Zamon sinovlariga bardosh berib…

Xoh tor maʼnoda Sharq adabiyoti va tamadduni boʻlsin, xoh keng maʼnoda butun jahon adabiyoti va tamaddunini olaylik, har ikkala sarhadda kechadigan olamshumul jarayonlarni arab adabiyoti yoki tamaddunisiz tasavvur etib boʻlmaydi. Johiliya zamonida firʼavnlar oʻzlarining zulmga asoslangan siyosat qilichlarini begunoh boshlar uzra qanchalik oʻynatmasinlar, baribir uch va undan ortiq ming yillardan buyon koʻkka boʻy choʻzgan ehromlar oʻsha davrlardagi buyuk sivilizatsiyadan jonli xotira boʻlib turibdi. Bugina emas, jahon olimlarining taxmin qilishlaricha, butun Nil daryosi boʻylab son-sanoqsiz ehromlar hali ham suv tagida pinhon yotibdi ekan. Maʼlum boʻlganlari va oʻrganilganlarining eng yoshi uch ming yildan ortiqroq deb hisob qilinadi. Lekin haligacha bironta ham ehrom toʻla va uzil-kesil oʻrganib chiqilmabdi, sababi: ehrom qaddini tiklagan ulkan kubo (yaʼni, kubik) toshlarni qoʻzgʻatishni na odamzod va na texnika uddalar ekan.

Ehromlar bino boʻlibdiki, ularni oʻrganish barobarida toshlar qaʼrida “uxlab” yotgan firʼavnlaru asilzodalar, katta-kichik sultonlardan qolgan osori atiqalarga asoslanib turli davr yozuvchi va ijodkorlari mumtoz asarlar yaratganlar va yaratmoqdalar. (Shu oʻrinda jurnalimizda eʼlon qilingan B. Prusning “Firʼavn”, R. Xaggardning “Kleopatra” asarlarini eslatib oʻtish joiz). Koʻhna moziydagi jarayonlar oʻzining butun rang-barangligi bilan kelajak avlodlar uchun ham istiqbol yoʻlini ochuvchi imkoniyatlar taqdim etdi – imkoniyat taqdirini belgilab beruvchi buyuk maʼnaviy dastur – Qurʼoni Karim vujudga keldi. Toʻgʻri, bu muqaddas Kalom arab tilida nozil boʻlgan, ammo bu narsa Kitobning faqat arab millatining sharafini belgilamaydi, u umumjahon va umumbashariy neʼmatkim, irq, millat, til kabi vositalar uning oldida hech qanday ahamiyat kasb etmaydi.

Agar butun arab mintaqasidagi koʻp asrlik voqea-hodisalarni birrov koʻzdan oʻtkazadigan boʻlsak, ayniqsa, soʻnggi paytlarda bu hudud Kurrai zaminning eng olovkor nuqtasiga aylanib borayotganini koʻramiz. Ketma-ket davlat boshliqlarining almashishi, hududiy mojarolar, irqiy kamsitishlar, yer usti va yer osti boyliklarini talashish na faqat arab xalqlari, balki butun dunyo xalqlari uchun, aytish mumkinki, tashvish tugʻdirmoqda. Arab zaminidan chiqqan otashyurak shoirlaru nosirlarning dard va alam, gʻazab va nafrat toʻla asarlari kitobxonlar qalbini larzaga keltiradi. Oxiri koʻrinmas nizolar, millat uchun jon kuydiruvchilarning nohaq xoʻrlanishlari ijodkorlar asarlarida oʻz inʼikosini topmoqda. Bu jonfidoliklar besamar ketayotgani yoʻq, albatta. Arab mintaqasida yigirmadan ortiq katta-kichik mamlakat mustaqillikka erishdi. Taniqli yozuvchi, Nobel mukofotining sovrindori Najib Mahfuzning ijodiy faoliyati arab xalqlari uchun ana shunday ogʻir kechgan damlarga toʻgʻri keldi. Siyosat olamida Anvar Saodat va Yasir Arofatning ham bunday oliy mukofotga loyiq deb topilishi aslida bu ikki shaxsgagina emas, butun arab millati va diyoriga bildirilgan xalqaro eʼtirof va ehtirom ifodasidir.

Hali ham goh u, goh bu arab mamlakatida yuzaga kelayotgan turli mazmun va maqsaddagi urush va nizolar bot-bot jahon ahlini hushyor boʻlishga chorlab turibdi. Bu bejiz emas. Binobarin, bu yerlarda hali insoniy huquqlarni tiklash jarayoni nihoyasiga yetgani yoʻq. Bu esa arab xalqlarining ertangi kunini belgilab beruvchi aniq siyosiy tamoyillar puxta ishlab chiqilmaganligini koʻrsatadi. Demak, arab xalqi, uning yosh avlodini oldinda hali muqarrar sinovlar kutib turganligi ham bor gap.

Shu oʻrinda adabiyotga oid bir qonuniyatni eslab qoʻyaylik, yaʼni Sharq xalqlariga xos boʻlgan anʼanaviylik tamoyili hozirgi zamon arab adabiyotini ham chetlab oʻtmagan. Mashhur “Ming bir kecha” ertaklaridagi voqealar tavsifi, inson his-tuygʻularining ramzli ifodalarini arab hikoyanavislarining bugungi asarlarida ham koʻrish mumkin. Jurnalimizda eʼlon qilinayotgan misr adibi Al-Manfalutiy hikoyalarini mutolaa qilib, bunga oʻzingiz shohid boʻlasiz, albatta. Arab shoirlari sheʼrlari borasida ham xuddi shu gaplarni aytish mumkin. Ammo zamonaviy ruh boʻlmasa, nafaqat mazmun, kerak boʻlsa shakl jihatdan biron yangilik taqdim etilmasa, sheʼriyat muxlislarining olqishiga sazovor boʻlish qiyin. Zero, XX asr arab sheʼriyatida jahon sheʼriyatiga uygʻunlik yaqqol seziladi. Ayniqsa shoirlarning bugungi kundagi voqea-hodisalardan taʼsirlanib, oʻtli satrlar ijod qilganini eʼtirof etmoq zarur…

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–7

https://saviya.uz/hayot/nigoh/zamon-sinovlariga-bardosh-berib/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x