Tarjimai hol
San’atshunoslik nomzodi va arxitektura fanlari doktori, O‘zbekiston me’morchiligi nazariyasi va tarixi bo‘yicha ko‘zga ko‘ringan olim P. Zohidov “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan me’mor” unvoni sohibi va Xalqaro arxitektura akademiyasining Sharqiy mamlakatlar a’zosi.
Po‘lat Zohidov 1932 yil Toshkentda tug‘ilgan. 1956 yil O‘rta Osiyo Politexnika institutini “Arxitektura” yo‘nalishi bo‘yicha tugatib, mehnat faoliyatini me’morchilik yodgorliklarini tiklash maxsus ilmiy-ishlab chiqarish ustaxonasida boshlagan. So‘ngra, san’atshunoslik institutida katta ilmiy xodim, Tarixiy yodgorliklar va tasviriy san’at Bosh boshqarmasida boshqarma boshlig‘i, madaniyat yodgorliklari ilmiy-tadqiqot va loyiha institutida direktor o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.
San’atshunoslik nomzodi va arxitektura fanlari doktori, me’morchilik nazariyasi va tarixi bo‘yicha atoqli olim, P. Zohidov “Farg‘ona devoriy suratlari”, “O‘zbekiston xalq me’morchiligi an’analari”, “Samarqand me’morchiligi maktabi”, “O‘zbek me’morchiligi ustalari”, “Me’morchilik ustasi”, “Asrlarda yashaydi”, “Me’morchilar san’ati”, “Xiva”, “Buxoro”, “Me’moriy marjon”, “Zarafshon vohasining me’moriy yodgorliklari” kabi 20 ga yaqin kitob va risolalar muallifidir.
P. Zohidov 1964 yil Moskvada, 1977 yil Afinada antropologiya va etnografiya fanlari bo‘yicha bo‘lib bo‘lgan umumjahon anjumanda, 1980 yil tarixiy yodgorliklarni tiklash va muhofaza qilish bo‘yicha Florensiyada o‘tkazilgan simpoziumda ma’ruzalari bilan ishtirok etgan.
1976 yil Po‘lat Zohidov “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan me’mor” unvoni bilan taqdirlandi va 1993 yil Xalqaro arxitektura akademiyasi Sharqiy mamlakatlarining haqiqiy a’zoligiga saylandi.