Insonning koinotga ilk bor parvoz qilishi… bu olamshumul voqea edi. 1961 yil 12 aprel kuni fazogir Yuriy Gagarin “Vostok” raketasida “Boyqoʻngʻir” kosmodromidan fazoga uchgandi. 108 daqiqa davomida raketa Yer sharini bir marta aylanib chiqqach, fazogir Saratov viloyati Smelovka qishlogʻi hududiga “qoʻndi”. Oradan yetti yil oʻtib, Gagarin parvoz qilgan oʻquv-mashq samolyoti halokatga uchradi va u hayotdan koʻz yumdi. Biroq bugungi kunga qadar uning oʻlimi koʻplab shov-shuv, bahs-munozaralarga sabab boʻlib kelayotir…
Negaki, ilk fazogirning oʻlimi sabablari hamon sirliligicha qolmoqda, uning falokati haqida turli-tuman taxminu farazlar bildiriladi: “samolyot nosoz boʻlgan”, “mazkur sirli oʻlimda oʻzga sayyoraliklarning qoʻli bor”, “Gagarin havodayoq bu dunyoni tark etgan”, “uchuvchi uchish oldidan spirtli ichimlik isteʼmol qilgan” (ekspertiza xulosalariga koʻra, uning qonidan hech qanday spirtli ichimlik alomatlari topilmagan), “Yuriy Gagarin qandaydir suiqasd natijasida oʻlgan. Bunda hukumatning qoʻli bor. Chunki hukumat uning erksevarligidan avvaldan choʻchib yurgan”, “Aslida fazogir oʻsha kuni oʻlmagan. U tirik edi. Samolyotda fazogirning oʻrnida boshqa birov uchgan va halok boʻlgan”. Ammo hech bir taxmin, faraz va talqin oʻz isbotini topmayapti. Ishonarli yechim esa yoʻq. Xoʻsh, aslida qaysi talqin haqiqatga yaqinroq?
1968 yilning 27 martida Yuriy Gagarin va uchuvchi-konstruktor Seryogin soʻnggi parvozlarini amalga oshirishdi. Ular parvoz qilgan MiG-15 UTI oʻquv-mashq samolyoti dastavval nazorat va kuzatish majmuasida sinchkovlik bilan parvozga tayyorlangandi, tibbiy tekshiruvdan ikkala uchuvchi ham muvaffaqiyatli oʻtdi. Biroq kutilmagan halokat sodir boʻldi. Mutaxassislarning fikricha, samolyot oʻquv-mashqini bajarish jarayonida shtopor (samolyotning pastga qarab buralib shoʻngʻishi)ga tushib qolgan va kuchli shoʻngʻib uchishdan chiqib ketish vaqtida yerga urilgan. Biroq nima uchun juda tajribali uchuvchilar boshqaruvidagi samolyot shtoporga tushib qoldi?
Samolyot kunduzgi soat 10:31 da Vladimirsk viloyatining Kirjach shahridan 18 kilometr uzoqlikdagi Novoselovo hududida qulab tushgan. Halokat sodir boʻlgan joyda paydo boʻlgan chuqurlik tezda botqoq suviga toʻladi. Atrofda alyumin parchalari har yonga sochilib yotardi. Eng qizigʻi, portlash sodir boʻlmadi. Samolyot shunchaki quladi. Kun yarmiga kelib esa radiodan “ilk fazogir Yuriy Gagarin halok boʻldi”, degan xabar eʼlon qilindi.
Ajablanarlisi, Gagarinni halokat sodir boʻlishidan mashhur rus munajjimi Sergey Vronskiy ogohlantirgan. Ammo bu fazogirni sarosimaga yoki hayratga solmagan. Balki bidʼatga qattiq ishonib qolishni xohlamagan. Oʻz navbatida esa munajjimning ogohlantirishiga shunchaki qoʻl siltamagan ham. Buni uning gʻalati harakatlari dalillaydi. Fazogir oʻlimidan bir necha kun oldin xonadoniga barcha doʻstlari, hamkasblari qavm-qarindoshu yaqinlarini bir dasturxon atrofida toʻplashga astoydil harakat qiladi. Hattoki, bazmga uzrli sabablarga koʻra bora olmaydigan ayrim yaqinlarini ham qatʼiyat va tirishqoqlik bilan taklif qilaveradi. Shifoxonada davolanayotgan rafiqasi Valentinani ham bazmga olib keladi. U kutgandek dasturxon atrofida barcha jamuljam boʻldi. Yaqinlar, doʻstlar uning xonadoniga 23 mart kuni kelgan boʻlsa, yana ikki kun mehmon boʻlib qolishdi. Chunki Gagarin ularni holi joniga qoʻymay olib qoldi. Ikki kun oʻtib esa u halok boʻldi. Shundan soʻnggina bu xayrlashish bazmi ekanligiga koʻpchilikning fahmi yetdi.
Mutaxassislarning samolyot halokati haqidagi rasmiy talqini quyidagicha boʻldi: Gagarin va Seryogin samolyoti yaqinidan xuddi qiruvchi Su-22 samolyotiga oʻxshash bahaybat tezuchar jism uchib oʻtgan va u tomonidan berilgan kuchli havo zarbasi MiG-15 UTI oʻquv-mashq samolyotining navigatsiyali boshqaruv ruliga jiddiy zarar yetkazgan. Samolyotni esa shtoporga tushirgan. Tajribali uchuvchilar samolyotning buralib aylanishini bartaraf etishga muvaffaq boʻlishganu, uning pastga shoʻngʻishini toʻxtatishga ulgurishmagan. Afsuski, ularga samolyotni oʻnglash uchun atigi bir necha lahza yetmagan.
Yuriy Gagarin koinotga ilk bor parvoz qilishi oldidan har ehtimolga qarshi xayrlashuv maktubini yozib qoldiradi. Mazkur maktub uning rafiqasiga oradan yetti yil oʻtib, oʻquv-mashq samolyoti halokatidan soʻng topshirildi. Ilk fazogir halok boʻlgani bois mamlakatda umummilliy motam kuni eʼlon qilindi. Bu voqea butun dunyoni larzaga keltirdi.
Azizbek tayyorladi.
https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/yuriy-gagarinning-sirli-olimi/