Alisher Navoiy nomidagi Sirdaryo viloyat axborot-kutubxona markazi

Sirdaryo viloyat kutubxonasi 1963-yil fevralda N. A. Nekrasov nomidagi tuman kutubxonasi negizida tashkil etilgan. 1964-yilgacha kutubxona qiroatxona, bolalar boʻlimi va filiallarsiz 16 m2 maydonda joylashgan boʻlib, fondi 1634 hisob birligidan tashkil topgan, kitobxonlar soni 50 kishini, ularning 15 nafarini bolalar tashkil etgan.

Kutubxona 1964–1976-yillarda 5-maktabning 180 m2 dan iborat sport zalida ish olib bordi.

1970-yil noyabrda kutubxonaga sobiq statistika boshqarmasining 200 m2 maydonli binosi ajratildi. 1974-yilda kutubxonada jamlash, adabiyotlarga ishlov berish va kataloglashtirish, ilmiyuslubiy, maʼlumot-bibliograliya, xizmat koʻrsatish boʻlimlari ish olib borgan. 1974-yil fevralda maʼlumot-bibliografiya boʻlimi, qishloq xoʻjaligi va texnik adabiyotlar sektori ajralib chiqdi. Fond 58700 nusxaga yetdi. Kutubxonada alifbo va tizimli kataloglar, universal (rus tilidagi gazeta-jurnal maqolalari), “Sirdaryo viloyati” oʻlkashunoslik kartotekalari bor edi. Kutubxonada oʻquv zali va sirtqi abonement, 2 ta koʻchma kutubxona ish olib bordi.

1987-yili Sirdaryo viloyat kutubxonasiga Guliston shahrining markazida zamonaviy jihozlangan yangi namunaviy bino ajratildi. Shu yilning 5-noyabri kutubxona tarixida muhim sana boʻlib qoldi. 400 ming jild kitobga moʻljallangan yangi namunaviy binoga koʻchib oʻtgan kutubxonaga buyuk oʻzbek shoiri Alisher Navoiy nomi berildi, yangi zamonaviy bino ommaviy tadbirlarni yanada sifatliroq oʻtkazish, pulli xizmat turlarini, mehnatni tashkil etishning yangi shakllarini amalga joriy etish imkoni yaratildi.

Viloyat kutubxonalarida oʻquvchilaming ehtiyojlarini qondirish maqsadida xizmat koʻrsatishning ilgʻor shakllari, chunonchi, brigada abonementi, oilaviy formular, jamoa abonementi, sinf formulari qoʻllanila boshlandi. Kutubxona asta-sekin xoʻjalik yuritishning yangi mexanizmiga oʻtdi.

1992-yili kutubxonada marketing boʻlimi ochildi. Boʻlim xodimlari Moskva va Riga shaharlarida oʻqib, biznes va marketing boʻyicha mutaxassislar diplomini olib kelishdi. Kutubxonani taʼmirlash ishlari yakunlandi. Yumshoq mebel, nusxa koʻchirish uskunasi va birinchi kompyuter xarid qilindi. Marketing boʻlimi ishidan olingan daromadlar hisobidan xodimlarga moddiy yordam berilib, ommaviy tadbirlar oʻtkazildi. Pulli xizmatlar koʻrsatishdan tushgan yillik daromadning 30 foizi kutubxona xodimlari xizmatiga qoʻshimcha haq toʻlashga, qolgan mablagʻ esa, ommaviy tadbirlar oʻtkazish, kutubxonachilarning mehnat sharoitini yaxshilashga yoʻnaltirildi.

Sirdaryo viloyati kutubxonalari uchun metodik markaz sifatida viloyatda kutubxonachilik ishini takomillashtirishga koʻmaklashish, fan, ishlab chiqarish va madaniyatni rivojlantirish manfaatlarida kutubxonalarning axborot ishlari va axborot resurslarini yaxshilash maqsadida amalga oshiriladi, kutubxonachilik ishining holatini tadqiq va tahlil qilish, kutubxonachilik va axborot sohasidagi ilgʻor ish tajribalarini umumlashtirishga asoslanadi va quyidagilarni amalga oshirishga qaratiladi: kutubxonalarning axborot va madaniy-maʼrifiy muassasalar tayanchi sifatidagi rolini oshirish; viloyat aholisiga kutubxona-bibliografiya va axborot xizmatlari koʻrsatishni takomillashtirish, kutubxonalar va axborot xizmatlari tarmogʻini rivojlantirish va mustahkamlash; mehnatni rejalashtirish, tashkil etish va boshqarish tizimlarini takomillashtirish asosida kutubxonalarning ish samaradorligi va sifatini oshirish.

1975-yili Sirdaryo viloyat kutubxonalar tarmogʻida 202 kutubxona faoliyat koʻrsatgan boʻlsa, 1991–1999-yiIlar davomida bu koʻrsatkich 241 taga yetdi.

Homiylar yordami hisobiga kutubxonalar zamonaviy elektron uskunalar bilan jihozlandi, eng soʻnggi rusumdagi kitob vitrinalari, Germaniya bilan hamkorlik natijasida mebel jihozlari bilan taʼminlandi. Pulli xizmat turlarining yangi shakllari faoliyatga olib kirildi. 1992-yili respublikada kutubxona faoliyatiga budjetdan tashqari mablagʻ jalb etish, pulli xizmat koʻrsatishning yangi usullarini amaliyotga tatbiq etish, homiylarni jalb etishning ilgʻor tajribalarini ommalashtirish maqsadida 3 kunlik respublika seminari boʻlib oʻtdi.

2006-yili Sirdaryo viloyat axborot-kutubxona markazi sifatida qayta tashkil topgandan soʻng zamonaviy axborot texnologiyalari, texnika vositalari bilan jihozlandi.

 

Zuhra Berdiyeva

 

Kutubxonashunoslik” (Kasb-hunar kollejlari uchun. Toshkent, “Ilm ziyo”, 2014) darsligidan.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/alisher-navoiy-nomidagi-sirdaryo-viloyat-axborot-kutubxona-markazi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x