Virtual “zavq” azobi yoxud oilangizni virtual xiyonatdan asrang!

Hali balogʻat yoshiga yetmagan Jamilaning turmushga chiqqani koʻpchilikni ajablantirgan boʻlsa, toʻyidan yetti oy oʻtar-oʻtmas ota uyiga koʻch-koʻroni bilan homilador ahvolda qaytib kelgani butun qishloqqa ovoza boʻldi. U ota-onasining xohishi bilan bolalik orzularidan voz kechib, oʻzlari singari oʻrtahol oilaga kelin boʻlgandi. Turmush oʻrtogʻidan erta ayrilgan qaynonasi maktabda oʻqituvchi boʻlib ishlar, kuyov ham qoʻlidagi guldek hunari bilan roʻzgʻorning kam-koʻstini toʻldirardi. Umar toʻydan keyin uch oy oʻtgach, (uylanishdan avval bir-ikki tanishidan olgan qarzini uzish maqsadida) sinfdosh doʻstlari bilan chet elga ishlagani ketdi. Ketar chogʻida kelinga qimmatbaho telefon sovgʻa qildi. Hatto “Odnoklassniki. ru” hamda “vatsapp” ijtimoiy tarmoqlaridan rafiqasiga shaxsiy sahifa ochdi. Unga “oʻrgimchak toʻri”dan qanday foydalanish borasida ham yetarlicha “saboq” berdi.

Biror kasb-hunarning etagidan tutishga ulgurmagan Jamila uyda bir oʻzi qolib, aksariyat vaqtini televizor koʻrish, telefonda qarindosh va dugonalari bilan gaplashishga sarflardi. U hali gʻoʻr, qiziqqon boʻlgani boismi, internetga kirib, dastlab onlayn makondagi yangiliklar, xabarlarni mutolaa qilardi. Kun sayin ijtimoiy tarmoqlarga “ishtiyoq”i ortib, shaxsiy sahifalariga oʻquvchilik davri va toʻy kungi suratlarini joylab, anchagina “like” toʻpladi. Turli mavzularni bayon qiluvchi va koʻngilochar guruhlarga aʼzo boʻlib, koʻplab “doʻst”lar orttirdi. Kelinchakning virtual hayot “bagʻri”ga singib, unga “mehr” qoʻygani uy ishlarini oʻz vaqtida bajarmasligi yoxud bir qoʻlida “hamroh”i bilan barcha yumushlarni chala qilishida aks eta boshladi. Uning bu xatti-harakatini koʻrgan qaynona avvaliga ajablandi va uni zimdan kuzatib yurdi.

Axiyri, sabr kosasi toʻlgan qaynona “portlash”ga majbur boʻldi: oʻgʻliga qoʻngʻiroq qilib, bor gapni aytdi. Umar suhbat chogʻida musofir yurtda ishsiz sanqib yurishgani sabab yangi haftaning boshlarida uyga qaytayotganini bildirdi.

Umar chet eldan qaytgach, bir kuni xotini oshxonaga chiqib ketgach, uning televizor oldida quvvat olayotgan qoʻl telefonini titkilay boshladi. Yaxshi niyatlar bilan xotiniga olib bergan “matoh”dagi SMS nomalaru, notanish yigit-qizlarning yarim-yalangʻoch holatdagi suratlari uning qalbidagi shubha-gumonlarni yanada alanga oldirdi. Qoʻshiq xirgoyi qilib, eshikdan kirib kelgan kelinchak turmush oʻrtogʻining qoʻlidagi telefonini koʻrgach, karaxt boʻlib qoldi. Umar esa rafiqasini soʻroqqa tuta boshladi. Jamila qoʻrqib ketganidan yigʻlashga tushdi. Ularning uzoq davom etgan janjaliga Umarning “Internetdan topgan oʻsha “aka”laring bilan yashab, baxtli boʻl”, degan achchiq soʻzlari nuqta qoʻydi…

Ha, bugun globallashuv davrida kun sayin “quloch” yozib borayotgan ijtimoiy tarmoqlardagi muloqotlar hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Koʻpchiligimiz erta tongdanoq qoʻl telefonimizni kovlashga tushamiz. Shu zaylda kunimizning aksariyat qismi onlayn makonda oʻtadi. Bu sarhadsiz “dunyo” “fuqaro”larining auditoriyasi kengayib borayotgani kabi u orqali gʻoyibona tanishib, qiyomatli “doʻst” tutinayotganlar, dardu hasratini baham koʻrayotganlar, sirlashib, sevishayotganlar, ayrim hollarda esa oʻz “jufti”ni topib, oila qurayotganlar soni ham tobora urchib borayotir. Ayniqsa, yuqoridagi singari yosh oilalarning buzilib ketayotgani kishi dilini xira qiladi. Yana bir muhim “odat”ni afsus bilan aytish mumkinki, soʻnggi paytlarda real hayotda yigit va qiz bir-birini uchratishi va oʻz xohishiga koʻra nikoh rishtasini bogʻlashi anqoning urugʻidek kamayib bormoqda. Rivojlangan Yevropa mamlakatlarida esa bu hol allaqachon katta muammoga aylanib ulgurgan.

– Endigina oila qurgan yosh kelin-kuyov oʻrtasida avvalo, bir-biriga boʻlgan ishonch va mehr-muhabbat rishtalari mustahkam boʻlishi zarur, – deydi Andijon davlat universiteti psixologiya fani oʻqituvchisi Gulxumor Tojiboyeva. – Oilada erning xotinga, xotinning erga boʻlgan munosabati va ularning tarbiyalanganlik darajasi havas qilgudek boʻlsa, bu qoʻrgʻonga hech qanday tashqi taʼsirlar rahna sololmaydi. Ayol kishi tabiatan erini oʻziga ishontirishni, faqat uning diqqat-markazida boʻlishni, oila aʼzolaridan oʻziga nisbatan eʼtibor, izzat-ikrom kutib yashashni yaxshi koʻradi va shunga erishishga harakat qiladi. Bundan tashqari, ayol kishi tashqi taʼsirlarga qiziquvchan boʻladi. U hech qayerda ishlamay, uy yumushlari va farzandlar tarbiyasi bilan shugʻullansa, oiladan tashqaridagi muhitdan boxabar boʻlishga intiladi, oʻziga boʻlgan iliq munosabatni oʻzgalardan izlashga “bel bogʻlaydi”. Bu borada unga internet, televizor yoki gazeta-jurnallar “koʻmakchi” vazifasini oʻtaydi. Oila boshligʻi rafiqasiga oʻz vaqtida eʼtibor berib, koʻngliga yoʻl topishga harakat qilmasa, ayol bunday munosabatdan oʻzini olib qochishga, boshqa bir muhit, virtual olam orqali oʻzini chalgʻitishga urinadi.

Telefon va “oʻrgimchak toʻri”ning inson hayotiga kirib kelganiga ancha yillar boʻldi. Ijtimoiy tarmoqlardagi yozishmalar oqibatida yuzaga kelgan ajrimlar toʻgʻrisida koʻpchiligimiz aniq maʼlumotga egamiz. Ushbu voqealarning yanada keng va chuqur ildiz otayotgani, guldek oilalarning barbod boʻlayotgani kishini tashvishga soladi.

– Aslida ijtimoiy tarmoqlardagi muloqotlar virtual boʻlsa-da, maʼlum odob-axloq, insoniylik fazilatlari chegarasidan chiqib ketmasligi lozim, – deya mavzu yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildiradi Shahrixon tuman xotin-qizlar qoʻmitasi bosh mutaxassisi Shohidaxon Yusupova. – Odatda bizga ajralish yuzasidan murojaat qilayotganlarning oilasi buzilishi sababini oʻrganganimizda, qaynona-kelin bir-birining tilini topa olmayotgani, oila ustuni boʻlgan erkakning roʻzgʻorga masʼuliyatsizlik qilayotgani, iqtisodiy qiyinchilik singari omillar kelib chiqadi. Biroq oxirgi paytlarda telefon orqali oilaviy mojaro yoxud xiyonatning ham yuzaga kelayotgani bizni yanada tashvishga solib, jiddiy ish olib borishga undamoqda.

Statistik maʼlumotlarga koʻra, Yer sharidagi insonlarning qariyb 50 foizi qaysidir ijtimoiy tarmoq, ayrimlari esa yana bir qancha tarmoq aʼzosi ekan. Virtual olam tubiga “gʻarq” boʻlayotganlarning aksariyatini yoshlar tashkil etmoqda. Rossiyada har bir foydalanuvchi bir kunda 11 soat, Angliyada 6, Gretsiyada 7, mamlakatimizda esa taxminan 6 soatdan koʻproq vaqtini ijtimoiy tarmoqlar uchun sarflar ekan. Xorijiy davlatlarda, xususan, Amerika va Yevropada aynan ijtimoiy saytlar oqibatida 40-50 foiz oilalar ajrashib ketmoqda. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, 2020 yilga kelib bu koʻrsatkich 70 foizga chiqishi mumkin.

– Virtual dunyodagi hayot qaysidir maʼnoda qaramlikni keltirib chiqaradi, – deya soʻzida davom etadi psixolog G. Tojiboyeva. – Bu “sehrli” olamda sizni yaxshi koʻrib, iltifotlar koʻrsatishadi. Inson esa bundan behad quvonib, oʻzini voqealar qaynagan joyning qoq markazida turgandek his qiladi. Biroq kompyuter yoki telefon oʻchgach, u real hayotga koʻnikishi biroz qiyinlashadi. Sababi, u “yangi” hayotning rang-barang, koʻzni quvnatadigan hodisa-jarayonlariga mukkasidan ketib, soxta, yengil-elpi, yolgʻonlar asiriga aylangan boʻladi. “Telegramm”, “IMO”, “whatsapp” singari ijtimoiy tarmoqlar masofa tanlamaydi, shaxs his-tuygʻularini ohanrabodek oʻziga chaqirib oladi. Bu kabi muammolarning oldini olish borasida avvalo taʼlim-tarbiya oʻchogʻining oʻrni katta ahamiyatga ega. Taʼlim muassasalarida oʻtiladigan oila psixologiyasi fanida shu jihatlarga alohida eʼtibor berilishi, oʻqituvchi dars jarayonida faqatgina darslik bilan cheklanib qolmasdan, hayotiy voqea-hodisalar haqida ham suhbatlar oʻtkazib tursa, maqsadga muvofiq boʻlardi.

Ha, aslida qayerda, qachon va kim bilan tanishib, doʻstlashish har kimning shaxsiy ishi. Ammo virtual olam gʻam-tashvishsiz, faqat oʻyin-kulgiyu yozishmalardan iborat boʻlsa-da, ularning barchasi oʻtkinchidir. Shuningdek, gʻoyibona tanishuvlar hech qachon oilaning mustahkamligini taʼminlay olmaydi. Tabiiyki, dilbandini katta orzu-maqsadlar bilan voyaga yetkazgan ota-ona ham ularning bu tarzda hayot rishtalarini bogʻlashiga aslo rozi boʻlmaydi. Shunday ekan, darhol oniy quvonchlarni fikru xayolingizdan “yulib”, virtual “hayot”ingizdan voz keching. Siz izlayotgan mehru muhabbat chashmasi aslida oilangizning issiq bagʻrida ekanini unutmang!

 

Mirolim ISAJONOV

 

“Hurriyat”dan olindi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/virtual-zavq-azobi-yoxud-oilangizni-virtual-xiyonatdan-asrang/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x