YURAK POROKLARI

YURAK POROKLARI — yurakning anatomik tuzilishidagi turgʻun nuqson, kamchilik va oʻzgarishlar; normal qon oqimiga xalaqit beradi. Tugʻma va orttirilgan Yurak poroklari farq qilinadi. Tugʻma Yurak poroklari homila yuragi va yurak yirik tomirlarining embrional rivojlanish davrida notoʻtri shakllanishi natijasida roʻy beradi. Homiladorlikning ilk davrida ona organizmining zaharlanishi, baʼzi kasalliklar bilan ogʻrishi, ionlovchi nurlarning biologik taʼsiri, irsiy kasalliklar va h. k. sabab boʻladi. Goʻdaklik davrida (1 yoshgacha) yuraktomir sistemasining toʻla rivojlanmay qolishi (mas, ochiq arterial yoʻllar yoki oval teshikning bitmay qolishi) ham Yurak poroklariga kiradi.

Tugʻma Yurak poroklarining koʻp uchraydigan turlari: katta va kichik qon aylanish doiralari oʻrtasida har xil kombinatsiyadagi anormal yoʻllar, shuningdek, yurakning yirik tomirlari (mas, oʻpka arteriyasi va aorta)da toraygan yoki bitib qolgan joylar boʻlishi yoki shu tomirlarning notoʻgʻri joylashuvi; aralash poroklar; yurak boʻlmachalar soni va tuzilishiga oid nuqsonlar.

Arteriya va vena qonining qay daraja aralashib turishiga qarab baʼzi tugʻma Yurak poroklari sianoz bilan (koʻk xildagi poroklar), baʼzilari sianozsiz (oq xildagi poroklar) oʻtadi. Bu qonning katta va kichik qon aylanish doiralarini tutashtiruvchi nooʻrin teshiklar orqali qaysi tomonga oqib oʻtishiga (shunt yoʻnalishiga), oʻpka arteriyasidagi bosimning koʻtarilishi darajasi va yurak muskullari holatiga bogʻliq. Bolaning jismonan tuzuk rivojlanmasligi, rangparlik yoki koʻkarib ketish, nafas siqishi, yurak hajmi va holatining oʻzgarishi, yurakda shovqin eshitilishi va boshqalar tugʻma Yurak poroklariga xos belgilardir.

Orttirilgan Yurak poroklari hayot davrida yurakning xastalanishi, aksari revmokardit, baʼzan ateroskleroz, septik endokardit, zaxm va h. k. kasalliklar oqibatida paydo boʻladi. Orttirilgan Yurak poroklari ga: yurak klapanlarining (yopilish vaqtida) zich berkilmasligi; boʻlmachaqorinchalar (oʻng va chap boʻlmachaqorinchalar) oʻrtasidagi teshik yoki asosiy tomirlar chiqish joyining torayishi (stenozi); shu nuqsonlarning aralash boʻlishi, bir yoki bir necha klapanda baravar kamchilik boʻlishi va h. k. kiradi. Yurakning mitral (chap boʻlmacha bilan qorincha oʻrtasidagi teshik va ikki tavaqali klapan), aortal, mitralaortal va boshqalar poroklari farq qilinadi. Yurak poroklarida klapan nuqsonlari tufayli qon qisman orqaga qaytib tushadi yoki toraygan teshikdan zoʻriqib oʻtishi natijasida yurakning muskul devori qalinlashib (gipertrofiya), keyinchalik qisqarish kuchi susayadi, boʻshliqlari kengayadi (dilatatsiya). Natijada qon aylanishi izdan chiqib — qon aylanishi yetishmovchiligi sodir boʻladi. Orttirilgan Yurak poroklari tez yoki uzoq vaqt davomida asta-sekin yuzaga keladi. Paydo boʻlgan illatning joyi, turi, darajasiga qarab kasallikning klinik belgilari turlicha namoyon boʻladi. Baʼzan u uzoq vaqt hech qanday belgisiz kechishi ham mumkin. Homiladorlik, zotiljam, gripp, shuningdek, kuchli jismoniy zoʻriqish va boshqalar kasallik belgilarining quchayishi va roʻyrost namoyon boʻlishiga olib keladi. Tomir urishining tezlashuvi, oyoqlarda shish, hansirash kabi yurak yetishmovchiligi belgilari va yurakda shovqin paydo boʻlishi yurak porogi borligidan darak beradi. Yurak poroklarining klinik koʻrinishi porokning xususiyati, shuningdek, unga sababchi asosiy kasallikning kechishi, bemorning mehnat va dam olish rejimiga bogʻliq. Vaqtida terapevtik va jarrohlik usulida davolash bemor ahvolini yengillashtirib, umrini uzaytirish imkonini beradi.

Davo vrachning koʻrsatmasi va uning doimiy kuzatuvi ostida olib boriladi. Yurak poroklarining baʼzi turlarida doridarmonlar, parhez bilan davolash yaxshi natija beradi. Shu sababli bemorni operatsiya qilishqilmaslikni mutaxassis vrach belgilaydi. Xirurgik davo Yurak poroklarini davolashning asosini tashkil qiladi.

Oldini olish uchun Yurak poroklariga sabab boʻladigan kasalliklarni oʻz vaqtida davolash lozim.

Ad.: Sulaymonov A. S. va boshqalar, Bolalar xirurgiyasi, T., 2000; Xaydarov Gʻ. O., Ermatov Sh. X., Ichki kasalliklar, T., 2002.

Mahmud Pirnazarov.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x