Zarafshon daryosi sohilida, Samarqand viloyati, Paxtachi tumani hududida joylashgan Dabusiya qalʼasi haqida keyingi paytda koʻp gapirilmoqda. Bundan uch yil burun yaponiyalik arxeologlar bu yerda qazishma ishlarini olib bordi. Shu bois mushtariylarga bu qadim qalʼa haqida yangi maʼlumotlarni berib oʻtmoqchimiz.
Dastavval, tarixga yana bir nazar.
Buyuk tarixchi Abu Bakr Muhammad Ibn Jaʼfar an-Narshaxiyning “Buxoro tarixi” kitobi (943–944 yillarda yozilgan)da aytilishicha, hali Buxoro shahri vujudga kelmagan, lekin oʻsha davrda Nur, Xarkonrud, Vardona, Tarovga, Safna va Isfona qishloqlari bor edi. Podsho turadigan katta qishloq Baykand edi-yu, ammo qalʼasi Dabusiy boʻlib, shahar deb shuni atashgan. Shu sababli Dabus qalʼasi bundan uch ming yil oldin paydo boʻlgan, degan xulosa chiqadi.
Tarixiy manbalarda keltirilishicha, shahar-qalʼa aholisi doimo loyqalanib oqadigan Zarafshon daryosi suvini isteʼmol qilmagan. Ikkinchidan, qalʼa daryodan 25-30 metr balandlikda va 200-300 metr chetda joylashgan. Bu esa shahar aholisini muntazam ichimlik suvi bilan taʼminlash imkonini bermagan. Shahar-qalʼaga ichimlik suvi Zirabuloq tizma togʻlari bagʻrida joylashgan Daraytut qishlogʻi buloqlaridan yer osti sopol quvurlari orqali olib kelingan. Suv osti quvurlari salkam 20 chaqirim uzoqlikdan tortib kelingan. Qazishma jarayonida bu sopol quvurlar topildi va ayni paytda ularning namunalari tuman xalq muzeyida saqlanmoqda.
XI asrga kelib Oʻrta Osiyo, Hindiston va Afgʻoniston qoraxoniylar va gʻaznaviylar hukmronligida boʻldi.oʻaznaviylar hukmdori sulton Mahmuddan soʻng oʻgʻli Masʼud Xorazmshoh Oltintoshga Buxoroni zabt etishni buyuradi. Buxoro Oltintosh tomonidan 1032 yilda qoʻlga kiritilgach, ular Buxoro xoni Ali Tegin ketidan quvishga harakat qiladilar. Chunki Buxoro hukmdori Ali Tegin koʻpgina boylik va mol-mulkni olib Dabusiya shahriga ketganini Oltintosh yaxshi bilardi. Ammo u Dabusiyani ham Buxoro singari oson zabt etiladi, deb xato qilgan edi. Katta talafot koʻrgan, oʻzi ham ogʻir yaralangan Xorazmshoh Oltintoshning yarashuv bitimi tuzishdan boshqa iloji qolmaydi. Dabusiyaning mustahkam devorlari va mard jangchilari Ali Teginning xazinasini, umuman, shaharni bus-butun saqlab qolgandi.
XIII asrning boshlarida moʻgʻullar tomonidan qilingan bosqinchilik Dabusiya shahriga katta zarar keltirdi. Moʻgʻullar 1220 yilda Samarqandni bosib oldi va Dabusiyani katta qiyinchilik bilan ishgʻol etdi. Jaloliddin Manguberdi tomonidan Dabusiyada qurilgan mustahkam mudofaa devorlari ayovsiz buzib tashlandi. Erkaklar asir olinib, qariyalar, yosh bolalar va ayollar qirib tashlandi. Shahar ayovsiz talandi, endi u vayrona bir qalʼaga aylanib qolgan edi.
1500 yilda Muhammad Shayboniyxon Samarqandni qamal qiladi. Buni eshitgan Buxoro hukmdori Boqi Tarxon lashkari bilan Samarqandni qamaldan qutqarish uchun otlanadi. Bundan xabardor boʻlgan Shayboniyxon qamalni boʻshatib, Boqi Tarxonga qarshi jangga otlanadi. Ikki raqib lashkarlari Dabusiya shahri yaqinida toʻqnashadi. Shayboniyxonning qoʻli ustun keladi. Boqi Tarxon ozgina lashkari bilan qochib, Dabusiya qalʼasiga berkinadi. Qulay fursatdan foydalanib, Shayboniyxon Dabusiyani egallab, Buxoroga yurish qiladi va uni bosib oladi. Bu haqda Zahiriddin Muhammad Bobur qimmatli maʼlumotlarni yozib qoldirgan. “Qambar Ali yoʻlda keladurgʻonda yayov qochib, yuz tashvishlar ila Oʻratepaga kelur. Oʻratepada ekanida xabar keldikim, Shayboniyxon qalʼai Dabusning ilohi Boqi Tarxonni bosib, soʻng Buxoro ustiga boribtur”.
Buxoro amiri Abulfayzxonni mahv etib, taxtni egallagan Muhammad Rahimxon 1753 yilda Dabusiyani butunlay vayron etdi. Amir qoldirgan lashkar zulmidan aziyat chekkan aholi shaharni asta-sekin tark eta boshlaydi. Shu tariqa shahar xarobaga aylanib boradi. XIX asrga kelib esa Dabusiya shahri oʻrnida Buxoro amirligiga qarashli Ziyovuddin bekligi tashkil etiladi. Bek oʻzi uchun yangi qoʻrgʻon qurib olgach, Dabusiyaga boʻlgan eʼtibor susaydi.
ZARGARLAR, HUNARMANDLAR ShAHRI
Buyuk ipak yoʻlida qurilgan shahar savdo uchun juda qulay hisoblangan. Soʻgʻdiyonaning anvoyi mato-mollari Sharqu oʻarbdagi jahon bozorlarini bezab turgan. Ipak yoʻlining Samarqand bilan Buxoroni bogʻlovchi shoxobchasi ustida Dabusiya shahridagi hunarmandlar yaratgan gazlamalar, zargarlik buyumlari dunyo bozorida xaridorgir boʻlgan. Shaharda shu yaqin atrofdagi dehqonlar yetishtirgan paxtadan nafis gazlamalar toʻqilgan. Xurosonda yumshoq va pishiq bu gazlamadan toʻqilgan liboslarni asosan amaldorlar kiygan. Hatto Bagʻdodda ham bu gazlamalarni nihoyatda qadrlashgan. Boshqa yurtlarda ishlab chiqarilgan gazlamalar 1 dinordan sotilgan boʻlsa, Dabusiyada toʻqilgan gazlamalar 2 dinordan 10 dinorgacha baholangan. Dabusiyada zargarlik va kulolchilik rivojlangan. Bu yerda tayyorlangan turli taqinchoqlar, sopol idishlar xaridorgirligi bilan ajralib turgan. Tarixiy shahodatlardan shu narsa maʼlumki, Dabusiya Oʻrta Osiyoning mashhur shaharlaridan boʻlgan. U yerdan koʻplab shoirlar, olimlar, donishmandlar yetishib chiqqan. Abu Zayd ad-Dabusiy (X–XI asr) shulardan biridir. Yoki imom Bahri otani olaylik. U kishi Soʻfi Olloyor, Pahlavon Mahmud singari zamonasining oʻqimishli, ilgʻor fikrli kishilaridan boʻlgan.
YAPONLARNI QIZIQTIRGAN QALʼA
Ochigʻi, YUNYeSKO tarixiy yodgorliklari roʻyxatiga kirgan ersa-da, Dabusiya qalʼasini oʻrganish sovet davrida nomigagina olib borildi. Keng jamoatchilik murojaatidan keyin 1985 yilda qalʼani oʻrganish uchun Toshkent tarixiy madaniy yodgorliklarni taʼmirlash ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan qiymati 66,7 ming soʻmlik loyiha-smeta hujjatlari tayyorlandi. 1989 yilda esa shu asosda Oʻzbekiston madaniyat vazirligining madaniy yodgorliklarni taʼmirlash ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarmasi 25 ming soʻm mablagʻ ajratdi. Nazorat sustligi uchun ham bu mablagʻning 15 ming soʻmi oʻzlashtirildi, xolos. Achinarlisi shundaki, mablagʻ koʻzlangan maqsadlar yoʻlida foydalanilmagani yetmaganidek, qalʼa tarixini oʻrganish va qazish ishlarini olib borish aro yoʻlda qolib ketdi.
1998–1999 yillarga kelib Dabusiya tarixini oʻrganishni Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Arxeologiya ilmiy-tadqiqot instituti yetakchi ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi Amriddin Berdimurodov oʻz zimmasiga oldi. Olim qiyin sharoitda katta qazishma ishlarini olib bordi. Jamoatchilik, qishloq aholisi, oʻquvchilar olimga qazish ishlarini olib borishda baholi qudrat koʻmak berishdi. Shahar xarobalari oʻrnidan koʻpgina tarixiy buyumlar topildi A. Berdimurodovning oʻzi uchun ish ogʻirlik qildi va bir muddat amaliy yordam soʻrab turli tashkilotlarga murojaat qildi. Oxiri olim maqsadiga yetdi: yaponiyalik olimlarni Dabusiya qalʼasi tarixi bilan qiziqtirib qoʻydi.
Nihoyat, 2007 yilning 1 iyunida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti va Yaponiyaning Kioto shahridagi Ipak yoʻlini oʻrganish xalqaro ilmiy markazi olimlari ishtirokidagi ilmiy ekspeditsiya Dabusiya qalʼasida qazish ishlarini boshlab yubordilar. Ekspeditsiyaga Yaponiya tomonidan professor Uno Takao va Oʻzbekiston tomonidan moziyshunos olim A. Berdimurodov rahbarlik qilishdi. Qazishmalar Shahristonning sharqiy burchagi va Rabotning oʻrtasidan boshlandi. Qazishmalar chogʻida sifatli sopol quvurlar, eramizning VII-XI asrlariga taalluqli uy-joylar qoldiqlari, tandirlar, oʻchoqlar, mis va bronza tangalar chiqdi. Sopoldan sifatli qilib yasalgan quvurlarning topilishi, ayniqsa, ahamiyatli boʻldi. Bu esa shaharga ichimlik suvi maxsus quvurlar orqali kiritilganidan dalolatdir. Olimlar bu yerdan 2300 yillik arxeologik topilmalarni, shuningdek, Qoraxoniylar davridan soʻng IX asrga taalluqli buyumlar boʻlgan qatlamni ham aniqlashdi. Bu safar mis tangalar, quvur, qozon-oʻchoqlar, koʻzalardan tashqari, turli bezaklar berilgan maxsus tamgʻalar bosilgan gʻishtlar chiqdi.oʻishtlardagi 9-10 xil tamgʻalar esa har bir sulolaning oʻz tamgʻasi boʻlganini koʻrsatadi. Topilgan sopol idishlar esa jarangdor, gullari nafis chizilgan.
2009 yil sentyabr boshida yapon professori Uno Takao boshliq arxeologlar yana Dabusiya qalʼasidagi ishlarni davom ettirdilar. Ular orasida Nara universitetidan arxeolog Yamaguchi Xiroshi, Kioto universitetidan Fukuxara Kaysuki, Murokomi Tomomi, bor edi. Bu safar koʻhna qalʼaning zodagonlar istiqomat qilgan Ark qismi tanlab olindi. 10×10 metr joy qazilganda hammom, oʻchoq, 3 xil hajmdagi pishiq gʻishtlar, moychiroq, qadah, mis tangalar va lagan, shisha idishlar siniqlari, pilla qoldigʻi chiqdi.
…2008 yilning mart oyi edi. Shahar-qalʼa nomi bilan ataluvchi mahallada yashovchi tajribali dehqon Yaxshiboy Eshmurodov qishloqdoshlarini Dabusiyadagi qabriston atrofini tozalash, yoʻllarini tekislash ishlariga chorladi. 1500 metr masofadagi yoʻlga shagʻaltosh toʻkildi. Muhiddin Norberdiyev, Ravshan Poʻlatov, Toʻxtamurod Yorqulov, Zoyir Yoqubov, fermer Eshniyoz Haydarov, Olim Bahromov singari turli kasb egalarining saxovatpeshaligi natijasida yoʻllar tartibga keltirilib, suv oʻtkazish uchun quvurlar yotqizildi. Imom Bahri ota maqbarasi yonida muzey tashkil etilib, ziyoratga keluvchilar uchun shart-sharoitlar yaratildi.
Shu oʻrinda Dabusiyani chuqur oʻrganishga harakat qilgan, olimlarni qazish ishlariga jalb eta olgan “Oltin meros” Xalqaro xayriya jamgʻarmasi Paxtachi tumani rahbari Yaxshiboy Husanov, yapon va oʻzbek olimlariga xonadonidan joy bergan Boboniyoz bobo Qilichev, aka-uka Toshtemir va Kamol Karimovlarning nomlarini alohida tilga olib oʻtmoq joizdir.
Bugungi kunda Dabus qalʼa-shahrining qoldiqlari qisman yoʻqolgani rost. Bu esa tabiiy jarayon. Yillar silsilasi qalʼaning tashqi koʻrinishini yemirmoqda. Ostida esa hali topilmagan buyumlar, jismlar, ajoyibotlar moʻl. Asrlar osha Zarafshon daryosiga tutashib, hozirgacha yetib kelgan qalʼa devorlari hali mustahkam. Uni na urushlar, na daryo suvi, na shoʻrxok yengib oʻtolmagan. Pishiq qurilgani uchun nurashi juda sekin kechgan. Biz esa ajdodlarimiz xoki saqlanib kelinayotgan tarixiy obidalarni, muqaddas joylarni kelgusi avlodlar uchun koʻz qorachigʻidek avaylashimiz lozim.
Izzatulla NORQUVVATOV,
Oʻzbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi aʼzosi
“Hurriyat”dan olindi.
https://saviya.uz/hayot/nigoh/dabusiya-shahar-bolgan/