Dunyoni his eturman tuygʻularim yetguncha

Gʻazallar

 

* * *

Boʻlsam erdi mayliga qoʻlida qurbon bu kecha,

Xoxi qul etsin meni, xoxiki sulton bu kecha.

 

Yonida tursam qani kosagul-u, ulfat boʻlib,

May ichib shod boʻlsa u lali-badaxshon bu kecha.

 

Nozu istigʻno ila raqsi samolar aylasa

Kuy chalib bersam dutor, tanburda xushxon bu kecha.

 

Yayrasak dardu alam toʻlgan koʻngillarni yozib

Joʻr ovoz boʻlsa biza bulbul gʻazalxon bu kecha.

 

Ishq ila mast boʻlsagu, dunyo unut boʻlsa tamom

Kim bilur kim oshigʻu, kimlarki nodon bu kecha.

 

Aslo parvo etmasak elga ketib ovozamiz

Ertaga el ichida boʻlsa-da doston bu kecha.

 

Neki boʻlsa rozidir Chorshamʼ munavvar tonggacha

Yor ila boqiy boʻlib qolgay qadrdon bu kecha.

 

 

* * *

Ruhni ozod etgil balo-qazolardan,

Yiroq yurgil gʻiybat, fitna, nizolardan.

 

Gʻofil banda umri oʻtar hasad ila

Baland turgil bunday ojiz kazolardan.

 

Mehr qoʻygil hatto qurtu-qumursqaga,

Or etmagil qoʻli ochiq gadolardan.

 

Otaverma faqat yerga tomiringni

Umringga boq goho olis fazolardan.

 

Har narsani qadr ayla, zoye etma,

Ezgu ish deb voz kech kayfu safolardan.

 

Shodon yasha, sharafli bil hayotingni,

Ibrat olgil donishlardan, daholardan.

 

Amal qilmas ekansan bu shartga , Chorshamʼ,

Qutulmassan u dunyoda jazolardan.

 

* * *

Dunyoni his eturman tuygʻularim yetguncha,

Dardu alam chekurman qaygʻularim yetguncha.

 

Koʻngil degan neʼmatning sir-asrori beadad,

Qaʼriga koʻz tikurman sezgilarim yetguncha.

 

Yetishmasa hayotda omad, baxtu saodat,

Hayu havas eturman orzularim yetguncha.

 

Tushlarimga kirar goh oʻngimda koʻrmaganim,

Uygʻonmayin yoturman uyqularim yetguncha.

 

Meni tushunmaguvchi gʻofil, johil, bemurod,

Odamlardan kulurman kulgularim yetguncha.

 

Bandasidan umidim qolmadi bu jahonda,

Xudoga dod eturman hu-hularim yetguncha.

 

Zulmat qoʻynida garchi hayoti javodonim

Chorshamʼ boʻlib oʻturman yogʻdularim yetguncha.

 

ChORSHAMʼ

 

“Yoshlik”, 2010 yil, 7-son

https://saviya.uz/ijod/nazm/dunyoni-his-eturman-tuygularim-yetguncha/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x