Post Views:
281
«Zudlik bilan yurtimizdan daf bo‘lingiz — to‘rt tarafingiz qibla! Talofatsiz chiqib ketishlaring uchun imkon yaratib beraman. Bundan tashqari otlaringizni yem-hashak bilan ta’minlayman. Faqat tezroq qorangiz o‘chsa bas!»
Ibrohimbek o‘z askarlari bilan Dushanba shahrini qamal qilib, shahar harbiy qismining boshlig‘iga o‘rinsiz qon to‘kilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun 1921 yil 20 dekabrda yuborgan talabnomasidan (Marksizm-leninizm institutining Markaziy firqa hujjatgohi, 122-jamg‘arma, 1-son ro‘yxat, 257-jild, 115-bet).
* * *
Ibrohimbek, Ibrohimbek laqay, Mulla Muhammad Ibrohimbek Chaqaboy to‘qsabo o‘g‘li (1889, Dushanba atrofidagi Ko‘ktosh qishlog‘i — 1932.31.8, Toshkent) — SHo‘ro xukumatiga qarshi kurash harakati rahbarlaridan biri.
Ibrohimbek mahalliy madrasada saboq olgan. 1919 yilda Hisor begi huzurida qilgan xizmatlari evaziga qorovulbegi, keyinchalik Buxoro amiri tomonidan devonbegi, to‘pchiboshi va lashkarboshi lavozimlariga ko‘tarilgan. Sobiq amir Olimxon 1921 yil boshlarida Ibrohimbekni butun qo‘shinlariga qo‘mondon qilib tayinlagan. Buxoro qo‘rboshilarining qurultoyida (1921.17.09) Ibrohimbekka «Islom lashkarboshisi» degan unvon berilgan. U qisqa muddat ichida 10000 nafardan ortiq askar to‘plab, Ko‘lob, Baljuvon, Qorategin, Darvoz, Hisor viloyatlarini qizil qo‘shindan tozalagan.
1922 yil Dushanbe shahrini bosqinchilardan ozod etishda qatnashgan. 1923 yil bahorda Ibrohimbek qo‘l ostida faqat Sharqiy Buxoroda 47 ta qo‘rboshi dastalari harakat qilar, askarlarining soni Hisorning o‘zida 20000 kishi edi. 1923 yil yozida u Hisor vodiysi va Panj daryosi atrofida qator muvaffaqiyatli harbiy harakatlarni o‘tkazdi. 1925 yil yanvarda Ibrohimbek Surxon vohasida, Sherobod — Boysun atroflarida sho‘ro qo‘shinlariga qarshi muvaffaqiyatli kurash olib borgan.
O‘rta Osiyo respublikalari tuzilgach, Ibrohimbek Tojikiston va O‘zbekistonning, asosan, tog‘lik viloyatlarida kurashni davom ettirgan. 1926 yil 21 iyunda keskin janglardan so‘ng Afg‘oniston hududiga o‘tib ketgan. Ibrohimbek 1926 — 29 yillarda Kobul yaqinidagi Qal’ai Fotuda — sobiq amir Said Olimxonning qarorgohida yashagan. Ibrohimbek boshchiligidagi muhojirlar Afg‘onistondagi siyosiy kurashga, harbiy mojarolarga qatnashishga majbur bo‘lishgan (1928—29). 1928 yilning oxirlarida Ibrohimbek Kobuldan Shimoliy Afg‘onistonga kelib, o‘z mavqyeini mustahkamladi.
1929 yil 15 aprel — 31 mayda sovet qo‘shinlari Afg‘onistonga bostirib kirdi. Sovet qo‘shinlari 19 aprel Mozori Sharifni, 22 aprelda Toshqo‘rg‘on shaharlarini bosib olishdi.
1930 yil 24—25 mayda qo‘rboshilar qurultoyi chaqirilib, bo‘lg‘usi jang harakatlari va chegaraning turli nuqtalaridan Tojikiston SSR hududiga o‘tish masalalari kelishib olindi. Ibrohimbek SSSRga qarshi yalpi hujum muddati qilib 3 iyul kunini belgiladi. Biroq josuslar orqali bu rejadan voqif bo‘lgan sovet rejimi rahbarlari zudlik bilan qarshi zarba uyushtirdilar. 1930 yil 20 iyunda 2-marta Afg‘onistonga bostirib kirishdi. Bir hafta davom etgan janglarda Ibrohimbekning 839 jangchisi, shuningdek, ko‘plab tinch aholi vakillari o‘ldirildi. Kuchlar teng bo‘lmagan jangda Ibrohimbek mag‘lubiyatga uchrab, o‘zining yaqin safdoshi O‘tanbek qo‘rboshi va harbiy kuchlari bilan Qora Botir tog‘lariga chekindi.
1931 yil boshlariga kelganda Ibrohimbek o‘z harakatini faollashtirib, muhojirlarning tarqoq kuchlarini yana birlashtirdi. Ibrohimbek 1500 kishilik saralangan qo‘shini va 8 ta qo‘rboshisi bilan 1931 yil 30 martda Tojikiston Respublikasi hududiga kirgan. Ibrohimbek qo‘shini bilan sho‘ro askarlari o‘rtasida aprel—iyun oylarida shiddatli janglar bo‘lgan. 12 iyunda Oqbosh tog‘idagi so‘nggi jangda Ibrohimbek yaralanib, mag‘lubiyatga uchragan. 1931 yil 23 iyunda chekistlar tomonidan qo‘lga olinib, Toshkentga olib kelingan. 1932 yil mart oyida Ibrohimbek sud qilinib, 31 avgustda qatl qilingan.
Qahramon Rajabov
https://shosh.uz/uz/ziyouz-uz-ibrohimbek-1889-1932-2/