* * *
Soʻz nima
Sen mening yonimda boʻlsang.
Koʻzlar tikiladi…
Tillar tugiladi…
Sirlar soʻkiladi…
Choki chokidan,
Soʻzlar esa yoʻq.
Manzilin yoʻqotgan karvonday,
Tomoshabin teraklar turar
Uyqusirab, egib boshini.
Tabiat sirlashar –
Ajib sukunat…
Bizlar dardlashamiz,
Soʻzlar esa yoʻq.
Tunning koʻzlaridan quyiladi yosh –
Jimgina tark etar yulduzlar
Oppoq tongning soʻzlarini
Boʻyab tashlar
Ranglarga quyosh…
Oʻt-oʻlanlar koʻzlarida yosh,
Biz hanuz sirdosh,
Soʻzlar esa yoʻq…
* * *
Sening yigʻlayotgan,
Alam ichra sassiz
Soʻzlayotgan koʻzlaringga qarayman.
Tomchilab, dumalab ketar iztirob.
Soʻng esa…
Asta-asta taskinga aylanar.
Alamlar, armonlar sogʻinadi jim,
Dardu hasratlarim unsiz oh chekar,
Miskin qoʻshiqlarga aylanmoq uchun.
Dilimda bir ilinj,
Tilimda bir soʻz,
Tomchiday turibdi titrab,
Najotsiz bir his,
Uni hech soʻzlarga tizib boʻlmaydi.
Ilojsiz chekinar,
Gʻazab jimgina…
Bizlarni tabriklar oʻksigan sabr.
* * *
Qishning oq koʻylagi yirtilib ketdi,
Endi iliq-iliq kunlar boshlanar.
Yupun daraxtlarning toqati bitdi,
Sevinchdan ochilgan koʻzlar yoshlanar.
Shudringga yuz yuvgan barra maysalar,
Munavvar quyoshga umidvor boqar.
Anhor suvlariga yuzlarin chayar
Bahorni orziqib kutgan qizchalar.
Hali chimildiqdan chiqmagan kelin,
Bahor iforidan sarxush entikar.
Baxtiyor yuzlari oydayin toʻlin,
Bitmagan kashtasin oʻltirib tikar.
Bahor ranglariga toʻlmoqda borliq,
Daraxtlar olmoqda hayotdan yorliq.
Barcha tashvishlarni unutib butkul,
Azizim, sen Navroʻz tongini kutgil!
Abdugʻofir MAMATOV
“Yoshlik”, 2011 yil, 2-son
https://saviya.uz/ijod/nazm/bahor-ranglariga-tolmoqda-borliq/