Zamin:
Senga taxtiravon, koshonadurman,
Senga mangu vatanman – xonadurman.
Taajjub qilmagin bagʻrimga tortsam,
Bolamsan, har na qilsa onadurman.
Fazogir:
Koʻkingda chaqnagan durdonadurman,
Sahar Zuhrosi yangligʻ yonadurman.
Quyosh atrofida parvonasan, Yer,
Sening tengrangda men parvonadurman.
Zamin:
Samovot uzra qalb monand erurman,
Sening mehru oʻyingga band erurman.
Fazoda uch balandroq, lochinim, uch,
Boqib parvozingga xursand erurman.
Fazogir:
Zaminim, men senga farzand erurman
Onamsan, toabad dilband erurman,
Aql birlan yengib tortish kuchingni,
Koʻngil birlan senga payvand erurman.
Erkin VOHIDOV
https://saviya.uz/ijod/nazm/zamin-va-fazogir/