Yuragim hapqirar – sogʻinchga toʻla

 * * *

Sogʻinib kelasan yonimga,

Ketasan, yana ham sogʻinib…

Yoʻlingga termulib yashayman,

Men gʻarib, men gʻarib, men gʻarib.

 

Sogʻinib yozasan maktublar,

Oʻqiysan, javobim sogʻinib…

Yoʻlingga koʻz tikib yashayman,

Ranglarim sargʻarib, sargʻarib.

 

Sogʻinib, tiz choʻkib poyimga,

Termulib koʻzimga – sogʻinib…

Shu yoʻsin armonga boʻy bermay,

Yashaymiz sen gʻolib, men gʻolib –

SOGʻINIB…

 

* * *

Bugun men chiroyli boʻlishim kerak,

Hammadan goʻzalu hammadan koʻrkam.

Allohim, bir kunga shavqimni qaytar,

Baxtim yuzin koʻray, bir bora men ham –

Bugun men,

uni koʻraman.

 

Atirgul, koʻylaging berib tur menga,

Sochlarim toʻzgʻitma ey, daydi shamol.

Allohim, bir kunga husn ato et,

Oy, nuring qizgʻanma, boʻlay oyjamol –

Bugun men,

uni koʻraman.

Yuragim hapqirar – sogʻinchga toʻla,

Qushlar, chugʻurlashma, nasihat sigʻmas.

Allohim, bir kunga olov qil meni,

Koʻksimga bosh qoʻysin, quyosh qil, soʻnmas –

Bugun men

uni koʻraman.

 

Jaranglab ochilsin, sir sandiqlari,

Sharqirab toshsin-yey, ehtiros-daryo.

Allohim, bir kunga devona qilgin,

Gʻamlaring unutgil, kulib tur dunyo –

Bugun men

uni koʻraman.

 

O, sen, ishq, muhabbat, jununvash tuygʻu,

Shijoat, samoviy parvozga shaylan.

Allohim, bir kunga aqlimni olgin,

Bir kun yashab kelay, shu koʻngil bilan –

Bugun men

uni koʻraman.

 

* * *

Yuragim, sanchima, ogʻrima,

Boʻlar ish boʻlarkan, bizsiz ham.

Ishtirok etmoqlik shart emas,

Toʻlinoy toʻlarkan, tunsiz ham.

 

Azaldan taqdirlar bitilgan,

Biz esa misoli qoʻgʻirchoq.

Oʻzmoqchi boʻlamiz vaqtdan ham,

Yonamiz, kuyamiz – shamchiroq.

Koʻnglimiz biladi, sezadi,

Lek aql takabbur, mustasno.

Xayolning choʻllari bepoyon,

Orzuning bogʻlari tamanno.

 

Yuragim yigʻlama, oʻrtanma,

Vujudim, ruhimga sultonsan,

Sen borsan, quvonch bor, iztirob,

Sen alam, armonga vatansan.

 

Yuragim, sanchima, ogʻrima,

Boʻlar ish boʻlarkan, bizsiz ham.

 

* * *

Nima qilib qoʻyding meni,

Misli naqqosh oʻyding meni,

Sehrgarim, o, muhabbat,

Mendan ortiq suyding meni.

Nima qilib qoʻyding meni,

 

Yuragimga bir oʻt tushdi,

Xayollarim qushday uchdi,

Sehrgarim, o, muhabbat,

Qadim togʻlar, qoya koʻchdi…

Yuragimga bir oʻt tushdi.

 

Ishqim bilan koʻksim yoray,

Sharob bering, oh, sipqoray,

Sehrgarim, o, muhabbat,

Kech kuzimda bir koʻkaray,

Ishqim bilan koʻksim yoray,

 

Endi gʻamlar gardday uchar,

Koʻzim dunyo rangin ichar,

Sehrgarim, o, muhabbat,

Endi meni baxtlar quchar,

Endi meni baxtlar quchar…

 

* * *

Tun…

Yomgʻir…

Sehrli kecha…

Qurbaqalar misoli hofiz…

Joʻrovoz kuylar…

 

Tun…

Yomgʻir…

Sehrli kecha…

Issiq bagʻir…

Qaynoq boʻsa,

Labni kuydirar…

 

Tun…

Yomgʻir…

Sehrli kecha…

Yurak chopar misli chavandoz,

Qon koʻpirar, tomirga sigʻmas,

Evrilishlar goʻzal, bepardoz.

 

Tong…

Quyosh…

Sehrli sahar…

Yomgʻir tinar, tinar ehtiros,

Erinib uygʻonar toʻxtab qolgan vaqt…

 

* * *

Quriyotgan daraxtning shoxlariga gul bitdi,

Qushlar kelib sayradi, qoq yogʻochga til bitdi,

Sensiz yashab boʻlmaydi,

sensiz endi kunim yoʻq,

Har poʻstlogʻin qatiga muhabbatim – dil bitdi.

 

Xayollaring shavqidan toʻlib-toshib yashayman,

Oʻsha magʻrur boshingga bagʻrim bosib yashayman,

Sensiz yashab boʻlmaydi,

sensiz endi kunim yoʻq,

Kelar yoʻling poyiga jonim toʻshab yashayman.

 

Shamol yelar betinim, jimirlaydi yaproqlar,

Yomgʻir yoqqan sahroday, huzur qilar tuproqlar,

Sensiz yashab boʻlmaydi,

sensiz endi kunim yoʻq,

Ming bor otash oʻtida kuydiradi titroqlar.

 

Endi sening boʻyningda bilaklarim gullaydi,

Bellarimga chirmashib, gul pechaklar boʻylaydi,

Sensiz yashab boʻlmaydi,

sensiz endi kunim yoʻq,

Boʻlmaydi, hey, boʻlmaydi, sensiz yashab boʻlmaydi!

 

Farida AFROʻZ

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 7–8-son

https://saviya.uz/ijod/nazm/yuragim-hapqirar-soginchga-tola/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x