʻldi ham. Jumaqul Reyxstag ustiga alvon bayroq ilinganini koʻrdi. Nohaq toʻkilgan daryo-daryo qon shuʼlasi oftobni-da qoraytirib yuborgan edi. Biroq bu urushdagi Gʻalaba. Har bir tirik qolgan askar qadri har nedan baland. Uning ortidagi chek-chegarasiz Vatan undanam qadrli. Oʻlmagan qul baribir yutadi. Jumaqul koʻp bor yaralandi. Palagi toza nasl darrov oʻnglanib tuzalib ketaverdi. Oʻlim degani dogʻda qolaverdi. Gʻoliblik koʻp qatori uning ham chekida bor ekan, koʻksini orden-medalga toʻldirib yurtga qaytdi. Yurt esa xarobdan-xarob boʻlib yotardi. Oddiy askar Jumaqul Qodirov bir paytlar ovulda yagona boʻlgan uyini buzib, ustini ochib, undan chiqqan archa bolorlarni koʻzi qiymay, katta qishloq adogʻidan yana uy tikladi. Oddiygina loy suvoq tom. Boshqalardan ziyod joyi yoʻq. Agar ozgina oqlatib gul kestirsa, koʻz tegib qoladiganday, vassa juftli loy suvoq uyda tinchgina yashab turishni hammasidan afzal bildi. Toʻrt-beshta oʻgʻil-qizlari kattargandan keyin ham uy-joyini yangilashga shoshmadi. Hamma tomini shifer qilganida, oddiy askar bungayam loqayd qaradi. Urushdan keyingi oʻn yillik bus-butunicha tiklashga qaratildi. Ish haqi, mehnatga toʻlanadigan pul goʻyo qimmatbaho qogʻoz-zayomga aylandi. Odamlar tinmay bir oy ishlab, uzoq muddatli tilla zayom – quruq qogʻozga egalik qilaverdi. Qashshoqlik esa davom etaverdi. Pul bermay ishlatadigan hukumat bor boʻlsin. Hali zoʻr boʻladi, biz albatta kommunizm quramiz, deya oʻzini ham, bolalarini ham yupatardi Jumaqul firqa. Bizda hammadan zoʻr deyishdan uyalmasdi boshqalar ham. Kommunizmga bor-yoʻgʻi yigirma yil qoldi-ya, ha denglar deb, javrardi. Bir vaqt “Qayta qurish” boshlandi. Bechora Malika “Qayta qurish”ni ham koʻrmay jigar kasalidan vafot etdi. Toʻngʻich qizi Tursuntoshni kuyovga uzatishga ham ulgurmadi. Ilashboy oʻgʻlining uylanish toʻyini ham koʻrmadi shoʻrlik. Tanadagi jarohatlarni nazar-pisand qilmay kelayotgan Jumaqul firqa birdan choʻkib qoldi. Bora-bora qand kasali, degani chiqdi. “Kommunizm”ning esa uch-quyrugʻi ham koʻrinmasdi. Mabodo toʻsatdan koʻrinish berib qolsa ham uni roʻy-rost tanib olish uchun firqaning koʻzlari ham xira tortib qolgandi. “Qayta qurish” yurakka vahima solib qoʻydi. “Paxta ishi” degan baloyi ofat yopirilib ne-ne azamat yigitlar qamalib ketdi. Olim paxtakor oʻgʻlining xoʻjalikda ozgina rais boʻlib ishlab, nohaq jabrlanganidan gʻazabi qoʻzigan quroldosh doʻsti Obiddin firqa naq Moskovga ariza koʻtarib borib, noumid qaytib kelib, yotib qoldiyu, jon berib qutuldi. Ota-onang oʻlsa-oʻlsin, qadrdoning oʻlmasin. Jumaqul firqa joʻralari Obiddin firqaga ham, Mamatqul raisga ham koʻp kuydi. Endi oʻziga ham navbat kelib qolganday edi. Tan mahraming, yor-birodaring birin-ketin ketaversa, ogʻzingdagi tishingni biroviga qurt tushsa, boshqalariga zil ketganday bezovta boʻlmaydigan odamning oʻzi yoʻq. Dori-darmon ham orzu-umidi uzilgan odamga yaraydi. Jumaqul boboning umid oti judayam toliqqan, oʻzining ham tappa tashlasa qaytib turmaydigan shashti bor. Xayriyatki, oʻsha kunlarda qishloqda epkinli xabar tarqaldi. Viloyatning birinchi rahbari shaxsan oʻzi kelib urush faxriylari bilan uchrashar emish. Jumaqul boboni ham qoʻyarda-qoʻymay olib ketishdi. Bobo “Qizil yulduz” ordenini yaktagi yoqasiga teshib-taqib olgan edi. Birinchi rahbar faxriylar bilan obdon suhbat qurdi. Hol-ahvol soʻradi, aynan Jumaqul otaga toʻxtalib, bir-ikki shirin soʻz bilan koʻnglini koʻtardi. Tezda yotib davolanishni maslahat berdi. Hali yaxshi zamon keladi, yasharib ketasizlar, deya hazil-huzul qilib, toliqqan umid otini qanotlantirdi. Faxriylar quvonib qaytishdi.

Ertasiga ertalab yap-yangi “Tez yordam” mashinasi Jumaqul boboning eshigi yoniga kelib toʻxtadi. Oppoq xalat kiygan ikki yosh yigit tortinmay, otani qoʻyarda-qoʻymay qoʻltigʻidan suyab, uydan olib chiqishdi.

– Siz ordenli frontovoy Jumaqul Qodirovsiz-a? Biz naq Shahrisabz shahrining oʻzidan keldik. Birinchi rahbarning topshirigʻi. Sizni har tomonlama yaxshilab davolashimiz kerak. Hammasi davlat hisobidan boʻladi. Yuravering, qaytishda manovi hassani tashlab qaytasiz. Garantiya!

Jumaqul firqa bunday mehribonchilikni yaqin orada koʻrmagan edi. Hiq-hiq etib oʻpkasi toʻldi. Xira tortib qolgan koʻzlariga yosh keldi.

– Rahmat bolam, tuzalganday boʻldim. Iloyim oʻsha rahbarimizning umrini uzoq, rizqini moʻl qilsin! Bu odamda bir neklik koʻryapman. Kecha oqshom tushimga kirgan edi. Oq ot minib olgan emish. Keling ota, sizni otga mindirib katta shaharga olib ketaman, dermish. Men bir nogiron, yarim jon odam, otga minolmayman, deb unamagan edim. Mana bugun mashina yuboripti, otasiga rahmat. Baraka topsin!

Jumaqul firqa roppa-rosa bir oy Shahrisabzning soʻlim va bahavo joyidagi bemorxonada yotib davolandi. Jon-jonlab, jon beradigan doʻxtirlar, faqat qanoti yoʻq farishta hamshiralar otani boshiga koʻtarishdi. Oq yuvib, oq tarab muolaja qilishdi. Xuddi moʻjizaning oʻzi. Oʻn besh kun oʻtar-oʻtmas darmonga enib, koʻzlari ravshan tortib hassasiz yuradigan boʻldiyu, “ketaman”lab qoldi. Koʻngil tubida choʻkib yotgan orzular jonlangan edi.

– Qizimni chiqarishim, kenjamni uylantirishim kerak…

– Siz barvaqt ketib qolsangiz, biz kattaga nima deymiz, – deyishdi doʻxtirlar.

– Tilimdan “tilxat” beraman, soppa-sogʻman.

– Ukol-dorilaringiz bir sira tugasin, keyin mayli.

Otasi shifoxonadan tuzalib qaytgan kuni Ilashjon bir qoʻy soʻyib qon chiqardi. Izi toʻyga ulashib ketdi. Ukasiga kelin qildi, singlisini uzatdi. Qoʻsh kelin oʻrtada qaynotaga rosa qarashdi. Bolalaridan qarzini qutilgan ota qushday yengil tortib qolgan edi.

– Endi Malika momongizning yoniga ketsam boʻladi. Tushimga koʻp kirayapti, sogʻinib qolgan shekilli.

– Yoʻq-yoʻq, unday demang, hali nevara-chevaralaringizning ham toʻyini koʻrasiz, – deyishardi bolalar.

– Mayli, mayli, taqdir qilsa koʻramiz…

Oradan toʻrt-besh yil oʻtib, bir kuni maktabdan qaytgan toʻrt nevara bobosi yoniga birvarakayiga salom berib, kirdi. Xayolga choʻmib oʻtirgan chol beixtiyor choʻchib tushdi. Koʻksiga tuf-tuflab “bor jonimay” deya salomga alik oldi.

Katta nevara ogʻzini toʻldirib gap boshladi.

– Bova-chi, bova, biz Mustaqil boʻldik. Yurtboshimiz shunday deb eʼlon qildi. Endi bizga mazza boʻldi. Bobojon, sizgayam muborak boʻlsin!

– Sizlarga muborak boʻlsin, bolalarim. Aytdima, oʻsha birinchi rahbarda bir neklik bor, deb. Oq ot mingani bejiz emas ekan. Aniq, otning jilovida Xizr buva boʻlgan…

Otaga qattiq suyunish ham ogʻirlik qilardi. Uning xasta yuragi bu quvonchni koʻtara olmadi. Birdan tez urib, keyin sekinlab qoldi. Qon bosimi tushib ketib, rangi dokaday oqardi. Hovliqib yetib kelgan Ilashjon rozi-rizolik tilashga ham ulgurmadi. Otasi ogʻzidan uch marta “Xudoga shukur” jumlasini eshitdi, xolos. Kulib turib, jon bergan otaning yuz-koʻzlarida yop-yorugʻ tabassum qotib qolgan edi…

 

Gʻozi RAHMON

 

“Yoshlik”, 2015 yil 5-son

https://saviya.uz/ijod/nasr/qosh-kabutar-chizilgan-uy/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x