Taniqli adib Ahmad Aʼzamning ijodiy izlanishlari kaminani hamisha, nima desam ekan, hayratga solib, aniqrogʻi, shoshirib kelgan. Munday qarasang, yozganlari oddiy narsalar-u, nimasidir biz koʻnikkan narsalarga oʻxshamaydigandek, onggimizda muqimlashgan nazariy qoidalarga koʻpam mos kelmaydigandek tuyulaveradi. Hozir, yozuvchining “Hali hayot bor” kitobini oʻqib turib, shu tuygʻu yana yangilandi…
(… adashmasam, bu tuygʻu dastlab “Odamning olasi” hikoyasini oʻqish asnosida paydo boʻlgandi, shekilli. Sababi, unda mazmun yangicha edi: oddiy bir odamning oddiy bir kuni, qahramoni ham gʻalatiroqmi-yey… maqtayin desang, biz maqtab oʻrgangan qahramonlarning haqi ketib qoladi, yomonlay desang – buning. Hammadan ham uning oʻsha chogʻlar biz asiri boʻlib yurgan sevgi haqida aytganlari: avval xoʻp gʻashingga tegadi-yu, kitobiy-stereotip qarashlaringni birdan parchalab yuborganini sezmay qolasan… bir kulging, bir yigʻlaging keladi. Oʻylab qarasam, oʻshanda, Sherqoʻzining gaplarini beixtiyor “oʻgʻil boʻlib” eshitganman, chogʻi: “He, sodda bolam! Xotin deb oʻlib-tirilib pul yigʻasan, tushirib ham olasan. Toʻydan keyin uch-toʻrt hafta, chillang chiqquncha yashinmachoq oʻynab, quvlashib ham yurasan. Keyin… boshlanadi – roʻzgʻorning unisi kam, bunisi kam. Bir vaqt qarabsanki, sevgi degani donga qoʻngan chumchuqdek pir-r etib uchib ketibdi…” Qiziq, hozir “Odamning olasi”ga bugunning nazari bilan qaray olmayapman, harchand urinmay, oʻttiz yil naridagi taassurot bosib ketayotgandek… afsuski, oʻsha taassurot endi yaxlit emas, parchalanib ketgan – uni oʻrtoqlashish imkondan tashqarida. Iloj qancha, boshqacha aytolmaganim bois “yozuvchining mahorati shundaki, oʻquvchi tasvirlanayotgan voqeaga befarq qaray olmaydi, beixtiyor uning ishtirokchisiga aylanadi” qabilidagi navbatchi, navbatchi boʻlsayam rost gaplar bilan cheklanaman, maʼzur tuting.
…yodingizdadir, 80-yillarning oxirlarida koʻp qatori Ahmad Aʼzam ham gʻoyat faollashdi: “Bu kunning davomi”, “Asqartogʻ tomonlarda”, “Oʻzim bilan oʻzim” – bari shuning mahsuli. Shu oʻrinda muhim bir nuqtani ayricha taʼkidlamoq kerak: koʻpchilikdan farqli, Ahmad Aʼzamda publitsistiklik emas, tahliliy nigoh kuchaydi va u jamiyatda mavjud holat mohiyatiga qaratildi. Muhimi – turli rakurslardan: “Bu kunning davomi”da oʻquvchi ismsiz qahramon – U(n)ga chetdan nazar soldi, “Asqartogʻ tomonlarda”da voqelikni Mahdining nigohi orqali kuzatdi, nihoyat, “Oʻzim bilan oʻzim”da beixtiyor “men” mavqeidan turib qaray boshladi. Yaʼni, yozuvchi goʻyo “tom ustiga tom bosib” boradi: qalamga olingan ijtimoiy dardga oʻquvchini bosqichma-bosqich yaqinlashtirib, oʻziga sezdirmaygina shaxsiy dardiga aylantiradi.
Balki, aytganlarimdan “nuqtai nazar bilan bogʻliq mazkur usullar atayin, muayyan maqsadni koʻzlab qoʻllangan, bu esa yozuvchining mahoratidan darak”, degan fikr kelib chiqar. Albatta, shunday deyishga asos yetarli. Lekin men buni mahoratdan koʻra boshqa narsaga – samimiyatga yoʻygan boʻlardim. Zero, bu asarlar, ulardagi obrazlar yozuvchi fikrlarini ifodalash uchun illyustratsiya emas, yoʻq, uning uchun shularni yaratish jarayonining oʻzi – izlanish, mohiyatga yaqinlashishdir. Ayni shu narsa – yozuvchining ijod onlaridagi maʼnaviy-ruhiy izlanishlari jarayon sifatida aks ettiriladi, natijada, oʻquvchi saboq oluvchi emas, balki izlanishlarning bevosita ishtirokchisiga aylanadi – ikki oʻrtada hamfikrlik, hamdardlik asosidagi samimiy muloqot, koʻngil oshnoligi yuzaga keladi. Darvoqe, ushbu asarlar yaratilgan 80-yillarning adogʻi fikr ahli uchun chinakam maʼnaviy-ruhiy izlanishlar davri edi. Hammasidan ham qandaydir besh-olti yil davomida tafakkurimizda yuz bergan oʻzgarishlar shiddatini ayting! Nazarimda, Ahmad Aʼzam shu uchala asarda oʻzgarishlar shiddati va mohiyatini muhrlab qoʻyishga ulgurgandek:
birinchisida, U: “bunday yashab boʻlmaydi” degan qarorga keladi;
ikkinchisida, Mahdi: “odam bir narsani tubdan oʻylab olsa-yu, hech narsani oʻzgartirmasa, yana shunday yashayversa… Yoʻq, mumkin emas”, deya ertadan harakat boshlashga chogʻlanadi;
uchinchisida esa, oʻzgarishni oʻzidan boshlagan: “koʻnglini xuddi uy koʻtargandek” sarishta qilib, “koʻnglimning tubidan shunaqa tuygʻularim topilayotirki!.. Shunchalar badavlat ekanimni oʻzim bilmay, qashshoq-benavo yuravergan ekanman”, deya hayron turgan, endi, oʻzini dunyoni koʻngliga muvofiq oʻzgartirishga qodir his qilayotgan odamni koʻramiz… Ehtimol, joiz emas koʻrinar, shunday boʻlsa ham aytgim keldi: mazkur fikrlar Ahmad Aʼzam asarlari eʼlon qilinishi bilan peshma-pesh oʻqilganda tugʻilgan. Oʻshanda, “Bu kun… va uning davomi” nomli bir maqola yozgan va unda uchala asarda aslida bir odamning ijtimoiy tafakkurda shiddatli oʻzgarishlar kechgan qisqa bir davrdagi maʼnaviy-ruhiy tadriji kuzatilgan, degan fikrni oʻtkazishga harakat qilgandim. U payt taassurotlarim hali ohorli boʻlganigami yo qahramonlarning maʼnaviy-ruhiy izlanishlari koʻnglimga yot emasligigami, hartugul, nazdimda, durustgina maqola chiqqan va yuqoridagi fikr yetarli asoslangandek edi. Lekin, tahiriyatlar fikri oʻzgacharoq boʻldi, chogʻi, umid bilan joʻnatgan qoʻlyozmalar bedarak ketdi, aksiga olib, oʻzimda nusxasi saqlanmagan… “Yoʻqolgan pichoqning sopi oltin”, deydilar, shundanmi, oʻsha maqolam hanuz juda boʻlakcha yozilgandek tuyulaveradi-da…)
…endi, ohorli taassurotlarga kelsak. “Hali hayot bor” qissasini oʻqirkan beixtiyor Gogolning “Revizor”i yodga keladi. Unda ham hamma gap bitta voqea – nashriyotning oddiy bir xodimi Aʼlamning markazqoʻmdan yoʻqlanishi atrofida aylanadi. Shu birgina voqea va oʻsha voqeaga nashriyot xodimlarining munosabati… “Axir, qissa degani bunday boʻlmasdi-da! – beixtiyor nazariy bisotimni titkilay boshlayman. – Qissada bir-biriga bogʻliq voqealar zanjirdek tizilguchi… bu voqealarning bari asosiy qahramon bilan bogʻliq… ular oʻsha qahramon xarakterini ochib berishga xizmat qilguchi… yaʼni, qissadagi voqealar vosita, pirovard maqsad qahramon boʻlguchi edi…” Xullas, nazariy qoidalardan kelib chiqsak, bu qissa emasdek. Lekin… maza qilib oʻqiganingni ham inkor qilolmaysan-da, odam! E-e, shu, adabiyotshunos degan noming bor, oʻrganib qolarkan odam, maza qilib oʻqiganingni bir yon surib, yoʻl izlayverasan ekan: Hikoyami? Qissami?.. Yana, haqiqatdan uzoqroq boʻlsayam ehtimoli yoʻq emas, ertami-indin: “Qissa degani mundoq boʻlur…”, deya hijjalab tushuntirganingda, biron talabaning: “Falon qissa-chi?” deb qolishi ham bor…
(Fahmlagandirsiz, hanuz tanqidiy asarni keng omma oʻqiydi deb oʻylab yurganimdan boʻlsa kerak, bularni: “Olimona gaplar kimgayam kerak, asar haqidagi gapingni ayta qoʻymaysanmi?!” degan eʼtiroz dafʼiga, uzrxohlik maqsadida aytayotirman.)
…holat shundayki, janrni belgilab olish chindan ham zarur ekan. Fikrimcha, “Hali hayot bor” asari – qissaning nasrimizdagi yangi bir koʻrinishi, unda hikoya va dramaga xos poetik xususiyatlar uygʻunlashgani holda qissa problematikasi yetakchilik qiladi. Hikoyadagi kabi unda bitta voqea qalamga olingan, voqea oʻz holicha estetik qimmat kasb etadi (yaʼni, qissadan farq qilaroq, voqea qahramonga nisbatan vosita emas). Dramadagi kabi unda bitta voqea – Aʼlamning markazkoʻmdan yoʻqlanishi dramatik konfliktli holatni yuzaga keltiradi: barcha personajlarning xatti-harakatlari shu bilan bogʻliq, voqeaning izchil rivojidan koʻra, u yuzaga keltirgan holat muhimroq. Yaʼni voqeaning izchil rivoji emas, holatning ichki rivoji ustuvor. Shunga koʻra, syujet epizodlar – dramadagi kabi almashinib turuvchi koʻrinishlardan tarkib topgan. Har bir koʻrinishda muayyan personajlar ishtirok etadi, ularning qiyofasi dramatik holat bilan bevosita bogʻliq holda ochilib boradi. Toʻgʻri, ushbu epizodlarni qahramon – Aʼlam bilan bogʻliq syujet chizigʻi birlashtiradi. Biroq, garchi syujet oʻzagini tashkil qilsa-da, Aʼlam chizigʻi gʻoyat ixcham: hovlisida koʻmir tashiyotganida xabarchi boradi – ishga kelib nima gapligini aniqlaydi – ariza berib ishdan ketadi. Yaʼni, asar strukturasida bu chiziqning yordamchi funksiyada ekani atayin taʼkidlangandek. Holbuki, mabodo badiiy niyat ijrosida, muallif konsepsiyasini ifodalashda shu chiziq dominantlik qilganida, nazariy qoidalarga toʻla muvofiq hikoya yaratilgan boʻlur edi. Niyat esa boshqa, yaʼni, butun boshli bir jamoa – jamiyatning bir halqasi qiyofasini, maʼnaviy qiyofasini chizish, xuddi shu narsa asarni hikoya janri doirasidan chiqaradi. Zero, asar qahramoni Aʼlam deganimiz bilan, u faqat struktura nuqtai nazaridangina ushbu mavqeni egallagan, konsepsiya nuqtai nazaridan esa JAMOA qahramon boʻlib chiqadi. Ayni shu jihatlar “Hali hayot bor”ni qissaning oʻziga xos yangi bir koʻrinishi deyishimizga asos beradi.
Aslida-ku, qissa asosida oddiygina voqea yotadi, hayotda bunga oʻxshash voqealarga koʻplab duch kelinadi va keyincha, shunchaki latifa misoli eslab, kulib yuriladi. Deylik, agar nashriyot rahbariga sim qoqqan Gulimoh Yulduzovna: “Kamolov Aʼlam hali ham sizda ishlayaptimi?” deb soʻragan mahal, stolidagi boshqa telefon jiringlab qolmaganida (shunday boʻlishi mumkin va tabiiy, axir, balki unga ham yuqoridan sim qoqishgandir, balki uyidan, balki boshqa – ahamiyati yoʻq), nashriyot ari uyasidek toʻzib ketmagan, qissada oʻqiganimiz mashmashalar ham yoʻq edi. Mantiqan qaraganda, Gulimoh Yulduzovna muddaosini aytmasdan: “Keyin gaplashamiz!” deya goʻshakni qoʻygan ekan, bunchalik havotirga oʻrin boʻlmasligi kerak edi. Biroq, qissada tasvirlangan muhit (davr) shundayki, undan doim ham mantiqqa rostlikni izlash befoyda. Zero, bu muhitda “yuqori – hammavaqt haq”, u quyidagilarni xohlagan koʻyga solishi mumkin. Quyi: “oʻynashmagin arbob bilan…” naqlini dasturulamal biladi, yuqori qarshisida “qoʻl bogʻlab” turish odat, mutelik hammaning qon-qoniga singib ketgan. Shu bois ham nashriyot direktori uchun yoʻqlov tabiiy hol emas, shoʻrlik: “bir ishi bordir, soʻragandir, hali aytar”, deb qoʻyaqolishga ojiz, kaltakning bir uchi oʻziga tegishidan xavotirda. Ajablanishga hech oʻrin yoʻq: mute inson oʻzini hamisha aybdor his qiladi (istalgan vaqtda aybdor qilinishi mumkin-da), chunki u yuqori qarshisida goʻyo onadan tugʻilgandek bir alpozda – ishtonsiz, choʻpdan hadik olib yashashga majbur. Shu jihatdan qaralsa, direktor va ozmi-koʻpmi “masʼul”ligi bor boshqa xodimlarning oʻzlarini muhofaza qilishga qaratilgan (va bizga notabiiy koʻringan) harakatlari ular uchun tabiiy zarurat boʻlib chiqadi. Demak, shu holni keltirib chiqargan muhitning oʻzi noraso. Afsus, nashriyot (muhit)da hamma shunga koʻngan: birlari koʻngangina emas, mavjud holat va undagi oʻz oʻrnini saqlab qolish uchun andishani bir chetga surib qoʻyib, jon-jahdi bilan tirishadi; boshqa birlari loqayd tomoshabin boʻlib turadi. Taʼkidlash joiz, yozuvchi personajlarning xatti-harakatlari, gap-soʻzlarini chetdan turib, goʻyo betaraf tasvirlasa-da, ularning ruhiyati oʻquvchi koʻz oldida shaffof holda namoyon boʻladi. Shu bois ham yozuvchining aytishi shart emas, oʻquvchi: “bunday yashab boʻlmaydi, bunday yashash insonlik shaʼniga noravo!” degan fikrni uqib olaveradi. Sirasi, bu Ahmad Aʼzamga xos mahorat qirrasi… (Darvoqe, birgina odam, koʻnglida erkinlik tuygʻusi oʻlmagan Aʼlamgina mavjud ahvolga koʻnmaydi – ariza yozib ishdan ketadi. Toʻgʻri, bu qahramonlik emas, muhimi, yozuvchi ham buni qahramonlik deya talqin qilish fikridan yiroq. Zero, haqiqatda bu oʻzini inson oʻlaroq his etgan, tiriklik maʼnosi tirikchilikgina emasligini anglagan kishi borki qilishga burchli harakatdir. Fikrimcha, qissa qahramonining orqa planda qoldirilishi ham shu fikrni taʼkidlashga xizmat qiladi)… aytmasdanoq ifodalash mahorati.
“Qatagʻon yili” hikoyasini oʻqib: “Aʼlamning harakati qahramonlik emas”, deya hukm chiqarganda, biroz shoshmadimmikan, degan andisha tugʻiladi kishida. Hikoyani oʻqirkan, beixtiyor yaqin oʻtmishdagi “paxta kompaniya”lari esga keladi: qulf osilgan idorayu muassasa eshiklaridagi “hamma paxtada” yozuvlari… yopilgan bozorlar… toʻxtatib qoʻyilgan avtobus yoʻlovchilarining “yoʻl haqi” uchun paxtazorga yoyilishi… shanba-bozor kunlaridagi koʻchalarni toʻldirgan avtobus karvonlari… – aytib nima qildik, bular koʻpchilikning yodida hali. Xullas, 1982 yil noyabr oyidagi zarbdor kunlardan biri, “Dalalarda yakkam-dukkam birchigit qolgan, sovxoz oktyabr oyi oʻrtalarida planni doʻndirib bajargan-u, elu yurt hali-hamon shu bajariqni toʻldirolmay jon-halak, boʻl-ha-boʻl hiqildoqqa kelgan”. Asablar tarang, buning ustiga kech kuz izgʻirini achitib turgan bir payt oilasi bilan uyiga – Toshkentga qaytish uchun ulov poylab turgan hikoyachi bilan militsioner oʻrtasidagi dahanaki jangi qalamga olingan hikoyada, shu xolos.
Yuqoridan “odamlar yurmasin koʻchada” degan topshiriq berilgan – hamma paxta hosili uchun kurashishi shart! Yaxshi eslaysiz: shoʻro davrida “plan”dan keyin “majburiyat” degani boʻlardi. Oʻshanda “majburiyat” deb yuravergan ekanmiz-u, soʻzning mohiyatga naqadar mosligiga eʼtibor qilmas ekanmizmi-yey?! Chindanam “majburiyat” degani koʻproq turli darajadagi “byuro” va “shtab”lardagi doʻq-poʻpisalar, raisu birgatlarning zugʻumlari, melisaning haybati bilan bajarilmasmidi?!. Yo har qadamda ilingan qizil matodagi shiorlar, radio-televideniyedan yangragan chorlovlar shunchalar kuchli… Hay, mayli, bu boshqa masala. Xullas, melisaga “odamlarning koʻchada emas, dalada boʻlishi”ni taʼminlash yuklatilgan. Shoʻrlik quyushqondan chiqilayotganini biladi, lekin oʻziga yuklatilgan vazifani soʻzsiz bajaradi: “Endi… ishimiz shu-da. Bajar, desa – bajaramiz. Topshiriq qattiq”. Munday qarasang, melisa yuqorining topshirigʻini ogʻishmay bajaradi, paxta siyosati hammaga teng deya barchadan itoat talab qiladi, dagʻdagʻalari qoʻrqqulik; odamlar ham uning talabini bajarayotgandek, ayni chogʻda, u bilan sichqon-mushuk oʻynayotgan misoli evini qilib tirikchilik yumushiga ham unaydilar. Sirasi, Said bovo “eshonbovomizning ullari” bilan koʻrishishga jahd qilmaganida, oʻz navbatida, “tavarrik odamning bolasi” ham cholning gapiga kulmay qoʻyaqolsa, olam guliston edi – hayotning “sichqon-mushuk” oʻyiniga monand oqimi davom etaverardi. Lekin bunday boʻlmadi: Said bovo niyatidan qaytmadi, hikoyachimiz esa kulib yubordi-da! Xuddi shu nuqtada melisa yigitning bitta qiyofasi koʻz oldimizda mukammal suratlanadi:
“Bu yerda men ruxsat bersam kulasiz!”
Koʻryapsizmi, qarshimizda, endi, shunchaki bir militsiya noziri emas, balki naq hokimi mutlaq turibdi: qoʻyib bersang: “Men ruxsat bersam nafas olasan!” deyishdan ham toymaydigan alpozi bor. Shoʻro zamoni haqida gapira turib “mustabid tuzum-mustabid tuzum” deya noliymiz-u, asli tuzum degani shunchaki mavhumot ekanligini koʻpda oʻylamaymiz. Holbuki, mustabid tuzum ham men, sen va u – bizdan tashkil topadi. Unda yashagan har birimiz qay darajada mute boʻlsak, shu darajada mustabid ham edik, zero, mutelik bilan mustabidlik bir-birini taqozo etuvchi egizak tushunchalardir. Qarang, melisa yigit markaziy gazeta muxbiri (yaʼni, oʻz tushunchasida yuqorining vakili) bilan gaplashayotganini anglashi bilanoq, vujudidagi mustabid izsiz yoʻqoldi: “Boshdan shuni aytmaysizmi?” deya oʻzini oqlashga, uzrxohlik qilishga oʻtadi. Ana endi uning dodini tinglang: “Mana, kechagi bozor, qor urib turibdi. Odamlar insofing bormi, kartishka-partishka olib olaylik, bir soatgina och, deb chuvvos yopishishdi menga. Qor-ku, e-rtalab boʻlsa, shu havoda kim ham dalaga chiqardi, debman. Mayli, yarim soat muhlat, bozorlaringizni qilib olinglar, lekin xafachilik yoʻq, dedim.” Ha, melisa yigit bir lahzagina hamqishloqlariga yuqorining vakili ekanligini unutib munosabatda boʻldi va… baloga qoldi: “Odamlar endi darvozadan kirib, savdoni boshlagan edi, babillab qora “Volga” kepqoldi. Odamlarga hech narsa degani yoʻq. Menga qarab: “Onayni falon sani! Sanga shapka kiydirganni onasini!” deb ke-yetdi!..” Endigina hammani bir ogʻiz “ruxsat” deyishiga mahtal qilib turgan melisa yigitni bu qadar toʻzitib soʻkayotgan raykom buva boʻladilar. Kim bilsin, bundan sal ilgariroq boshqa birovi, deylik, paxta topshirish grafigi bajarilmagani uchun uning-da onasini aybdor qilganmi? Ehtimoli aslo yoʻq emas, zero, mustabid tuzumda “musht ketdi” qoidasi amal qiladi: quyi pogʻonadagi shoʻrlik avval “Enangni qozi…” deya alamini yutadi, soʻng… oʻzidan quyidagiga sochadi. Eh-he, qurgʻur alam sochgan bilan tugay qolsaykan, koʻngilga toshday choʻkavergani yomon. Melisa yigitning alami hali yangi, koʻngli hanuz yigʻlab turibdi: “Mayli, shu odamlarni deb soʻkish eshitaman” deya oʻzini ovutmoqqa harakat qiladi, lekin: “birontasi, ey inson, soʻksang, oʻzini soʻk, onasida nima ayb, demagani botib ketadi”. Keyin hamqishloqlaridan gina qilishga haqqi yoʻqligini his qilib, alami bir bahya koʻtariladi: “E-e, bechoralarga nima ham deyman, hammamiz shunday”. Qarang, melisa yigit xoʻrlik koʻrgach, oʻzini hamqishloqlari bilan bitta qayiqda his qiladi, lekin koʻnglida yilt etgan isyon uchqunini darhol soʻndirib, oʻzini shu qismatga koʻnishga chogʻlaydi: “Ketvoray desam – ish bu, tirikchilik degan narsa bor. He, mayli-da, biz bir kichkina odam, melisalikni ham qilish kerak, baribir. Betni qalin qilib yuribmiz-da…” Mana, koʻz oldimizda melisa yigitning ikkinchi qiyofasi ham suratlandi: u ham boshqalar kabi mute bir odam… (boya “har birimiz qay darajada mute boʻlsak, shu darajada mustabid ham edik”, degandim, shu fikrga yana qaytgim keldi. Mojaro murosaga doʻngach, hikoyachi “halidan beri koʻnglini bosgan bir gʻashlik, oʻjar bir gunohkorlik tuygʻusi” haqida soʻzlaydi, guvohnomasini koʻrsatganiga uyalib ketganini aytadi. Toʻgʻri, hikoyachi oʻzini himoya qildi, lekin bunga guvohnomani koʻrsatib, melisa yigitga uning oʻzi kabi, yaʼni, mustabidalarga xos muomala qilibgina erishdi. Koʻnglini noxush kayfiyat chulgʻagani, uyat hissi, aslida, shundan emasmi?!.) Endi, yuqoridagi andishaga kelsak, tan olaqolay, “Aʼlamning harakati qahramonlik emas”, deganim xato: oʻsha sharoitda ham ichki erkinligini saqlab, insonlik shaʼnini baland tutib yashashning oʻzi qahramonlik boʻlmasdan nima, axir?!.
Mashgʻulotlarda, singadigan davralarda bir qarashda oddiygina hayotiy holatda hikmat koʻrishu mohiyatiga teran nazar solgan holda unga badiiy-falsafiy qimmat bagʻishlash Ahmad Aʼzam ijodiy manerasiga xosligini taʼkidlab kelaman. Yangi kitobini oʻqib, bir jihat nazarimdan chetda qolganini sezdim. Men yozuvchi xayoloti bilan bogʻliq, chamasi, “Oʻzim bilan oʻzim”da nish bergan va, keyincha, ikkita shox chiqarib rivojlangan jihatni nazarda tutaman. Bu shoxlarning biri – liriklik, yaʼni, voqelikni tasvirlash emas, munosabat ifodalashning oldingi planga chiqishi… (Ha-ya, “Oʻzim bilan oʻzim” eʼlon qilingan paytlar shapaloqday bir narsa yozib, uning lirik asar ekanligini isbotlashga uringan, oʻzimni yangi gap aytolgan sanab, quvonib yurganim bor. U paytlari rus adabiyotidan dars berganimgami yo rus tilida yozish urf boʻlganigami, maqolani ruscha yozib: “Janrovoye svoyeobraziye poemiʼ A. Agzama “Nayedine s samim soboy” deb atabman. Nomni qarang! Davomini yozmasa ham boʻlaveradigandek edi-yov…) Kitobga novella deb kiritilgan “Gul koʻtarib ketayotgan erkak”da xuddi shunday: unda epik asarga xos voqeabandlik, baski, hikoyachi yoʻq, unda koʻzi tushib turgan holatni mushohada etayotgan muallif – lirik subʼyekt bor, yaʼni, u mohiyatan lirik asar. Shoxlarning ikkinchisi – xayolda yaralgan voqeaning qalamga olinishi: “Soyasini yoʻqotgan odam”, “Notoʻgʻri tush” hikoyalarida shunday. Albatta, ular shunchaki xayolot mahsuli emas, balki shu voqelik taʼsirida, u haqdagi oʻy-qarashlarni, OʻZni ifodalash vositasi oʻlaroq yaratilgandir. Ahmad Aʼzam yangi kitobi muqovasiga: “Koʻp ishni qilib koʻrdim, turli yumushga qoʻl urdim. Lekin hech biri yozishga, yozish beradigan mashaqqatli zavqqa teng kelmaydi…” degan izhorini yozdirib qoʻyibdi. Haqiqatan ham kitobga yozuvchi, nazarimizda, adabiy jarayondan biroz chetlashib qolgandek, “turli yumushga qoʻl urib” yurgan vaqtlari yozilgan asarlari kiritilibdi. Muallif “yozish beradigan zavq” haqida aytibdi, illo, oʻqish beradigan zavq ham bundan kam emas. Shuni oʻylab, kitobga kirgan asarlarning ayrimlariga, shunda ham muxtasar toʻxtaldim – oʻqib oladigan zavqingiz oʻzingizniki boʻlsin, dedim-da.
Dilmurod QURONOV
“Sharq yulduzi”, 2012–6
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/zavqimdan-bir-shingil/