Lotin Amerikasi “Sehrli realizm” adabiyotining yorqin namoyandalaridan biri Alexo Karpentyer (1904–1980)ning ijodiy yoʻli 1920 yillar Kubada boshlandi. Yosh adib, Gavanada chiqadigan bir nechta davriy nashrlarda madaniy hayotga bagʻishlangan ruknni olib borarkan, erksevar Kuba xalqini Yevropada sodir boʻlayotgan tub oʻzgarishlar, jumladan, adabiyot va sanʼatga oid yangiliklar bilan tanishtirish kun tartibida turgan eng dolzarb vazifa ekanligi, bir soʻz bilan aytganda, “Lotin Amerikasi soati Eski dunyoning vaqtidan ancha ortda qolayotganini” teran his etardi. U Markaziy va Lotin Amerikasi xalqlari uchun madaniyatlar yaqinlashuvi jarayonini faollashtirish qanchalik zarur va muhim ekanligini anglab etgan edi. Yozuvchi adabiyot va sanʼatdagi yangiliklar, tub burilishlarning oʻsha davr mafkurasidagi oʻzgarishlar bilan chambarchas aloqadorligini his etadi, shu bois sanʼatda dadil novatorlik, ijodiy izlanish, sanʼatga yangicha ruh olib kirish uchun jonbozlik koʻrsatgan va Lotin Amerikasining bir nechta davlatlarida hokimiyat tepasida turgan harbiy xuntalarni qulatish, mustamlakachilik zulmidan ozod qilish harakati uchun jon fido etishga tayyor bir guruh ijodkorlarning murojaatnomasiga nafaqat hamfikrlik bildiradi, balki ularning harakatida oʻzi ham faol qatnashadi. Uning bunday jasur faoliyati qimmatga tushdi: oʻzining birinchi romanini adib qamoqxonada yozib tugatdi. Safdosh va doʻstlarining sayʼ-harakatlari tufayli ozodlikka chiqqach, Kubada mustabid tuzumni oʻrnatgan va hokimiyatni oʻz qoʻliga olgan Xerardo Machado siyosati taʼqibidan xavfsirab, 1928 yil Kubani tark etadi. Oʻsha paytdan boshlangan “toblanish davri” adib taqdirini Yevropa bilan chambarchas bogʻlab qoʻygandi. Karpentyer uchun Parij yangi, notanish shahar emasdi. Kubada tugʻilib oʻsganiga qaramay u 1916 yil ota-onasi bilan Parijga koʻchib kelib, musiqa maktabida tahsil oladi va yana ortga qaytadi. Dunyoning u chetidan bu chetiga koʻchib yurish, tashvishlarga toʻla qoʻnimsiz hayot, sarson-sargardonlik adib hayotida oʻz izini qoldirmasdan oʻtmadi. Nima boʻlganda ham Karpentyer ikki qitʼa havosidan nafas olgan ijodkor boʻlgan, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Parijda Karpentyer syurrealizm adabiy oqimi bilan yaqindan tanishadi. 1920-yillar boshida shakllangan ushbu yoʻnalishning asoschisi va nazariyotchisi, fransuz adibi Andre Breton (1896–1966) bilan ijodiy hamkorlik qila boshlaydi. Darvoqe, “syurrealizm” atamasi 1917 yil fransuz shoiri, Yevropa sheʼriyatida maydonga kelgan avangard oqimlar yetakchisi boʻlgan Giyom Apolliner(1880–1918)ning poeziyasida ilk dafʼa tilga olingan edi. Syurrealizm nazariyotchisi Andre Bretonning “Syurrealizm inqilobi” jurnali tahririyatida faol ijod qilgan bir qator yosh qalamkashlar (Lui Aragon, Pol Elyuar, Filipp Supo)ning adabiyot, sanʼat, falsafa va ijtimoiy hayotga bagʻishlangan tanqidiy maqola hamda esselari chop etilardi. Ayniqsa, adabiyot va sanʼat olamidagi oʻzgarishlarga oʻz munosabatini bildirishga shay boʻlgan Karpentyer ham jurnal faoliyatidan chetda qolmadi.
Darhaqiqat, Andre Breton atrofida yosh va isteʼdodli ijodkorlar toʻplanishgan edi. Ularning sayʼ-harakati tufayli “Syurrealizm inqilobi” jurnali sanʼat ahli eʼtiborini oʻziga qaratdi: bunga chop etilgan maqolalarning dolzarbligi, keskin tanqidga yoʻgʻrilganligi emas, balki yosh ijodkorlarning shovqin va mashmashali sheʼriy mashqlarida avangard gʻoyalarning koʻtarilgani sabab edi. Nafaqat Fransiya, balki butun Yevropa burjua tuzumi va uning mafkurasi yosh qalamkashlarning bu kabi “ijodiy faoliyati”ga bir vaqtning oʻzida ham qiziqib, ham hadiksirab qarardi.
Syurrealizm adabiy oqim sifatida, Yevropa adabiyoti va sanʼatida oʻziga mustahkam qoʻrgʻon qurolmagan boʻlsa-da, ancha vaqt davomida sheʼriyatda yetakchilik qildi, koʻpgina musavvir, bastakor, shoir va dramaturglar ijodiga taʼsir koʻrsatdi, desak yanglishmagan boʻlamiz. Muhim jihati shundaki, syurrealizm – bu nafaqat oʻz dasturiga ega boʻlgan adabiy oqim, qisqa davr boʻlsa ham, gurkirab yashnagan badiiy uslub, balki koʻpgina yosh sanʼat ixlosmandlari uchun oʻziga xos “yashash tarzi”, dunyo manzaralarini yangicha “koʻrish” va “oʻqish”ning mahorat maktabiga aylandi. Breton, sanʼat ixlosmandlariga syurrealizm sirli va nafis taʼriflagan “nomaʼlum yerlar”ni kashf etishga harakat qilishni uqtirarkan, “Katta kashfiyotlar har doim hayot uchun tahlika tugʻdiradi, har bir ijodkor oʻzining “Odisseya”siga otlanishi va uni shon-sharaf bilan ado etishi lozim”, deb yozadi. Shu tariqa syurrealizm haqiqatga qanchalik yaqin ekanligini namoyon etadi. Biroq syurrealizm, taʼbir joiz boʻlsa, jamoaviy hodisa, koʻpincha mazkur yoʻnalish ichidagi ijod ham jamoaviy xarakterga ega boʻldi. Boshqa adabiy yoʻnalish tarafdorlaridan farqli oʻlaroq, syurrealistlar oʻzaro hamjihat boʻlishib, yangi rejalar xususida fikr almashadi. Yangi asarlarni muhokama qilishib, bir soʻz bilan aytganda, maslakdosh boʻlib, birgalikda ijod qilgan edilar. Syurrealizm asta-sekin adabiyot doirasidan chiqib, sanʼatning boshqa turlarida, xususan, rangtasvirda muqim yashab qoldi.
Taqdir taqozosi bilan oʻtgan asrning 20-yillarida Parijga kelgan shoirlar, musavvirlar, haykaltaroshlar va bastakorlar shaharning eng xushmanzarali Monmartr tepaligida joylashgan qahvaxonalarda umrguzaronlik qilishni hayotning bir qismi deb bildilar. Monmartrda Vinsent van Gog, Pol Gogen, Anri Matiss, Pablo Pikasso kabi musavvirlar, Andre Jid, Jak Prever, Jan-Pol Sartr, Andre Morua, Pol Elyuar, Natali Sarrot singari adiblar oʻz ijodiga ilhom topdilar.
Syurrealizm adabiy oqimiga asos solgan shoirlar “adabiy inqilob” doirasiga siyosiy va ijtimoiy inqilobni qoʻshdilar. Ular ijtimoiy hayotda faol qatnashib, hamjihatlik bilan bir qator mamlakatlardagi mustamlakachilik siyosatini, ayniqsa, oʻzining jirkanch basharasini namoyon qila boshlagan fashizmni ham ayovsiz qoraladilar. Aynan siyosiy va ijtimoiy faoliyatlari keyinchalik syurrealistlar oʻrtasida oʻzaro xusumat va adovat, ishonchsizlik urugʻini sepdi. Ikkinchi jahon urushi yillarida syurrealistlarning koʻpchiligi AQSHda boshpana topdi. Bu esa, oʻz navbatida, u yerda ham syurrealizm gʻoyalarining tarqalishiga olib keladi. 1950 yillarda ular, xuddi oldindan kelishilgandek, Parijga oldinma-keyin qaytib kelishdi, biroq endilikda mustahkam eʼtiqod, bir jon va bir tan guruhdek hamjihat ijod qilmadilar. Faqat Andre Breton, 1957 yil syurrealizmni “yangicha kashf etilgan sehr” deya nomlab, to hayotining oxirigicha oʻzining maqola va chiqishlarida oʻzi rahnamolik qilgan syurrealizmning hayotiyligini taʼriflab oʻtdi.
Syurrealizmga kengroq toʻxtalib oʻtganimizning boisi shundaki, Lotin Amerikasi adabiyotining bir qator vakillari oʻsha yillar Yevropada qoʻnim topib, syurrealizm taʼsiridan xalos boʻlolmadi, shu jumladan, Karpentyer ham. Boshida syurrealizmdan sarmast boʻlib ijod qilgan Karpentyer, keyinchalik koʻzi ochilib, yuqorida nomi zikr etilgan “Murda” pamfletiga oʻzining qatʼiy noroziligini bildiradi. Ehtimol, yoshligida toʻgʻri qabul qilgan bu qarori butun umri davomida haqiqiy fransuz adabiyoti va sanʼatiga boʻlgan hurmatining sababidir.
Janubiy Amerika qitʼasining tub aholisi – hindu koʻzlari bilan koʻrish, asrlar mobaynida qorishib, aralashib ketgan uch irqning xotirasini “jonlantirish” – bu murakkab vazifani nafaqat Asturias, balki Karpentyer ham oʻz oldiga qoʻygan. Karpentyerga bu ohanglar begona emas edi. U hindular, Afrikadan majburlab olib kelingan qora tanlilar, ispan va portugallar, ulardan tugʻilgan metis va mulatlar hayoti bilan yaqindan tanish boʻlgan. Maʼlumki, yil boʻyi quyosh charaqlagan ulkan makonda, yaʼni Karib dengizi havzasida oʻziga xos madaniyat shakllangan edi. Uning negizini noyob qorishma: Yer yuzidan yoʻqolib ketgan qadim sivilizatsiyalar, yevropalik istilochilar, Afrikadan qullikka olib kelingan qora tanlilarning tili va madaniyati tashkil qilardi. Karpentyerning “Ekue-Yamba-O!” (Eque-Yamba-O!, 1933) nomli romanida ikki maʼnaviy-axloqiy oʻlchov, yaʼni qora tanli va oq tanlilarning olami bir-biri uchun mutlaq yopiq tarzda namoyon boʻladi. Bir-biriga umuman oʻxshamaydigan hayot, aniqrogʻi, dunyoqarash, dunyoni his etish, yashash oʻrtasida qanday bogʻlovchi rishtalar mavjud boʻlishi mumkin? Ular vaqti kelib birlasharmikan? Insoniyat paydo boʻlganidan to bugungi kungacha mavjud boʻlgan ziddiyatlar bartaraf etilarmikan? Insoniyat bu chigal muammoni yecha olarmikan? Shu va shu kabi savollarning yechimini topishga harakat qilgan Karpentyer oʻzining qachonlardir boshlab qoʻygan, lekin maʼlum sabablarga koʻra yakunlanmay qolib ketgan ushbu jumboqlarini aynan Parijda oxiriga yetkazdi.
Parij va Madriddan oʻzining esse, reportaj va ocherklarini Gavanaga joʻnatarkan, Karpentyer Yevropada joʻsh urib turgan madaniy hayot siyratini okean ortida qolib ketgan “ona yurt” qiyofasi bilan qiyoslaydi. U qaysi yangiliklar, qaysi kashfiyotlar Lotin Amerikasi muhitida qabul qilinishi mumkinligini oldindan bashorat qilmoqchi boʻladi. Eng muhimi, ikki madaniyat kesishgan nuqtalarni, ikki madaniyatni oziqlantirib turuvchi yagona manbani, ildizlarni topishga harakat qiladi.
“Kurrai zamin” (1949) romanining muqaddimasida Karpentyer yevropalik ijodkorlarning serjilo va nafosatli uslublari chatishuvidan hosil boʻlgan obrazlar quyosh nuri va yomgʻir tomchilaridan saqlovchi soyabon hamda mohir chevar qoʻlidagi tikuv mashinkasidan chiqqan matoning “chatishuv”iga qaraganda ancha jozibali va maftunkor boʻlib chiqdi. Ayniqsa turli-tuman madaniyatning yaqinlashuvi, madaniyatlarning bir-birini kuzatishi va oʻrganishi, qolaversa “oʻqib chiqish” jarayoni oʻta qiziqarli manzarani hosil etdi. Darvoqe, “Kurrai zamin” romanida bu kabi yaqinlashuv, yaʼni har xil madaniyatlarning bir-biriga singib ketishi va bir-birini toʻldirishi kuzatilmaydi. Va buning mantiqiy izohi mavjud. XVIII asrga kelib oʻz madaniyati, sanʼati, tili va anʼanalariga ega xalq sifatida toʻliq shakllanib boʻlgan qora tanlilarning yaratuvchan ongi, zamonaviy afsona va rivoyatlarni toʻqishga qodir tafakkuri hayotda toʻxtovsiz sodir boʻluvchi voqea-hodisalarga sehrli, taʼbir joiz boʻlsa, moʻjizali maʼno bagʻishladi. Lovullagan gulxanda yoʻlboshchisining yonayotganini koʻrib, qabiladoshlar bu mudhish, larzaga keltiruvchi oʻlimda navbatdagi qayta tirilish, yangi qiyofada hayotga kelish, aniqrogʻi, toʻxtovsiz oqayotgan daryoga oʻxshagan hayotning yangi bosqichini koʻrishadi.
Karpentyer “qora tanlilarning qiroli” Anri Kristofning xuddi Fransiya imperatori Napoleon kabi bosib oʻtgan hayotiy yoʻliga nazar tashlarkan, romanning boshqa personajlari taqdirida bu yoʻlning variantlari xususida qaygʻu-hasrat ila mushohada yuritadi. Masalan, Anri Kristofga hokimiyat yuksak erkinlikka oʻxshab koʻrinadi; tasavvuridagi erkinlik alomatlari shunchalik aniq-ravshanki, shunchalik moddiyki, ularni goʻyo ushlab koʻrsa boʻladigandek tuyuladi. Erkinlik alomatlari shunchalik lazzatbaxsh, zavqu shavqqa toʻla boʻlganligini qabiladoshlariga soʻzlab bergan Anri Kristof vaziyat keskinlashib ketishini bilmasdi. Uning Ti Noel ismli davangir xizmatkori, yoshi bir joyga borib qolganiga qaramasdan, hokimiyatni qoʻlga kiritishni orzu qiladi va bu yoʻlda hech narsadan tap tortmaydi. Ti Noel taxtdan agʻdarib tashlangan zolim Anri Kristofga tegishli Napoleon Bonapartning mundiriga oʻxshatib qachonlardir tiktirilgan yirtiq-yamoq mundirini kiyib koʻrarkan, oʻzini haqiqiy imperator, hokimi mutlaq kabi his etadi. Romanda turli sivilizatsiyalarning realiyalari, bir-biriga taʼsir koʻrsatib, ich-ichiga singib ketarkan, gʻayrioddiy, taajjubga soluvchi manzarani hosil qiladi. Ushbu manzarada zamonaviy odamzodning umumiy kasalligi xuruj olishi dinamikasi aks etadi. Bu kasallik alomatlarida erksevarlik, hurriyatparvarlik gʻoyalari hokimiyatga erishishning asosiy quroliga aylanadi, undan keyin esa, oʻzgalarning ozodligini poymol qiladi, har doim unga tahdid soladi. Bu kasallik virusini oʻziga yuqtirgan Ti Noel ikki olam orasiga tushib qolish xavfi ostida, dunyoga “sehrli munosabatda” boʻlish koʻnikmalaridan ayrilishi mumkin, hatto qabiladoshlar doirasidan haydab chiqarilishi ham hech gap emas.
“Maʼrifat davri” (1961) romanida Karpentyer Lotin Amerikasining “sehrli realligi”ga Yevropadan “koʻchirilgan” afsona va rivoyatlarning antiqa, gohida mudhish koʻrinishda gavdalanishi muammosiga sinchkov nazar tashlaydi. Fransuz faylasufi Jan-Jak Russo gʻoyalari, inqilobga daʼvat etuvchi shiorlar, sotsialistlarning utopik orzu-umidlari Lotin Amerikasining “jannat makon”iga zamonaviy miflarni yaratish qobiliyatiga ega, ishonchga toʻla badiiy tafakkur, oʻzgacha ehtiros va hayajonni olib keladi. Qullikdan ozod boʻlish, aniqrogʻi, qullikning bekor qilinishi haqida qabul qilingan qarorni Yevropaga eltuvchi kema ushbu foniy dunyoda qoʻshib, ulab, birlashtirib boʻlmaydigan narsalarning mahkam ulanish, birlashish va mujassam boʻlishi timsoliga aylanadi.
Alalxusus, Lotin Amerikasining istalgan mamlakatida yashovchi kishining hayot sarchashmasidan, hayotga boʻlgan umid-ishonch manbasidan, hayotni ilk inkishof qilish qobiliyatidan ajralib qolganligi, abadul – abad ayrilganligi, undan bir qultum suv ichish yoki bir nafasli havo olishdan mahrum etilgan ongi va tafakkuri Karpentyerning “Usulning notoʻgʻriligi” (1974) romanida faqat inqirozga yuz tutishdek emas, balki xavf-xatar tugʻdiruvchi, ziyon-zahmat yetkazuvchi ong va tafakkurdek baholanadi. Agar bunday tahlikali ong va tafakkur yakka hukmron, hech kim daʼvogarlik qilolmaydigan hokimiyatga erishgan kishi tasarrufida boʻlsa, unda odamzodni nima kutishi faqat Xudogagina ayon.
Karpentyerning soʻnggi – “Soz va sharpa” (Yel arra u la sombra, 1979) romani muqaddimasida: “Arfa yangrayotganda uchta narsa mavjud: sanʼat, qoʻl va tor. Insonda esa – aʼzoi-badani, qalbi va sharpasi”, deyilgan. Amerika qitʼasi ochilishi tarixini yangicha, ustiga ustak, yangi Soʻzni kashf etishdek talqin qilishga bagʻishlangan ushbu romanda Kolumbdan oldingi hamda Kolumbga zamondosh boʻlgan madaniyat, xususan, adabiyotdagi Soʻz muallifga goh tasvir vositasi, goh ishonch-eʼtiqod quroli, goh karomatli maʼno sifatida xizmat qiladi – hammasi buyuk jahongashta Kolumb qalbida u yoki bu lahzada gʻalaba qozongan obraz bilan bogʻliqdir. Muallif nazdida, Kolumb qalbida maftunu shaydo Don Kixot va uddaburon Odissey tinch-totuv yashaydilar. Jahon adabiyotida kam uchraydigan hodisa – Kolumb tilidan soʻzlayotgan Karpentyerning gʻayriadabiy uslubi, hijjalab oʻqishga moʻjallangan antiqa uslubi katolik mazhabining peshvolariga qarata aytilgan Soʻz boʻlsa ajab emas. Romanning yakunlovchi qismida taqdim etilgan talqinlarning talqini, yaʼni betinim, hamisha osmonda charaqlab turgan Katta Ayiq Ona yulduzi ortidan ergashgan Xristofor Kolumb va nasroniy din yoʻlboshchisi – Vatikan papasi Piy IX ning bir obrazda mujassam etilishi oʻquvchini ajablantiradi. Bizningcha, Soʻz mavzuining koʻtarilishi, Soʻzning bir nechta jihatlari teran mushohada etilishi, qolaversa, Soʻzning inson ongiga taʼsiri xususida fikr-mulohaza yuritishi – bular hammasi Karpentyerning badiiy ijodga boʻlgan jiddiy munosabatidan dalolat beradi. Nima boʻlganda ham, Karpentyersiz “sehrli realizm” taraqqiy etishini tasavvur qilib boʻlmaydi. Uning Lotin Amerikasi adabiyotiga qoʻshgan hissasini esa hech qanday mezon va oʻlchovlar bilan oʻlchay olmaymiz. Axir, Karpentyerning fikricha, bu ulkan qitʼani “maravilloso”, “fabuloso” deb baholashga qodir, qitʼani sehrli diyor, moʻjizali makon deb bilgan odam kashf etganligini, Lotin Amerikasi taqdiri uchun juda katta, taʼbir joiz boʻlsa, oʻlchovsiz ahamiyatga egadir. Bu odam Kolumb boʻlgan, uning Yangi dunyoni shoirona his etishi, Yangi dunyoga qadam bosganidanoq oʻz ona yurtiga kelib qolgandek hissiyot uygʻonishi Lotin Amerikasida tugʻilib oʻsgan ijodkor ahliga turli Bogʻi Eram va Utopiya mamlakatlarini koʻra olishga imkon berdi.
Muhammadjon XOLBEKOV
“Yoshlik”, 2013 yil, 1-son
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/karpenter-haqida-soz/