Zaminni uygʻotdi yashil xoʻrsiniq

 BAHOR BU…

 

Bahor bu – osilib xarsangtoshlarga,

Sellarning zarbidan chayqalgan qirgʻoq.

Bahor bu – tomlarning labidan sachrab,

Bogʻlarga tutashgan lolaqizgʻaldoq.

 

Bahor bu – xonqizi taqib bargiga,

Quyoshga yuzlanib jilmaygan nihol.

Ildizini turtib chiqqan yalpizga

Termulib oʻtirgan yolgʻiz majnuntol.

 

Bahor bu – tugʻilgan kuni gullarning

Va egniga baxmal tortgan adirlar.

Moviy koʻzi yoshli osmonni suyib,

Qushlar shevasida aytilgan sheʼrlar.

 

Bahor bu – bir dona lola qasdida

Oqsoch choʻqqilarga intilgan soʻqmoq.

Bahor bu – tomlarning labidan sachrab,

Qirlarni yondirgan lolaqizgʻaldoq.

 

ShAHAR BAHORI

 

Toshkentni soʻroqlab kelibdi bahor,

Rastalarda koʻk-u gullar qalashdi.

Kurtaklar koʻksida potradi ifor,

Liboslarga turfa ranglar ilashdi.

 

Beton devorlarning ogʻir soyasi

Rangpar chechaklarni turganday ezib.

Uylarning koʻzidan boqadi maʼyus

Lolalar – sayildan kelingan uzib…

 

Toshkentda qaldirgʻoch kuylamas savtlar,

Bulbullar nidosi shovqinga qular.

Faqat odamlar va faqat daraxtlar

Bahorni bahorga oʻxshatib turar.

 

IZHOR

 

Sogʻintirib dilim tiyron qilasan,

Kelsang tuygʻularim biyron qilasan.

Goh lola, goh jala, goh kamalak-la

Diydorning har kunin bayram qilasan.

Bahor, goʻdak boʻlib sevaman seni,

Egiz yurak boʻlib sevaman seni.

 

Boychechak – qor ichra uzatgan qoʻling,

Hademay oʻzing ham turib kelasan.

Bogʻlarga gullarning daragin aytib,

Soylarning ustidan yurib kelasan.

Bahor, yalpiz boʻlib sevaman seni,

Ishqi cheksiz boʻlib sevaman seni.

 

Yerni qitiqlaysan shamolga doʻnib,

Juft qaldirgʻoch boʻlib kirasan uyga.

Bugʻdoy nishidagi yashil bol boʻlib,

Maktub tarqatasan Navroʻzga – toʻyga.

Bahor, giyoh boʻlib sevaman seni,

Tashna buloq boʻlib sevaman seni.

 

Koʻk toqiga ilib turnalar dorin,

Quyosh oʻchogʻini yoqasan taftkor.

Qizlarning sochiga tolni payvandlab,

Oʻpasan adirlar yuzin majnunvor.

Bahor, Layli boʻlib sevaman seni,

Koʻngil nayi boʻlib sevaman seni.

 

IMONIM

 

Ruhimning egnida oʻt lovullaydi,

Koʻksimda gurkirab ashʼor gullaydi,

Yetmish tomirimni sogʻinch ulaydi,

Hijroniga ketar bori imkonim,

Muhabbat diniga kirdi imonim.

 

Bildirmay koʻnglimni berdi birovga,

Umrimni oborib urdi olovga,

Qirq jonimni qoʻydi qirq ming sinovga,

Chumoli mushticha kelmas darmonim,

Muhabbat diniga kirdi imonim.

 

Qushlar xoʻrsinurlar koʻzimga qarab,

Sajda qilaman bir ismga qarab,

Dilimga solmasang sevarmidim, Rab?!

Jannatmi, doʻzaxmi – qayda makonim,

Muhabbat diniga kirdi imonim.

 

Kel-yey, kiprigimda ungil, atirgul,

Kapalak koʻzyoshin sungil, atirgul,

Oʻlsam iforingga koʻmgil, atirgul…

Boshqa kimlarga ham kerak xazonim,

Muhabbat diniga kirdi imonim.

 

YALPIZGINAM

 

Qishloq yoqdan uchib kelgan qushchalar –

Duolarga toʻlib turar osmonim.

Patlaridan toʻkar mehr-gʻunchalar,

Onajonim, yalpizginam, rayhonim.

 

Oh, oʻzimning shakar-sharbat soʻzligim,

Ajinidan nurlar oqqan yuzligim,

Boshim qoʻysam bagʻri jannat isligim,

Onajonim, yalpizginam, rayhonim.

 

Quyoshsiz-ku, men qandoq ham muz boʻldim?

Diydasi tosh, tili toʻla tuz boʻldim,

Shaharlarda sogʻinchlarga qiz boʻldim,

Onajonim, yalpizginam, rayhonim…

 

Barmoq uchga kelib tursa dilim-yey,

Menikimas, sizniki shu qoʻlim-yey,

Doim birga sheʼr yozamiz, gulim-yey,

Onajonim, yalpizginam, rayhonim.

 

NAVROʻZGULLAR

 

Kirib qorning shivir-shivir soʻziga,

Dil oʻzni yoʻqotib qoʻygan edi, doʻst.

Hadeb qarayverib qishning koʻziga,

Koʻzlarim sovqotib qoʻygan edi, doʻst.

Unutib oq, lekin sovuq tunlarni,

Doʻst, koʻzga surtaylik navroʻzgullarni.

 

Tushimda bodomlar gullagan oqshom,

Zaminni uygʻotdi yashil xoʻrsiniq.

Osmon kamalakdan yasadi ishkom,

Yomgʻir gul labidan tomganday tiniq.

Hovuchlab samodan oqqan sellarni,

Doʻst, koʻzga surtaylik navroʻzgullarni.

 

Hayot qofiyasi – hayrat degani,

Koʻklamning kaftiga toʻkkay lutflar.

Toshqin jilgʻalarga rashkmi bergani

Jarlikning labidan oʻpar nilufar.

Boychechak isiga yuvib qoʻllarni,

Doʻst, koʻzga surtaylik navroʻzgullarni.

 

Ismin unutganim muattar ranglar

Bugun qarogʻimni keldi daraklab.

Yigʻlatib ketibdi quvgʻindi gʻamlar –

Dilni ardoqladim baxtga yoʻrgaklab.

Kulgichga tomizib shoʻx kulgularni,

Doʻst, koʻzga surtaylik navroʻzgullarni.

 

Qoshimday qorayib kelayapti tun,

Chaqinlar qoʻl choʻzgan oyni koʻr – siniq.

Togʻlardan boshini koʻtarganda kun,

Bizni uygʻotadi atlas xoʻrsiniq.

Quyosh kokiliga ulab yoʻllarni,

Doʻst, koʻzga surtaylik navroʻzgullarni.

 

Iroda UMAROVA

 

“Yoshlik”, 2015 yil 3-son

https://saviya.uz/ijod/nazm/zaminni-uygotdi-yashil-xorsiniq/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x