(Yozuvchi Erkin AʼZAM bilan suhbat)
Erkin Aʼzam adabiyot maydoniga oʻtgan asrning 70-yillarida kirib keldi. Uning eng soʻnggi “Shovqin” (2011) romanidan tortib “Chiroqlar oʻchmagan kecha” (1977), “Olam yam-yashil” (1984), “Javob” (1986), “Bayramdan boshqa kunlar” (1988), “Otoyining tugʻilgan yili” (1985), “Pakananing oshiq koʻngli” (2001), “Kechikayotgan odam” (2002), “Ertak bilan xayrlashuv” (2007), “Jannat oʻzi qaydadir” (2007), “Guli-Guli” (2009) kabi oʻndan ortiq kitoblari millionlab oʻquvchilar koʻnglini zabt etdi. Mazkur nasriy kitoblar mundarijasini 1 roman, 15 ga yaqin qissa va kinoqissalar, 5 drama, 40 dan ziyod hikoyalar, 50 ga yaqin esse, suhbat, xotira, adabiy oʻylar tashkil etadi.
Ijodkor shaxs tugʻilib-oʻsgan muhit, oila, ota-ona, oiladagi kitobga muhabbat masalasi doimo adabiyotshunoslarni qiziqtiradigan anʼanaviy savollardan sanaladi. Biz xuddi shu savol bilan adibga murojaat etganimizda, u quyidagilarni hikoya etdi:
“Ziyoli xonadonda tugʻilib oʻsganman. Asli muallimlikdan chiqqan otamiz keyinchalik tuman miqyosidagi katta-kichik lavozimlarda ishlagan, ammo umr boʻyi kitobni qoʻldan qoʻymagan. Xoʻjalik rahbari boʻlganlarida ham kechasi bir mahalda daladan qaytib, yana allapaytga qadar kitobxonlik, gazetxonlik qilib oʻtirardilar. Kitobning muhim tuyulgan joylarini qalam bilan belgilab ketish, oʻqib boʻlgach, oxiriga ixchamgina taqriznamo xulosa yozib qoʻyish odatlari bor edi. Viloyat markazidagi katta majlislardan qoʻltiq-qoʻltiq yangi kitob bilan qaytardilar. Uyimizda yoʻq kitobning oʻzi yoʻq edi. Nazarimda, oilamizdagi kitobxonlik ishtiyoqi ana shundan boshlangan. Oʻn bir farzand oʻsgan boʻlsak (kamina toʻngʻichiman), hozir bari turli kasbning boshini tutib ketganiga qaramay, hamon kitobga ishqiboz, uyda bola boqib oʻtirgan singillargacha adabiy yangiliklardan xabardor, boʻsh vaqt topilganda kitobdan bosh koʻtarmaydi. Bor gapni aytyapman, aynan shunday.
Onamiz maktab ostonasini koʻrmagan, harf tanimasalar-da, hammamizdan dono! Maqolgoʻy, matalgoʻy. Adabiyotchi singlimiz onadan eshitgan ohorli soʻzlarini bir daftarga yozib yuradi, kitob qilmoqchi. Men u kishini “akademik enam” deb alqayman, uncha-muncha masalalarda (hatto adabiy ishlarda ham) hanuz maslahat soʻrab kelaman. Shuncha farzandni esli-hushli qilib oʻstirgan, saksonlardan oʻtib ham gapidan adashmaydigan kampirning oʻzi bir maktab-da, nima dedingiz?
U kezlari maktabda ham, uyda ham kitob oʻqish musobaqasi bor edi. Taʼtilda nechta kitob oʻqiganimizni, ular qanday kitoblar ekanini otamiz rahmatli soʻrab-surishtirib turardilar. Biroq adabiyotni sevishing shart, sen kelajakda yozuvchi boʻlasan, degandek tayin yoʻnaltiruvlar boʻlmagan. Koʻp kitob oʻqigan odam xor boʻlmaydi qabilidagi doimiy daʼvatlarni, yozuvchi boʻlaman degan ahdimga biron qarshilik koʻrmaganimni taʼkidlashim kerak”.
E. Aʼzamning “Ertak bilan xayrlashuv” toʻplamiga jamlangan qissalar, hikoyalar motivini aynan bolalik xotiralar, bola nigohi bilan koʻrib-kuzatilgan, bola qalbi bilan his etilgan voqelik, adib oʻzi yaqindan bilgan kishilar: qoʻni-qoʻshnilari, qarindosh-urugʻlari, hamyurtlarining yorqin obrazlari bezaydi. Xilma-xil, kutilmagan, tasodifiy, ohorli syujetlar, raso xarakterli kishilarga qarshi bir qaynovi koʻp yoki bir qaynovi kam boʻlgan gʻalati odamlar obrazi Erkin Aʼzam nasrining mehvarini tashkil etadi. Jumladan, hech kimga oʻxshamaydigan Ramazon obrazi, uning nutqidagi “Chantrimor-e” va “Kalamakatore” singari xitobini oʻqib, yuzingizga tabassum yuguradi. Ruhiyatingizda yengillik his etasiz. Maʼno-mazmuni nomaʼlum bu soʻzlar oʻzingiz sezmagan holda dilingizga olam-olam quvonch ulashadi. Qalbingiz yumshab, ruhingiz tozaradi.
Shuningdek, adibning “Shaytonchalar koʻchasi”, “Kechirasiz, oʻrtoq muallim” qissalari mutolaasi jarayonida muallif bilan birga bolalikning shoʻx-shodon koʻchalarini kezib chiqasiz. Bu chang-toʻzonli koʻchalarda begʻubor bolalik saslarini eshitasiz. Velosiped, moped uchayotgan bolalar obrazi beixtiyor oʻsha baxtli bolalikning parchalari, manzaralari yangligʻ aks sado beradi. Bu begʻubor lavhalar shirin xotiralarni uygʻotadi, beixtiyor oʻzimizning bolaligimizni eslaymiz, asardagi voqealar, xarakterlarga uygʻun hayotiy lavhalarni xotirlab, entikamiz. Albatta, bolalik har bir kishi hayotida insonlarning xarakteri, qismati singari individual, takrorlanmas kechadi.
Bolalik motivi Erkin Aʼzam nasriga lirik-romantik kayfiyat, uslub baxshida etgan. Yozuvchining “Muzqaymoq”, “Shahardan odam keldi” hikoyalaridagi shaharsevar, shaharparast bolalar obrazi muallifning bolalik orzularini oʻzida ifoda qilgan.
Erkin Aʼzam bolaligida qanday bola edi? Uning ruhiyati, dunyoqarashidagi ideallari adabiy qahramonlariga koʻchganmi? Bu masalani aniqlashtirmoq uchun “Bolaligingizda qanday edingiz?” degan savol bilan ijodkorga murojaat qildik:
“Oʻlgudek taʼsirchan, sirkasi suv koʻtarmaydigan injiq, xayolparast bola boʻlganman. Ishyoqmasroq edim, kitob oʻqishdan boshqasi koʻzimga koʻrinmasdi. Shoirona aytganda, xayol dunyosida yashardim. Tevarak-muhit menga zerikarli, toʻporinamo tuyular, koʻngilda unga nisbatan hali anglanmagan bir norozilik ham bor, nuqul kelajakdagi oʻzgacha hayot orzusi bilan yurar edim. Ana shu bezovta, bolalarcha sodda oʻy-xayollar, orzumandligu kitobxonliklar adabiyot sari boshlagandir…”
Yozuvchi boʻlib yetishish uchun juda ulkan ijodiy, hayotiy evolyusiya boshdan kechiriladi. Juda koʻpchilik nosirlar bolaligida sheʼr mashq qiladi. Xoʻsh, bu jarayon Erkin Aʼzam hayotida qanday kechdi? Uning ilk bor qoʻliga qalam olib, yozgan asarlari haqida suhbatlashsak:
“Toʻrtinchi sinflardami, “Haqiqat bor joyda tugʻishganingni ham ayama!” degan hikoya yozganman, oʻzimcha. Sarlavhani qarang! Daʼvoni koʻring! Shunday oʻgitnamo maqol ham bor, bilasiz. (Endi oʻylasam, ana shu gap keyinchalik hayotiy prinsipimga aylanibdi. Qizigʻ-a?) Sinfdoshlar oʻrtasidagi bir kelishmovchilik, rostgoʻyligu yolgʻon haqida edi. Bosh qahramon, yaʼni ijobiy personaj oʻzim, albatta. Hikoya devoriy gazetada chiqdi – muharrir ham oʻzim-da. Soʻngra uni hozirgi “Tong yulduzi” gazetasiga yubordim. Javob keldi: “Badiiy jihatdan boʻsh…” Nazarimda esa, gazetada bosilib turgan narsalardan hech kamlik joyi yoʻq edi – oʻshalarni oʻqib, oʻshalarga oʻxshatib yozganman-da. Baribir, kelgan siyqa javob xatini koʻzlarimga surtib, kerilib yurganlarim yodimda.
Oʻn toʻrt yoshimda “Ismoil” degan qissa yozdim. Azza-bazza boblarga ajratib, ularga sarlavhachalar qoʻyib deng! Oʻzim koʻrmagan, bilmagan oʻtmish hayotidan. Bir yetimchaning taqdiri. “Oʻqituvchi” romani va shunga oʻxshash oʻqiganlarim andozasida “ijod” qilingani maʼlum boʻldi. Lekin boʻsh kelish yoʻq, hikoya ustiga hikoya bitilaverdi. Nihoyat, toʻqqizinchi sinfdaligimda “Inson” (!) degan “taʼsirli” novellam viloyat gazetasida bosilib chiqdiyu qahramonga aylanib ketdim! Uning syujetini doʻstim Usmon Azim aytib bergan, ijrosi kaminadan edi…”
Muallif 1977 yilda “Otoyining tugʻilgan yili” qissasida oʻjar, haqiqatparast, adolatparvar Asqar Shodibekov obrazini mahorat bilan tasvirlaydi. 1980 yillarda E. Aʼzam “Javob”, “Bayramdan boshqa kunlar”, “Navoiyni oʻqigan bolalar” singari qissa va hikoyalarini yaratdi. Yozuvchi “Javob” qissasida ironiyaning dialogizm, absurd kayfiyat, oʻz-oʻzini kinoya qilish (samoironiya), kesatiq, piching, oʻz-oʻzini tahlil qilish (samoanaliz) singari badiiy shartlilik usullaridan mahorat bilan foydalanadi. Qahramon hayotida sodir boʻlgan mudhish voqea uning botiniy olamini agʻdar-toʻntar qilib yuboradi, natijada, muloyim, xushchaqchaq, hazilkash, kamsuqum Elchiyev boshqacha odamga aylanib qoladi.
Qahramon oʻzi va atrofdagilarning hayotini, unga munosabatini taftish etib koʻrar ekan, oʻzining qoʻrqoq, noshud, oʻrtamiyona, qumursqa singari qornini toʻydirishdan boshqasini oʻylamagan mayda odam ekanligini tushunib yetadi. Bularning bariga esa faqatgina oʻzi aybdor. Ironik asar muallifi mahoratli rejissyor, iqtidorli aktyor singari ironik oʻyinlarni uyushtirib beradi. Natijada, badiiy asarda voqealar qaytadan kodlashtiriladi. Qissada xuddi shunday holat kuzatiladi. Asarda kinoyaning ikki xil turi istifoda etilgan, birinchisi, muallif kinoyasi, ikkinchisi qahramon kinoyasidir.
Adibning “Pakananing oshiq koʻngli” qissasi qahramoni Pakanaga qoʻyilgan laqab, kitobxonni asardagi kuchli ironiyadan xabardor etadi. Adib qahramonning tashqi kamchiligi, yaʼni boʻyi pastligi, ustiga-ustak kalligini jiddiy nuqson sifatida boʻrttirib koʻrsatadi. Adib shu orqali, yaʼni inson jismidagi kamchilik tufayli koʻngli ozurda boʻlgan, oxir-oqibat alamzadaga aylangan shaxsning tragikomik hayoti, hissiyotlarini badiiy tahlil etadi. Pakana tragikomik obraz boʻlishi bilan bir vaqtda tragiironik xarakterga ham ega. Hayotda koʻrimsiz tashqi qiyofa tufayli omadsizlik, koʻngilsizlik, alamzadalik, baxtsizlikka giriftor boʻlgan Pakananing sarguzashtlari komik kayfiyat bilan hikoya etiladi. Pakananing tashqi nuqsonlari koʻnglidagidek ayolga uylanish, koʻnglidagidek ayol bilan hamsuhbat boʻlishga izn bermaydi. Qissa uslubini quvnoq yumoristik ironiya bezagan.
E. Aʼzam “Pakananing oshiq koʻngli” qissasida yumoristik ironiyadan foydalangan boʻlsa, “Shoirning toʻyi”, “Chapaklar va chalpaklar”, “Guli-guli”da kinoyaning oʻtkir formasi – sarkazmni qoʻllagan.
E. Aʼzamning navbatdagi qissasi “Chapaklar va chalpaklar”da ham ironiyaning oʻtkir formasi – sarkazm istifoda etilgan.
Adib qator hikoya va qissalarida kinoyaning badiiy-gʻoyaviy jihatdan turfa maʼnolaridan mahorat bilan foydalanadi. Shunga asoslanib, biz yozuvchi oʻz uslubiga yaqin ironik uslubda ijod qiluvchi qaysi tengdoshlari va jahon adabiyoti vakillari asarlarini sevib mutolaa qilganiga qiziqdik:
“Uslubimga yaqinmi-yoʻqmi bilmadim-u, Aziz Nesin, Fozil Iskandar, Vasiliy Aksyonov, Grant Matevosyan, oʻzimizdan Murod Muhammad Doʻst ijodlari menga qiziq tuyuladi. Ulardan nimadir oʻrgangan boʻlishim mumkindir, ammo birortasiga oʻxshamoqqa harakat qilmaganman. Qoʻldan kelganicha, boriga baraka deb yuribmiz, kim bilsin”.
Erkin Aʼzam baravar ravishda sanʼatning uch turida ijod qilmoqda. Yaʼni badiiy adabiyot (nasr), kino, teatr sanʼati. Adibning kinoqissalari asosida tasvirga olingan filmlar “Piyoda”, “Zabarjad”, “Parizod”, “Suv yoqalab”, “Erkak”, “Dilxiroj” va h. k. Shu bois biz adibga quyidagi savol bilan murojaat etishga jurʼat etdik:
“Siz bir qancha kinoqissalar yaratgansiz. Kino sanʼati bilan badiiy nasrdagi shartlilik tabiatan bir-biridan farqlansa kerak. Ssenarist sifatida, shuningdek, yozuvchilik tajribalaringiz asosida bu haqda nima deysiz? Kino sanʼati, teatr sanʼati, soʻz sanʼati. Bu uch sanʼat turidagi badiiy shartlilik bir-biridan keskin tafovut qiladimi?”
“Siz aytayotgan har uchala sanʼat turining asosi, sarchashmasi bitta – Adabiyot, Soʻz. Ifoda shakllari esa turlicha. Goho bir-biriga shu qadar qorishib ketadiki, tafovutli jihatlarini topolmay ham qolasiz. Chunonchi, dramatik qissa yoki muallif bayoniga (kadr ortidagi roviy) asoslangan kino asari. Vaholanki, kino, avvalo, tasvir va harakat negiziga quriladi, uzundan-uzoq dialog, izohu koʻpsoʻzlikni koʻtarmaydi. Garchand ayni shunday filmlar ham bor, masalan, Eldar Ryazanovning “Garaj”, Nikita Mixalkovning “Oʻn ikki kishi” kabi asarlari. Bularda tasvir va harakat oʻrnini aktyorning mahorati, jozibasi, uning ogʻzidan chiqayotgan fikrlar shiddati, qolaversa, muhokama etilayotgan qaltis vaziyat dramasi tutib turadi. Voqean, shu toifa asarlar, yaʼni, asosan, gap-soʻzdan iborat filmlar bizning tomoshabinga xush keladi. Negaligi – boshqa masala. Har holda, shunisini taʼkidlash kerakki, koʻpsoʻzlik, choʻziq bayon, chaynab berishlar kino sanʼatida fazilat sanalmaydi, bular “harakatdagi tasvir” atalmish kinoning tabiatiga yot.
Biroq aynan shu jihatlar teatr sanʼati uchun suv bilan havodek zarur. Chunki sahnada kechayotgan mojaro, asosan, qahramonlar ogʻzidan chiqayotgan gap-soʻzlar orqali hal etiladi.
Voqelikni birmuncha loʻndaroq shaklda ifoda etsa-da, oʻrtadagi talaygina xosliklariga qaramay, kino sanʼati tabiatan badiiy nasrga yaqin turadi, deyish mumkin. Teatr sanʼatida esa badiiy shartlilik masalasi mudom ustun maqomda kelgan. Loaqal, sahnaning mumtoz qoidasi hisoblanmish “makon – zamon – harakat birligi” zaruratini yodga oling.
U yogʻini soʻrasangiz, bu mulohaza, bu cheklanishlarning oʻzi ham shartli gaplar. Negaki, zamonaviy sahnalarda kino unsurlari ham, badiiy nasrga xos uzundan-uzoq iqrornomalar (monospektakl deydilar buni) ham dadil tajriba qilinayotir. Lekin har nima deb atamang, bular baribir istisno koʻrinishlardir. Garchi, hali aytganimizdek, ular asli bir “ota-ona”dan – Adabiyot bilan Soʻzdan bino boʻlsa ham!”
“Qahramonlaringizga ism tanlashda qanday badiiy-estetik prinsiplarga amal qilasiz?” – deya yozuvchiga murojaat qildik:
“Personaj koʻpincha oʻzining nomi bilan tugʻiladi. Keyin tahrir jarayonida goho oʻzgarishi ham mumkin. Muayyan bir badiiy maqsad, deylik, tipiklashtirish ehtiyoji paydo boʻlganda aniq nomsiz ham kunini koʻraveradi. “Pakananing oshiq koʻngli”, “Shoirning toʻyi”, “Yozuvchi”, “Aralashqoʻrgʻon” kabilarni eslang.
Bu ishning tayin bir prinsipini bilmas ekanman, qarang. Yoki erinib, ilmiy asosda mushohada yuritishdan qochyapmanmikan?..”
Qaysi qahramoningiz oʻzingizning feʼlu tabiatingizga yaqin? Yoki hali unaqasini yaratmadingizmi?” – degan mazmundagi savolimizga yozuvchi shunday javob berdi:
“Siz yozganingizdan keyin, siz toʻqiganingizdan keyin oʻzingizdan ham nimalardir yuqishi tabiiy-da. Shuncha gapni osmondan olmaysiz-ku, toʻgʻrimi? Muallifning oʻzi koʻrgan-bilganlari, boshdan kechirganlari, koʻnglida yurgan oʻy-fikrlar ham yozishga oʻngʻay, ham ishonarli chiqadi. Boringki, kimnidir takrorlab qoʻymoq xavfidan nari boʻlasiz.
“Otoyi”dan ham, “Anoyi”dan ham, “Guli-guli”yu “Shovqin”dan ham topasiz meni. Biroq aynan emas. Yozuvchi faqat oʻzining shaxsiyati, oʻzining kechmish va kechinmalari tevaragida oʻralashib qololmaydi – buni bilasiz, albatta”.
Shubhasiz, adib ijodida “Shovqin” romani juda katta bahsu munozaralarga sabab boʻldi. Yozuvchi mazkur asarni kechmishnoma xarakterga ega, deydi. Biz romanning yaratilish tarixi bilan qiziqdik:
“Bu kitob toʻgʻrisida matbuotda “kinochilar haqida, shularning hayotini fosh qilgan” kabi mulohazalar bildirildi. Qoʻshilolmayman. U siz bilan biz haqimizda, kechagi kunimiz haqida. Kinochilar hayoti bunda bir vosita, xolos. Qoni, nasl-nasabi, eʼtiqodi, tiliyu urf-odatlari boshqa-boshqa boʻlgan el-elatlarni “yagona sovet xalqi” atalmish quyushqonga tiqish yoʻlidagi urinishlar, zoʻravonliklar yodingizdadir? Shuning oqibatida kelib chiqqan birda kulgili, birda ayanchli, pirovardida esa umummilliy fojia tusini olgan ajabtovur voqelik-chi? Bu tabiatan gʻayriinsoniy, gʻayrimilliy siyosiy tajriba negizidagi ziddiyatlar oʻtgan asrning toʻqsoninchi yillari arafasida junbush nuqtasiga koʻtarilgani maʼlum. Xoʻsh, adabiyotimizda ana shu jarayon, ana shu kirdikorlarni aks ettirgan asar koʻpmi? U yogʻini soʻrasangiz, kamina aql bovar qilmas bir manzara – shovvoz Rustning samolyotchasi Qizil maydonga kelib qoʻnganiga shaxsan shohid boʻlganman, GKCHP isyonini oʻz koʻzim bilan koʻrganman – oʻsha kunlari Moskovda edim, qarang! Taqdir taqozosi bilan bunday tarixiy voqealarga guvoh boʻlib qolgan, ongli umri oʻsha zamon masxarabozchiliklari muhitida kechgan, qoʻlida qalami bor odam indamay ketaverishi mumkinmidi?! “Shovqin”da ana shu qaltis burilishlar, odamzod taqdiri va tiynatidagi tovlanishlar toʻgʻrisida baqadri imkon hikoya qilmoqqa uringanman. Biron bir toifani, deylik, kino olamini, uning namoyandalarini “fosh etish” niyati boʻlmagan, aslo. Koʻngildagi maqsad-muddaoni amalga oshirishda bular – yorqinroq misol sifatida – anchayin bir bahona edi, xolos. Lekin umumiy tasvirda insonning insonligi, tabiiy qusur va ojizliklardan xoli emasligini nazardan qochirmaslikka chandon rioya qilganim bor gap.
“Shovqin” tayin ifoda shakli topilmay, koʻp yil koʻngilda yurdi. Yaxshi chiqdimi, yomonmi, harqalay yozildi. Tez yozildi”.
Erkin Aʼzam Fransiya, Rossiya, Eron, Shimoliy Quriya kabi turli mamlakatlarda ijodiy safarlarda boʻlgan. Zero, ijodkor uchun turli millatlar va elatlar hayotini koʻrish-kuzatish juda muhim sanaladi. Biz Erkin akaga quyidagi savol bilan murojaat etdik: “Qaysi mamlakat qay jihati bilan sizga maʼqul boʻlgan? Xorijiy safarlarda yurganingizda vatan sogʻinchi qiynaydimi? Oʻzbekiston, oʻzbek xalqi siz uchun nimasi bilan qadrli? Asarlaringizdan sezaman-da, siz juda millatparvar odamsiz. Xalqimizni sevasiz. Uning soddaligini, oddiyligini, kamsuqumligini…”
“Menga, ayniqsa, qattiq taʼsir qilgan mamlakatlardan boshlasam boʻladimi? Eron bilan Shimoliy Quriya. Eron qandaydir qadimiy ruhi va bizning koʻzimiz oʻrganmagan manzaralari bilan diqqatimni tortgan. “Tehronda qoʻrquv yoʻq” degan esse ham yozganman. Shimoliy Quriyaga kelsak… “Chapaklar va chalpaklar”ni oʻqigansiz. Boshqa nimayam deyin? Oʻsha oʻn kunlik safar haqida shunday hajmdagi tagʻin bir kitob yozish mumkin… Xudo u yerga qaytib borgulik qilmasin!
Boshqa mamlakatlarning esa manzur, oʻrgansa arziydigan jihatlari kam emas. Ammo qayerga bormayin, bir haftadayoq darrov Toshkentga qaytgim kelaveradi. Sogʻinch deymizmi buni, til-zabonsiz gangish kasrimi, bilmadim. Ha-a, topdim – harchand erkin mamlakat boʻlmasin, bemalol, yallo qilib yurolmaysiz, negaki oʻzingizniki emas, begona!
Yaxshidir-yomondir, men ham shu xalqning bir vakiliman. Uning siz tilga olgan fazilatlaridan qanchalik faxrlansam, kamchiliklariga shunchalik kuyinaman. Oʻzimning kamchiliklarim, oʻzimning qusurlarim-da!”
Asarlaringizdagi gʻalati xarakterli odamlar obrazi diqqatni tortadi. Masalan; Asqar Shodibekov – oʻlgudek oʻjar odam; Zabarjad – qaysar, aqlli, ilmli qiz; Safura – yasama kiborlardan farqli ravishda hayotdan, muhabbatdan oʻzicha maʼno izlayotgan ayol; Ramazon – sodda, jaydari xarakter; Bolta Mardon – davri oʻtgan odam; Berdiboy – bu ham oʻta oʻjar, uning qarashlari bilan jamiyatdagi qarashlar mos kelmaydi, teskari odam obrazi. Sanayversak, ular koʻp… Shular orasidan shaxsan meni Ramazon (“Anoyining jaydari olmasi”) obrazi hayajonga soladi. Shu obrazning hayotiy prototipi bilan qiziqayotgan edik:
“Bor. Yuribdi. Hikoyaga prototip boʻlganini oʻzi ham biladi. Gʻururlanadi. Kinosida oʻzim oʻynashim kerak edi-da, deb qoʻyadi baʼzan taassuf bilan. Bu ish qoʻlidan kelmasligi bilan esa ishi yoʻq. Bir hisobda uniki ham toʻgʻri-da: hikoyaga azza-bazza qahramon boʻlolgan odam, nima, rolini oʻzi eplayolmaydimi?!
Shu hikoya sabab oʻzimcha bir xulosa qilganman. Insonning yaxshi tomonlarini, fazilatlarini koʻrsatib bersangiz koʻp olqish olar ekansiz. Lekin adabiyotning vazifasi nuqul fazilatlarni ulugʻlash boʻlmay, hayotni butun murakkabligi bilan, demakki, uning qorongʻi jihatlarini ham bor-boricha tasvirlamoqdan iborat-da. Inson zoti mudom ezgu fazilatlar jamuljami boʻlsa, koshki edi…”
Erkin Aʼzam ssenariylari asosida ishlangan oʻzbek filmlari shu kecha-kunduzda dunyo boʻylab kezmoqda. Bu yil adib ssenariysi asosida suratga olingan “Parizod” filmining taqdimot marosimi goʻzal Parij shahrida oʻtkazildi.
Adibning bir qancha hikoya va qissalari rus, ingliz, qozoq, tojik, ukrain, belarus, chex tillariga tarjima qilingan. Endilikda E. Aʼzamning eng sara asarlari fransuz, turk tillariga tarjima qilinish arafasida turibdi.
Ssenariylaringiz asosida ekran yuzini koʻrgan qaysi filmlar qanday xalqaro mukofotlarga sazovor boʻlgan, degan savolimizga suhbatdoshimiz kamtarona javob berdilar:
“Asosiy mashgʻulotim – adabiyotda emas, kelib-kelib boshqa soha hisoblangan kinoda omadim chopganiga nima deysiz! “Dilxiroj”, “Erkak”, “Zabarjad”, “Suv yoqalab”, “Parizod” filmlari koʻplab xalqaro kinoanjumanlarda qatnashib, qoʻsha-qoʻsha sovrinlarga ega boʻlgan. Birma-bir sanab roʻyxat qilay desam, maqtanganga oʻxshab qolaman. Sizning savollaringizga javob beraman deb shuncha maqtanganim oʻzi yetar, qoʻying!”
Hurmatli adibimizga sogʻlik-salomatlik, yangi ijodiy ishlariga barakalar tilab qolamiz! Mazmunli, samimiy suhbatingiz uchun chin dildan minnatdorchilik izhor etamiz.
Suhbatdosh: Marhabo QOʻChQOROVA
“Sharq yulduzi”, 2014–1
https://saviya.uz/hayot/suhbat/asosiy-mashgulotim-adabiyot-ammo-omadim-kinoda-chopdi/