Yurtimizdagi meʼmoriy obidalaru noyob yodgorliklar ajdodlarimizning buyuk aql-tafakkurga, chuqur bilimga ega boʻlganidan dalolat. Ana shunday obidalardan biri Navoiy viloyati Karmana tumani hududida, xalqaro aeroportning shundoq yonida, Samarqand va Buxoroni bogʻlovchi katta yoʻl boʻyidagi sardobadir.
Sardobaning oʻzi nima? Suv tanqis boʻlgan hududlarda uni toʻplash va muzday holda saqlash uchun aylana devorli, yuqori qismi aʼlo sifatli pishiq gʻisht va ganchdan gumbaz shaklida maxsus qurilgan, atrofida suv kiradigan teshiklari boʻlgan hovuz. Shuningdek, sardobaning “Sovuq suv” maʼnosini (fors-tojikcha “sard” – “sovuq”, “ob” – “suv”) anglatuvchi talqini ham mavjud.
Oʻninchi asrda bunyod etilgan mazkur inshoot shu yerdagi Raboti Malik karvonsaroyi bilan birga rivojlanib keldi. Karvonsaroyning oʻzi Buxoro hukmdori Shamsulmulk Nosir ibn Ibrohim davrida (1068–1080) barpo etilgan. Karvonsaroy hamda sardobaga ishlatilgan qurilish materiallari bir xil. Bu sardoba ham aynan oʻsha davrlarda qurilganidan darak beradi. Oʻtgan vaqt ichida inshoot bir necha bor taʼmirlangan.
Sardobaning qurilishi, tuzilishi har qanday kishini hayratga solmay qoʻymaydi. Devorining qalinligi 1,5 metr, diametri 12 metr. Balandligi suv ostidan gumbazi tuynugigacha 18 metr. Sifatli, gilli pishgan gʻishtdan qurilgan. Yana bir eʼtiborli tomoni – yon tuynuklar. Inshootning silindr qismi tugab, gumbaz boshlanishi bilan toʻrt tomonidan eni 1,1 metr, balandligi 1,5 metr boʻlgan toʻynuklar qoldirilgan. Ushbu toʻynuklar muhim vazifani bajargan, albatta. Ichidagi suv iflos boʻlmasligi uchun atrofi devor bilan oʻralgan.
Qishda qor-yomgʻir suvlari koʻmir va tuya juni orqali tozalanib (filtrlanib), sekinlik bilan sardoba ichiga yigʻilgan. Suvning yaxshi va muzday saqlanishi hamda sizot suvlar aralashib ketmasligi uchun hovuz ganchli yumaloq gʻishtlar bilan qoplangan. Suv bugʻlanishini kamaytirish maqsadida hovuzning usti yopilgan. Gʻishtlar ustidan saksovul koʻmiri toʻshalib, uch qavat tuya junidan tayyorlangan kigiz tashlangan. Bunda saksovul koʻmiri va kigiz suvni turli zararli tuzlaru bakteriyalardan tozalovchi filtr vazifasini bajargan. Ganch, pishgan gʻisht va uning tagiga solingan mol terisi suvning yerga shimilib ketishi oldini olgan. Maʼlumotlarda keltirilishicha, bitta sardoba besh-yetti yil davomida qurilgan ekan. Sardoba yonida qorovulxona boʻlgan va qattiq qoʻriqlangan.
Ulugʻbek JUMAYEV
https://saviya.uz/turfa-olam/qaynoq-choldagi-muzdek-suv/