“Yurt kelajagi – 2015” iqtidorli yoshlar koʻrik-tanlovi gʻolibi Kamoliddin Mamadaliyev qiyofasiga chizgilar
U arxitekturaga yoʻlni haykaltaroshlik orqali topdi. Bu ikki sanʼat qanday qilib bitta qalbda uygʻunlashdi, deb oʻylashingiz tabiiy. Qahramonimizning aytishicha, qadimda meʼmorlar koʻp hunarlardan, jumladan, haykaltaroshlikdan ham yaxshigina xabardor boʻlgan. Ushbu kasb egalari imoratlarni loyihalash va qurishdan tashqari, bezak ishlari bilan ham shaxsan oʻzlari shugʻullangan.
Bolalikdan sanʼatga mehr qoʻygan Kamoliddin Boʻka tumanidagi 53-umumtaʼlim maktabini tamomlagach, respublika rassomlik kollejida oʻqishni davom ettirish uchun poytaxtga keldi. Haykaltaroshlik bilan shu yerda oshno tutindi. Mazkur sanʼatning tarixini chuqur oʻrganib, arxitektura bilan uzviy bogʻliqligini angladi. Nihoyat, oldiga qatʼiy maqsad qoʻydi: “Men, albatta, yetuk meʼmor boʻlishim kerak!”
Hozir Kamoliddin Toshkent arxitektura-qurilish institutining oxirgi bosqichida tahsil olmoqda. Oʻtgan toʻrt yil mobaynida kasbining sir-asrorini puxta oʻrgandi, baland-pastini koʻrdi. Bir qancha kreativ loyihalarni ishlab chiqib, amalga oshirdi. Qahramonimizni boshqa koʻplab tengdoshlari, hatto hamkasblaridan farqlab turadigan jihati ham shu – oʻziga xoslikka intilish. U qaysi loyihaga qoʻl urmasin, hamisha noanʼanaviy yechimlar izlaydi.
Kamoliddinning iqtidorini shu yil oʻtkazilgan “Yurt kelajagi” koʻrik-tanlovining nufuzli hakamlar hayʼati ham eʼtirof etdi. Oʻnlab iqtidor sohiblari – arxitektura yoʻnalishida ijod qilib kelayotgan yoshlarning asarlari orasidan aynan Kamoliddin Mamadaliyevning ishi yuksak baholanganida hech kim ajablanmadi. Chunki “Lochin” oromgohida oʻtkazilgan ikki haftalik final bahslari avvalidayoq “Uzdominant” mehmonxonasining maketi hammada hayrat uygʻotgan edi. Oʻta zamonaviy, shu bilan birga, milliyligimizni oʻzida yaqqol ifodalab turgan mazkur betakror inshoot, avvalo, noanʼanaviyligi bilan kishi eʼtiborini tortadi.
– Gʻoya kollejda oʻqib yurganimda xayolimga kelgan, – deydi suhbatdoshimiz. – Xadra maydoni yaqinida istiqomat qilaman. Poytaxtimizning eski shahar qismi oʻziga xos arxitekturaga ega. Aytish kerak, bugungi kunda mazkur hudud qiyofasi davr bilan hamnafas holda yangilanmoqda. Zamonaviy inshootlar qad rostlayapti. “Uzdominant” mehmonxonasini shular qatorida koʻrishni juda xohlardim.
Kamoliddinning loyihasi azim Toshkent koʻrkiga koʻrk qoʻshishi shubhasiz. Birinchi navbatda, original dizayn hisobiga. Mehmonxona binosining alohida belgisi bor – bu milliy hunarmandchilik anʼanalari asosida yaratilgan naqshinkor ustun. Uning balandligi 80 metrga moʻljallangan boʻlib, tepa qismi muqarnas bilan tugaydi. Darvoqe, mazkur element sharqona uslubda bunyod etilgan aksariyat imoratlarga xos. Ustun tashqi tomondan toʻliq milliy uslubda ishlangan boʻlishiga qaramay, ichi zamonaviy konstruksiya bilan toʻldirilgan. Masalan, ustunning ichida tezyurar lift joylashgan. Lift mehmonlarni bir necha oʻn metr balandlikdagi ikkita ochiq hovliga olib chiqishga xizmat qiladi. Hovlilar ustunni mehmonxona binosi bilan tutashtirib turadi. Kamoliddin ularda restoran yoki kafe kabi maishiy obʼyektlarni joylashtirishni oʻylagan. Mehmonlar taom tanovul qilish bilan birga, goʻzal Toshkentimiz jozibasidan bahramand boʻlishi mumkin.
Ichki interyerda ham bir qancha yangi jihatlar mavjud. Tasavvur qilib koʻring-a, mehmonxona nomerida oʻzingizni tabiat qoʻynida dam olayotgandek his etsangiz. Masalan, qishki bogʻ qoʻynida. Yilning toʻrt faslidayam turfa daraxtlaru gullar koʻzingizni quvnatib turadi. Qahramonimiz loyihalashtirgan mehmonxonaning har bir nomeri oʻz egasiga ana shunday “syurpriz”ni hadya etadi. Asosiy “syurpriz” esa binoning eng yuqori qismi – muqarnas ostidadir. Bu yer yurtimizning yangi tarixidan hikoya qiluvchi moʻjazgina muzey uchun ajratilgan. Mehmonlar unda Oʻzbekistonning kechagi, bugungi va ertangi kunini koʻrishi mumkin. Kamoliddin Mamadaliyev oʻz loyihasida koʻzda tutgan har bir detal Vatanimiz haqida unutilmas taassurotlar qoldirishga xizmat qiladi.
Tengdoshimizning shu paytgacha erishgan barcha muvaffaqiyatlari zamirida, avvalo, mehnat yotadi. Uning ishonchi komil: mehnat qilmagan kishi hayotda oʻz yoʻlini va oʻrnini topolmaydi.
– Bolalikdan tartib-intizomga koʻnikkanman, – deydi Kamoliddin. – Ota-onam kerakli ishni oʻz vaqtida bajarishimni doimo uqtirib keladi. Ularning oʻgitini olib sira kam boʻlmadim. Vaqtni boy bermay, oʻqib-izlandim. Yangi bilimlar egallashga harakat qildim. Mana, natijasi – bugun oʻzimga ishonaman. Qoʻlimda hunarim, sevimli kasbim bor. Loyihalarim mutaxassislar tomonidan eʼtirof etilyapti. Shukrki, yoshlarga har jihatdan eʼtibor koʻrsatilayotgan yurtda tugʻildim. Qolaversa, Oʻzbekiston – oʻzining qadimiy meʼmoriy obidalari bilan dunyoga dongʻi ketgan yurt. Men ajdodlarimiz anʼanasini davom ettirishni, Vatanimizga nafim tegishini xohlayman. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, kelajak – biz yoshlarning qoʻlida. Bugun qancha koʻp mehnat qilib, ilmiy, ijodiy zafarlar quchsak, ertangi kunimiz shuncha porloq boʻladi.
Kamoliddin soʻzi va amali bir yigitlardan. U nafaqat ijodiy tanlovlar, balki ilmiy bellashuvlarda bir qancha yirik gʻalabalarni qoʻlga kiritgan. Institutda tahsil olish davomida koʻp marotaba fan olimpiadalarida qatnashdi. Oʻtgan yili respublikada 1-oʻrnini egalladi. Yosh arxitektorga yana kreativlik yordam berdi. Olimpiadaning yakuniy sinovida ishtirokchilar oldiga turarjoy binosining loyihasini tayyorlash vazifasi qoʻyildi. Bu ishni ular atigi uch soat ichida bajarishi kerak edi. Qahramonimiz hakamlar hayʼatini yana mehmonxona chizmasi bilan lol qoldirdi. Yoʻl yoqasida joylashgan, odatda yoʻlovchi sayyohlar bir-ikki kun toʻxtab ketadigan motel loyihasi atrofida kichik oshxona, tibbiy xizmat koʻrsatish punkti va avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish shoxobchasi joylashtirilgani tufayli alohida qiziqish bilan qarshi olindi.
Bundan ikki yil avval loyihalashtirish fanidan talabalar oʻrtasidagi intellektual bellashuvda Kamoliddin ilk mustaqil ishi – “Rassom uyi” (“SmART house”) loyihasini taqdim etgandi. Bahavo togʻlar bagʻrida barpo etishga moʻljallangan mazkur obʼyekt rassom uchun bir yoʻla ijodiy ustaxona, shaxsiy galereya hamda turarjoy vazifasini bajaradi. Bunday antiqa uyni qurishda energiyaga tejamkor texnologiyalar va zamonaviy qurilish materiallaridan foydalaniladi. U chalqancha yotgan silindr shaklida boʻlib, devorlari koʻpikli betondan quyiladi. Deraza-romlari uch kamerali alyuminiy metalldan ishlangan. Qizigʻi, binoda birortayam burchak yoʻq. Bu uyning ichida issiqlikni bir meʼyorda taqsimlash va uzoqroq saqlab turishga yordam beradi. Elektr energiyasi quyosh batareyalaridan olinadi. Suv esa yer ostida isitiladi. Kamoliddin buning uchun yer sathidan bir necha metr chuqurlikda gidravlik nasos oʻrnatishni taklif qilgan. Yer ostida havo harorati qishin-yozin moʻtadil boʻlgani tufayli hosil boʻluvchi issiqlik energiyasidan istagan paytda foydalanish mumkin.
Kamoliddin Mamadaliyevning ijodiy rejalari bisyor. Institutni tamomlagach, dunyoning yetakchi arxitektura markazlaridan biri – Londonda magistratura taʼlimini olmoqchi. Dunyo kezib, xorijlik hamkasblari yaratayotgan ilgʻor uslubdagi loyihalar bilan tanishishni, shuningdek, oʻzbek arxitekturasining eng noyob jihatlarni esa jahonga koʻz-koʻz etishni niyat qilgan.
Nargiza UMAROVA
“Yoshlik”, 2015 yil 9-son
https://saviya.uz/hayot/nigoh/oz-kelajagini-qurayotgan-memor/