* * *
Bir talpinsam sizga yetaman,
Bir zarb bilan eshik ochilur.
Ammo,
nechun,
tashlab
ketaman,
Sizni desam, yurak sochilur?
Bir talpinsam, baxtni quchasiz,
Bir xoʻrsinsam qaytar daryolar.
Ammo,
nechun,
daryo
boʻlolmam,
Umr oʻtar, oʻtar dunyolar?
Bir talpinsam, olam guliston,
Bir shaxt bilan gina toʻkilur.
Ammo,
nechun,
sirtmoqdir
alam,
Oyogʻimga kishandir gʻurur?
Bir talpinsam menikidirsiz,
Oʻzim ekib, oʻzim oʻrganim.
Bu
shabiston
qismatlar
aro
Koʻzim ochib… koʻrganim.
Bir talpinsam, yurak ham toʻxtar,
Qumga singar umr toʻlqini.
Odam
boʻlib
odam
boʻlmadik,
Uchrashamiz ruh boʻlgan kuni.
* * *
Dunyo,
Sensiz,
Chalajon goʻdak,
Tamshanadi,
Hansirar nochor.
Nochor yurak,
Bir kesak-yurak,
Nafas zildir,
Nafasdir dushvor.
Dunyo,
Sensiz,
Eski qayragʻoch,
Qushlar qoʻnmas,
Qurtlar gʻimirlar.
Poʻstloq-ajin,
Hasrat-yaproqlar,
Yer depsinib,
Titrar tomirlar.
Dunyo,
Sensiz,
Dastasiz ketmon,
Yer tishlaydi,
Zanglar yutadi.
Boshi xamdir,
Unutgan dehqon,
Boshi gʻamdir,
Umr oʻtadi…
Dunyo,
Sensiz,
Chumoli uya,
Borsa kelmas,
Yoʻllar qatlangan.
Na tuynuk bor,
Na bir daricha,
Na umid bor,
Unga atalgan.
Dunyo,
Sensiz,
Dunyomas, inon,
Bir koʻrgilik
Tomosha bozor.
Seni kutmoq,
Yashamoq demak,
Umr esa,
Bir quchoq ozor.
* * *
Ey dil,
seni nima qilay,
Nima qilsam ogʻrimaysan?
Kaftda tutay, gulga oʻray,
Nima qilsam yigʻlamaysan?
Tiling boʻlsa, aytgin, axir,
Ketaylikmi, osmonlarga?
Odami yoʻq, ozori yoʻq,
Mozori yoʻq tomonlarga…
Ey dil, seni nima qilay,
Nima qilsam ogʻrimaysan?
Shabnamdayin toʻkdilar-ku,
Tariqdayin sochdilar-ku,
Har kasodning bozorida
Savdo qilmay, sotdilar-ku,
Ey dil, seni nima qilay,
Nima qilsam ogʻrimaysan?
Qilni yorgan, qirq chechaksan,
Ishq ahliga belanchaksan,
Tashna kelsa, mehring buloq,
Kaftda tutib, jon halaksan,
Ey dil, seni nima qilay,
Nima qilsam ogʻrimaysan?
Uzum sabri – sharob boʻlgay,
Togʻ bardoshi – turob boʻlgay,
Sen ogʻrisang, sen yigʻlasang,
Odamizod xarob boʻlgay,
Xarob boʻlgay, xarob boʻlgay…
* * *
Kunlar oʻtar, kunlar besamar,
Qumga singgan buloq suvidek,
Uchib ketar, oh, toʻzgʻib ketar,
Vaqtning guli qoqigulidek.
Yuragimning tori uzilar,
Tomirimda chinqirar alam.
Armonlarning boʻyi choʻzilar,
Koʻnglim kabi choʻkadi olam.
Nima qildim, qanday yashadim,
Qay kunlarning bagʻrini tilib?
Oʻzni oʻtga, choʻqqa tashladim,
Jonni, tanni sadpora qilib.
Kunlar oʻtar, kunlar besamar,
Koʻzlarida jiqqa yosh bilan.
Panalardan yogʻiylar boqar,
Qoʻllarida hasad – tosh bilan.
Bunda esa, men zoru giryon,
Battar botib roʻzgʻor loyiga.
Koʻngil sarson, ishq unda tiyron,
Qoʻyolmayman boshim poyiga.
Hasrat demang, jonim qolmadi,
Umr emas, bu umr emas.
Bu bir oʻchoq, tugab, yonmadi,
Bu bir xotir, ranggi yoʻq elas.
Farida AFROʻZ
“Sharq yulduzi”, 2012–6
https://saviya.uz/ijod/nazm/yuragimning-tori/