Imperiyani tiz choʻktirgan imperator

Yoxud samarqandlik ajdodimiz – boʻrilar asragan chaqaloqning olamshumul ishlari haqida lavha

 

Quyida soʻz yuritilayotgan shaxs – sarkarda An Lushan oʻzbek tarixi uchun umuman nomaʼlum va oʻrganilmagan nom. 2007–2008 yillarda ilmiy izlanishlar olib borish uchun Xitoy davlatida boʻldim. Shunda “Buloq” (“Danhuang”) tarixiy-adabiy jurnalida asli kelib chiqishi Samarqanddan boʻlgan general An Lushanning sarkardalik faoliyati bilan bogʻliq maʼlumotlarni oʻqib qoldim. Tabiiyki, menda ajdodimiz haqda kengroq maʼlumot toʻplash niyati tugʻildi. Xitoydagi oʻnlab tarixiy manbalarni oʻqishim natijasida qoʻlingizdagi mazkur maqola yuzaga keldi.

VII asrda kechgan tarixiy jarayonlar 16 mingga yaqin oila yurtimizdan Xitoy boshkenti – Chanʼanga koʻchadi. Ular orasida yosh va mohir sarkarda An Lushan ham bor edi.

An Lushan nisbasidagi xitoycha “An” (toʻliq “Ango”) “Buqaraq” (“buqacha”) maʼnosini beradi. Oʻsha paytlarda turklar Buxoroni “Buqaraq” deb atashgan. Shuningdek, An Lushan birlamchi bitiklarda Kan Yaloshan deb ham atalgan. “Kan” esa xitoycha Simizakan (Semizkent) deb atalishini inobatga olsak, An Lushanning tugʻilgan yurti Samarqand boʻlib, u keyinchalik Buxoroga askarlik xizmatiga oʻtgani oydinlashadi. Lushan va Yaloshan ismlarida oʻzbekcha alp maʼnosi bor. An Lushanning asli ismi Alper (Alp arslon) boʻlgan.

Xitoy manbalariga koʻra, Alper tugʻilganda turli ilohiy kuchlar uni oʻz himoyasiga olgan ekan. Yangi tugʻilgan chaqaloq yotgan joy tuman kabi turlanuvchi koʻkimtir tusga kirib, yaltirab, tovlana boshlabdi. Qayerdandir boʻrilar kelib, chaqaloq atrofida doira qurib, aylanib, uvillab-uvillab, soʻng ortiga qaytib ketibdi.

704 yilda oʻarbiy Turk hoqonligi yemirilgach, Alper boshqa yigitlar qatori Xitoy qoʻshiniga yollanma jangchi sifatida oʻtadi. U oddiy askar, yasovul, ataman, avangʻar qoʻrboshisi boʻlgan kezlaridayoq jasurligi va shiddatli jang olib borishi bilan Xitoy imperatori Syuanszun (685-762 yy.) nazariga tushadi. Jang qilishda oʻta mohirligi tufayli An Lushan bosh qoʻshin generali etib tayinlanadi.

Imperator bilan uning yaqinligi ota-oʻgʻil kabi boʻlgan. An Lushan saroyda oʻtadigan barcha bayram va qabullarda doim qatnashadi. U shunchalik oʻziga ishongan va erkin ediki, imperatorning istagiga qaramasdan uning yoniga oʻtirar, oʻz oʻrnida Syuanszun ham unga alohida hurmat koʻrsatardi. Qariya imperatorning Yan Guyfey ismli kanizagi boʻlib, An Lushanning jasorati uni oʻziga rom etgandi. Koʻp oʻtmay ularni ishqiy rishtalar bogʻlab turadi. Bu orada oʻarbda kidan va uygʻurlar qoʻshini Tan imperiyasiga xavf sola boshlaydi. 736 yili urush boʻladi. Imperator yovqur qoʻshinli general An Lushanga ishonadi va yurtdoshimiz janggohdan muzaffarona qaytadi.

Xitoyning saroy aʼyonlari, harbiylar va vazirlarning koʻpchiligi general An Lushanni “kelgindi”, deb koʻrolmas, shu sabab imperator bilan uning orasiga turli igʻvo gap va fitnalarni solardilar. Ammo An Lushan turkiylarga xos shijoatini chinliklarning ayyorligi bilan oʻzida mujassam ettira olgan uddaburon shaxs edi. Buni u dushmanlardan oldin, oʻzi ularni tag-tugi bilan yoʻq qilishga kirishganidan bilish mumkin. An Lushan barcha masalalarga barham berish uchun hokimiyatni oʻz qoʻliga olishni rejalashtiradi va qoʻshinini Turkiston oʻlkasidan borgan yurtdoshlari, kidanlar va mahalliy turklar bilan kuchaytiradi. Saroydagi vaziyat hokimiyatni qoʻlga olishga juda oʻngʻay kelganda An Lushan harakat qiladi va 755 yilda xalqning hukumatdan noroziligidan foydalanib, isyon koʻtaradi. Bu isyondan avvalroq u Yan Guyfeyni ogohlantiradi. Yan Guyfey esa oʻz navbatida An Lushandan yaqin maslahatchisi Chjuanga sir boy bermaslik, ishonmaslik hamda keksa imperator Syuanszunni tirik qoldirishni iltimos qiladi.

General An Lushanning 150 minglik qoʻshini imperator saroyi tomon yurish boshlaydi. Isyoniga javoban saroy aʼyonlari qistovi bilan imperator An Lushanning oʻgʻlini qatl ettiradi va 170 ming jangchidan iborat hukumat qoʻshinini isyonni bostirishga yuboradi. An Lushan bu armiyani tor-mor qilib, birinchi sharqiy poytaxt – Loyanni egallaydi, soʻng saroy joylashgan poytaxt Chanʼanga gʻolib sifatida kirib boradi. Imperator va saroy aʼyonlari poytaxtni tashlab qochib, qochqinlikda jon saqlaydi.

An Lushan imperator deb eʼlon qilinadi. Uning imperiyasi Yan imperiyasi nomi bilan tarixga kiradi. Yangi imperator qoʻshini Xitoy hukumat armiyasi bilan Lanbao shahri yonida yana toʻqnashadi. Bu jang prinsipial ahamiyat kasb etib, xitoylarning Tan imperiyasini quvvatlovchi barcha kuch shu yerda toʻplanadi. Chentao koʻli yonida ikki qoʻshin shiddatli jangga kirishadi. Turkiylar Xitoy qoʻshinini tor-mor qiladi. 756 yilning yozida An Lushan Xitoyning uchinchi yirik shahri – Shensini egallaydi. An Lushanning mardona yurishi Xitoy imperiyasi taqdiriga nuqta qoʻyilayotgan tarixiy lahzada xitoyliklar joniga uygʻur va tibetliklar oro kiradi. Isyon tufayli taxtdan voz kechgan imperator Syuanszun Sichuan qoʻrgʻonida jon saqlaydi. Uning oʻgʻli va vorisi Sutszun (711-762 yy. 756 yil taxtga chiqqan) raqib qoʻshinlari bilan tezda aloqaga kirishadi. Uygʻur hoqoni Eletmish Bilgaqagʻan (Myunchurxon. 747-759 yy.) Sutszunga yordam berishi uchun bir qancha shart qoʻyadi. Hayoti qil ustida turgan Sutszun, tabiiyki, barcha shartlarni bajarishga koʻnadi. Shu zayl 756 yilning oktyabrida Bilgaqagʻan An Lushanga qarshi yurishni boshlaydi. U dastlab isyonchilar tarafida kurashgan oʻgʻuz (tongʻra) eli qoʻshini bilan jangga kiradi. Oʻgʻuzlar yengiladi. Bir qism oʻgʻuzlar Chanʼan tarafga yoʻl oladi. Sodda uygʻurlar Xitoy siyosatining katta vaʼdalariga goʻllik bilan ishonib, Tan sulolasini saqlab qolish uchun jiddiy kurash olib borishadi.

An Lushan imperiyasi taqdiri uchun shunday qaltis davr kechayotgan paytda fitna yuz beradi. Yan Guyfeyning maslahatchi Chjuandan ehtiyot boʻlish haqidagi xavotiri, afsuski, oʻzini oqlaydi: 757 yil 30 yanvar tunida An Lushan Chjuan va tansoqchisi Li Juer tomonidan xiyonatkorona oʻldiriladi. Xitoy imperiyasini tiz choʻktirgan general, yangi saltanat tuzgan imperator An Lushan mana shunday oddiy tarzda, sotqinlik qurboni boʻladi. Uning oʻrniga oʻgʻlini taxtga oʻtqazib, hokimiyatni amalda Chjuan boshqaradi.

757 yilning kuzida uygʻur-xitoy qoʻshma armiyasi Fenshuy daryosi boʻyida An Lushan boshqaruvisiz qolgan qoʻshin bilan toʻqnash keladi. Isyonchilar pistirmaga yashirgan kuchlarga ishonib, Xitoy qoʻshinini tuzoqqa tushirishni rejalashtirishadi. Biroq bu usulni yaxshi bilgan uygʻurlar orqadan aylanib oʻtib, An Lushan armiyasi rejasini yoʻqqa chiqaradi. Ular birinchi marta magʻlub boʻladi. Lekin An Lushan jang maktabini oʻtagan isyonchilar ham anoyilardan emasdi. Chanʼan boy berilgach, ular togʻlarga chekinadi. Izidan tushgan uygʻurlar togʻlar oralab yurganlarida isyonchilar yashiringan joylaridan chiqib, shaharda qolgan Xitoy generali Go Szii armiyasiga hujum qiladi va minglab askarlarni oʻldiradi. Faqat ortiga, yordamga qaytgan uygʻur qoʻshini Xitoy armiyasini halokatdan saqlab qoladi.

Koʻp oʻtmay Go Szii armiyasi Loyanga hujum uyushtiradi. Ancha kuchsizlanib qolgan isyonchilar bu shaharni ham tashlab chiqishadi. Uygʻur qoʻshini shaharni uch kun talaydi. Imperator gʻalaba sharafiga Bilgaqagʻanni “amakivachcha” deb ataydi.

Bu paytga kelib An Lushan ishini doʻsti Shisimin (703-761yy.) davom ettiradi. Biroq Yan imperiyasi ancha tarqoq holga kelib qolgandi. Bundan foydalanib, Xitoy generali Go Szii boshchiligidagi qoʻshin Yechen shahrida qoʻnim topgan An Lushanning oʻgʻlini qamalga oladi. Bundan xabar topgan Shisimin yordamga yetib kelib, Xitoy armiyasining ortidan qaqshatqich zarba beradi. Shisiminning bunday mardonavor harakatidan qoʻrqqan imperator yana uygʻurlardan yordam soʻraydi. Bilgaqagʻan qoʻshinini Xitoy imperatoriga yordamga yuboradi. Natijada Chanʼan isyonchilardan qaytarib olinadi va imperator Sutszun 758 yili qariya otasi Syuanszunni yana poytaxtga olib kelib, taxtga oʻtqazadi.

759 yili Shisimin oʻzini An Lushan imperiyasining yangi imperatori, deb eʼlon qiladi va strategik ahamiyatga ega boʻlgan yana ikki shahar – Xeyan va Xuayjouni zabt etib, oʻz imperiyasiga qoʻshadi. Ammo 761 yil aprel oyida Shisimin An Lushan kabi yaqinlari tomonidan xiyonatkorona oʻldiriladi, hokimiyatni uning oʻgʻli Shichaoi egallaydi. Ammo dushmanlar har jihatdan kuchli, Shichaoi esa yosh, gʻoʻr va tajribasiz edi. Uygʻur hoqoni va Tan imperiyasining yangi imperatori Dayszun Loyanni egallaydi va Shichaoini qoʻlga tushirib, qatl etadi. Shu zayl An Lushan tuzgan Yan imperiyasi barham topadi.

Yan imperiyasi tugatilganidan biroz vaqt oʻtib, Xitoyning shimoliy oʻlkalaridagi turkiy ellar, Xebey chegara viloyati xalqi An Lushan va Shisiminni mamlakatni oʻz panohida saqlovchi buyuk farishtalar, deb ilohiylashtiradilar. Ularga atab qahramonlik dostonlari, madhiyalar, marsiya qoʻshiqlari ijod qilishadi.

 

Erkin MUSURMONOV,

SamDU dotsenti

 

zarnews.uz

https://saviya.uz/hayot/nigoh/imperiyani-tiz-choktirgan-imperator/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x