Zulfiqor ruh orzusi

Muayyan ijodiy konsepsiyasiga ega boʻlgan shoir yoki adibgina adabiyot olamida munosib eʼtirof qozona oladi. Ijodiy konsepsiya, oʻz navbatida, ijodkorning adabiy-estetik idealida toʻlaqonli namoyon boʻladi. Jumladan, chinakam shoir sheʼriyatga faqat oʻzigagina xos talablar asosida yondashadi; ijodda qatʼiy mezonlarga tayanadi, undan zarracha ham ogʻishmaydi; yuksak ideallarni kuylaydi; sheʼriyati va shaxsi mutanosib keladi. Shavkat Rahmon ana shunday shoirlardan.

U sheʼriyat, adabiyot olamiga oʻtgan asrning 70-yillarida – murakkab va ziddiyatli bir davrda kirib keldi. Koʻngil koʻzi, tafakkuri ochiq odamlarga, ijodkorlarga oson boʻlmagani ayon oʻsha kezlari. Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi singari zabardast shoirlar tufayli milliy sheʼriyat yashasinchilik kayfiyatidan xalos boʻlib, asl ildizlariga – inson mohiyatini, millat ruhiyatini inkishof etish yoʻliga qaytgan edi oʻsha davrda. Haqiqiy sheʼriyatdan bahramandlik, faqat bugina emas, Xudo bergan tugʻma isteʼdodi bois Shavkat Rahmon oʻzining shaxs va ijodkor sifatidagi yoʻlini aniq belgilab ola bildi. 1975 yili yozgan bir sheʼridagi mana bu misralar ham fikrimizni tasdiqlaydi:

 

Koʻzingizni oching, qoʻrqmang,

Ziyodan qamashsin, ogʻrisin, mayli,

Mayliga, yashamak boʻlsin qiyinroq

Ochiqligi tufayli…

 

Qiynang, oʻz holiga qoʻymang yurakni

Yashamaslik uchun yuraksiz…

 

Muqaddas hislar choʻkib borayotgan, goʻzal tuygʻular, orzular qadrsizlangan istibdod zamoni edi u davr. Shoirning tili “keskir soʻzlardan”, noziktaʼb dili iztirobdan qonagani sababini tushunish mumkin. Qalblarini zulmat bosgan, bir-birini aldab, bir-birining motamidan shod kimsalar holi unga azob berdi. Oʻsishdan toʻxtagan, didiga olamni moslagan, kelajak tashvishi bir yoqda qolib, oʻzining tashvishin rostlagan kishilar ahvoliga achindi. Uning fikricha:

 

 “Chidamak mumkinmas, mumkinmas sira,

 Hamoqat hayqirsa, boqilsa oʻgʻri.

 Fahsh yursa, menman, deb toza, bokira,

Toʻgʻriligi uchun qiynalsa toʻgʻri”.

 

Kimsalar boʻgʻizlarida mumdek qotib ketgan saslarni, ulugʻvor boshlarini ming yillab koʻtarolmay yotgan kaslarni koʻrganda shuning uchun ham qalbi hasratlarga toʻldi. Jamiki tirik zotning oʻz tabiatiga xiyonat qilmasligini xohladi. Buning uchun, birinchi navbatda, ichdagi xoinni – nafsu havoni, hirsu hasadni, bugʻzu adovatni oʻldirmoq zarurligini angladi, anglatishga urindi. Olamni koʻngil koʻzi bilan koʻrishga undadi, odamlarni jaholat makriga aldanib qolishdan ehtiyot boʻlishga chaqirdi. Xayollarni chaqmoq kabi yoritguvchi lahzalarga intildi.

 

Sodiq qoldim tabiatimga,

yashamadim yuz xil turlanib –

 

degan soʻzlari uning “shaxsiyati sheʼriga koʻchganidan” (Nurulloh Muhammad Raufxon taʼbiri) dalolat beradi. Uning sheʼriyatga talabi ham ana shu shaxsiyatdan kelib chiqqanini kuzatish mumkin:

 

Shoirning yoʻli bu – dunyoning yoʻli,

U bashar qalbida lovillagan oh –

 

deb yozgan edi u bir sheʼrida. Darhaqiqat, ijodning tabiati asli shunday. Faqat oʻzini, oʻz nafsinigina oʻylagan xudbin shuning uchun ham haqiqiy ijodkor darajasiga koʻtarila olmaydi. Oʻzgalar dardi butun koʻlami bilan his etilgan ondan boshlanadi haqiqiy ijod. Chin shoir shu bois hazrat Alisher Navoiy yoʻlini tutadi: “… himmat etagiga foniy dunyo moliga muhabbat gʻuborini, bu jahon ashyosiga qiziqish gardini yuqtirmaydi” (Xondamir taʼbiri).

Ijodkor hamma qatori boʻlishga haqli emas. Tabiiyki, boshqa odamlarga xos koʻpgina xususiyatlar unga ham xos. Farqi, u oʻz manfaatinigina oʻylay olmaydi. Oʻzgalar dardini ham oʻzinikidek qabul qiladi. Nainki qabul qiladi, goʻzal badiiy shaklda, taʼsirchan soʻzlar vositasida nazmga soladi. “Bashar fojiasini, millat fojiasini oʻz fojiasi bilib oʻrtangan shoir haqiqiy sheʼr baxtiga muyassar boʻladi. Sheʼr yozish oʻlim bilan yuzma-yuz turib gaplashgan bilan barobardir” – oʻzi belgilagan ana shunday mezonlarda turib ijod qildi Shavkat Rahmon. Quyidagi misralar sheʼriyatning ana shu yuksak talabidan kelib chiqqanligi bilan ahamiyatlidir:

 

Sheʼriyat,

xalajruh parizod,

uchdingmi kichkina dunyoga,

koʻndingmi kundalik yovgʻonga…

 

Entikib soʻylaysan shamolga:

orzular chechagi soʻldi, deb,

burdi yoʻq kimsalar qoʻlida

bagʻri qon,

bagʻri qon boʻldi, deb.

 

Kichkina dunyoga uchishga, kundalik yovgʻonga koʻnishga sheʼriyatning haqqi yoʻq. U zaminning dardini osmoniy ruhda kuylamogʻi kerak. Muhiblar qalbida goʻzal tuygʻularni uygʻotmogʻi, orzular chechagini gullatmogʻi zarur. Bu chechak burdi yoʻq kimsalar qoʻlida poymol etilib soʻlsa, bagʻri qonga toʻlsa, sheʼriyatning ham parvozi soʻnadi. Bunday holda (Xudo asrasin) ijodkor sheʼriyatdek pok bir poetik voqelik oldida mulzam boʻladi, tabiiyki, uning koʻziga qaray olmaydi. Mana bu misralarda ana shu ogʻir dardning, ana shu choʻng iztirobning obrazli tasviri berilgan:

 

Ogʻirdir koʻzingga qaramoq,

koʻzlaring,

oʻldirar koʻzlaring…

 

Soʻz – insonga ato etilgan neʼmatlarning eng ulugʻi. Olam yaralishining boisi ham, odamzod hayotiga maʼni bagʻishlab turgan ham – soʻz. Ayrim neʼmatlardan ayrilsa, inson koʻp narsa yoʻqotmasligi mumkin, mabodo, soʻzdan judo boʻlsa, hamma narsasini boy beradi; hayotida maʼni qolmaydi. Shuning uchun ham soʻzga boʻlgan eʼtibor yuksak darajada boʻlmogʻi shart. Soʻz ahlining martabasi shu boisdan ham chandon baland. Modomiki shunday ekan, ijod ahli soʻzlarning saralarini saylamoqqa masʼul. Shavkat Rahmonning:

 

Hayotim maʼnisin juda koʻp oʻylab,

sayladim soʻzlarning

saralarini… –

 

deyishi sababi ham soʻz degan neʼmatning nechogʻliq ulugʻligini teran his etganlikdan. Uning “nonday zarur, qilichday keskir soʻzlar” izlashi boisi ham shunda. Shoirlikni u shuning uchun ham “jasorat soʻzining tarjimasi”, deb biladi.

Ijod, ijodkor va soʻz masʼuliyati haqida fikr yuritilar ekan, muhim bir jihatni taʼkidlash kerak: kitobxonga chaqmoqdek taʼsir etishi uchun soʻz haqiqat olovidan taft olmogʻi zarur. Asarlarida shoirning “oʻz qalbi, qiyofasi, aʼmoli va botini aks etmogʻi” (Bahodir Karim taʼbiri) lozim. Ana shu shart bajarilmas ekan, soʻz atalmish beqiyos neʼmat isrof qilingan boʻladi; bunday asardan na jamiyatga foyda yetadi, na uning muallifiga. Chinakam ijodkor buni eʼtibordan soqit qila olmaydi. Shavkat Rahmon – haqiqatparast shoir. Mana bu misralar ham ushbu fikrni tasdiqlaydi:

 

Endi ishlash kerak bu kengliklarda,

tokim soʻylamasin yolgʻonni hech kim,

tokim buyuk togʻlar saltanatida

egilgan boshlarni qilichlar kessin.

 

“Qasam” sheʼridan olingan bu satrlar shoirning sobit eʼtiqodidan, qatʼiyatidan darak beradi. Ijodkorning ijodkorligi shundaki, u hamma biladigan, oʻrganilgan haqiqatlarni takrorlashdan tiyiladi. Dunyoga oʻzgacha nigoh, teran nazar bilan qaraydi. “Egilgan boshni qilich kesmas”, bu – xalqimizning mashhur maqoli. Mustabid tuzumning adadsiz jabridan, oʻzi mansub boʻlgan millatning ayanchli qismatidan iztirobda boʻlgan ijodkor bu naqlni oʻzgartirmoq istaydi. Bu buyuk togʻlar saltanatida, yaʼni bir zamonlar dunyoning katta qismiga oʻz hukmini oʻtkazgan, taraqqiyotning yuksak darajasiga erishgan, muazzam tarixga ega zaminda millatning aqlli boshlari oʻziga adolatsizlikni shior qilgan, oʻzgalar yurtiga egalik qilish ilinjida boʻlgan, havoyi nafsining quliga aylangan tubanlar oldida egilmasligini xohlaydi. “Egilgan boshlarni qilichlar kessin”, degan keskin xulosa zamirida ana shu mohiyat mujassam.

Istibdod zamonida yashar ekan, Shavkat Rahmon ozod ruhli barcha ijodkorlar singari ona xalqining ogʻir qismatiga achindi; uning dardiga malham izladi. Sheʼrlari azbaroyi shoirligini koʻz-koʻz qilish, isteʼdodini oʻzgalarga namoyish etish uchun yozilgan emas. Aksincha, u millatning fojiasini yurakdan his etdi, uning yorugʻ kunlarga yetishmogʻini orzu qildi – tuygʻulari sheʼr oʻlaroq quyilib keldi. “Shoirlik kasb emas, – deb yozgan edi u, – sheʼr ham botmon-botmon yozilavermaydi, yozilish sababi bor, vaqti-soati bor. Sheʼr buyuk sevinchdan yoki buyuk fojiadan dunyoga keladi, tanholikda yaraladi, tanholikda oʻqiladi”.

 

Soʻzlarni qayraylik,

doʻstlar, joʻralar,

gʻaflat toʻshagida yotmay, shoshaylik:

yashamoq, kurashmoq, oʻlmoq sirlarin

bolakaylar uchun ochaylik…

 

“Yosh oʻzbek shoirlariga” sheʼrida u navqiron isteʼdodlarga qalb daʼvatlarini ifodaladi. Shunchaki rangsiz, taʼsir kuchidan mahrum soʻzlardan na millatga, na ijod ahliga naf yetmasligini uqtirmoq istadi. Soʻzlarni qayrash – ana shu muddao ifodasi. Gʻaflat – insonning oʻsishdan, jamiyatning taraqqiyotdan mahrum qolishi belgisi. Shoirning: “Gʻaflat toʻshagida yotmay, shoshaylik”, deya xitob qilishi sababi shunda. Yashamoq, kurashmoq, oʻlmoq sirlarini ochish – ijoddan koʻzlangan bosh maqsad. Busiz badiiy asarning biron-bir ahamiyati qolmagan boʻlar edi. Zero, adabiyot odamlarning hissiyotiga, ruhiyatiga, shuuriga taʼsir etmogʻi, jamiyatning maʼnaviy yuksalishiga qanot bagʻishlamogʻi zarur. Aks holda, u zimmasidagi vazifani bajarmagan boʻladi. Mana bu poetik xulosada ana shu teran mohiyatning betakror talqini kuzatiladi:

 

Oʻtkir soʻz qolmasa shoirlaridan,

oʻtkir soʻz qolmasa…

hech narsa qolmas.

 

Shavkat Rahmon millat oʻzi orzu qilgan istiqlolga erishgan davrda, taassufki, ogʻir xastalikni boshdan kechirdi. Vujudidagi bemorlik uning emin-erkin ijod qilishiga imkon bermadi. Haqsevar bir shoir sifatida zamondoshlarining diyonatli, orli ajdodlarga munosib boʻlishini, soxta shuhrat, taʼma haqida xayol surmasligini istadi. Xalqlar oʻz oʻtmishlaridan injularni zarralab-zarralab tergan paytida biz shamolda nogoh ochilib qolgan javohirlarni ham qayta koʻmganimizdan, buyuk Turon kengliklarida hadsiz xazina yer ostida yotganidan achindi. Bu maʼnaviy xazina yuksak bir olamga tutash zina ekanini eslatib, buyuk tariximizdan kengroq miqyosda foydalanishimiz zarurligi haqida kuyinib yozdi. Ijodkorning har daqiqani gʻazab bilan, sevgi bilan toʻldirib, dunyodagi barcha qora narsani yorugʻ lahzalarda oʻldirib yashamoq haqidagi obrazli fikrlari zamirida bir olam maʼno bor. Mana bu badiiy umumlashma esa, oʻquvchi qalbiga titroq soladi: “Men oʻzi qanday yashayapman, hayot tarzim vijdon va haqqoniyatga uygʻunmi?!” singari savollar sheʼriyat muhibi koʻnglida beixtiyor gʻalayon koʻtarilishiga sabab boʻladi:

 

Tokim

Bosh koʻtarib qaray quyoshga,

Tokim koʻzlarimda yonsin haqiqat,

Tokim tosh misoli tegmasin boshga

Men yashay olmagan

Har bir daqiqa…

 

Shavkat Rahmon sheʼriyatida quyosh, nur, togʻ, vaqt, daraxt singari timsollar koʻp qoʻllangan. Bu timsollarning har biri zamirida teran mohiyat mujassam. Jumladan, “kunning oʻtkir pichogʻi”, “quyosh tigʻin oʻtkir zarbi”, “quyosh kabi porillab turgan soʻz”, “oʻzga sayyoralardan yorugʻ salomlar aytgani holda bizni zulmatga tashlab ketadigan nur”, “buyuk togʻlarning choʻkkan boshi”, “erdan oʻsib chiqqan tirik togʻlar”, “sabru irodadan toʻralgan togʻlar”, “oppoq koʻylagini yechib, yashil gulli koʻylagin kiygan vaqt”, “biri – bekorchilikdan, biri – jaholatdan, biri – toʻqlikdan vaqtni oʻldirib, qora qoniga boʻyaganlar”, “goh kunduzni, goh tunni kiyib, tinimsiz aylanayotgan fursat”, “shoxlarida soʻzlar pishgan daraxt”, “sabr daraxtiday oʻsgan odamlar” singari tashbehga, metaforaga boy, obrazli tafakkur mahsuli boʻlgan misralar buning isbotidir. Teran mohiyat va betakror badiiyatning ana shunday uygʻunligi shoir nazmining barhayotligini taʼminlab kelayotir.

 

Zulfiqor ruh kerak,

kerak chin yogʻdu,

chin ishq yolqinlari bagʻrimga toʻlsin…

 

“Zulfiqor” soʻzi keskir, oʻtkir maʼnolarini ifodalaydi. Bu soʻz millat tarixi, ajdodlar eʼtiqodi bilan bogʻliq chuqur mazmunni oʻzida mujassam etadi. Shavkat Rahmon zulfiqor ruh, chin yogʻdu va chin ishq yolqinlari millatning, unga mansub har bir shaxsning hayotiy aʼmoliga aylanishini orzu qildi. Mohiyatan, bu orzu ijodkorning badiiy-estetik idealini, hayotiy aʼmolini belgilaydi. Qatʼiy ijodiy konsepsiyaga tayanib yozilgan ana shunday asarlar, shubhasiz, milliy adabiyotni yuksaltiradi.

 

Nurboy JABBOROV,

 filologiya fanlari doktori, professor

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–1

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/zulfiqor-ruh-orzusi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x