Yurak sohasida og’riq turishiga ba’zan jizzakilik, haddan tashqari to’yib ovqatlanish, yurakka qon oqib kelishini kamaytiradigan va yurak mushaklari oziqlanishini buzadigan holatlar sabab bo’ladi. Organizmda moddalar almashinuvi izdan chiqqanda ham yurak atrofida og’riq kuzatiladi. Bunday vaqtda birinchi davolash usuli organizmni bo’sh qo’yishdir. Masalan, siz ko’krak qafasingizda noxush sezgi bilan uyg’ondingiz. Eng avvalo, qulay holatda yotib, tanani bo’shashtiring. Bunda qon yurishishi yaxshilanib ahvolingiz yengillashadi.
Davoning ikkinchi usuli – qisqa-qisqa nafas olishdir. Ya’ni bir ikki marta yengil, qisqa nafas olib, chiqaring. Uchinchi usul ko’krakni silash bo’lib, o’ng qo’l kafti bilan ko’krakni soat mili bo’yicha uch-besh marotaba silang. To’rtinchi usulda qo’llaringizni yon tomonga yoying (xuddi qanot qoqayotgan holatda), so’ng nafas oling va qo’llarni shoshilmasdan pastga tushirib nafas chiqaring. Mana shu to’rt usul yurak sohasidagi noxush holatlarga barham beradi.
Endi davolash mashqlarini bajarib ko’ring.
Bitta joyda turib “yuring”. Yelkalarni to’g’ri tutib, qorinni sal ichga torting. Ikki-uch qadam yurib nafas oling, uch-to’rt qadam yurib nafas chiqaring. Ora-sira tanaffus qilib, yana takrorlang.
Qo’llarni bukib, yelkaga tekkizing. So’ng ularni ohistalik bilan yozing. Uch-to’rt marotaba takrorlang.
Qo’lingizni yon tomonga yozing, kaftingiz pastga qarab tursin. So’ng kaftni yuqoriga qaratib qo’lingizni tushiring. Boshqa qo’lingiz bilan ham xuddi shu harakatni takrorlang.
O’ng va chap oyoqlaringizni tizzadan bukib, galma-gal yuqoriga ko’taring.
Bir joyda turib yuring, so’ng xona ichida yuring.
Qo’llaringiz tizzaga tegadigan darajada egiling, so’ng rostlaning. Mashqni 5-6 marotaba bajaring.
Qo’llaringizni belga qo’ying, chanoq sohasi bilan o’ng va chap tomonlarga aylanma harakat qiling.
Gavdangizni chap tarafga buking, boshingizni shu tomonga eging, keyin o’ng tomonga egiling. Egilgan tomonga qarama-qarshi tarafdagi qo’lingizni yuqori ko’tarib mashqni bajaring.
O’tirib turing. Bir necha marta takrorlang. Turayotib qomatni rostlang.
Qo’llarni bukib ko’krakka qo’ying. So’ng galma-galdan gavdangizni o’ng, chap tomonga burgan holda qo’lingizni shu tarafga yo’naltiring.
Qo’llaringizni stul suyanchig’iga qo’ying. Oyog’ingizni bir tomonga uzating. Bir-ikki deguncha tutib turib, so’ng tushiring. Ikkinchi oyog’ingiz bilan ham shu mashqni takrorlang. Oyoq uchida ko’tariling, tovoningizni erga bosing. Oyoq barmoqlarini buking.
Oyoq uchida ko’tariling, tovoningizni erga bosing, stul suyanchig’ini mahkam ushlab turing. Bu harakatni 3-5 marotaba takrorlang.
Bir joyda turib asta “yuguring”, so’ng xona ichida qadamlab yuring, bir maromda nafas olib, nafas chiqaring.
Yuqoridagi mashqlar yurak mushaklarini mustahkamlash bilan birga o’pka tizimi ishini yaxshilaydi, nafas olishni engillashtiradi. Ko’krak sohasidagi og’riqlarni ham qoldiradi.
Aziza SHODIEVA,
Toshkent pediatriya tibbiyot instituti talabasi.