Yulduzlardan sirqilib shabnam,
Ufq bilan koʻrishganda yer,
Oftobga kiprigim bilan
Ona soʻzni yozdim goʻyo sheʼr.
Amu oqar misoli bulut,
Ufq boʻlib oqadi Amu,
Qirgʻogʻini etsa ham unut,
Maysalarni unutmaydi u!
Har koʻkat, har bargning nomiga
U eltadi togʻlardan taʼzim,
Ona degan soʻzning yoniga
Chizgim keldi MAYSAning rasmin.
Kapalak rang, bulbullar ohang
Kashfi bilan mast boʻlgan lahza,
Ona soʻzin qavatiga man
Yozib qoʻydim BAHOR deb asta…
Men jo etdim Ona nomiga
Yerni soʻnggi gardigacha to.
Endi Ona soʻzi yoniga
Dadil yozib qoʻyaman: DUNYo!
Men yulduz deb uni kuylayman,
U Vatandir, U Arshi aʼlo.
Men unga ming tashbeh oʻylayman,
Yetkazurman millionga hatto…
Yerda, lekin ming-minglab odam
Ona nomin bilsa muqaddas.
Urush degan birgina soʻzdan
Onalarni saqlay olur bas!
Omon MATJON
https://saviya.uz/ijod/nazm/ona-degan-soz/