Kimlar oʻz farzandini tashvishga qoʻymoqda?
Dugonam tez-tez shifoxonaga qatnaydigan boʻlib qoldi. Avvaliga oʻzi koʻrinishga borgandir-da, deb oʻyladim. Keyin bilsam, qizi bilan birga borayotgan ekan. Bir kuni ularni yoʻlda uchratib qolib, hol-ahvol soʻradim. Shunda u 6-sinfda oʻqiydigan qizini darslaringni tayyorlagin, deb uyiga joʻnatdi-da, meni bir chetga tortdi. Koʻzlaridagi horgʻinlikdan qandaydir koʻngilsizlik sezilib turardi.
– Oʻrtoqjon bilasanmi, mana bir oyki uyimizda tinchlik yoʻq. Erim har kuni ichib keladi. Bu ham yetmagandek, hamma yoqni boshiga koʻtarib janjal qiladi. Avvallari hech bunday qilmasdi. Ishdan boʻshadi-yu, bekorchi oshna-ogʻaynisiga qoʻshilib, yarimkechagacha choyxonada oʻtiradigan odat chiqardi. Mayli, deb bunga ham koʻnikib qolgandim. Eng yomoni, uydagi asabbuzarliklardan keyin qizimning tobi qochadigan boʻlib qoldi. Mana, oʻn kundan buyon shifoxonaga qatnab, muolaja olyapmiz.
Bu suhbatni anchagacha yodimdan chiqarolmay yurdim.
Chindan ham oiladagi notinchlik farzand sogʻligʻiga taʼsir koʻrsatishi juda ayanchli holat, shunday emasmi? Oʻsmir qiz qalbidan qanchadan-qancha iztiroblar oʻtkazganini his qilish mushkul emas. Ota yoki onaning oʻylamay qilgan birgina xatosi farzandlar ongida bir umrga qora dogʻ boʻlib, muhrlanib qolsa-ya? Bu ularning ruhini sindirmaydimi? Tengdoshlari orasida boshini egmaydimi? Oʻzini toʻliq baxtli his qilib yashashiga xalal bermaydimi?
– Oʻsmirlik juda nozik davr. Shuning uchun ham koʻp ota-onalar yonimizga maslahat soʻrab kelishadi, – deydi Yakkasaroy tuman xotin-qizlar qoʻmitasi raisi, psixolog Dilfuza SULTONOVA. – Ayniqsa, oilalarda yuzaga kelayotgan kelishmovchiliklar oʻsmir yoshdagi bolaga kuchli salbiy taʼsir koʻrsatadi. Bu bolalarning dardi ichida boʻlib qoladi. Barchasi yigʻilib-yigʻilib, har xil ayanchli oqibatlarga olib kelishi ham hech gap emas.
Ajrashish yoqasiga kelib qolgan oilalar ishida ekspert boʻlib ishtirok etganimizda, doim xayolimda bir fikr charx uradi: endi oʻrtadagi bolalar taqdiri nima boʻladi? Afsuski, har qancha mulohaza qilmaylik, durustroq javob topish qiyin. Bola hali yoshdir, lekin u oʻsyapti-ku. Toʻgʻri, och-yalangʻoch qolib ketmaydi. Lekin nimani oʻylab katta boʻlyapti, dilida nima tugib ulgʻayyapti? Ota-onalarga, ertaga sizga qarab, nima qilib qoʻydingiz, nega otamdan yoki onamdan mahrum qildingiz deb soʻrasa, qanday javob berasiz, deyman.
Bu oila taqdiriga ham ayriliq bitilgan ekan. Ona ikki norasida goʻdagini turmush oʻrtogʻiga qoldirib, ajrashishni istadi. Oʻsha vaqtda bolalarning biri toʻrt, biri ikki yoshda edi. Ota qayta uylandi. Farzandlar ham ayolga mehr qoʻyib, voyaga yetishdi. Hozir ular litsey oʻquvchilari. Ayni oʻsmir yoshda. Buni qarangki, bundan bir necha yil avval boʻlgan ishlar endi farzandlarning tashvishiga aylandi. Oʻz onasining tashlab ketgani, ularning qalbini qattiq iztirobga solmoqda. Psixolog qabuliga yordam soʻrab kelgan otasi oʻgʻillarining arzimas narsaga ham asabiylashishi, oʻz xonasiga qamalib olib, boshqalar bilan gaplashishni istamasligi, serzarda boʻlib qolganidan tashvishda ekanini aytdi. Mutaxassis bolalar bilan suhbatlashganda esa hammasi kundek ravshan boʻldi. Bolalar oʻz onasining qilgan ishini oʻylab siqilar, oʻzlariga dardkash qidirib qiynalishardi. Garchi yonida yuvib-tarab, katta qilgan ayol boʻlsa-da, oʻz onasining oʻrnini bosa olmayotgandi. Shunday vaqtda hatto ota ham ular bilan dildan suhbatlashmagani qattiq pand bergandi.
Bunday vaziyatlarda oʻgʻil bolalarga koʻproq otalar yaqin boʻlgani yaxshi. Psixologlarning taʼkidlashicha, bolaga oʻn yoshdan boshlab, doʻstdek muomala qilgan maʼqul. Shunda u qalbidagi kechinmalarini oʻz yaqinlari bilan oʻrtoqlashib, muammolariga ham birga yechim topishga oʻrganadi.
Yuqoridagi qahramonlarimiz endigina balogʻat yoshiga yetgan. Lekin ularni oʻylantirayotgan, qiynayotgan muammolar yuki anchagina ogʻir. Alam qiladigani esa bolalarni begonalar emas, oʻz yaqinlari tashvishga qoʻyayotgani. Ertaga bu oʻsmirlar ham oila qurishadi, farzandli boʻlishadi. Shunda ular oʻz yaqinlarini baxtli qila olarmikan? Bolalariga ota yoki ona mehrini berolarmikan? Biz qush uyasida koʻrganini qiladi, degan iborani koʻp qoʻllaymiz. Bundan xulosa qilishimiz mumkinki, bugun bir oilada boshlangan salbiy illat xuddi zanjir kabi boshqasiga ulanib ketaveradi.
Shahnoza RAHIMXOʻJAYEVA,
“Oila davrasida” muxbiri
https://saviya.uz/hayot/nigoh/osmirni-ortagan-dard-nima/