Zamonaviy oʻzbek adabiy jarayoni konsepsiyasi

XX asr oxiri – XXI asr boshlaridagi oʻzbek adabiyoti ushbu davrda yuz bergan ijtimoiy-siyosiy, madaniy hayotdagi oʻzgarishlarni aks ettiradi. Bugungi kun adabiyotshunos olimlari va tanqidchilari oʻzbek adabiyoti rivojida yuz berayotgan oʻzgarishlarni anglab yetishga va ularga munosib baho berishga urinmoqdalar. “Sharq Yulduzi”, “Yoshlik”, “Tafakkur”, “Guliston”, “Oʻzbek tili va adabiyoti” kabi adabiy-badiiy, ijtimoiy-siyosiy ruhdagi yetakchi jurnallar, “Kitob dunyosi” gazetasi sahifalarida eʼlon qilinayotgan zamonaviy adabiy jarayonga bagʻishlangan bahs va munozaralar, chop etilayotgan qator maqolalar shundan dalolat beradi. Lekin shuni qayd etish kerakki, oʻzbek adabiy tanqidchiligida adabiyotning oʻz-oʻzini shakllantirishga urinishi borasida yakdil fikrlar yoʻq. Masalan, Hakimjon Karimov ilgari surgan paradigma1 inʼikos nazariyasiga va ijtimoiy-madaniy hamda adabiy tafakkurning rivojlanishida ong kategoriyasining roliga asoslanadi. Tadqiqotchi yozish uslubi rivojlanishining asosiy yoʻnalishlarini nasrning janr prinsipiga asosan boʻlinishidan kelib chiqqan holda koʻrsatib oʻtadi:

1) adabiyotda gʻoya va mavzu maydonining kengayishi; 2) ijtimoiy, axloqiy, maʼnaviy, oilaviy masalalarga eʼtiborning kuchayishi; 3) insonparvarlik mazmuni va psixologizmning chuqurlashuvi; 4) oʻzbek xalqining oʻzligini tanishi va mentaliteti masalalariga murojaat etilishi; 5) hayot mazmunini falsafiy mushohada etish.

X. Karimovning fikricha, mazkur yoʻnalishlarning barchasi yozish uslubining realistik va modernistik turiga asoslanadi. Adabiyotshunos olim voqealikning modernistik prinsipda aks ettirilishini oʻzbek adabiyotidagi sifat jihatdan yangi hodisa deya taʼkidlaydi. U “totalitar sharoitda mazkur estetik qarashlarni qoʻllash imkonsiz edi”, deya obʼyektiv sabablarni ham, “adabiyotda modernizmning barcha prinsiplari va uslublarini toʻla qoʻllay oladigan ijodkorlar hali yetishib chiqmagan edi”, deya, subʼyektiv sabablarni ham koʻrsatib oʻtadi. X. Karimov zamonaviy soʻz ijodkorlarining eng muvaffaqiyatli tajribalari ramz va majozlarga tayanganini taʼkidlaydi. Bundan tashqari, u oʻzbek adabiyotida “detektiv yoʻnalish” paydo boʻlganini va bu ham yangilik ekanini qayd etadi.

Adabiyotshunos olim “Zamonaviy oʻzbek adabiyoti uchun muallifning dunyoni his etish konsepsiyalaridagi xilma-xillik, voqelikni anglashning yangicha shakllari paydo boʻlishi hamda adabiy obrazlarni milliy qadriyatlar nuqtai nazaridan qayta anglash xosdir”, deya xulosa qiladi. Yoʻldosh Solijonov ham oʻzining zamonaviy adabiy jarayonlar konsepsiyasini adabiy janrlarning boʻlinish prinsipiga asoslangan holda tuzadi. Olimning taʼkidlashicha, zamonaviy oʻzbek adabiyoti “… Sharq adabiy anʼanalarini boyitgan holda jahon adabiyoti tendensiyalarini oʻzlashtira boshladi”2. Lekin, deya taʼkidlaydi Y. Solijonov, jahon adabiyoti anʼanalari oʻzbek badiiy asarlarini yaratishda mustahkam poydevorga aylanib ulgurmadi.

Qator adiblar ijodida “bozor sharoitidagi inson taqdiri” mavzusi ustuvor muammo sifatida ajralib koʻrinadi. Ularning asarlaridagi bosh qahramon bozor munosabatlariga moslashib olgan yoki “ortiqcha odam”ga aylangan kishidir. Y. Solijonovning fikricha, “har bir adib yolgʻizlik fojiasini oʻzicha ochib beradi”. Olim Tohir Malik, Xurshid Doʻstmuhammad, Zulfiya Qurolboy qizi va boshqa bir qator adiblarni sanab oʻtar ekan, quyidagi belgilariga koʻra, zamonaviy badiiy asar yaratishda oʻzbek adabiyoti uchun yangilik boʻlgan oʻziga xos tendensiyalarni keltirib oʻtadi. Bular: 1) nasihatgoʻylikdan qochish; 2) zamonaviy jamiyatda ayol rolining oʻzgarganligiga urgʻu berish, ikki yoʻl oʻrtasida turgan ayolning ruhiy kechinmalarini yaratish; 3) ijtimoiy-madaniy, gʻoyaviy-axloqiy tiplarning yonma-yon, bir-birlariga ijobiy yoki salbiy taʼsir koʻrsatib yashashi; 4) oʻzbek xalqining sobiq shoʻrolar davridagi hayotini mushohada qilishga urinish; 5) joʻshqin syujetlarga intilish (“bozor adiblari” va “bozor adabiyoti”ni yaratgan salbiy tendensiya sifatida); 6) tasviriylik va publitsistikaga moyillik.

Albatta, mazkur ikki nuqtai nazar zamonaviy oʻzbek adabiy jarayonini toʻla qamrab ololmaydi. Biroq zamonaviy adabiyot rivojlanishiga doir ushbu yangilik va tendensiyalar oʻzbek adabiyoti taraqqiy etib borayotganini koʻrsatadi.

Gulchira Garipova oʻzining konsepsiyasini ilgari surar ekan, 3 Oʻzbekistonda “madaniyat rivojining barcha sohalarida milliy tarix va anʼanalarga qiziqish ortib borayotgani” kuzatilayotganini qayd etadi.

G. Garipova XXI asr adabiy jarayonini “adabiy jarayon taraqqiyotining yangi bosqichi boʻlib, u milliy adabiyot tarixining barcha davrlarini qamrab oldi” deb taʼriflaydi. Biroq XX-XXI asrlar boʻsagʻasida “XX asr (adabiy jarayon 20-80-yillar oxirini “shoʻro” davri deya belgilagan) milliy badiiyati bilan mumtoz adabiyot anʼanalari, asr boshidagi oʻzbek badiiy “yangiligi” va jahon badiiy anʼanalari hamda amaliyoti oʻrtasidagi uzilish yengib oʻtildi”, degan mulohazasi bilan tadqiqotchi oʻz fikriga oʻzi qarshi chiqadi.

Tadqiqotchi XX asr oxiri – XXI asr boshi oʻzbek adabiy jarayoni rivojlanishining quyidagi tendensiyalarini koʻrsatib oʻtadi:

1) realistik va modernistik poetikaning yagona badiiy maydonga birlashishi;

2) ijtimoiy-shaxsiy muammolardan shaxsiy-maishiy muammolarga koʻchish;

3) yangicha mifologik yozish uslubini yaratgan ramzlardan foydalanish (bu ramzlar Sharqning oʻziga xos xususiyatlari va milliy anʼanalariga (masalan, zardushtiylik obrazlari, xalq asotirlari va shu kabilar) asoslangan);

4) “moʻjizaviy realizm” tendensiyalariga moyillik;

5) real voqelikning sunʼiy inʼikosi boʻlgan, “abadiy olam” yaralishi haqidagi diniy-afsonaviy model elementlari syujetdan tashqari unsurlar sifatida “purkab qoʻyilgan” asarlar, shuningdek, reallik va afsonaviylik oʻrtasidagi syujet chegaralari boʻlmagan, syujet liniyasi turli xil afsonaviy tuzilmalar (afsona, rivoyat, hikoyat) bilan uygʻunlashgan asarlarning yaratilishi;

6) “… oʻzgacha koʻrinishdagi tahliliy psixologizm”ni vujudga keltirgan chuqur majozlashtirish tendensiyasi.

G. Garipova xulosa oʻrnida “oʻzbek ijodkorlari oʻz asarlariga modernizm va neorealizm elementlarini olib kirishdi” va “adabiy jarayon rivojlanishidagi yetakchi yoʻnalishlardan biri realizm oqimidir” degan ikki gʻoyani ilgari suradi.

Zamonaviy adabiy jarayonda turlicha uslublar, janrlar va bugungi voqelikni haqqoniy aks ettira oladigan tasviriy-ifoda vositalarining yangilanishi bilan ifodalanuvchi gʻoyaviy-estetik tendensiyalarning paydo boʻlishi shu bilan izohlanadi. Mazkur tendensiya oʻzining axloqiy-gʻoyaviy tayanchlarini oʻzbek xalqining shonli oʻtmishidan izlaydi.

Fikrimizcha, oʻzbek adabiyoti bugungi kunda murakkab va individual taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtmoqda. Nazarimizda, bu bosqichda uchta davrni ajratib koʻrsatish mumkin:

  1. “Oʻtish” davri (XX asrning 80-yillar oxiri – 90-yillar). Bu davr qator omillar bilan belgilanadi:

– mumtoz merosning (XII-XIX asrlar adabiyoti) tiklanishi, oʻz vaqtida taʼqiqlangan ijodkorlar (Choʻlpon, Fitrat, Behbudiy va jadid adabiyoti vakillari) asarlarining chop etilishi munosabati bilan oʻzbek adabiyoti tarixidagi “oq dogʻ”larning yoʻq boʻlishi;

– diniy va maʼnaviy qadriyatlar hamda tasavvuf adabiyotiga qiziqishning ortishi (Yugnakiy, Bolasogʻuniy, Yassaviy asarlarining eʼlon qilinishi);

– oʻzbek xalqi tarixiga nisbatan toʻgʻri munosabatning tiklanishi va tarixiy-biografik janr ulushining koʻpayishi (Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Alisher Navoiy, Bobur va shu kabi siymolar haqida qator asarlarning yaratilishi);

– rus klassik adabiyoti anʼanalariga qiziqishning susayishi, Oʻrtayer dengizi va Amerika adabiyotiga (xususan, Eujenio Montale, Salvatore Kvazimodo, Kamilo Xose Sela, Garsia Markes kabi adiblarning ijodiga) qiziqishning ortishi;

– “gʻoyaviy boʻshliq”qa barham berilishi va oʻzbek madaniyati hamda adabiyotida milliy gʻoyaning shakllanishi.

Oʻzbek adabiyotidagi “oʻtish” davri vatanparvarlik ruhi yorqin aks etgan koʻplab asarlarning (xususan, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Shavkat Rahmon sheʼriyati, Shukur Xolmirzayev va Omon Muxtorning qator nasriy asarlari) vujudga kelishi hamda tarixiy siymolar va xalq qahramonlari obrazi yaratilishida koʻrinadi. Bunga Maqsud Qoriyevning “Ibn Sino”, “Beruniy”, Muhammad Alining “Sarbadorlar”, Saʼdulla Siyoevning “Yassaviyning soʻnggi safari”, Asad Dilmurodning “Mahmud Torobiy” kabi asarlarini misol qilib keltirish mumkin. Bu hodisaning mohiyati shundaki, xalqimizning oʻz-oʻzini anglashi, oʻzining millat sifatida noyob ekanligini idrok etishi, mustaqil hayot qurish uchun ilhomlanish manbalarini topishi zarur edi. Shuni alohida taʼkidlash joizki, mazkur davr ijodkorlari adabiy pozitsiyalarining turlicha ekanligiga qaramay, boshqa-boshqa qutblarga ajralib ketmadilar.

Bundan tashqari, sobiq shoʻrolar davrini qayta baholaydigan, siyosiy qatagʻonlar va “shaxsga sigʻinish”, shoʻrolar davriga tegishli boʻlgan “xususiyatlar” – milliy anʼanalar va urf-odatlarni mensimaslik natijasida kelib chiqqan oqibatlar haqida hikoya qiluvchi asarlar yaratildi. Masalan, shu davrda yaratilgan Odil Yoqubovning “Adolat manzili”, “Oq qushlar, oppoq qushlar” romanlari “paxta ishi” va Orol muammolariga bagʻishlanadi; Nazar Eshonqulning “Urush odamlari” qissasida jahon urushi olis qishloq odamlari hayotiga keltirgan kulfatlar, “Maymun yetaklagan odam” hikoyasida esa kommunizm ideallariga ishongan inson taqdiri fojiasi aks etadi; Tohir Malikning “Murdalar gapirmaydilar” asarida “shaxsga sigʻinish” davri qatagʻonlari haqida soʻz borsa, Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” romanida millatning uch avlod vakillari taqdiri qalamga olinadi. Bu tipdagi asarlarda fojiaviy ruh va millat dardini chuqur his etish ustuvorlik qiladi.

Realistik ifodadan foydalanish, zamon va makon tushunchalarining oʻzgacha idrok etilishi va buning natijasida dunyo manzarasining oʻzgarishi, tarixiy siymolar obrazining birinchi planga chiqishi va tarixiy oʻtmishni qayta anglash, badiiy ijoddagi ichki izlanishlar hamda nasihatgoʻylikdan voz kechish ham bu davrda yaratilgan koʻplab asarlarga xos boʻlgan xususiyatlardan sanaladi.

  1. “Manzillar oʻzgarishi va tahlillar” davri (1990–2000 yillar). Bu davrda oʻzbek adabiyoti “milliy oʻzlik – globallashuv”, “estetik qadriyatlar – bozor iqtisodiyoti” kabi bir-biriga qarama-qarshi tushunchalar bilan tavsiflanuvchi vaziyatga tushib qoldi. Bu hol adabiy maydonga sezilarli taʼsir oʻtkazdi. Adabiyotning estetik prinsiplar va shakliy eksperimentlarga koʻra turli qatlamlarga ajralishi kuzatildi. Masalan, mavjud voqelikni Sharq mumtoz anʼanalari, xalq ogʻzaki ijodi va “oltmishinchi yillar” avlodi badiiy tajribalari bilan birgalikda oʻzlashtirgan anʼanaviy realizm ruhida yaratilgan asarlar bilan bir qatorda koʻplab adiblar ijodida modernistik va postmodernistik tendensiyaga ergashish paydo boʻlganini ham qayd etish lozim. Oʻzbek adabiyotidagi oʻziga xos bu jarayonga adabiyotshunos olimlar va tanqidchilar oʻz vaqtida eʼtibor qaratishdi.

Adiblar modernizm koʻmagida olamning bebaqoligi haqidagi oʻylarni tasvirlashga, inson hayotining oʻtkinchiligi mavzularini yoritishga intiladilar. Albatta, modernizm adabiyotimizda badiiy uslub sifatida toʻla shakllanmadi. Shu bois modernistik ruhdagi tajribalar va izlanishlar toʻgʻrisida soʻz borgani toʻgʻriroq boʻladi.

Biz realistik adabiyotga xos boʻlmagan, adiblarning borliq, bugungi kun voqeligini anglashga boʻlgan intilishlarini yangi, oʻziga xos bir tarzda ifodalashga imkon beradigan prinsiplar, usul va vositalarni, shuningdek, hayotning mavjud yoki oʻylab topilgan modelini yoki koʻp yoqlama vazifaga ega boʻlgan mifosyujetlarni yaratishga boʻlgan urinishlarni nazarda tutmoqdamiz. Taʼkidlash kerakki, oʻzbek ijodkorlari Gʻarb adabiyotidagi hodisalardan nusxa koʻchirmay yoki ularga taqlid qilmay, milliy anʼanalar va zamonaviy oʻzbek adabiy jarayoni taraqqiyotining ichki qonuniyatlariga tayangan holda ularni oʻzlashtirmoqdalar. Masalan, Nazar Eshonqul oʻzining “Muolaja”, “Bevaqt chalingan bong”, “Istilo”, “Tobut” kabi asarlarida arxitiplarga, motiv-obrazlar, topos-obrazlarga murojaat etadi, oʻzbek millatining oʻziga xos xususiyatlari va Sharq psixologiyasini aks ettirarkan, montaj usulidan foydalanib, alohida mavjud boʻlgan hodisalarni yaxlit voqelikka aylantiradi; Omon Muxtor “Maydon” romanida adabiy uslub va tasvir predmeti sifatida “dialog oʻyini”dan va muallif majozlaridan foydalanadi; Erkin Aʼzam oʻzining “Chapaklar va chalpaklar mamlakati” qissasida shartli-fantastik usulni, asarni rivoyat janriga yaqinlashtiruvchi ramz va majozlarni tanlaydi; Xurshid Doʻstmuhammad “Bozor” romanida inson ongining turfa shakli – falsafiy mushohadaga, xalq donishmandligiga murojaat qiladi.

Modernistik ruhdagi asarlar yoʻqotish, qaygʻu, chorasizlik, qoʻrquv, ruhiyatning oʻzgarishi, fojia motivlarining yuzaga kelishi bilan belgilanadi. Shu maʼnoda oʻzbek adabiyotidagi modernizmga xos unsurlar shaxs va borliq, oʻlim va hayot, ruh va tana, din va osiylik kabi muammolarni talqin etishga qaratilgan boʻlib, uning A. Shopengauer, M. Shtirner, S. Kerkogor, F. Nitsshe, A. Bergson falsafasi bilan oʻzaro uygʻun ekanligini koʻrsatadi. Modernistik tendensiyalarda bitilgan asarlarda yoʻqotish, gʻam, chorasizlik, qoʻrquv, fojia motivlari paydo boʻla boshlaydi, lekin asar mualliflari, dunyo modernizmidan farqli oʻlaroq, ruhiy inqirozdan chiqish yoʻllarini izlaydilar va yorugʻ vaqtlar kelishiga umid bogʻlaydilar.

Bu davrda omma adabiyoti ham faollasha boshladi (sarguzasht qissa va ishqiy romanlar koʻpayib ketdi). Nabijon Hakimovning bozori chaqqon boʻlgan sentimental ruhdagi asarlarini, Tohir Malikning “Shaytanat” romanini, Hojiakbar Shayxovning “Olis sayyora”, “Kelgindilar” kabi ilmiy-fantastik romanlarini misol tariqasida keltirish mumkin.

  1. “Verdandi” davri (2000–2014 yillar). Bugungi adabiyot mumtoz adabiyot va realizm anʼanalari, modernizm, postmodernizm tendensiyalarining yonma-yon yashayotgani bilan tavsiflanadi.

Zamonaviy oʻzbek adabiy jarayonida realizm pozitsiyasi ancha kuchli. Misol tariqasida Abduqayum Yoʻldoshning “Bankir”, “Puankare”, Hakim Sattoriyning “Sogʻinch”, Zulfiya Mizbaxning “Soʻfitoʻrgʻay”, Shodmon Otabekning “Agar oshiqligim aytsam…” kabi jamoatchilik eʼtiboriga hamda tanqidchilar eʼtirofiga sazovor boʻlgan asarlarini keltirish mumkin. Fikrimizcha, realizm badiiy metod sifatida kelajakda ham asosiy yoʻnalishlardan biri boʻlib qoladi. Binobarin, adiblarimiz hali bu metodning koʻplab usul va vositalarini oʻzlashtirishlari lozim. Turgan gapki, bu yangilangan realizm boʻladi, deb aytishga asosimiz bor. Chunki hayotiylik badiiyati mavjud voqelik tasvirini zamonaviy vositalar majmuida berilishini talab etadi. Ehtimol, bugun oʻzbek adabiyotida ildiz otgan boshqa tendensiya neorealizmning vujudga kelishidan nishonadir. Biz bugungi qator asarlarda kuzatilayotgan hodisa – realizm va modernizm uslubining simbiozini nazarda tutmoqdamiz.

Oʻzbek adabiyotidagi postmodernizm unsurlari haqida soʻz borar ekan, aytish joizki, bu hodisa oʻzbek adabiyotidagi milliy chizgilar va oʻzbekona matn qurilishidagi azaliy ohangdorlik xususiyatlarini oʻzlashtirgan boʻlib, poetik-uslubiy yoʻnalishi nuqtai nazaridan gʻarb va rus postmodernizmidan tubdan farq qiladi. Ushbu yoʻnalishga Omon Muxtorning “Ikki qiyofa”, Isajon Sultonning “Munojot”, Noʻmon Rahimjonovning “Jimjit jolalar” qissalarini misol qilib keltirish mumkin. Zamonaviy adiblarning jahon adabiyotida allaqachon urfdan chiqqan postmodernizmga moyilligini oqlaydigan yana bir ijobiy belgilardan biri postmodernchilar bosh prinsip deb hisoblangan prinsip – “asardan muallif shaxsini olib tashlash” prinsipini pisand qilmaslikdir.

Fikrimizcha, zamonaviy oʻzbek nasrida quyidagi postmodernistik uslub belgilarini ajratib koʻrsatish mumkin: 1) oʻzbek mumtoz adabiyotidan “iqtibos”lar keltirish; 2) qahramonning “shizoanaliz”4 usuli bilan sunʼiy hayajon asosida ochib berilgan ruhiy holatini oldingi oʻringa chiqarish; 3) muallifning falsafiy pozitsiyasi aks etgan ramzlar kombinatsiyasini (kodini) qurish; 4) olamni birlamchi koʻrinishda qabul qilish; 5) janr eksperimentlari; 6) borliqning oʻziga xos modelini yaratish; 7) zamonaviylikdan chekinib, oʻtmish “izlari” tushgan ifoda tilini yaratish.

Bu adabiy hodisalarni hali anglab yetishimiz zarur. Biroq shuni qayd etish lozimki, oʻzbek yozuvchilari izlanmoqdalar, ifoda etish yoʻllari hamda vositalarini kengaytirib, tinmay tajribalar qilmoqdalar. Aniqrogʻi, bu borada postmodernizm haqida metod, yoʻnalish yoki oqim sifatida emas, balki realistik asarda koʻringan unsur yoki asar yaratishdagi badiiy usul sifatida gapirish maʼqulroqdir.

 

Saodat KOMILOVA

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–5

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/zamonaviy-ozbek-adabiy-jarayoni-konsepsiyasi/

1 1 голос
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x