Tinib oqa kelgan daryolarning loyqalanib, koʻhna Turon osmonida gʻajir-quzgʻunlar tinimsiz aylanib, qulamas qoʻrgʻonlar ham bir-bir qulay tushib, oʻzini bek sanay kelgan yigitlarning yoʻqsillikdan yurak-bagʻri uyushib; mamlakat toʻzib-tugab lochinlar lachakka, argʻumoqlar xachir-eshakka, silovsinlar pishakka aylana tushgan – qorongʻi qolgan yurtga alakka poshsho boʻlib, mol-mulklar taroj qilinib, yuqa-yoʻqsillar soni sanoqsiz boʻla boshlagan yillari ekan. El dasturxonidan fayz-baraka koʻtarilib, toʻylar qoʻnoqsiz, koʻpkarilar uloqsiz oʻta boshlagan kunlarning birida boshiga qaro kunlar tushib, darbadar desa darbadarga, qalandar desa qalandarga oʻxshab yurgan shoir bir oʻzi bir uyga sigʻmay safarga otlanibdi. Qayga borib, qayga qoʻnari belgisiz. Kindik qoni toʻkilgan Qoʻrgʻon qishlogʻidan chiqar-chiqmas qoʻyindi[1] yonidan oʻtaturib, hali tuprogʻi sovib ulgurmagan jigarbandlari birma-bir oʻngidan oʻtib koʻngli buzilib, koʻkayi kesilib, koʻligidan[2] tushib, tilovat qilibdi. Soʻng yoʻl-yoʻlakay koʻzlari jiqqa yoshga toʻlib, koʻngli vayron, bagʻri giryon boʻlib shu aytuvni ayta yoʻlda davom etibdi:
Yer yuziga sigʻmadim men, yeru koʻk torlik qildi,
Mard Xudodan koʻrar, lekin bir bek[3] xunxorlik qildi.
Bayozlarga nomini ham qargʻab yozarlik qildi.
Jon toʻla uy-roʻzgʻorimni oʻlim-toʻzarlik qildi.
Dunyoda hech kim meningdek tiriklay xor boʻlmasin,
Bir uyda bir oʻzi qolib sarson, abgor boʻlmasin.
Soʻnggi qoʻnar “oq oʻtovi” angushdek tor boʻlmasin,
Behisht turib doʻzaxingda, yo Rab, yonar boʻlmasin.
Kelar joyim mening ham shu tuynuksiz bir oʻtovdir.
Bu qaro qismatlarim ham balkim menga sinovdir,
Yotar joyim nur toʻla yo beshafqat, beayovdir.
U dunyom ham bu dunyomdek yonib yotgan olovdir.
Bu olamning ibtidosin, intihosin kim bilar?
Har bir boshga tushar savdo yo gʻavgʻosin kim bilar?
Marhumlarning ahvolini yo nidosin kim bilar?
Bir oʻzidan oʻzga azob yo safosin kim bilar?
Bu eshiksiz qaro qoʻrgʻon asl dorulfanodir,
Shohu shayxlarga barobar behasham koshonadir.
Magʻfirat qilgan quliga nurafshon bir xonadir,
Oxiratgacha Tangriga tillarida sanodir.
Gunohlarim boʻlsa kechir, sendin oʻzga iloh yoʻq,
Davri qiyomatda esa sendin boshqa panoh yoʻq.
Kim begunoh, kim osiydir? – Sendin boʻlak guvoh yoʻq.
Kim ne ishlar birla mashgʻul? – Sendin oʻzga ogoh yoʻq.
Ilohi, bu kunlarimni koʻp koʻrmasdan karam qil,
Arosatda qoʻymay meni Mashrabday muhtaram qil.
Dargohingga qabul aylab salohingni inʼom qil.
Gunohlarim afv etib bir oʻzingga gʻulom qil.
Ana-mana deguncha boʻlmay shoir Bogʻajot qishlogʻiga yetib kelib, necha yillardan beri qatnashib yurgan Tilovberdi ismli tegirmonchi inisining uyiga tushibdi. Uy bekasi necha bor kelib-ketib, shunda qoʻnib, shunda tunab yurgan Ergash boboni boshda tanimabdi:
– Keling.
– Keldim.
– Kim keragiydi?
– Boʻlsa, uy egasi. Boʻlmasa, biz oʻz yoʻlimizdan qolmay ketasi.
Kelinchak jelakdan bunday sigʻalab qarasa: eshik oldida turgan Ergash Jumanbulbul oʻgʻli. Darhol oʻzini oʻnglab:
– Voy, oʻlagʻayayin, men sizdi tanimappan. Uyga kiring. Ukangiz hozir kelib qoladi, – deya oqin atrofida parvona boʻlib qolibdi.
Goʻyanda ham sir bermay debdi:
– Toʻra qishlogʻiga boraturib sizlardi bir nav koʻrib oʻtay deb edim. Tilovberdi qayoqda?
– Ukangizdi kecha pinatdil chaqirtirgan edi. Shu boʻyi kelganicha joʻq.
– Tinchlikma?
– Tagirmanini toʻxtatib bir jigitding xunidan ham oshib tushadigan nalik solibdi. Toʻlamasa… Uyga kirib damingizni oling, ogʻajon. Kelib qoladi. Oʻzingizding kelib-ketib jurgan joyingiz.
Navozanda mulzam, muztar bir holga, qiyindan-qiyin bir ahvolga tushib, baloning bu yangi uy, yangi roʻzgʻorga ham doriganini anglab, kelinchakka taskin-tasalli bergan boʻlibdi:
– Koʻzguga dam bersang, yuzingni koʻrolmaysan. Bu shoʻro deganlarida na koʻzgu bor, na yuz bor. Boʻz oʻgʻrisidan qoʻrqma, soʻz oʻgʻrisidan qoʻrq, deganlar. Bular[4] ham boʻz oʻgʻrisi, ham soʻz oʻgʻrisi. Bularning qozonini toʻldirib, qornini toʻydirib boʻlmaydi. Ha, endi nima qilamiz? Peshonada bori-da. Bu – koʻpga kelgan toʻy. Bosh omon boʻlsa, bas. Mayli, kech kirmay men manzilimga yetib olay. Tilovberdini soʻrab qoʻy. Iloji boʻlsa, qaytishda birrav xabar olib oʻtarman.
Ertalab boʻlar-boʻlmas nonushta qilib chiqqan shoir toliqqanday, tolganday, oʻzining bu yurib-bu turganidan xorlanganday, nazarida yeru koʻk birday aylanganday, yoʻli ham bogʻlanganday boʻlib bir buloq qoshiga qoʻnibdi. Tahorat qilib, peshin namozini oʻqib, bir dam hordiq chiqarib, Toʻra qishloq, qaydasan, deb…
Shoir qishloq oralab oʻziga tanish boʻlgan uy eshigini taqillatibdi:
– Hoʻ, Egamnazar deganda Egamnazar,
Eshigingni tezroq och, koʻngil ozar!
Hali shom xuftonga daxldor boʻlmay turib uy egalari yotib qolgan ekan. Ikki-uch tovushdan soʻng toʻshakda qanday yotgan boʻlsa shunday ishtonchan chiqa kelgan kishi koʻcha eshigiga kelar-kelmas debdi:
– Kim-oʻ?
– Kim boʻlar edi! Meni kuta berib, koʻzlari uchib turgan boʻlsa kerak deb kelib edim.
Oqinning ovozini tanigan uy egasi oʻqday uchib kelib eshikning zulfinini tushira solib, aziz mehmoni bilan quchoq ochib koʻrishib uyga boshlabdi:
– Oʻlib qoppiz, Ergash aka. Qulingizdi bir qoshiq qonidan keching. Kuni kecha uydagilarminan sizdi eslagan edik.
Darhol qora chiroq yoqilib, joylar qayta yigʻishtirilib, qayta solinib, oʻchoqqa oʻtlar yoqilib, qumgʻonlar qoʻyilib, surpalar yozilib, qoʻni-qoʻshnilar chaqirilib…
– Oʻzing yaxshimisan? Bola-chaqang tinchma? Qavmu qarindoshlar omonma?
– Shukr, Ergash aka, shukr. Oʻzingiz qalaysiz?
– Koʻrib turibsan, qalaydan oltinga aylanganimni. Bir eshikding egasi, oʻkchasiz etikding chegasi boʻlib turganimdi.
Egamnazar zimdan oqinga nazar solib xomsiqibdi.[5] Shoir ozib-toʻzgan, egni-boshi yupun, sallasining dastori peshvoridan kir, peshvori dastoridan. Shuning uchun Egamnazar gapni boshqa yoqqa buribdi:
– Men ham Joʻsh shoʻrosiga kecha borib-kelib edim.
– Tinchlikma, axir?
– Tinchlik, Ergash aka. Shu faqat eplab-seplab ishlatib turgan juvozimizdi ham Xudo olgurlar koʻp koʻrdi. Toʻxtatib tashladilar. Sal nalik solganday ham boʻlishdi. Men goʻyo shaxsiy mulk egasimishman. Otni odam oʻrnidan ishlatadigan rahmsiz platitir[6] ekanimni oʻzim ham bilmas ekanman. Savit[7] suvidan foydalanib jatqan yot unsur ham emishman.
Ergash bobo miyigʻida kulib dedi:
– Oq badan, qora badan – suvga tushganda maʼlum. Qizillarding esa suvga tushgan-tushmaganini bilib boʻlmaydi. Pishak oʻzi oʻynash orttirib, oʻzi jaloyirgʻa jar solgani kabi bular oʻzlari oʻynash boʻlib, oʻzlari etagingdan olar ekan. Qapagʻon it ham bir marta talaydi. Bular na talab toʻyadi, na yalab.
– Qozoqiyada, poyabzal ayogʻingni qisib turganidan soʻng dunyoning kengligining sheshesini… degan gapni bir vaqtlari oʻzingizdan eshitgan edim. Shu shekilli, keng dunyo kun-bakun torlik qilib borajatir. Axiri nima boʻladi, bilmadim. Qishlogʻimizminan qoʻshni qishloq odamlarini juvoz moyiminan baholi qudrat taʼminlab turib edim. Buni ham koʻp koʻrdilar. Endi zigʻirni eslab suyagim sirqiraydi. Kunjut koʻz oʻngimga kelib koʻzlarim tinib ketadi. Indov yodimga tushguday boʻlsa, indamay uyga kirib ketaman. Pista esimga tushsa, etagimni…
– Nimasini aytasan. Bogʻajotdagi Tilovberdining ham suv tagirmonini toʻxtatib, qishloq ahlining nonini yarimta qilib qoʻyibdilar.
– Siz uni aytasiz, Ergash aka. Qishlogʻimizdagi Biytoʻra taqachining taʼrifini eshitganmisiz yo yoʻqmi, bilmadim. Yulduzni koʻzlaydigan argʻumoqlarminan hali qitigʻi bosilmagan toʻlanlardi taqalashni oʻsha kishiga chiqazgan edi. Uning ham dovu dastgohini yigʻishtirib, doʻkoniga muhr urib, oʻzini olib ketdilar.
– Yoʻgʻ-e, nimalar deb jatibsan oʻzi?!
– Ergash aka, men biron marta sizga oʻtirik gap aytib edimma?
Gap shu yerga kelganda, shoyir kepti-shoyir kepti, deb qoʻni-qoʻshnilar biri obi, biri yovgʻoni bilan, biri gʻilmindi, biri goʻja palovi bilan kirib, davraga fayz dorib, oʻrtalari qovurdoq boʻlmasa ham qaylali uvraga, bovursoq boʻlmasa ham zogʻora nonga toʻlib juvozkashning xonadoni obod, oʻzi shod boʻlganday boʻlibdi.
Ergash bobo koʻrgani, koʻrishgani kelgan barcha bilan birma-bir hol-ahvol soʻrashib, xira tortib turgan koʻngli yorishib, qaddi-qovmatini sal rostlab, kayfiyatni yaxshi qilmasak endi boʻlmas-ov, deb sozining torlarini tarang tortib, gapni shu kechayu kunduzda boʻlayotgan ajabdan-ajab hangomalardan, qonsiz, qilichsiz, qalqon-dubulgʻasiz boʻlayotgan jangnomalardan soʻzlab, muxlislarining koʻnglini olishga tayyor ekanini bildirib qoʻyibdi.
Oqinning katta-katta davralarni istasa kuldirib, istasa yigʻlatishini eshitib yurgan keksa-yosh oʻrtasida shivir-shivir boshlanibdi:
– Shoyir bovamiz oldirib qoʻyganday koʻrinama?
– Bu kishining boshiga tushgan kulfatlarni oʻmrovli fil, oʻrkachli tuya ham koʻtarolmaydi. Eshitmaganmisan?
– Joʻq.
– Boʻlmasa, jim oʻtir. Qulogʻiga chalinib qolguday boʻlsa…
– Boʻpti.
Baribir, egni-boshining yupun, kirligini… Qozoni boshqaning qaygʻusi boshqa. Ichdan oʻtganini ishton bilar deganday, qolabersa, bu yerga bu oqshom chaqirilmagan qoʻnoq – yoʻnilmagan tayoq, bir kechalik musofirligini koʻnglidan oʻtkazib oʻtirgan goʻyandaning haligi gaplar qulogʻiga chalinganday boʻlib, bevaqt ketgan oʻgʻil-qiz, inilari, yostiqdoshi, singillari birma-bir yodiga tushib oʻpkasi toʻlib, oʻlimning dastidan qishloqma-qishloq, qoʻrgʻonma-qoʻrgʻon kezib yurgan kunlari, dala-dashtda majnun misol oʻtkazgan ne tunlari yodiga tushib, shu koʻrsatgan kunlaringga ham shukr, deb gapning qoralamasini saralamasiga ulabdi:
– Hamma ish Ollohning izn-ixtiyori, amri-farmoni bilan boʻladi. Kim aytib edi meni ovulma-ovul, qishloqma-qishloq, tumanma-tuman kezib, kunini oʻtkazib juradi, deb. Ota-bobolarimning ham manglaylariga, ham tanglaylariga bergan Egam menga manglaydan bermadi. Tanglaydan berdi. Tunning uzun-qisqaligini bemor boʻlgandan soʻra, deganlar. Ayriliq dardini esa mendan soʻrang. Uy toʻla jonni ajal farishtasi selday oldi-ketdi. Shunda ham qaro yer toʻymadi. Men esa jondan toʻydim. Jahondan toʻydim. Shuytib:
Gʻam-sitam yengdi mani, ayriliq, armon yengdi,
Jigarbandlarim dogʻi bevaqt, begumon yengdi.
Qad-qovmatim dol aylab ul bargi suman[8] yengdi,
Qurolsiz, aslahasiz yomondin yomon yengdi.
Bir surunsang uchgacha deganlari rost ekan,
Iqbolim Asqar emas, Kentovdin ham past ekan,
Gʻam-alam bir-biriga hamisha payvast ekan,
Oʻlimning dogʻi, oʻti meni beomon yengdi.
“Yo Vadud va Maʼbudi vojibul-vujud”[9], asli
Bir kelaru soʻng qaytib kelmas yigitlik fasli,
Endi oxiratimni oʻzing qilgil orasli,
Bu dunyoda meni bir mirshabsiz qoʻrgʻon[10] yengdi.
Toʻrvasiz devonamen, kashkulsiz qalandarmen,
Na yerda, na koʻkdamen – hu oʻsha samandarmen.
Ne boʻlarim bilmasmen hazorul-mavf[11] qadar men
– Soʻnggi nafasda shayton yengdi.
Demasam boʻldi.
Oqinning bu kungi avzoyi toʻgʻonning tolqonini chiqarib oʻz oʻzaniga tushib olgan daryoni eslatar edi. Qora terga tushib kuyladi. Ohanglari ham mungli, ham turli-turli edi. Avjlari suronli, nolalari giryonli edi. Bu gal oqin oʻzining mehr-muhabbat bilan kuylaguvchi “Goʻroʻgʻli”, “Dalli”, “Ravshan” dostonlari haqida gap yuritmay, toʻgʻridan-toʻgʻri oʻz boshiga tushgan musibatli kunlarni boʻyamay-soʻyamay ayta soldi. Shu taxlit koʻnglining chigili bir qadar yozilib, gapni shu kechayu kunduzga burib, hamxonalariga erk berdi.
Oʻz bulbuligoʻyolarining boshiga tushgan mushkuldan mushkul kunlarni eshitgan, biroq dong qozongan oqinni oʻz koʻzlari bilan koʻrib, suhbatidan bahramand boʻlmagan birda-yarim kishilar Ergash boboga taʼzim, tavoze qilibdilar. Sababi – davradagilar sehrlangan qushday qilt etmas, qimirlamas, katta boshini kichik qilib oʻz qishloqlariga oʻz oyogʻi bilan kelgan sozanda desa sozanda, navozanda desa navozandadan boʻlak hech kimning hangomasini eshitishni istamas edilar.
Buni sezgan uy egasi shoirga yuzlanib dedi:
– Mening koʻp oqibatli ovuldoshlarim bor-da, Ergash aka. Bular mullavachcha boʻlganlarida, bilasizmi, nima qilgan boʻlar edi?
– Nima qilgan boʻlar edi?
– Mullaning ham aytganini, ham qilganini qilgan boʻlar edilar.
Elning nazari tushgan baxshi:
– Boʻlmasam, mening shu qishloqqa mulla boʻlib kelganim boʻlsin, – deb bir muddat amri maʼruf qilgan boʻldi. Oʻtgan-ketganlardan, niyatiga yetib-yetmaganlardan, avliyo-anbiyolardan, munofiq-riyolardan, el boshiga tushib turgan savdolardan, kasb-kor egalarining boʻyniga ilonday oʻralib olgan bedavolardan soʻzladi.
Nonushta payti qozonida moy qaynay kelgan Egamnazarning kun kechirishini koʻrib, kuzatib oʻtirgan shoir dasturxonga duo qilish oldidan mezbondan soʻradi:
– Egamnazar deyman, endi buyogʻi nima boʻlar ekan?
– Nima boʻlishiga koʻzim yetmaydi, Ergash aka. Boshga tushsa koʻz tortar, deganday peshonaga yozganini koʻra beramiz-da.
– Mard yigitning sadagʻasi ketsang arziydi. Ming qilsa ham ota bolasisan-da, Egamnazar, ogʻzingdagi oshingni olib oʻtiribdilar. Shunda ham nolimaysan-a. Voy-voylamaysan-a. Bir hisobdan toʻgʻri gapni aytding. Peshonaga yozgani boʻladi, deb. Ming qilganda ham ish, shoʻrish bu yoʻsinda ketmas. Oy bir yerdan koʻrinish berib qolar. Mayli, endi men turay.
– Ergash aka, bugun qoling. Kecha kech keldingiz. Qon ham chiqazolmadik. Kecha biznikiga qoʻnganingizdi koʻpchilik hamsoya, hamqishloqlarim bilganlaricha joʻq. Ertagina joʻnab qolsangiz koʻpchilik muxlislaringizdan baloga qolaman.
Oqin:
– Endi mullo Egamnazar, hozir qish payti. Qish oʻchogʻi tor – tur uyingga bor, uningsiz ham bir kunlik mehmon – mehmon, ikki kunlik mehmon – jetimnan jamon, uch kunlik mehmon – dushman, degan gaplar bor. Qolabersa, oʻzing oʻyinda boʻlsang ham, oʻying uyingda boʻlsin degan gap ham joʻq emas. Nasib qilsa, hali koʻp koʻrishamiz, – deb uylariga qaytibdi. Kelaturib oʻz-oʻzicha fikr qilibdi: yo Parvardigor, bu qanday bir zamon boʻldi – qoʻsh hoʻkizi bor quloq, qoʻra qoʻylilarning ahvoli chatoq, ikki xotinli xotinboz, kasb-korlilar qatagʻon, saharxezlar yotagʻon boʻlib tursa. Oqlar qora, beklar zoti bechora, laychalar tozi, tozilar qozi… Elda kim koʻp – beva-bechora koʻp, yetim-yesir koʻp, gʻaribu gʻurabo koʻp. Shularning rahmini ye, yo Sarvari olam.
Oʻsha yili qish kech tushib, qor oʻrnini qora sovuq qoplab aqrab qavsga, qavs jaddiga aylanib ketgan ekan. Ergash boboning borgan yerlaridan ichi chiqmay, koʻpning xizmatini qilib kelayotgan qoʻli xayrli, hojatbaror kishilarning chor-nochor bir ahvolga tushib qolganini oʻz koʻzi bilan koʻrib, oʻrga chiqsam oʻr kuydi, qirga chiqsam qir kuydi, deb yoʻl-yoʻlakay shu baytu abyotlarni ayta kelibdi:
Bu togʻlar qanday togʻlar oʻr-qirida qori yoʻq,
Osmonida charx urar lochini yoʻq, sori yoʻq.
Qoyalari tumansiz – silovsin, olqori yoʻq,
Ilohi, bunday holni qayta takror etmagil.
Qirga chiqsam qir kuyar, oʻrga chiqsam oʻr kuyar,
Toqqa chiqsam tosh kuyar, pastga ensam yer kuyar.
Faryod qilsam ohimga muzlar erib, qor kuyar,
Ilohi, meni aro yoʻlda abgor etmagil.
Oʻn sakkiz ming olamda seningday muhtaram yoʻq,
Sening inoyatingsiz hech kimsaga karam yoʻq.
Seni zikr etishdan oʻzga oliy maqom yoʻq,
Ilohi, muslim ahlin mushrik, murdor etmagil.
Yorlaqagan qulingga Rasul hamdamlik qilur,
Bir gunoh koʻplik qilib, ming savob kamlik qilur.
Soʻnggi borar joyini munavvar-shamlik qilur,
Gʻayridinni bu yurtga farmonbardor etmagil.
Qoʻrgʻon qishlogʻining qorasi koʻringanidan soʻng ovul-aymoqlarning kun-bakun, oyma-oy xarob, eshigini el, tuynugini yel ocha kelgan kishilarning erta kuni sarob, haqlarning nohaq, qoralarning haq, fuqarolarning ahvoli chatoq boʻla borganidan, bu elning aybi nimada ekan, deya Tangriga:
Doʻstni yov, yovni, yo Rab, yoron holinda koʻrsatma,
Yetimlarning yuz-koʻzlarin giryon holinda koʻrsatma.
Aymoq, ovuldoshlarimni uryon holinda koʻrsatma,
Beklarni qul, nojinslarni ugʻon holinda koʻrsatma.
Ilohi, koʻrmayin endi borlarni yoʻqsil holinda,
Toat-ibodatlilarni imonsiz johil holinda,
Hotamtoylarni, haqlarni, boylarni baxil holinda,
Bu shavkatli Turonimni vayron holinda koʻrsatma.
Machit, maktab, madrasali bu bir taqvodorli elni,
Ne maydonlarda sinalgan sarvarli, sardorli elni,
Oʻrni kelsa jon ayamas, dasturxonli, orli elni,
Oʻz holi, oʻz ahvoliga hayron holinda koʻrsatma.
Bogʻli, boqchali bu elni tutqinlikdan ozod qil,
Qonli yalov tikilgan yot, yov oʻrdasin barbod qil.
Vayron boʻlgan mamlakatni qayta boshdan obod qil,
Ne kent, ne bir shaharlarni qiron holinda koʻrsatma.
Barcha nozu neʼmatingdan barchani bahramand etgil,
Diydoringga yetmoqlikka umidvor, orzumand etgil.
Dargohingda moʻmin, muslim ahlini arjumand etgil,
Roʻzi mahsharda roʻyini somon holinda koʻrsatma.
Xeshu aqrabolarining koʻrsatmagil koʻzyoshlarin,
Rizqi-roʻzin butun, oshin yovgʻon holinda oshlarin,
Sarbon birla sarvarlarin egma egilmas boshlarin,
Ilohi, er yigitlarin nolon holinda koʻrsatma.
Ilohi, marhamatingdan meni ham benasib etma.
Doʻzax emas, jannat, havzi kavsardan benasib etma.
Inoyating darigʻ tutmay ikki dunyom xarob etma,
Imonu eʼtiqodimni gumon holinda koʻrsatma, –
deb tavallo qila-qila kulbai vayronasiga horib-tolib yetib kelib, yana bir uyda bir oʻzlari…
Toʻra SULAYMON
“Ergash Jumanbulbul oʻgʻli el kezadi” turkumidan.
[1] Qabriston.
[2] Eshagidan.
[3] Togʻaybek ismli Xatirchi begi oqinning inisi Abdulxalilni qarorgohiga chaqirtirib, tun boʻyi doston ayttiradi. Shu tunda yuqa-yengil kiyingan Abduxalil shamollab, oradan olti oy oʻtar-oʻtmas qaytish qiladi. Bu Ergash boboning boshiga tushgan qaro kunlarning boshlamasi edi.
[4] Bolshovoylar demoqchi, shekilli.
[5] Xoʻrligi kelibdi.
[6] Ekspluatator.
[7] Sovet.
[8] Oqin bu yerda umr yoʻldoshi Ziynatoy Oʻtamurod qizini nazarda tutyapti.
[9] Shaʼning oliy, ehsoning umumiy, oʻzingdan oʻzga Maʼbud yoʻq.
[10] Qabriston.
[11] Oʻlim oldi toʻshagi.
https://saviya.uz/ijod/nazm/korsatma/