- Bir qarashda, juda olifta savol bu. Siyqasi ham chiqib ketgan. Lekin unda ne sababdan bu savol doimo dolzarb boʻlib qolaveradi?! Chunki baʼzan javobni bilishning oʻzigina kifoya emas, uni yashab ham oʻta bilmoq darkor va oʻsha yashashgina javobning toʻgʻri-notoʻgʻriligini belgilab beradi.
Bilgan, lekin amal qilmagan odamning ilmi haqiqat emas deb oʻylayman. Haqiqatni bilish uni anglashni ham bildirmaydi. Bilish bu – nusxa koʻchirish. Anglash – jarayonning ichida boʻlish yoinki jarayonni ichingga olib kirishdir. Demak, oʻzni anglash haqidagi nazariyalarning yashalmay qolganlari mutlaqo yolgʻon. Yashalgani esa bitta. Har qancha joʻn tuyulmasin, oʻzni anglamoq oʻz oʻrningni anglamoqdir. Kelgan yering, yurar yoʻling va borar joying jam boʻlgan bir manzildadirsan. Oʻzingni shu manzilda koʻra olmogʻing – kimliging va qayerdan ekanligingni unutmasdan, kimga va qayerga borishing (qaytishing)ni bilgan holda toʻgʻri yoʻldan yurish – oʻzni anglash deganidir.
Albatta, kimgadir bu qadar joʻnlik yoqmasligi mumkin. Ammo oʻzligini mana shunday joʻn anglashga muvofiq yashashda jami ulugʻvorliklar, balandparvozliklar, jimjimalar mujassamdek tuyuladi menga.
- Alber Kamyuning “Begona” degan asarini bilasiz. Asarning bosh qahramonini osishga hukm qiladilar. Tongda osilishi kerak boʻlgan odam cheksiz baxt hissini tuyadi. Nimadan? Qanday? U tun sokinligida oʻzi osiladigan dorni qurish jarayonidagi taqur-tuqurlarni eshitish baxt(!)iga musharraf boʻladi. Bu insonning baxtli boʻlishi uchun qanchalik kam narsa kerak ekanligiga, odamzodning baxti qanchalar shartli ekanligiga bir misoldir. Ammo bu baxtmikan? Erix Frommning bir fikrini koʻp takrorlab turaman. Maʼnosi quyidagicha: “Insoniyat gʻalati-da, oʻzi yasab olgan mashinaning jimitdekkina ehtiyot qismiga ham nom qoʻyib olgan-u, million tusda tovlanadigan muhabbat degan hisni bittagina nom bilan atayveradi”. Baxt haqida ham shunday deyish mumkin. Oniy qoniqishlar, oʻtkinchi lazzatlar, nafsning huzurlarini baxt bilan adashtirmaslik lozim. Ularning har biriga nom topib qoʻyish darkordir, balki?!
Odamlarga baxtli boʻlishni oʻrgatishga ham zarurat bor desam, nima deysiz?! Faqat birovlarga azob yetkazib baxt hissini tuyadiganlar bor. Aksincha, kimlar uchundir azoblanishdan ortiqroq baxt yoʻq. Birovning boshiga tushgan kulfatdan tepakalini bulut bilan berkitadiganlar qancha. Hech eʼtibor berganmisiz, jamiyat parokanda boʻlganda, oʻtish davrlarida koʻplab his va qadriyatlar majruhlashadi. Murgʻaklar va ojizalarning jonini olishdan baxt tuyadigan Chikatilolar urchiy boshlaydi. Hammasi baxt hissi tarbiyasining uzilib qolishidan emasmikan?! Balki bunaqa emasdir. Ammo baxtli boʻlishni eplay olmoq zarur. Xuddi ibodatdan yoki, olaylik, simfonik orkestr ijrosidan lazzatlanishni eplay olgandek.
Bular shunchaki mushohadalar. Agar fikrlashga erinmaganimizda tuyayotgan “baxt”larimizning har biriga alohida nom topib qoʻyardik-da, tom maʼnodagi saodat deb oʻzni anglamoq va anglaganimiz kabi yashab oʻtmoq, alal oqibat bu yashashning mukofotiga erishmoqni aytardik.
- Kimsasiz orolga ikkita odam ikki xil zamonda tushib qolgan boʻlsin. Imkoniyatlari bir xil. Isteʼdodlisi yashab ketishining, nari borsa yaxshiroq yashashining ehtimoli yuqoriroq.
Kimsasiz orolga ikkita odam ikki xil zamonda tushib qolgan boʻlsin. Hech qanday imkoniyati yoʻq, faqat tosh va qumdan, shoʻr suvdan iborat orol boʻlsin. Isteʼdodidan qatʼi nazar, ikkalasining ham holiga voy.
Muhimi, isteʼdodli odamga imkoniyat yaratib berishdir. U keyin isteʼdodsizlarga imkoniyat yaratib beraveradi.
Lekin isteʼdodlilar juda yoqimsiz boʻlishlari bor gap. Osoyish dunyoingga oʻz olamlari bilan bostirib kelishadi. Ishlab turgan mashinangni tuzashga urinishadi. Tik turganni yotqizib koʻrishadi, oqimga qarshi suzmoqchi boʻlishadi, haqiqat toshini izlashdan toʻxtashmaydi. Xullas, tinchgina uxlashga qoʻyishmaydi, uygʻotaman deb turtkilayverishadi.
Isteʼdodsizlar esa teskarisi. Ix deb, xala niqtab xohlagan tomoningga yoʻrgʻalataverasan ularni. Tinchingni buzishmaydi, uyqungni xurraklari bilan quvvatlab turishadi. Boshiga olma tugul tarvuz otsang ham “evrika” deb qoʻyishmaydi. Shuning uchun odatda imkoniyatni ularga beramiz. Odamlar esa “isteʼdod muhimmi, imkoniyatmi” – bilolmay qiynalib yurishadi.
- Hozir “sanʼatkor” desa yallachi, nagʻmakash, “ijodkor” desa yozuvchi, qalamkash nazarda tutiladigan boʻlib qoldi. Aslida, kimyogar, iqtisodchi yoki muhandisning zoʻrlari ham ijodkor, sanʼatkor boʻlishadi. Xullas, qalamkashlarning jamiyatdagi oʻrni haqida soʻrayapsiz-da, a? Bundan biron yillar oldin: “Shubhasiz, jamiyatning ardogʻida boʻlmoqlari lozim va lobiddurur”, – deb javob bergan boʻlardim. Yaqin-yaqinlardan fikrim oʻzgara boshladi. Menimcha, bizda ziyolilar (oʻzim ham ularning orasida boʻlsam kerak), ayniqsa, “ijodkorlar” millatning lokomotivi boʻlgulik quvvatga ega emas. Buning sabablari juda koʻp va ular ushbu holat uchun bevosita “aybdor” ham emaslar. Men bu haqda bir tahliliy “nimarsa” qoralash xayolida yuribman. Savolga qaytsak, shoʻro jamiyatida ijodkorning oʻrni juda baland edi. Chunki ular mafkuraviy qurol edilar. Jamiyatning bunday qurolga ehtiyoji baland boʻlganidan oʻrin ham baland edi. Oramizda u davrlarni qoʻmsaganlar ham uchrab turadi.
Hozir qanday boʻlishi kerak? Uzunasiga oʻlchanganda ijodkor jamiyatdan oldinda boʻlmogʻi lozim, jamiyatni ortidan ergashtirmogʻi, mayoq boʻlmogʻi, lokomotivlik qilmogʻi darkor. Ana oʻshanda tikkasiga boʻylanganda oʻrni jamiyatning eng tepasida boʻladi.
- Men jurnalingiz qachon chiqishini bilmayman-da. Agar ertaga chiqsa, hammasi rost derdim. Bir oydan keyinga kafolat berolmayman. Haqiqatlari taftish qilinmaydigan odamning ustidan tuproq tortib yuborsa ham boʻlaveradi. Biroq ayrim haqiqatlar mutlaqo taftish qilinmaydi, oʻshalari rost. U haqiqatlar menga taalluqli emas, men ularga taalluqlidirman.
Sanjar NAZAR
“Yoshlik”, 2014 yil 2-son
https://saviya.uz/hayot/nigoh/ijodkor-lokomotiv-bolmogi-lozim/