DO`STLARGA ULASHING:
Boburning lirik merosi “Qobul devoni” (1519)ga, 1528-29 yillarda “Hind devoni” ga jamlangan. To‘liq devon tuzgani haqida ma’lumot bor. She’rlarining umumiy hajmi 400 dan ortadi. Shundan 119 g‘azal, 231 ruboiy va tuyuq, qit’a, fard, masnaviy kabi janrlarda asarlar yaratgan. She’rlarini mavzu jihatidan oshiqona, ta’limiy, tasavvufiy, hasbi hol kabi turlarga ajratish mumkin. Bobur she’riyati intellektual qalb izhori sifatida arqoqlidir. Uning asarlari samimiy, ravon, usluban tugal va mushakkaldir. Bobur ruboiy janrini turk adabiyotida yuksaklikka olib chiqqan shoirdir.
Ulug‘ o‘zbek shoiri, mutafakkir, tarixchi va davlat arbobi; markazlashgan davlat — boburiylar saltanati asoschisi Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yilning 14 fevralida Andijonda tug‘ildi. Amir Temurning beshinchi avlodi, Farg‘ona hukmdori Umarshayxning farzandi. Bobur 12 yoshda (1494) taxtga chiqdi. 1503-1504 yillarda Afg‘onistonni egalladi. 1519-1525 yillarda Hindistonga 5 marta yurish qiladi. Uch asrdan ortiq davom etgan (1526-1858 y.y.). boburiylar saltanatiga asos soldi dekabrda Agra (1530 y. 26 dekabr)da vafot etdi. Qabri keyinchalik vasiyatiga ko‘ra Qobulga ko‘chirilgan.
Boburning lirik merosi “Qobul devoni” (1519)ga, 1528-29 yillarda “Hind devoni” ga jamlangan. To‘liq devon tuzgani haqida ma’lumot bor. She’rlarining umumiy hajmi 400 dan ortadi. Shundan 119 g‘azal, 231 ruboiy va tuyuq, qit’a, fard, masnaviy kabi janrlarda asarlar yaratgan. She’rlarini mavzu jihatidan oshiqona, ta’limiy, tasavvufiy, hasbi hol kabi turlarga ajratish mumkin. Bobur she’riyati intellektual qalb izhori sifatida arqoqlidir. Uning asarlari samimiy, ravon, usluban tugal va mushakkaldir. Bobur ruboiy janrini turk adabiyotida yuksaklikka olib chiqqan shoirdir.
Boburning ulug‘ asari “Boburnoma” bo‘lib, uni “Vaqoye” deb ham nomlaydilar. Buyuk memorial asarda 1494-1529 yillari Markaziy va Kichik Osiyoda, Yaqin va O‘rta sharq mamlakatlarida kechgan voqealar bayon etilgan. “Boburnoma”ning o‘ndan ortiq qo‘lyozma nusxalari bor. Asarni Qozonda N.I. Ilminskiy (1857), Londonda Beverij xonim nashr (1905) etgan. O‘zbekistonda dastlab professor Fitrat 1928 yilda asardan parchalar e’lon qildi. “Boburnoma”ning 1948-1949 yillarda ikki jildli; 1960, 1989 yillarda tuzatilgan, 2002 yilda va keyingi yillarda to‘ldirilgan qayta nashrlari amalga oshirildi.
“Bobirnoma”asosida qator badiiy asarlar ham yaratilgan. Flora Anna Stilning “Boburxon” (Parij, 1940), Fernard Grenardning “Bobur” (Parij, 1930), Harold Lembning “Bobur-yo‘lbars” (Nyu-York, 1961) romanlari, Vambek Gaskonining “Bobur va uning avlodlari yoki Buyuk mo‘g‘ullar” (Nyu-York, 1980) esse-romanlari shular jumlasidandir. Hindistonlik Muni La’l boburiylar tarixiga asoslanib 6 ta roman yozgan. O‘zbek adabiyotida Oybek, P.Qodirov, B.Boyqobilov, X.Sultonov Boburga bag‘ishlab roman, qissa va dostonlar yaratdilar.Xurshid Davron buyuk vatandoshimizga bag‘ishlangan “Samarqand xayoli” qissasini va ”Bobur sog‘inchi” pyesasini yozgan.Qissa 1991 yilda nashr etilgan. 1997 yilda yozilgan ”Bobur sog‘inchi” pyesasi Muqumiy nomidagi teatrida sahnalashtirildi (2003 yil).Ushbu asarlarni saytdagi tegishli sahifalarda mutolaa qilishingiz mumkin.
Shuningdek,Xurshid Davron Mirzo Bobur ruboiylariga sharhlar (ular “Ma’rifat” gazetasida bosilgan) va buyuk bobomizga bag‘ishlangan bir necha she’rlar yozgan.Ushbu o‘rinda ulardan birini keltiramiz.
BOBUR
(1981)
Otlar elar shiddatdan terlab,
Yangrar xatar to‘la taqalar,
Hurkib ko‘kka sapchir,patirlab,
Tun uyqusi — qora qarg‘alar.
Otlar elar,
Tillarang xazon
Suvoriylar uzra sochilar,
Elas-elas yangraydi azon —
Tog‘lar uzra osmon ochilar.
Otlar elar og‘zi ko‘pirib,
Uyg‘otgancha mudroq yo‘llarni,
Go‘yo to‘gon bandin o‘pirib,
Toshqin quvib kelar ularni.
“Zahiriddin,qayga borursan,
Bobong yurtin,taxtini tashlab?!
Qora taqdir seni qul kabi
Qayonlarga ketmoqda boshlab?!
Zahiriddin, bu qanday savdo,
Qora hijrat sari yuz tutmoq?
Yuragingni etar-ku ado,
Tirik turib,Vatandan ketmoq?!
Zahiriddin,ortga bir qara,
Ortga boq,ey,sheri sargardon,
Axir,keyin tushlaringda ham,
Bu tuproqni ko‘rmog‘ing gumon”.
Ot pishqirib to‘xtar, chavandoz
Uzangiga tirar oyogin
Va bo‘g‘ziga to‘plar beovoz
Vujudiga to‘lgan ingrogin.
Alam bilan yuragi urar,
Shivirlaydi titroq lablari:
“Hamma yerdan ko‘rinib turar
Samarqandning minorlari”.
MIRZO BOBUR
IJODIDAN NAMUNALAR
G‘azallar
* * *
Keltursa yuz baloni o‘shal bevafo manga,
Kelsun agar yuzumni evursam,balo manga.
Netgayman ul rafiq bilakim,qilur base,
Mehru vafo raqibg‘a, jabru jafo sanga.
Begona bo‘lsa aql meni tilbadin,ne tong,
Chun bo‘ldi ul parisifatim oshno manga.
Ohu yoshimdin orta durur za’f, ey tabib,
Bildim yarashmas emdi bu obu havo manga.
Dardim ko‘rub muolajada zoe’ etma umr,
Kim,jonda dardi ishq durur bedavo manga.
To yor kimni istaru ko‘ngliga kim yoqar,
Tashvish bejihat durur oxir sango,manga.
Bobur,bo‘lub turur ikki ko‘zum yo‘lida to‘rt,
Kelsa ne bo‘ldi qoshima bir-bir mango manga.
* * *
O‘zni , ko‘ngul, aysh bilan tutmoq kerak,
Bizni unutqonni unutmoq kerak.
Ayshu tarab gulbunig‘a suv berib,
G‘ussa niholini qurutmoq kerak.
Tiyra turur zuhd damidin ko‘ngul,
Ishq o‘ti birla yorutmoq kerak.
Har nimag‘a g‘am ema,g‘am ko‘p turur,
Aysh bila o‘zni unutmoq kerak.
Qo‘yma mashaqqat aro,Bobur,ko‘ngul,
O‘zni farog‘at bila tutmoq kerak.
* * *
Ne xush bo‘lg‘ayki, bir kun uyquluq baxtimni uyg‘otsam,
Kechalar tori mo‘yidek belig‘a chirmashib yotsam.
Gahi guldek yuzini ul shakar so‘zlukni islasam,
Gahi shakkar kibi ul yuzi gulning la’lidin totsam.
Qani Shirin bila Layliki sendin noz o‘rgansa,
Qani Farhodu Majnunkim, alarg‘a ishq o‘rgatsam.
Yoruq kunduz,qorong‘u kechada anjum kibi bo‘lgay,
Chekib gar oh dudini ko‘ngul o‘tini tutratsam.
Ko‘zum ravshanlig‘ida bo‘lg‘ay,Bobur,base kamliq,
Agar qoshi bila yuzun hilolu kunga o‘xshatsam.
* * *
Sochining savdosi tushti boshima boshdin yana,
Tiyra bo‘ldi ro‘zg‘orim ul qaro qoshdin yana.
Men xud ul tifli parivashg‘a ko‘ngul berdim, vale,
Xonumonim nogahon buzulmag‘ay boshdin yana.
Yuz yomonliq ko‘rub ondin telba bo‘ldung,ey ko‘ngul,
Yaxshilig‘ni ko‘z tutarsen ul parivashdin yana,
Tosh urar atfol mani,uyida forig‘ ul pari,
Telbalardek qichqirurmen har zamon toshdin yana.
Oyog‘im etgancha Boburdek ketar erdim,netay,
Sochining savdosi tushti boshima boshdin yana.
* * *
Jonimdin o‘zga yori vafodor topmadim,
Ko‘nglumdin o‘zga mahrami asror topmadim.
Jonimdin o‘zga jonni dilafkor ko‘rmadim,
Ko‘nglum kibi ko‘ngulni giriftor topmadim.
Usruk ko‘ziga toki ko‘ngul bo‘ldi mubtalo,
Hargiz bu telbani yana hushyor topmadim.
Nochor furqati bila xo‘y etmisham, netay,
Chun vaslig‘a o‘zumni sazovor topmadim.
Bore boray eshigiga bu navbat, ey ko‘ngul,
Nechaki borib eshigiga bor topmadim.
Bobur, o‘zungni o‘rgatako‘r yorsizki, men
Istab jahonni muncha qilib yor topmadim.
* * *
Ko‘ngulga bo‘ldi ajoyib balo qaro soching,
Shikasta ko‘ngluma ermish qaro balo soching.
Muyassar o‘ldi junun mulki, ey junun ahli,
Nisori ashkni emdi bu kun mango soching.
Soching shikastida bordur shikasta ko‘ngullar,
Ko‘ngullar ochilur, ochilsa ul qaro soching.
Ochildi ko‘ngli, chu ochting sochingni, Boburning,
Ne ayb, agar desa dilbandu dilkusho soching.
* * *
Baloyi ishqki, har dam manda jafoyedur,
Bu ishdin kecha olmon ajab baloyedur.
Xati labig‘a tutash bo‘lsa, ey ko‘ngul, ne ajab,
Ki Xizr chashmayi hayvong‘a rahnamoyedur.
Yarar bu xasta ko‘ngul dardig‘a o‘qin yarasi,
Magarki har yarasi yorning davoyedur.
Bahor fasliduru may havosi boshimda,
Ayoq tut menga soqiyki, xush havoyedur.
Ul oy raqibg‘a bo‘ldi rafiqu Boburning
Rafiqu hamdami hajrinda ohu voyedur.
* * *
Sening ishqingda, ey nomehribon, bexonumon bo‘ldim,
Deman bexonumon ovvorayi ikki jahon bo‘ldum.
Labing gar bermasa bo‘sa nechuk jon elta olg‘aymen,
Bu yo‘ldakim, adam sahrosig‘a emdi ravon bo‘ldum.
So‘rub ul oy labidin og‘zining ramzini angladim,
Bir og‘iz so‘z bila ko‘rungki muncha xo‘rdadon bo‘ldum.
Nechakim qoshi yolar ishqida tuzlukni ko‘rsattim,
Vale oxir malomat o‘qlarig‘a-o‘q nishon bo‘ldum.
Kular erdim burun Farhodi miskin dostonig‘a,
Bu Shirindurki oning birla-o‘q hamdoston bo‘ldum.
Visoling davlatig‘a yetmasam Bobur kibi, ne tong,
Ki hajring mehnatida asru zoru notavon bo‘ldum.
* * *
O‘lum uyqusig‘a borib jahondin bo‘ldum osuda,
Meni istasangiz, ey do‘stlar, ko‘rgaysiz uyquda.
Nekim taqdir bo‘lsa, ul bo‘lur tahqiq bilgaysiz,
Erur jangu jadal, ranju riyozat barcha behuda.
O‘zungni shod tutqil, g‘am yema dunyo uchun zinhor
Ki, bir dam g‘am yemakka arzimas dunyoyi farsuda.
Zamona ahli ichra, ey ko‘ngul, oyo topilg‘aymu,
Seningdek dard paymovu meningdek dard paymuda.
Ulusdin tinmadim umrimda hargiz lahzaye, Bobur,
Magar o‘lsam bu olam ahlidin bo‘lg‘aymen osuda.
* * *
Tishing dur, labing marjon, xading gul, xating rayhon,
Yuzung xur, soching anbar, so‘zung mul, menging meynon.
Meynon menging, so‘zing mul, anbar soching, yuzung xur,
Rayhon xating, xading gul, marjon labing, tishing dur.
Tafohur ko‘zum, ko‘nglum qilurlar magar bordur,
Ko‘zunga ko‘ngul vola, yuzunga ko‘zum hayron.
Hayron ko‘zum yuzunga, vola ko‘ngul ko‘zunga,
Bordur magar, qilurlar ko‘nglum, ko‘zum tafohur.
Tafakkur necha qilsam topilmas sening misling,
Pariydek seni ko‘rdum emassen magan inson.
Inson magar emassen, ko‘rdum seni pariydek,
Misling sening topilmas qilsam necha tafakkur.
Balodur manga hajring, davodur manga vasling,
Itobing manga ofat, hadising manga darmon.
Darmon manga hadising, ofat manga itobing,
Vasling manda davodur, hajring manga balodur.
Chu Bobur sanga quldur nazar qil anga zinhor,
Topilmas yana bir qul aningdek sanga, ey jon.
Ey jon sanga aningdek, bir qul yana topilmas,
Zinhor anga nazar qil, quldur sanga chu Bobur.
Ruboiylar
* * *
Qayg‘ungni cheka-cheka qaribdur Bobur,
Rahm aylaki, o‘zidin boribdur Bobur.
Noranj yubordi sangakim, bilmagaysen,
Ya’niki, bu nav’ sarg‘oribdur Bobur.
* * *
Har kimki vafo qilsa, vafo topqisidur,
Har kimki jafo qilsa, jafo topqisidur,
Yaxshi kishi ko‘rmagay yomonlig‘ hargiz,
Har kimki yomon bo‘lsa, jazo topqisidur.
* * *
Yod etmas emish kishini mehnatga kishi,
Shod etmas emish ko‘ngulni g‘urbatga kishi.
Ko‘nglum bu g‘ariblikta shod o‘lmadi hech,
G‘urbatga sevunmas emish, albatta, kishi.
* * *
Hijron aro yod etib meni shod ayla,
Mahjur ko‘ngulni g‘amdin ozod ayla,
Bu xatni aning uchun bitdim munda,
Ko‘rgan Soyi xatimni, meni yod ayla.
* * *
Ul xatki, anda seni men yod etgaymen,
Ko‘z oqida koshki savod etgaymen,
Kifriklardan anga qalam rost qilib,
Ko‘z qarosidin anga midod etgaymen.
* * *
Nomangki tirikligim nishoni erdi,
Har satri hayoti jovidoni erdi,
Har lafzida oshkor yuz xarfi vafo,
Har harfida yuz mehr nihoniy erdi.
* * *
Tuz oh,Zahiriddin Muhammad Bobur,
Yuz oh, Zahiriddin Muhammad Bobur,
Sarrishtai ayshdin ko‘ngulni zinhor
Uz oh, Zahiriddin Muhammad Bobur.
* * *
Sen gulsenu men haqir bulbuldirmen,
Sen shu’lasen,ul shu’lag‘a men kuldirmen.
Nisbat yo‘qdur,deb ijtinob aylamakim,
Shohmen elga,vale senga quldurmen.
Tuyuqlar
Vasldin so‘z derga yo‘q yoro manga,
Hajr aro rahm aylagil, yoro, manga.
O‘qung etti ko‘p yomon yoro manga,
Marxami lutfung bila yoro manga.
* * *
Ulki, har ko‘zi g‘azoli Chindurur,
Qoshida payvayeta oning chindurur.
Chunki ko‘p yolgon aytti ul manga,
Gar desam yolg‘onchi oni chindurur.
* * *
Meni behol aylagan yor oydurur —
Kim, oning vasli menga yoroydurur.
Gar visoli bo‘lmasa, ketar yerim
Yo Xuroson, yo Xitoy, yo Roydurur.
* * *
Ishq ahli ishq dardini taning,
Ko‘p yomondur, dardi ishqidin taning.
Har necha ko‘zum och ersa, ko‘z to‘yor
Gar ochilsa siymdek nozik taning.
* * *
Mehrkim, ko‘kka qilur ohang tong,
Ollida bo‘lsa, emas berang tong.
Xoliyu ikki labidek bo‘lmag‘ay,
Hindu ar keltursa shakkar tang-tang.
* * *
Kel, qilay jonni nisoring, o yorim,
Naqdi jonni bormu sendin oyorim?!
Bo‘sa bersang gar tamom og‘zing bila,
Kunji og‘zingdin oloyin oyorim.
* * *
Sen kibi bir dilraboni bilmanam,
Oshiki sodikki derlar, bil, manam,
Qil tasavvur ko‘z yoshimni bir tengiz,
O‘zga oshiq ashki yanglig‘ bilmanam.
* * *
To chiqardi xat uzori pokidin,
Gul yuzi ozurda bo‘ldi pokidin.
Istar erdi el burun yuz mehr ila,
Emdi ul yuz mehri ketti pokidin.
* * *
To ko‘ngul berdim o‘shal qoysorig‘a,
Borgonini bilmadim qoy sorig‘a.
Do‘stlar, yorg‘a meni sog‘indurung,
Solsangiz nogah quloq qoysorig‘a.
* * *
Shah, supuray ostoning yuz ila,
Tiymanakdin necha uray yuz ila,
Ikki yuzluk muddaiydin ne g‘amim,
Gar ishim tushsa alardin yuzila?!
* * *
Ne balo biyikturur davlat tog‘i,
Ko‘yi g‘amni ne bilur davlat tog‘i.
Himmate tut, dog‘i davlat istagil,
Ximmating bo‘lsa, bo‘lur davlat tog‘i.
* * *
Jong‘a soldi daf g‘urbat norini,
Ko‘z yoshim bo‘ldi mo‘g‘ulning norini.
Bu aroda men degandek bo‘lmasa,
Ko‘zlay Issig‘ko‘lu andin norini
* * *
Qaddimni firoq mehnati yo qildi,
Ko‘nglum g‘amu anduh o‘tig‘a yoqildi.
Holimni sabog‘a aytib erdim, ey gul,
Bilmon, sanga sharh qilmadi yo qildi?!
To‘rtliklar
Tutmag‘il, ey gul, ravokim, ishqing ichra har g‘arib,
Yerga bosh qo‘yg‘ay xazon yafrog‘i yanglig‘ sarg‘arib.
Shaxrdin bezor bo‘lsa, ne ajab, bezar kishi,
Ishq aro bemor bo‘lsa, tong emas, bemar g‘arib.
* * *
Yor ko‘b bemehrdur, tole’ base noi’tamid,
Vahki, kun-kundin bo‘lurmen o‘z-o‘zimdin noumid.
Vasl borgondek ko‘nguldin, bordi ilgimdin ko‘ngul,
Ne menga andin xabardur, ne anga mundin navid.
* * *
Kelki, bormay, seni ko‘rmay yuz tuman armon bila,
Maqdamingda naqdi umrum sarf aylay jon bila.
Necha istarsen mening dardimg‘a darmon, ey tabib,
Ishq dardi yaxshi bo‘lg‘aymu ekin darmon bila?
* * *
Necha mehrsizliktin hijron yo‘lig‘a borg‘ay?
Kim bu yo‘ldin, ey ko‘ngul, ul quyoshni qaytarg‘ay?
Hech eshitmayin so‘zni, g‘amga soldilar o‘zni,
Yo ko‘ngulni, yo qo‘zni, — qaysi birisin qarg‘ay?
* * *
Abdussamadi Tarxon, ishrat bila bo‘l beg‘am,
Abdussamadi Tarxon, ishrat bila bo‘l xurram.
El xamdami bo‘lg‘anda, ishqingda g‘amu mehnat,
Abdussamadi Tarxon, ishrat bila bo‘l hamdam.
* * *
Xayol etsam ul belni, hol eltadur,
Meni beli sori xayol eltadur.
Qadining xayolin ko‘z asrab magar,
Ko‘ngul ravzasig‘a nix,ol eltadur?
* * *
Ey xush ulkim, qilsa g‘amdin ko‘nglini ogoh, ishq,
Aylasa beg‘amlig‘ining qissasin ko‘tox, ishq.
Vah, ne kun bo‘lg‘ayki, qovlab aqlu donish xaylini,
Bo‘lsa jon birla ko‘ngulning kishvarida shoh ishq.
* * *
Safar azmini qilding, men boraolmay turub qoldim,
Nazar lutfini qilding mendinu men telmurub qoldim.
Aningdek tund surdi xajr raxshin ul qaroko‘zluk,
Yiroqtin yuz alam birla qarosini ko‘rub qoldim.
* * *
Seni ko‘rmaslik ko‘ngulga g‘am edi, jonimg‘a xam,
G‘ayrning ko‘rmakligi bo‘ldi alam uzra alam.
Yo sening ko‘rmakligingdin g‘ayr bo‘lsa erdi daf’,
Yo seni ko‘rmaydururmen, g‘ayrni xam ko‘rmasam.
* * *
Qadi furqati meni duto qilur,
Qoshi xajri qomatimni yo qilur,
Necha g‘ayrg‘a ul oy vafo qilur?
Necha jonima mening jafo qilur?
* * *
G‘urbat tug‘i yopqon ruhi zardimnimu dey?
Yo hajr chiqargon ohi sardimnimu dey?
Holing nedurur? Bilurmusen dardimni?
Holingai so‘raymu, yo‘qsa dardimnimu dey?!
* * *
Ishvang bila g‘amzangaiyu nozingnimu dey?
Javrung bila so‘zunggu gudozingnimu dey?
So‘zung, qilig‘ing, navozishingmu aytay?
Ovozu usulingniyu sozingaimu dey?
* * *
Ko‘zum uyi yuzidin musavvar bo‘ldi,
Bu vajh bila ko‘ngul munavvar bo‘ldi.
Yuz shukrki, Bobur kibi oshiqlikda,
Har neki tilab edim — muyassar bo‘ldi.
* * *
Xattingni ko‘rub, ko‘ngulga hayrat bo‘ldi,
She’ring eshitib, jong‘a musarrat bo‘ldi.
Bu necha mahal tag‘oful etting, demagil,
Tole’ yo‘q ediki, muncha g‘aflat bo‘ldi.
* * *
Ey payk, borib sano bila qulluq, de!
Yer o‘p, dog‘i qo‘p, ado bila qulluq, de!
Gar yor meni xastani so‘rsa zinhor,
Mendin yuqunub, duo bila qulluq, de!
* * *
Nomangki, tirikligim nishoni erdi,
Har satri hayoti jovidoni erdi.
Har lafzida oshkor yuz harfi vafo,
Har harfda yuz mehr nihoni erdi.
* * *
Hajringda bu tun ko‘ngulda qayg‘u erdi,
Vaslingg‘a yetishmadim — jihat bu erdi:
Ohim tutuni birla ko‘zumning yoshidin
Yo‘l balchiq edi, kecha qarong‘u erdi!
* * *
Hajringda, agarchi jong‘a bedod erdi,
Sensiz manga yuz fig‘onu faryod erdi.
Fikringdin erdi, valek, xursandlig‘im,
Zikring bila bu xasta ko‘ngul shod erdi.
* * *
Xotirg‘a xutur etti bu so‘z yongla, axiy,
Aytay senga, sen quloq solib ongla, axiy.
Umrungni bu kun xush kechir ahbob ilakim,
Topilmagusidur ushbu kun tongla, axiy.
* * *
Eshitsa kishi bu sho‘ru shevan, ne degay?
Doim bu tariyq ichkuni ko‘rgan ne degay?
Dushman so‘ziga kirma, eshit do‘st so‘zin,
Eshitmasa so‘zni do‘st, dushman ne degay?
* * *
Ishqingda ko‘ngul harobdur, men ne qilay?
Hajringda ko‘zum purobdur, men ne qilay?
Jismim aro pechutobdur, men ne qilay?
Jonimda ko‘p iztirobdur, men ne qilay?
* * *
Shoxim, sanga ma’lum emastur, ne qilay?
Ohim sanga ma’lum emastur, ne qilay?
Men yuzu qoshing dermenu sen — badru hilol,
Mohim, sanga ma’lum emastur, ne qilay?
* * *
Boshimni tufayl ul saromadqa qilay,
Jonimni fido o‘shal sihi qadqa qilay.
Bu xasta ko‘ngul bila xamida qadni
Ko‘zi bila zulfig‘a aning sadqa qilay.
* * *
Yetsam sanga, qullug‘umni cho‘q arz qilay,
Sen yetsangu men desamki, yo‘q arz qilay.
Ko‘ptur so‘zumu mahram emas hech kishi,
Ruhsat etsa, tobug‘ungda-o‘q arz qilay.
* * *
Hijron aro necha noma tahrir qilay,
Xoma tili birla hol taqrir qilay.
Xush ulkim, so‘zum sanga desam vositasiz,
Sen andayu men munda — ne tadbir qilay?
* * *
Mening tilagim budurki, to zinda bo‘lay,
Qar qanda esang, banda dog‘i anda bo‘lay.
Ne xulq edi, yona ko‘nglum olding so‘z ila,
Shirin so‘zu yaxshi xulqungga banda bo‘lay!
Qit’alar
Ey alarkim, bu Hind kishvaridin
Bordingiz anglab o‘zga ranju alam.
Kobulu xush havosini sog‘inib,
Hinddin garm bordingiz ul dam.
Ko‘rdingiz — toptingiz ekin anda
Ishratu aysh birla nozu niam?
Biz dog‘i o‘lmaduq, bihamdilloh,
Garchi ko‘p ranj edi-yu, behad g‘am.
Hazzi nafsiy, mashaqqati badaniy,
Sizdin o‘tti-yu, o‘tti bizdin ham.
* * *
Davron g‘ami bila sitamini unutgurur
Ul sabzchehra yor xayoli aladdavom.
Hijronida xayol eta olmon, bu turfakim,
Vaslida ham xayol agar bo‘lsa, borcha xom.
Vasfida xomlik agar o‘lsa, ne g‘amdurur,
Chun daf’ etar xayoli g‘amu g‘ussani tamom.
Chun yori rozdor qilurman seni xayol,
Asror fosh aylama zinhor, vassalom!
* * *
Bobur niyozu madhini yetkurgil, ey sabo,
Ul shahzoda Nosir olijanobqa.
Bo‘l oyu yil farog‘atu xushboshlig‘ bila
Bo‘lguncha mohu sol oyu oftobqa.
Hijron cho‘lida jahd bila po‘yalar urub,
Istab ziloli vasl, yetishtim sarobqa.
Chun xost mundoq erdiki, hajringni chekkamen,
Bexost raj’at aylamisham Andarobqa.
* * *
Eyki, targ‘ib qilursen chog‘ir ichmakka meni,
Sozu xonanda bila soqiyu saxbo bormu?
Bovujudiki, o‘tubtur chog‘ir ichmak vaqti,
Majlis asbobini, bilmonki, muhayyo bormu?
* * *
Noumid bo‘ldum, ey Mo‘g‘ul, sendin,
To eshitgimki, Andijon bording.
Aytg‘on so‘zga keldim, ammo, sen
Yaxshi kelding demay, yamon bording.
* * *
Qolmadi hurmat ahli olamda,
Olamu olam ahdidin yuv ilik!
Boburo, ikki podsholig‘din
Yaxshiroq bu zamonda bir beklik.
* * *
Muyassar o‘lsa agar yor vasli g‘urbatta,
Vatanni ne qilayu o‘z diyor nega kerak?
Yibordi yor manga yodgor deb xatini,
Manga habib kerak, yodgor nega kerak?!
* * *
Ne sud andin poy dar gillig‘im,
Chu al do‘stlardin ul oy yub emish.
O‘zin forig‘u bizni qilgon asir-
Kim, ermish bu yanglig‘ ul Ayyub emish.
* * *
Tamomi husn eli sog‘u hushyor ekanda,
Durushtu tund agar bo‘lsalar, bilingki, yeridur.
Chog‘ir kerakki, ichib, bazm bo‘lsa, barcha yigitlar,
Chog‘ir ketur, bori xublar chog‘irga tushkularidur.
* * *
Ne qilayin sening bila, ey til,
Jihatingdin mening ichim qondur!
Necha yaxshi desang bu hazl ila she’r,
Birisi fahshu biri yolg‘ondur.
Gar desang kuymayin bu jurm bila,
Jilavingni bu arsadin yondur!
* * *
Ul sarvning harimig‘a gar yetsang, ey sabo,
Bergil bu hajr xastasidin yod ko‘ngliga.
Rahm aylabon sog‘inmadi Boburni, bor umid,
Solgoy Xudoy rahmni Fo‘lod ko‘ngliga.
* * *
Bu viloyatka muqayyad bo‘lmag‘il,
Kel, Xuroson jonibig‘a azm qil!
Gar borur bo‘lsang, erurmen hamrahing,
V-ar turarsen, men borurmen jazm qil!
* * *
Yo‘qturur nozingdin ozore manga,
Noz agar qilsang manga matlubdur.
Xoh ko‘rsat lutfu xohi javr qil,
Har ne voqe’ bo‘lsa sendin xubdur.
* * *
Qilmasa ul oy nazar manga, ne tong?
Tengri tole’ chun manga yorotmadi.
O‘qi yorar erdi ko‘nglum dardini,
Netayin, ko‘nglum uchun yor otmadi.
Fardlar
Holimni sanga aytib, xajr o‘tig‘a o‘rtondim,
Ey yor, yamon qildim, har neki dedim — yondim.
* * *
Sanbo‘sa sening ko‘nglung gar istasa, andoq qil,
Sanbo‘sa kerak bo‘lsa, san bo‘sa inoyat qil.
* * *
Qutulmoq firoqingdin oson emas,
Yetishmak visolingg‘a imkon emas.
* * *
Darding o‘lsa, ilojni netayin?
Sensizin taxtu tojni netayin?
* * *
Mehrubon istab, baloi bevafog‘a uchradim,
Bevafo ermish, Xudoyim, ne balog‘a uchradim?
* * *
Bo‘ldum yana oshufta, devona dag‘i bormen,
Go‘yoki bu fursatta oshiq bo‘lub o‘xshormen.
* * *
Koshki el birla ul mahvash hikoyat qilmasa,
Yo hikoyat qilg‘anini el rivoyat qilmasa.
* * *
Ko‘nglum visolidin xushu ko‘zumda nurdur,
Ko‘z ravshani, ko‘ngul xushi Abdushukurdur.
* * *
Bo‘lmadi hargiz, netay, ul bevafo yorim mening,
Gar menga yor o‘lsa ul, bo‘lg‘ay Xudo yorim mening.
* * *
Yorning ag‘yorg‘a meh_ru vafosin angladim,
Notavon ko‘nglumga ham javru jafosin angladim.
* * *
Qadin ko‘z jo‘yborig‘a ul oy bexost keltursa,
Oyog‘idin ko‘tarmay boshni, Tangri rost keltursa.
* * *
Ne osig‘ ishq aro man’ aylamak oxu fig‘onimni
Ki, men barbod bermishmen bu yo‘lda xonumonimni.
* * *
Sengakim, arzi holimni ado men notavon qildim,
Muborak xotiringg‘a noxush-ar kelsa, yomon qildim.
* * *
Mushtoqdurur xasta ko‘ngul vaslinga bisyor,
Yorim kecha kelgilki, xabar topmasun ag‘yor.
* * *
Eyki, la’li jonfizoing nuqlu maydin yaxshidur,
Kelgil ushbu kecha, yuz ko‘rsatki, oydin yaxshidur.
* * *
Kelki, onda furqatingdin dog‘i hirmon qolmasun,
Qolmasun g‘amda ko‘ngul, ko‘nglumda armon qolmasun.
* * *
Ishqing mayidin, ey jonkim, mastu bexabarmen,
Gohi o‘zumda yo‘qmen, gohi o‘zumda bormen.
* * *
Ko‘zum yorug‘lug‘iyu xasta ko‘nglum xushlig‘i sensen,
Badanda jonsenu jonning dag‘i dilkashlig‘i sensen.
* * *
Senga holimni yozdim, sajda qildim,
Aytqilkim, ne yozdim, ne yongildim?
Otin og‘zimg‘a oldim ersa, tortar tig‘i kin ul mah,
Meni agar o‘lturur bo‘lsa bu yozuq birla, bismillah.
* * *
Meni yo‘q e’tiqodi deb, bori el ichra yod etma,
Xudoy uchun bori elni o‘zungdek e’tiqrd etma.
* * *
Jahon chun bevafodur, nechakim andisha Bobur qil,
O‘zungni podshoxi jumlai olam tasavvur qil.
* * *
Mehr ila xursand etarsen, javr ila pomol ham,
Bir zamon g‘amgin qilursen, bir zamon xushhol xam.
* * *
Ko‘rmas jahonda hargiz ko‘nglini shod Bobur,
Topmas murodi dilni, ey nomurod Bobur.
* * *
Bu ko‘zaki, bo‘ynumg‘a qo‘yub kelmisham oni,
Har kim bu chog‘ir ichmasa, o‘z bo‘ynig‘a qoni.
* * *
Yod aylamading hargiz, munchaki yolinibmen,
Sen meni sog‘inmaysen, men seni sog‘inibmen.
* * *
Xati birla ul oy xaddi: biri — mohu biri — hola,
Yuzi birla aning qaddi: biri — sarvu biri — lola.
* * *
Ulfatim el birla ozdur, ko‘bdur el javri menga,
Ne mening tavrim yoqar elga, ne el tavri menga.
* * *
Bahor mavsumi yettiyu xush xavo o‘tti,
Tag‘oful aylama soqiyki, o‘tti, hr, o‘tti.
* * *
Bodadin ishrat uyini doim obod etgasen,
Har qachonkim, boda no‘sh etsang, meni yod etgasen.
* * *
Yo Rab, xavos jam’ida Boburni xos qil,
Yoxud avom tafriqasidin xalos qil.
* * *
O‘zga hamdam istabon, jonimg‘a mahram naylayin?
Menmenu ul oy xayoli, o‘zga hamdam naylayin?
* * *
Ochildi ko‘nglum o‘shal gul’uzor kelganidin,
Nechukki, g‘uncha ochilg‘ay bahor kelganidin.
* * *
Bir fikru bir havodadurur har nafas ko‘ngul,
Har lahza bir havas qiladur bulhavas ko‘ngul.
* * *
Visol shavqidamen, ishtiyoq ko‘rsatma,
Xudoy uchun menga asru firoq ko‘rsatma.
* * *
Necha boshimg‘a yog‘durg‘ay jafo toshini ul mahvash?
Necha sabr aylay oning javrig‘akim, o‘tdi haddin tosh?
* * *
May xumoridin o‘lur har nafas afzun dardim
Soqiyo, kel, bir ayoq berki, ilikdin bordim.
* * *
Jafoni qo‘y, vafo tarkini tutma,
Unutmasmen seni, sen ham unutma.
* * *
Senga oshiq emasmenkim, menga javr etgasen doim,
Sening nozingni kim tortar, mening sendin ne parvoim?
* * *
Gar ko‘zungdin tushtum ersa, ko‘rdum oni bodadin,
Bo‘ldi taqsir emdi sen o‘tkor meni uftodadin.
* * *
Chun zarurat bo‘ldi, qildim sendin ayru mayli jom,
Har chog‘irkim, ichmasam yoding bila, bo‘lsun harom.
* * *
Tasavvur qilmag‘ilkim, sendin, ey jon, o‘zga qilg‘aymen,
Ko‘ngul ul, fikr xam uldur, ne imkon o‘zga qilg‘aymen?
* * *
Bormakim, ko‘nglumda vasling ishtiyoqidur hanuz,
Kelki, vasling ishtiyoqi menda boqidur hanuz.
* * *
Eshikishta boshim qo‘ymoq uchun har dam itob etma,
Bosh olib ketgum oxir eshikingdin, iztirob etma.
* * *
Yana oshuftaroq ko‘rdum o‘shal nomehrubonimni,
Ne ish qildim? Ne taqsir o‘ldi? Bilmasmen gunohimni.
* * *
Hajr ila qo‘nglumni buzding, vasl birla tuz meni,
Bordingu o‘lturdung oxir, kel, dag‘i tirguz meni.
* * *
O‘tgan oqshom va’da aylab, ul pariro‘ kelmadi,
«Ko‘zlarimga kecha tong otquncha uyqu kelmadi».
* * *
Ichib chog‘irni, ishim telbalikka yovushti,
Nechuk tahammul etay, ichimga o‘t tushti.
* * *
Go‘shaye tutsam, jahonning elidin g‘am ko‘rmasam,
Istaram el ko‘rmasa meniyu men ham ko‘rmasam.
* * *
Bizga chun mehring yo‘q, elga mehrubonlig‘ qilmag‘il,
Yaxshilig‘ chun qilmading, bore yomonlig‘ qilmag‘il.
* * *
Jahon birla jahonning ahlidin behad malolim bor,
Biridin qat’ etib, ul birga qotilmas xayolim bor.
* * *
Jonni fido qilib senga, bormen dag‘i yomon,
Qilg‘an hamondurur dog‘iyu qilmag‘an hamon.
* * *
Ey sabo, sharh aylagil hijronda avqotim mening,
O‘tsa ul shahning tobug‘ida agar otim mening.
* * *
Bo‘ldi hajring do‘zaxining bartaraf bo‘lmoq chog‘i
Kim, visolingning dalilidur ko‘zumning uchmog‘i.
* * *
Ham husnining binafshayu gul banda-bardasi,
Ham sarv erur chamanda bir ozodkardasi.
* * *
Tani zorimni de, gulshanda shoxi notavon ko‘rsang,
Sarig‘ yuzumni sog‘in, bog‘ aro bargi xazon ko‘rsang.
* * *
Boburdurur bu ikki varaqning muharriri,
Biri butun varaqturu payvandlar biri.
* * *
Bormu erkin hech nima olamda hijrondin yomon,
Har nekim ondin yomonroq yo‘q, budur ondin yomon.
* * *
Base, firoqida ichsam chog‘ir, yig‘im keladur,
Manga chog‘irni keturmangki, achchig‘im keladur.
* * *
Tutmagil, ey gul, ravokim, ishqing ichra bir g‘arib,
Yerga bosh qo‘yg‘ay xazon yafrog‘i yanglig‘ sarg‘arib.
* * *
Zuhd sahrosig‘a tushtum ishq yo‘lidin ozib,
Boburi gumrahni emdi kim bu yo‘lg‘a ko‘ndurur?
* * *
Ul ikki labi ramzi dard ahlig‘a qilmaydur,
Gul g‘unchasidur go‘yo, bizlarga ochilmaydur.
* * *
Bor archi boisi yuz sho‘ru yuz gunoh chog‘ir,
Chog‘ir firoqi qildi halok meni, oh chog‘ir!
* * *
Firoqingdin yovushtum o‘lgali, ey yor, kelgaysen!
Visolinga base mushtoqmen, zinhor kelgaysen!
* * *
Ul pariruhsora hargiz notavonliq ko‘rmasun!
Yaxshidur yaxshi kishi, hargiz yomonliq ko‘rmasun!
* * *
Sendin ayru naylagaymen ayshu sahbo xushlug‘in,
Ki, sening uchun tilarmen barcha dunyo xushlug‘in.
* * *
Sening uchun vatanim ko‘hu dasht bo‘lg‘usidur,
Aning uchunki, vafosiz g‘azol ko‘runasen.
* * *
Yor qadrin bilmadim to yordin ayrilmadim,
Yor qadri muncha ham dushvor ekandur bilmadim.
* * *
Ko‘rub hijron g‘amin, jonong‘a yettim,
Agarchi ranj chektim, jong‘a yettim.
* * *
Meni hijronda kuydursang, ko‘ngul sendin sovutmasmen,
Agarchi sen unutgung meni, seni men unutmasmen!
* * *
Qovun birla uzumning hajrida ko‘nglumda g‘am har so‘,
Oqar suvning firoqidin ko‘zumdin har dam oqar su(v).
* * *
Jahon eliyu jahon borcha gar adam bo‘lsa,
Adam yo‘lini tutay zarra menda g‘am bo‘lsa.
* * *
Istaram yetsam quyundek gul’uzorim qoshig‘a,
Ollida tufrog‘ bo‘lub, evrulsam oning boshig‘a!
* * *
Garchi olamda visol ayyomi dilkashdur, axiy,
To bilingay vasl qadri, hajr ham xushdur, axiy.
* * *
Mehribon sog‘ing‘onim nomehribon ermish, netay?
Yaxshilig‘ ko‘z tutgonim asru yomon ermish, netay?
* * *
Necha ul yor yod etmay, meni ag‘yor sog‘ing‘ay,
Ne kun bo‘lg‘ay meni dilxastani ul yor sog‘ing‘ay.
* * *
Bu dunyodin farah yo‘qtur meni mahzung‘a jononsiz,
Jahondinkim, desun, billoh, kerakmas manga jon onsiz!
* * *
Do‘stluqni gar tilarsen aylasang isbot kel,
Suhbatingg‘a asru ko‘p mushtoqdurmen bot kel.
* * *
Xush ul burunqi zamonlarki, o‘tgiyu bordi,
Xush ul kishiki, zamonlarni yaxshi o‘tkordi.
* * *
Murod vasling erur — ayla yod Boburni,
Unutmog‘il yana bu nomurod Boburni.
* * *
Ko‘zumning nurisen, ko‘nglum huzuri,
Tanim xurramlig‘i, jonim sururi.
* * *
Sabzayu gullar bila jannat bo‘lur Kobul bahor,
Xosa bu mavsumda Boron yozisiyu Gulbahor.
* * *
G‘ayrg‘a necha ul oy vafo qilur,
Necha jonima mening jafo qilur?
* * *
Qadi firoqi meni duto qilur,
Qoshi hajri qomatimni yo qilur.
* * *
Zahri hijron ichmisham, ber boda taryoki manga,
May xumori boshta cho‘xtur, tut chog‘ir soqi(y) manga
* * *
Bog‘ necha xo‘b esa, ko‘yicha yo‘qtur,
Sarvni mavzun desa, bo‘yicha yo‘qtur.
* * *
Ag‘yorg‘a o‘q urubon, dardig‘a davo qiladur,
Bisyor yomon boradur, ul yor xato qiladur.
* * *
Bormoqqa ne maskan muyassar,
Turmoqqa ne davlat muyassar.
* * *
Biling muni davlat, gar o‘lsa muyassar
Rahiqi muravvaq, rafiqi suxanvar.
* * *
Ishqni har kimki qilur ixtiyor,
Men kibi olamda bo‘lur xoru zor.
* * *
Shayxu mullo Shihobu Xondamir,
Keling uch-uch, iki-iki, bir-bir.
* * *
Jamolingdin quyosh asru bot o‘totlig‘,
Sochingga banda bog‘ ichra sunbul otlig‘.
* * *
Vahmu usrattin amone toptuq,
Yangi jon, toza jahone toptuq.
* * *
Kel, ey rafiqi gulro‘y, ketur raqiqi gulrang,
O‘zung ichib, manta quy, ko‘tar navo tuzub chang.
* * *
Yashurdi otini g‘ayr ittifoqi birla ul qamdam,
Dedim otini elga, fosh qildim ittifoqin ham.
* * *
Ishq yuki ayladi sipehri a’loni ham,
Ne ajab, ar aylasa meningcha shaydoni ham.
* * *
Raqib yo‘ldoshu men hajrdin duto o‘ldum,
G‘arib turki sitamgarg‘a mubtalo o‘ldum.
* * *
Boshim qadam qilibon visolinga yetayin,
Muyassar bo‘lmasa vasl, bosh olibon ketayin.
* * *
Haj yo‘lig‘a kir, ko‘ngul, himmat bila,
Ber qaz, oq ar o‘lsa yuz ming qofila.
* * *
G‘am yuzini ko‘rma, bo‘lsang jur’ayu jome bila,
Shukr qil, may no‘sh qilsang gar gulandome bila.
* * *
Ne malak andoq erur, ne erur oncha kishi,
Qamar aning muqirri, quyosh aning qayoshi.
* * *
Har kimki, bo‘yunni qo‘ymas, oni tiygay,
Chopqay, talog‘ay, mute’yu munqod etgay.
* * *
Qading jannat riyozining niholi,
Eram gulzori xadingning misoli.
* * *
Hajr shomi sochi savdosi chekar har yon meni,
Vahki, bu poyoni yo‘q tun qildi sargardon meni.
* * *
Ko‘pu ozg‘a Tengridur berguchi,
Bu dargohda yo‘qtur kishining kuchi.
Masnaviylar
Sabo, ul gul harimig‘a guzar qil,
Mening holimdin ul gulga xabar qil.
Salomim yetkur ul oromi jong‘a,
Yana mundoq degil ul dilsitong‘a:
«Yuzungni ko‘rsatib, ko‘nglumni olding,
Olib ko‘nglumni, ko‘zdin meni solding.
Degil dildorlig‘ mundoq bo‘lurmu?
Tariqi yorlig‘ mundoq bo‘lurmu?
Seni mundoq tasavvur qilmas erdim,
Bu yanglig‘ rah,msiz ham bilmas erdim.
Seni deb barcha olamdin kechibmen,
Rafiqu yoru hamdamdin kechibmen.
Zamone qilmadim sendin farog‘at,
Vale, bordur senga mendin farog‘at.
Meni avval o‘zungga h.amdam etting,
Yona bilmon nega nomahram etting.
So‘zungkim, Xizr suyidin nishondur,
Vale, ul suv kibi mendin nihondur.
Ne, ya’ni muncha bizdin so‘z yoshurmoq,
Jafo oyinini haddin oshurmoq?
Birovningkim, birovdin ko‘ngli qolur,
Kishi yuz so‘z bila ko‘ngulni olur.
Ajabkim, mendin, ey dildor, to‘ydung,
Mening ko‘nglumni bir so‘z birla qo‘ydung.
Uzatma muncha ham, Bobur, so‘zungni,
Bu so‘zlar birla xor etma o‘zungni.
Agarchi ko‘p so‘zung bor, muxtasar qil,
Ul oyg‘a so‘zning aslidin xabar qil.
Gar ul so‘zkim, yoshurdung, aytmassen,
Bu yanglig‘ odatingdin qaytmassen.
Sening sevmasligingni jazm etarmen,
Bosh olib o‘zga bir sori ketarmen.
Agar botroq yibormassen javobim,
Bu xatdin ortuq o‘lur pechu tobim».
* * *
Ey payki sabo, qotimg‘a kelgil!
Eshit bu so‘zumni, dog‘i bilgil!
Yeldek yetib ul quyosh qoshig‘a,
Quyun kibi evrulub boshig‘a.
Yuz hasratu ishtiyoq birla,
Yuz ming alamu firoq birla.
Mendin tobug‘ida bo‘yla arz et,
Bu xidmatni o‘zungga farz et:
«K-ey podshahi viloyati husn!
Sha’ningda kelibtur oyati husn!
Sen husn sariri podshohi!
Men ishq faqiri dodxohi!
Hajru g‘aming etti zulmu bedod,
Ey jonu jahon, fitonu faryod!
Oyrilg‘ali, ey nigor, sendin,
Oyrildi hushu qaror mendin.
Ko‘zumda, agarchi, yo‘q jamoling,
Ko‘nglumdadurur, vale, xayoling.
Fikrim budururki, senga yetsam!
Zikrim budurur — so‘zung eshitsam!
Bormadi ko‘nguldin ul sochu yuz,
Yod ettim alarni kecha-kunduz.
Chun yo‘q qoshinga yetarga haddim,
Qoshing g‘amidan egildi qaddim.
Zulfung girihig‘a bastadurmen,
Ko‘zung havasida xastadurmen.
To oq yuzung yiroq tushti,
Ikki ko‘zum ichra oq tushti.
Og‘zing g‘amidinki, tangdilmen,
O‘lmay yururam, ne sangdilmen!
Lutf etki, harob bo‘ldi holim,
Rahm aylaki, qolmadi majolim.
Xush ulki, yuzungni yona ko‘rsam,
Hayron boqibon yuzungga tursam.
O‘psam ayog‘ing qo‘yub yuzumni,
Surtub anga har zamon ko‘zumni.
Bo‘ynungg‘a qo‘lum hamoyil etsam,
Sarvingni o‘zumga moyil etsam.
Gah ilkima g‘abg‘abingni olsam,
Gah og‘zima ul labingni olsam.
Ko‘zumni ko‘tarmasam ko‘zungdin,
Yuzumni ko‘tarmasam yuzungdin.
Gah og‘zimg‘a tilingni olsam,
Gah og‘zingg‘a tilimni solsam.
Hosilki, agar qoshingg‘a yetsam,
Ko‘nglum tilagancha ishrat etsam.
Yuzung yana ko‘rsam erdi, ey jon,
O‘lsam dog‘i qolmas erdi armon.
Yuz muncha xayollar qilurmen,
Yoding bila hollar qilurmen.
Men ushbu xayollar bila shod,
Sen meni qilursen o‘zgacha yod.
Mahjur ko‘ngulni shod qilmay,
Yaxshi so‘z birla yod qilmay.
Yolg‘on so‘z ila itob etarsen,
Yuz qahr bila xitob etarsen.
Gar yolyuni bo‘lsa zohir, ey do‘st!
Sharmanda bo‘larsen oxir, ey do‘st!
Ey yor, sen aylama tasavvur-
Kim, ko‘nglini o‘zga qildi Bobur.
Yuz hursifat qoshimg‘a kelsa,
Yuz tig‘i jafo boshimg‘a kelsa.
Ko‘nglumda hanuz o‘shal vafodur!
Boshimda dag‘i o‘shal havodur!
Fikrim o‘shalu xayol o‘shaldur!
Dardim ulu zor hol o‘shaldur!
Gar munda taraddud etsa oyim,
Bu so‘zda guvoh erur Xudoyim.
Hol ul edikim, hikoyat ettim,
Gah shukru gahi shikoyat ettim.
Har neki ko‘ngulda erdi — dedim,
Emdi sendin budur umidim:
Har ishta shitob qilmag‘aysen!
Bu tavr itob qilmag‘aysen!
Qolgon ko‘nglumni olg‘asen bot,
Olg‘on nazaringni solg‘asen bot.
Gar yaxshiyu gar yamon qilursen,
Dedim sanga, emdi sen bilursen.
To daxrdurur, salomat o‘lg‘il!
Xushluq bila to qiyomat o‘lg‘il!
Xushvaqtlig‘ing mudom bo‘lsun!
Davlat sanga muyetadom bo‘lsun!
manba:kh-davron.uz/yangiliklar/muborak-kin/zahiriddin-muhammad-bobur-14-02-1483-26-12-1530.html